Magistrlik dissertatsiya ishi Toshkent shahri ko’cha yo’llarini seysmik zaifligi hamda zilziladan ko’radigan iqtisodiy zararini baholashga bag’ishlangan
Anotatsiya Magistrlik dissertatsiya ishi Toshkent shahri ko’cha - yo’llarini seysmik zaifligi hamda zilziladan ko’radigan iqtisodiy zararini baholashga bag’ishlangan. Dissertatsiya ishida shahar ko’cha yo’llarining seysmik riskini dunyoda hamda Respublika hududida qilingan ishlar o’rganildi va Toshkent shahrida joylashgan yo’l tadqiqot obyekti qilib olindi. Shahar ko’cha yo’llarini seysmik riskini baholashda ta’sir qiluvchi omillar tahlil qilindi xususan tadqiqot obyektining texnik, geometric va iqtisodiy parametrlari o’rganildi. Toshken shahri yo’llarini seysmik riskini baholashda, yo’l o’tgan hududning seysmotektonikasi, injiner - gelogik tuzulishi hamda seysmik xavfi o’rganildi. Ushbu tahlillar hamda statistik ma’lumotlar asosida tadqiqot obyektning seysmik zaifligi baholandi va yo’lning ishonchlilik darajasini ranglarda belgilandi hamda yo’llarning zilziladan ko’radigan iqtisodiy zararlari baholandi.
KIRISh Jahon amaliyotida kuchli zilzilalar natijasida yuzaga keladigan talafotlarni baholash va zilzila oqibatlarini kamaytirish masalalari seysmik xavfsizlikni ta’minlash sohasida muhim ahamiyat kasb etadi. Seysmik faol hududlarda aholi va hududlarni seysmik xavfdan himoya qilishda zilzila natijasida yuzaga keladigan iqtisodiy talafotlarning ko’lamini baholashda turli darajadagi seysmik risklarni baholashga alohida etibor qaratilmoqda. Davlatlarni barqaror rivojlanishini ta’minlashda zilzila ta’sirida hududlarda sodir bo’ladigan iqtisodiy talafotlarni baholash hamda belgilangan muddatlarda prognoz qilish zilzila oqibatlarini kamaytirish bo’yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish imkonini beradi.
Zilzilalar katta yo’llarga zarar etkazadi, bu esa o’z navbatida jamiyatga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Oldingi tadqiqotlarda turar-joy va tijorat binolariga yetkazilgan zarar miqdori aniқlangan; ammo, zilzilalar natijasida yo’llarga yetkazilgan zararni aniqlash uchun ko’p tadqiqotlar o’tkazilmagan.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 avgustdagi «Seysmologiya, seysmik chidamli qurilish hamda O’zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligi sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-3190-son Qarori, 2020 yil 30 iyuldagi «O’zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-4794-son Qarori, 2022 yil 30 maydagi «O`zbekiston Respublikasining seysmik xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-144-son Farmoni hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu dissertasiya ishi muayyan darajada xizmat qiladi.