SIFAT MENEJMENTI TIZIMI PRINSIPLARI
1.1. Sifatni oshirishning ahamiyati
GOST 15467-79 “Mahsulot sifatini boshqarish. Asosiy tushunchalar. Atama va tariflar”ga muvofiq sifat deyilganda mahsulot xossalarining majmui tushuniladi, bu xossalar mahsulot qanday maqsadlarga moʻljallanganligiga muvofiq ravishda uning muayyan ehtiyojlarni qondirishga yaroqliligini ta'minlaydi.
Standartlashtirish boʻyicha xalqaro tashkilotning (ISO 8402-94 standarti) talqin etishiga koʻra sifat – mahsulot yoki xizmatlarning xossalari va tavsiflarining majmui boʻlib, ular ushbu mahsulot yoki xizmatlarga ular qondirishi shart boʻlgan yoki kutilayotgan ehtiyojlarni qondirish qobiliyatini baxshida etadi.
Mahsulot sifatining mohiyatini yanada toʻlaroq tavsiflash uchun u bilan bogʻliq quyidagi tushunchalarni aniqlash zarur: mahsulotning texnik darajasi; sifat halqasi; sifat koʻrsatkichlari; tovarning raqobatbardoshligi.
Mahsulotning texnik darajasi – mahsulot sifatining nisbiy tavsifi boʻlib, baholanayotgan mahsulotning texnik jihatdan mukammalligini tavsiflovchi koʻrsatkichlarning qiymatlarini tegishli bazaviy koʻrsatkichlarning qiymatlari bilan solishtirishga asoslangan. Mahsulotning texnik darajasi mahsulot sifatining tarkibiy qismi hisoblanadi, turli koʻrsat-kichlarda aks ettiriladi va original konstruktorlik echimlarni qoʻllash, yangi materiallardan foydalanish, ishlab chiqarishning ilgʻor texnologik jarayonlarini joriy etish va ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini nazorat qilish natijasida oshiriladi.
Sifat halqasi – mahsulotning hayot sikli, sifatni boshqarishni amalga oshiradigan quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi: marketing, bozorni izlash va oʻrganish, texnik talablarni loyihalash va ishlab chiqish, mahsulotni ishlab chiqish, moddiy-texnika ta'minoti, ishlab chiqarish jarayonlarini tayyorlash va ishlab chiqish, nazorat, sinovlar va qabul qilish, joylash va saqlash, mahsulotni taqsimlash va sotish, montaj va ishlatish, texnik va kafolatli xizmat koʻrsatish, utillashtirish.
Sifat koʻrsatkichlari – mahsulot koʻrsatkichlarining oʻzaro bogʻliq majmui boʻlib, uning qanday maqsadlarga moʻljallanganligi, ishonchliligi, texnologikligi, standartlashtirish va unifikatsiyalash darajasi, estetik, ergonomik, ekologik xossalari, patent-huquqiy jihatlari, tashishga yaroqliligi, xavfsizligi va iqtisodiy parametrlarini tavsiflaydi.
Tovarning raqobatbardoshligi – buyumning sifati va qiymatining tavsiflari ushbu bozorning talablariga va iste'molchilarning baholariga yuqori darajada muvofiqligi tufayli uning xuddi shu turdagi va ayni shunday maqsadlarga moʻljallangan boshqa buyumlarga nisbatan iste'mol uchun ancha oʻziga tortadigan boʻlish qobiliyati.
1.2. Sifatni boshqarish uchun shart-sharoitlar
Boshqarish nazariyasining asosiy tamoyillari nuqtai nazaridan bir qancha birlamchi sharoitlarni har qanday ob'ektga qoʻllash mumkin. Bunday asosiy sharoitlarga quyidagilarni qiritish mumkin:
- boshqarilayotgan ob'ekt holati (xarakteri) yoki uning holatini rejalashtirilgan darajasida belgilangan dasturlarining mavjudligi;
- berilgan parametrlar va dasturlarga munosabati boʻyicha ob'ektning oʻzgaruvchanligi ya'ni ob'ekt oʻrnatilgan dasturlar yoki parametrlarning rejali qiymatlardan chetga chiqmasligi lozim;
- belgilangan dasturlar yoki parametrlar qiymatlaridan ob'ektni aniqlash va oʻlchash uchun vosita va usullarning mavjudligi;
- ogʻishlarni yuzaga kelishini bartaraf qilish maqsadida boshqariladigan ob'ektga ta'sirlarning mavjudligi.
Boshqarishning umumiy nazariyasiga muvofiq boshqaruv mexanizmi 3.1-rasmda keltirilganidek koʻrinishga ega.
Sifat boʻyicha ishlarni tashkillashtirishga boshqarish mexanizmi sxemasiga va boshqarishning umumiy nazariyasining asosiy tamoyillari nuqtai nazaridan birlamchi shart-sharoitlari sifatida boshqarishning umumiy nazariyasi ya'ni kibernitika gʻoyalari va qoidalarini sifatni boshqarish ishlariga mumkin qadar qoʻllash lozim. Bundan tashqari sifat boʻyicha ishlarning istiqboli unga oʻxshash va mos boʻlgan ilmiy usullardan foydalinib, oʻzining bir qator masalalarini hal etish uchun fundamental nazariya va uning imkoniyatlariga tayanadi. Boshqarishning umumiy nazariyasiga tayangan mahsulot sifatini boshqarish mexanizmi 3.2-rasmda keltirilgan.
Hurmatli kitobxon mahsulot sifatiga ta'sir etuvchi omillari va sharoitlarni bundan oldingi boʻlimda ham keltirib oʻtgan edik, ularni yana bir bor eslang.
1980 yillarning ikkinchi yarmida bir qancha yirik kompaniyalar masalan, «Djeneral Motors», IBM kabi kompaniyalarning koʻp yillik tajribalariga koʻra sifatni boshqarish sohasida yagona boʻlgan asosiy yoʻnalishlarni ishlab chiqishgan. Bu yoʻnalishlarni mutaxassislar sifatni boshqarish uchun asosiy shart-sharoitlar sifatida ta'kidlashgan boʻlib, ular quyidagilar:
- yuqori rahbariyatning qiziqishi;
- sifatni yaxshilash boʻyicha rahbariy kengashni yaratish;
- korxonaning barcha rahbariy tarkibini jalb etish;
- ishchi va xizmatchilarning jamoalik ishtirokini ta'minlash;
- sifatni oshirishda ishchilarning shaxsiy ishtirokini ta'minlash;
- tizim va jarayonlarni takomillashtirish guruhini yaratish;
- sifat uchun kurashishga ta'minotchilarni jalb qilish;
- boshqaruv tizimining ishchi holatining sifatini ta'minlash;
- korxona faoliyatini yaxshilash strategiyasi va taktikasini shakllantirish;
- xizmatlarni tan olish va kengaytirish tizimini yaratish.
Sifatni yaxshilash boʻyicha bu yoʻnalishdagi faoliyatlar har bir korxonaning asosiy faoliyatini tarkibiy qismi boʻlishi lozim. Korxonani boshqarish tizimini sifatni boshqarish tizimiga yaqinlashishining zamonaviy istiqbollarini hisobga olib, yuqorida keltirilgan yoʻnalishlar tashkiliy-iqtisodiy, oʻziga xos boʻlgan xususiyatlaridan kelib chiqib, mahalliy korxonalar faoliyatini takomillashtirishning asosi boʻlib hisoblanadi. Sifatni boshqarishga umum tizimli yondashish boʻlimida bu yoʻnalishlardan ayrimlarini batafsil koʻrib chiqamiz.
1.3. Sifat va sifat menejmenti tizimi tushunchalari
Sifat koʻp asrlar davomida rivojlanib kelgan. Sifat umum ehtiyojlar va ishlab chiqarish imkoniyatlarining oʻsib borishi va ularni qonoatlantirish boʻyicha turli xil holatlarda rivojlangan. Sifat tushunchasi evolyusiyasi 1.1-jadvalda keltirilgan.
Aynan vaqt oʻtishi bilan sifatning mohiyati va rivojlanish jarayoni, uning parametrlari oxirgi oʻn yillikda sifat tushunchasining oʻzi va unga yondashishlar hamda talablar zudlik bilan oʻzgardi.
Sifat – bu mahsulot yoki xizmatlarga belgilangan talablarni yoki kutilayotgan ehtiyojlarni qondirish xususiyatini anglatadigan tavsiflari yigʻindisidir. Malakali xodimlar va tegishli texnologiya yordamida erishiladigan aniqlik, hamda ishlab chiqarish va mehnatning samaradorligi iste'molchi talabining qondirilishiga va sifatga olib keladi.
1.1-jadval
Sifat tushunchasining tarixiy evolyusiyasi