O'rta guruhda mazmunli rasm chizishga o'rgatishning mazmuni va vazifalari. O'rta guruh bolalariga rasm mashg'ulotlari, asosan, yil boshidan o'tkazila boshlanadi, sababi, kichik guruh bolalariga qaraganda, ular ma'lum mazmun asosida, lo'nda qilib rasm ishlay olish qobiliyatiga egadirlar. Bolalarda rasm chizish malakasini rivojlantirish maqsadida 2-3 predmetni ko'rsatish mashqlari bilan boshlash maqsadga muvofiqdir. Rasm ishlash mazmuni quyidagilardir:
Mazmuni jihatdan bir-biriga o'xshash 2-3 predmetli rasm chizdirish.
Bir necha predmetlarning joylanishini belgilash.
Bola 4 yoshdan boshlab predmetlarning yonma-yon joylanishini, odamlarning ko'rinishini faqat old tomondan, hayvonlarning ko'rinishini faqat yon tomondan bir yo'lda chiza olish qobiliyatiga egadirlar. Masalan, «Bolalarnig qishki o'yinlari».
O'rta guruhlarda rasm chizish orqali bolalarning og'zaki nutqini o'stirish bilan ularni o'rab turgan tevarak-atrof bilan ham tanishtirish maqsadga muvofiqdir. Bu yoshdagi bolalar uchun quyidagi rasmlarni tavsiya qilish mumkin:
«Qizcha uy atrofida o'ynayapti».
«Qish, bolalar qorbobo yasayaptilar».
«Bo'g'irsoq», «Chipor tovuq».
O'rta guruhdagi bolalar rasm chizishni faqat bir yo'nalishda chizishlaridan tashqari, bir varaqni to'ldirib chizish malakalarini ham rivojlantirib boradi. Ma'lum narsani ko'rib, tasavvur qilgan holda rasm chizadi, uning aqliy qobiliyati rivojlanadi, o'sib boradi. Har bir mashg'ulot bolalarni aqliy va estetik ruhda tarbiyalashga, jamoat ishlarini bajara olishiga asos bo'ladi. N.K.Krupskayaning fikricha, «Bolaga beriladigan ta'lim-tarbiya mehnatni sevishdan, uni e'zozlashdan boshlanadi». Bu mashg'ulotlarni o'tkazish asosan bolalarning kuzatuvchanligi asosida olib boriladi, shunda ularning og'zaki nutqi, mustaqil fikrlay olishi, har xil mavzularda rasm chiza olish ko'nikmalari rivojlanadi. Bolalarda rasm chizish ko'nikmasi asosan og'zaki nutq orqali amalga oshiriladi. Masalan, bola bironta qiz, uy rasmlarini chizib, u haqda kichik ertak ham to'qishi mumkin. Ma'lum maqsadli rasm bolaga ko'rsatilayotganda aniq maqsadga ega bo'lishi kerak. Bola ko'rsatilayotgan rasmni aniq ko'rib chiza oladi, lekin uning yon tomonini, ustini chizishni bilmasligi mumkin. Talabalarga ishlangan rasmlar namunasidan ko'rsatib, quyidagilarga alohida e'tibor berishlarini eslatish kerak. Masalan, predmetlarning proportsional, simmetrik joylashganligi uylar, daraxtlar, samolyotning parvoz qilayotganini chizdirish orqali bolalarda tahlil-sintez usulidan foydalanish muhimdir.
Yuqorida qayd qilinganidek, quyidagilarga ahamiyat berish kerak:
mavzuning mazmuni aniq bo'lishiga;
obyektlar orasidagi bog'lanishga;
ma'lum maqsadga yo'naltirilgan mavzu bo'lishiga e'tibor berish kerak.
Bu yoshdagi bolalarga rangli qog'ozlar berilib, maqsad aytiladi. Masalan, bola ko'k rangda - o'tlarning, havo rangda - suvning, sariq rangda -qumning ko'rinishini tasvirlay oladi, y'oxud «Baliqlar suzyapti», «Jo'jalar o't ustida o'ynayaptilar» kabi. Bolalarning aqliy qobiliyatlarini tekshirish maqsadida tarbiyachi bir predmet yoki jismni ko'rsatib, uning varaq ustida joylashishini so'roqlar bergan holda, suhbat orqali aniq maqsad asosida rasm chizdirish kerak. Bunda albatta, tarbiyachining bilimdonligi katta mahorat talab qiladi. Bolalarning bir yarim yilda chizgan rasmlari o'lchovlari asosan bir xil. N.P.Sakulinaning tajribasi shuni ko'rsatdiki, bola chizgan rasmlarini past va balandligini ko'rsatish va farqini tushuntirish lozimdir. To'rt yoshli bolalarda rasm chizish ko'nikmalari o'sib boradi, ular kattalar chizgan rasmlarni tomosha qilgan holda taqlid qilib, rasm chizishga urina boshlaydilar. Xoh ota-ona, xoh tarbiyachi bola tomonidan chizilgan rasmlarni bola oldida baholashi kerak. Bolalar o'rtoqlarining chizgan rasmlarini yaxshi, yomonligi va xatolarini ko'rsatishlari kerak.
Bunda quyidagi vazifalar bor:
Bir-biriga mazmunan bog'liq 2-3 ta predmetni tasvirlashga o'rgatish.
Kompozitsion qobiliyatlarni o'stirish (1 ta chiziqda bir nechta predmetni yonma-yon joylashtirish yoki butun varaqda osmon va yerni chizish).
Bolalarga beriladigan mavzular qiyin emas: uy, uyning yonida daraxt o’syapti, skameyka turibdi; uy yoki daraxt yonida qizcha sayr qilib yuribdi, o'tloqda jo'jalar sayr qilishyapti; o't, gullar, quyosh nur sochyapti. Bu rasmlarda mazmunli rivojlanishni bolalar ko'rsatishmaydi. Bolalar 2-3 predmetni yonma-yon chizishadi, ular orasida hech qanday harakat bog'lanmagan.
Katta guruhda mazmunli rasm chizishga o'rgatishning mazmuni va vazifalari. Bola besh yoshdan boshlab ma'lum mavzudagi rasmlarni chiza olish qobiliyatiga ega bo'ladi. U tevarak-atrofni o'zgarishlarini tasavvur qila oladi va chizishga harakat qiladi. Bu yoshdagi bolalarga quyidagi mavzudagi rasmlar chizish tavsiya qilinadi: «Bolalarning qishki o'yinlari». «Bog'chada senga nimalar qiziqarli, shularni chiz». «Men onamga guldasta sovg'a qilyapman». «Quruvchilar yangi uy quryaptilar». «Ona bolani bog'chaga olib ketyapti». «Bolalar qorbobo yasayaptilar».
Katta guruhdagi bolalar badiiy asarlardan olingan taassurotlari asosida va ertak mazmunini tushungan holda quyidagi mavzuda rasm chiza oladilar. «Ikki ochko'z ayiqcha», «Ayyor tulki va kulrang bo'ri», «Mushuk, xo'roz va tulki» va boshqalar. Bu chizdirilgan rasmlar aniq va aniq masalada bo'lishiga ahamiyat berish kerak. Masalan, «14 yanvar - Vatan himoyachilari kuni», «8-mart - onalar bayrami», «21- mart - Navro'z bayrami». Katta guruhda o'tkaziladigan rasm mashg'ulotlari qiziqarli, savollarga javob olgan holda, asarda qatnashayotgan har bir personajga tavsif bergan holda ranglarni tanlay olish va varaqqa joylashtirish vazifalarini belgilash kerak. Bolalar tomonidan ishlanayotgan har bir rasmda predmetlarning hajmi, o'lchovlarini chamalash bilan birga, uzoq-yaqin, oldinma-ketin, ustma-ust, ketma-ket joylash mumkinligini tushuntirish kerak. Bu yoshdagi bolalar, ayniqsa, ertak multfilmlarni tomosha qilishni yaxshi ko'rganliklari sababli shu mavzudagi rasmlar chizishni yaxshi ko'radilar. N.P.Sakulinaning fikricha, bola rasm chizishni varaqning eng chetidan boshlab chizish bilan birga, predmetlarning joylashishini ko'rsatishi kerak va bo'yoqlarni tanlay olishi ham muhim ahamiyatga egadir. Bolani rasm mashg'ulotiga tayyorlash uchun unga kerakli rasm anjomlarini hozirlagan holda, bironta kuy eshittirib, akvarel bo'yoq berib, ma'lum mavzu va maqsad asosida rasm chizish ishini boshlash lozim. 5-6 yoshli bolalarning mazmunli rasmlarining mazmuni ancha boy bo'ladi. Bunda bolalar faqat predmetlarni chizishmaydi, balki predmetlarning atrofidagi sharoitni ham tasvirlaydi.
Bunda quyidagi vazifalar bor:
Obyektlar orasidagi o'zaro mazmunan bog'liqlikni tasvirlashga o'rgatish.
Kompozitsion qobiliyatlarni rivojlantirish (bunda qog'ozda gorizontal chiziqni belgilab chizish).
Rang qobiliyatlarini rivojlantirish.
Bu yoshdagi bolalarda har bir mavzuning mazmuni oldindan to'g'ri aniqlangan bo'lishi kerak. Ularga masalan, «Bayram» mavzusini berish kerakmas, chunki bola yo mavzuga aloqador bo'lmagan narsani chizishi yoki o'zining imkoniyatiga to'g'ri kelmaydigan, kuchi yetmaydigan masalani qo'yishi mumkin.