Nazorat savollar 1.Ko’rgazmali metodlar deganda nimani tushunasiz?
2.Tabiatshunoslik darslarida qo’llaniladigan tabiiy ko’rgazmali vositalarga nimalar kiradi?
3.Tabiiy jismlar bilan ishlash metodikasini tushuntiring?
4. Suratlar bilan ishlash metodikasini qanday tushunasiz?
Foydalanilgan adabiyotlar: 1.Nuriddinova M.I.Tabiatshunoslikni o’qitish metodikasi.O’quv qo’llanma.T., 2005. 2.Bahramov A.,“Tabiatshunoslik.”Darsligi3-sinf.T:.“Cho’lpon” nashriyoti. 2014. 3.Bahramov A., “Tabiatshunoslik.” Darsligi 4-sinf. T:. “Sharq” nashriyoti 2014. 4.Grigoryans A.G. Tabiatshunoslikni o’qitish. T. 1992
4-Ma’ruza:Amaliy metodlar turlari va tavsifi. Reja: 1. Amaliy metodlarning tabiatshunoslik darslarida qo’llanilishi.
2. Amaliy metodlarning turlari.
3. Tajriba - tabiatshunoslik o’qitishning amaliy uslubidir.
4. Jihozlar (kompas, termometr, yomg’ir o’lchagich, gnomon tayoqchasi va h.) bilan mustaqil ishlash metodikasi.
Tayanch iboralar: tajriba, amaliy uslub, amaliy ish, amaliy mashg’ulot, ekskursiya, ekskursiyada amaliy ish, eksperimental. Tajriba - o’qitish metodi bo’lib, uning yordamida o’rganilayotgan hodisa qonuniyatini aniqlashga yordam beruvchi sharoitlar yaratiladi. Tajribalar o’tkazishda o’quvchilarda boshqa metodlar bilan egallash mumkin bo’lmagan tabiatshunoslik tasavvurlari shakllanadi. Tajribalar atrof olamni bilib olishning qiziqarli va samarali metodidir. Ular materialistik dunyoga qarashni shakllantirish, kuzatuvchanlik, mantiqiy tafakkur va nutqni mashqlantirishda katta ahamiyatga ega. U dunyoning moddiyligini, uni idrok qilib olish mumkinligini tasdiqlovchi har xil tabiat jismlarining xossalarini bilib olishning chinakam ilmiy metodidir. Tajribalar mavhum tushunchalarni aniq tushunchalarga aylantirishda bolalarga yordam beradi. Masalan, ular faqat tajriba jarayonidagina termometrning simob ustuni haroratning o’zgarishiga qarab ko’tarilishi va pasayishiga ishonch hosil qiladilar. Faqat tajribagina suvning bir holatdan ikkinchi holatga o’tishini ko’rsatadi. Oddiy tajribalar o’quvchilar tomonidan uy sharoitlarida, o’quv-tajriba maydonchasida yoki tirik tabiat burchagida mustaqil bajariladi. Murakkabroq tajribalarni o’qituvchi darsda namoyish qiladi. Shuni esda tutish kerakki, mazmuni jihatidan eng oddiy tajriba faqat aniq bilim berishi bilangina emas, balki kuzatish jarayonini fahmlashga, uning natijalarini ta„riflashga yordam berishi bilan ham qimmatlidir. Faraz qilaylik o’quvchilar darsda Quyoshning Yer yuzasiga nisbatan holatiga qarab kuzda sovib borish to’g’risida bilim olishlari kerak. Bu hodisani tushuntirish uchun o’qituvchi tajriba o’tkazadi. U yonib turgan shamga ingichka qog’oz tasmachasini tutadi. Bitta tasmani shamning tepasida, ikkinchisini shamdan sal uzoqroqda ushlab turadi. O’quvchilar qog’oz tasmalarning qaysinisi oldinroq yonganligini aytishlari va nima uchunligini tushuntirishlari kerak. O’quvchilar bu tajribaning yozda va kuzda quyosh nurlarining yer yuzasini isitishini tushuntirishga yordam berishini payqashlari kerak. Tajribaning borishini kuzatib, o’quvchilar kuzda quyosh yer ustida kun sayin tobora pasayishi to’g’risida xulosalar chiqaradilar. Uning qiya tushayotgan nurlari yer yuzasiga siyranib o’tadi va havoni isitmaydi. Shuning uchun ham kuzda sovuq tusha boshlaydi. Materialni mustahkamlash uchun o’qituvchi namoyish qilgan va o’quvchilarning o’zlari o’tkazgan tajribalarning rasmini chizish yoki ularni ta„riflab yozish, ba„zi hollarda uni ham, buni ham qilish kerak. Asbob va moddalar bilan ishlashda ehtiyotlikni talab qiluvchi tajribalarni o’qituvchining o’zi o’tkazadi. Har qaysi tajribani boshlashdan oldin o’quvchilarga uning maqsadini, tajriba o’tkazishda nima uchun xuddi shu asbob va moddalar olinganligini yaxshilab tushuntirish, tajribaning o’tkazilishini hikoya qilib berish rejasini yozish kerak. Misol sifatida “Ko’p yillik manzarali va piyozli sabzavot o’simliklarni ekishda gullash muddati va mo’lligiga ta„siri” mavzusidagi tajribani (4- sinf) keltiramiz. Tirik tabiat burchagi yoki o’quv-tajriba maydonchasida o’quvchilar tajriba va nazorat o’simliklarining o’sishini parallel holda kuzatib boradilar, ularning rivojlanishini taqqoslaydilar, tajriba ishlari natijalarini qayd qilib boradilar. O’quvchilar tajriba qo’yilishining rasmini chizadilar, daftarlariga xulosalarni yozadilar (tajriba va nazorat qilinayotgan o’simliklar hosilidagi farqlarni belgilaydilar). Bu tajriba o’quvchilar materialni chuqurroq o’zlashtirib olishlari uchun mavzuni o’rganishdan oldinroq o’tkaziladi. Qator maktablar amaliyotida qo’pol xatolar kuzatilmoqda: avval o’qituvchi tajribani ta„riflaydi va undan kelib chiqadigan xulosalarni aytadi, keyin esa o’quvchilar tajriba o’tkazadilar. Natijada o’quvchilarning bilish faolligi va tafakkurning mustaqilligi pasayadi, tajriba vaqtida kuzatilishi kerak bo’lgan hodisalarga qiziqish kamayadi, tajriba o’qituvchi hikoyasining bezagiga aylanib qoladi. Agar o’qituvchi sinf oldiga quyidagicha muammoli savollar qo’ysa tajriba o’quvchilarning fikrlash faolligini oshiradi: qanday isbot qilish kerak? Qanday aniqlash kerak. Tajriba davomida o’qituvchi hamma vaqt o’quvchilar e„tiborini borayotgan jarayonlarga qaratishi, ular tafakkurini ushbu savollarga yo’naltirishi kerak: Siz hozir nimani ko’rayapsiz? Borayotganlarni qanday tushuntirish mumkin? Nima uchun siz shunday hisoblaysiz? Tajriba tugallangach, o’quvchilar shunday xulosaga olib kelinadiki, uning asosida o’quvchilar qaysi ehtimol to’g’ri, qaysilari xato ekanligiga ishonsinlar. Amaliy uslublar o’qituvchi tomonidan tashkil qilinadigan va yo’naltiriladigan, o’quvchilar fikrini rivojlantirishga mo’ljallangan so’z, ko’rgazmalilik va amaliy ishning o’zaro murakkab bog’lanishida ko’rsatadi. Amaliy uslublar qo’lanilishi o’quvchilar retseptorlari va effektorlarining faol faoliyati bilan bog’liq. Amaliy uslublar o’rganilgan materialni tushuntirishga, ko’nikma va malakalar hosil qilishga imkoniyat yaratadi. Amaliy uslublarni qo’llashga o’quvchilar faoliyatining o’zi bilim manbai hisoblanadi. Bunday usullar sirasiga og’zaki, yozma mashqlar, laboratoriya ishlari, maktab yer maydoni, tirik tabiat burchagida sinfdan tashqari bajariladigan mashg’ulotlar kiradi. Amaliy uslublarning turlariga: O’quvchilarning tarqatma didaktik material bilan turli narsalar yasash; Rasm chizish; Tabiat ob„ektlarini tanib olish va aniqlash bo’yicha ishlar; Hodisalarni kuzatish va qayd qilish ishlari; Tajriba o’tkazishlari (tajriba vositasida masalalarni hal qilish) kiradi. Amaliy ish boshlanishi oldidan qo’yiladigan savol, muammo, masalaga o’quvchilar uning natijalari bilan javob berishlari kerak. Tabiatshunoslik darslari tanib olish va aniqlash amaliy metodlarining bir turi bo’lib, tarqalgan o’simliklarni yoki ularning qismlarini farqiga borib, tanib olish xususiyatlarini o’rgatadi. Taqqoslashdagi farqqa borish o’quvchining aniqlash qobiliyatini rivojlantiradi. Farq qilish va aniqlash bo’yicha ishlar darslardagina olib borilmaydi, o’qituvchi tabiatga uyushtiriladigan ekskursiyalarda ham o’simliklarni topish va to’plashni, namunalar yig’ishni, ularning yoshi, vegetativ usullari, tuproq kesmalari, moslashishlarini, o’zgaruvchanlikni o’quvchilarning o’zlashtira olish qobiliyatlariga qarab tanlab berishi kerak. O’simliklar, ular qismlarining shaklini bilib olish bo’yicha ishlarni o’quvchilar uy vazifasi sifatida bajaradilar. Sinfda amaliy mashg’ulotlar tarqatma material bilan olib boriladi, bu o’quvchilarga o’rganilayotgan narsani bir necha sezgi organlari bilan qabul qilib olish imkoniyatini beradi, ya„ni ular narsani ko’ribgina qolmasdan, ular ustida har xil tajribalar o’tkazadilar, uning xususiyatini (masalan, tirnab ko’rish, bolg’acha bilan urib ko’rish vositasida narsaning mo’rtligini, egish bilan qayishqoqligi va egiluvchanligini va h.) sinaydilar. Tarqatma material sifatida tabiatshunoslik darslarida jonsiz va jonli tabiat jismlari (toshlar, foydali hasharotlar, o’simliklar va ularning qismlari, mayda hayvon va b.) dan foydalaniladi. Amaliy ishlar quyidagi tartibda olib boriladi: - ish maqsadini e„lon qilish; - o’qituvchining yo’l-yo’riqlar berishi; - topshiriqni tushuntirish; - materiallarni tarqatish; - kuzatish, o’tkazilgan ish natijalarini tushuntirish bilan suhbat; - xulosalarni daftarga yozish; - rasmlar chizish. Amaliy ish vaqtida o’qituvchi topshiriq tushunarsiz yoki murakkab bo’lganda ayrim o’quvchilarga yordamlashadi. Agar qiyinchilik ko’pchilik o’quvchilarda sodir bo’lsa, bunda ish mazmunini butun sinfga takroran tushuntirish kerak bo’ladi. Amaliy ishning asosiy qiyinchiligi kuzatilayotgan hodisalarni anglab olish, eng muhimlarini ajrata bilish, xulosalarni ifodalay olishdir. Tirik tabiat burchagidagi amaliy mashg’ulotlar uzoq vaqt davom etadigan kuzatish va tajribalar bilan bog’liqdir. Tirik tabiat burchagida amaliy ish o’tkazishga bag’ishlangan darsda uning maqsadi va bajarish izchilligi tushuntirilishi kerak. O’quvchilarga savolnoma berish mumkin. Tabiat burchagidagi ishlarning natijalaridan tegishli mavzular o’rganilayotganda foydalaniladi. O’simliklarni o’stirish bo’yicha maktab oldi maydonchasidagi amaliy ishlar sinfdagi darslarda olingan bilimlarni kengaytiradi va chuqurlashtiradi, o’quvchilar ni amaliy uquv va ko’nikmalar bilan qurollantiradi, ularda tabiatga va qishloq xo’jaligi mehnatiga qiziqish uyg’otadi. Maktab oldi maydonchasidagi amaliy ishlar va ular bilan bog’liq bo’lgan hamda o’quvchilarning kuzatishlari bilan birga olib boriladigan suhbat va o’qituvchining tushuntirishlari sinf mashg’ulotlari soatlarida ochiq havodagi dars sifatida o’tkazilishi lozim. Dars nazariy va amaliy qismlarga bo’linadi. Darsning nazariy qismida o’qituvchi oldinda turgan ishning ahamiyati va mohiyatini tushuntiradi, o’quvchilarni mehnat qurollari va ish uslublari vositasida o’rganilishi kerak bo’lgan o’simliklar bilan tanishtiradi. Oldinda turgan ishning maqsadi va ahamiyatini tushuntirib, o’qituvchi bolalarga uni bajarishning to’g’ri uslublarini ko’rsatadi va uni nima uchun boshqacha emas, shunday bajarish kerakligini aytadi. Keyin o’qituvchi bir-ikki o’quvchiga ishni bajarishni taklif qiladi va faqat ular ishni to’g’ri bajara olgach, butun sinfga ishga kirishishga ruxsat beradi. Darsning ikkinchi qismi - bolalarning amaliy ishidir. Amaliy ish vaqtida o’qituvchi o’quvchilarni kuzatib boradi, qo’shimcha tushuntirishlar olib boradi, ish sifatini baholaydi, yaxshilarini alohida uqtiradi, yo’l qo’yilgan xatolarni bartaraf qilishni taklif etadi. Dars oxirida yakunlovchi suhbatda yakun yasaladi: darsda bolalar qanday yangi ma„lumotlarni bilib olganliklari, nima qila olishga o’rganganliklari, ish vaqtida o’zlarini qanday tutganliklari aniqlanadi. Xotimada o’qituvchi ekilgan urug’larni yoki o’tqazilgan o’simliklarni qanday parvarish qilish kerakligini, bu ish qanday tashkil qilinishi to’g’risida ma„lumot beradi. Ekskursiyalarda amaliy ishlar. Ekskursiyalar o’tkazishda o’qituvchining topshirig’iga muvofiq mustaqil ish bajarilishiga (barglar yig’ish, qurigan shoxlarni qirqish, rasmlar chizish, o’lchashlar o’tkazish, foydali qazilmalar kollektsiyasini yasash va h.) katta e„tibor beriladi. Ish bajarish oldidan o’quvchilar o’qituvchidan topshiriqlar oladilar, u o’quvchilarni ish uslubi bilan (masalan, qanday barglarni yig’ish, shoxlarni qanday kesish, o’simliklarni qanday kovlab olish, sachoklardan qanday foydalanish kerakligi bilan) tanishtiradi. Ekskursiyalarda maktab oldi maydonchasidagi ishlardagidek, o’qituvchi xilma-xil metodik uslublardan foydalanib bolalarga yordam ko’rsatadi. Quyi sinflarda ko’rgazmali qurollar tayyorlash bo’yicha amaliy ishlar olib boriladi. Ular uchun kerak bo’ladigan narsalarni tabiatga o’tkaziladigan ekskursiyalarda ham, maktab oldi maydonchasidagi ishlarda ham yig’ish mumkin. Tabiatshunoslik bo’yicha amaliy mashg’ulotlarda, texnika mehnati darslarida kichik yoshdagi maktab o’quvchilari ushbu ko’rgazmali qurollarni: tuproqlar, foydali qazilmalar va hasharotlar kollektsiyalarini; hasharotlardan karam kapalagi, tut ipak qurti rivojlanishini aks ettiruvchi ko’rsatmani; gerbariylarni (barglarning har xil shakllari, ularning ranglarini o’zgarishi, o’lkaning har xil manzarali daraxt va butalari, o’t o’simliklarning shoxlarini, o’simlikning urug’dan izchil rivojlanish bosqichlarini) tayyorlashlari mumkin. O’quvchilar tayyorlagan ko’rgazmali qurollar bilan tabiatshunoslik xonasini jihozlash va ulardan darslarda tegishli mavzularni o’rganishda foydalanish mumkin. Shunday qilib, darsning maqsadi va uning mazmuniga qarab o’qituvchi o’qitishning xilma-xil metodlari va uslublarini qo’llanadi. O’qituvchi qanaqa metod va uslublar tanlamasin, ular kompleks holda, bir-birini to’ldirgan holda foydalanilishi va asosiy maqsad o’rganilayotgan tabiat jismlari va hodisalarining bolalar tomonidan qabul qilib olinishini yaxshilashga va tabiatshunoslik kursining tushunchalarini to’g’ri shakllanishiga xizmat qilishi kerak. Eksperimentlar ko’pincha fiziologik jarayonlarni o’rganishda o’tkaziladi. Eksperimentlar uzoq va qisqa muddatli bo’ladi. Tabiatshunoslik hamda botanika darslarida o’tkaziladigan muddatli eksperiment yoki tajribaga urug’ning tarkibi, tuproqning fizik xossalari, bargda kraxmal hosil bo’lishi, va shunga o’xshashlarni o’rganishga umu ta„lim ishlar misol bo’ladi. Urug’larni unib chiqish sharoitlari, barg orqali suvni bug’lantirish kabi ancha soda tajribalarni o’quvchilar uyda bajaradilar. Odatda, eksperimental ishlarni o’quvchilar darsdan tashqari mashg’ulot (individual va guruh) sifatida maktabning tirik tabiat burchagi yoki o’quv tajriba maydonida bajaradilar. Amaliy ishlar kuzatuv va tajribalarni to’ldiradi, tabiiy materialni o’rganishda bolalarni birlashib ijodiy ravishda ishlashga o’rgatadi. Amaliy ishlar dars jarayonida, ekskursiyalarda olingan bilimlarni har tomonlama mustahkamlashga imkon beradi. Bundan tashqari, Amaliy ishlar bolalarda mehnat malakalari va ko’nikmalari hosil bo’lishiga, mustaqil ishlashga yordam beradi.