2.2. Bolaning rivojlanish sohalari bo‘yicha yutuqlari. Mazkur dastur bola rivojiga individual yondashuv, uning shaxsini hurmat qilish, uning manfaatlari, ehtiyojlari va rivojlanish darajasini hisobga olish, hissiy qulaylik borasida g‘amxo‘rlik qilish, erkin ijodiy o‘z-o‘zini ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratishga intilishni ko‘zda tutadi. Shu sababli, rejalashtirish bilan bir qatorda, bola rivojlanishini kuzatib borish pedagog faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Pedagog bolani va uning o‘zini tutishi sabablarini yaxshiroq tushunish, bola rivojini, uning ichki dunyosini ko‘rish, qo‘llab-quvvatlash, rivojlanish yo‘llarini belgilash, ehtiyoj va manfaatlarini aniqlash uchun bola hayotini sistematik kuzatib boradi. Pedagogik kuzatuvlar asosida ta'lim jarayonini rejalashtirish amalga oshiriladi va takomillashtirib boriladi.
Bolaning individual rivojlanishini kuzatish uchun O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yilgan Davlat talablarida aks ettirilgan sohalar va kichik sohalar hamda kutilayotgan natijalar (malaka va ko‘nikmalar) olingan. Bolaning rivojlanish xaritasi 3 dan 7 yoshgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi, har bir bola uchun individual tarzda yiliga uch marta to‘ldiriladi . Maktabgacha ta'lim muassasasidan chiqishda 6-7 yoshdagi bolaning maktabga tayyorlik xaritasi to‘ldiriladi (faqat maktabgacha ta'lim muassasa bitiruvchilari uchun6).
Maktabga tayyorlik deganda bolada umumiy kompetensiyalarni va rivojlanish sohalari kompetensiyalarining shakllanganligi tushuniladi. Bu xarita maktabgacha ta'lim muassasasining har bir bitiruvchisi uchun to‘ldiriladi. Unda Davlat dasturiga muvofiq rivojlanishning beshta sohasi (bola kompetensiyalari) bo‘yicha kutilayotgan natijalar ifodalanadi.
Tarbiyachiga u yoki bu natija qanday darajada aks etayotganini belgilash taklif etiladi. Rivojlanishning beshta sohasi (bola kompetensiyalari) umumlashtiriladi va tavsiya hamda takliflar ko‘rinishida ota-onalar e'tiboriga havola etiladi.
Rivojlantiruvchi muhitni tashkil qilish Maktabgacha ta'lim muassasasida rivojlantiruvchi muhitni tashkil etishda bolalarning o‘ziga xos belgilarga ega bo‘lgan yoshga doir xususiyatlari va ehtiyojlarini hisobga olish muhim ahmiyat kasb etadi. Rivojlantiruvchi muhit mazmuni: maktabgacha ta'lim muassasasining ko‘rgazmali-rivojlantiruvchi muhiti mazmuni madaniy-tarixiy qadriyatlar: milliy va hududiy an'analar; tabiat, iqlimdan kelib chiquvchi xususiyatlarga mos bo‘lishi lozim; muhit mazmuni birlamchi dunyoqarash asoslarini shakllantirish, bolaning muvaffaqiyatli ijtimoiy moslashuviga yordam berishi lozim.