175-modda. Soliq solinadigan obyektlarning hisobini olib bormaslik yoki kassa operatsiyalarini yuritish tartibini, shuningdek to’lov intizomini buzish Foyda (daromad) yoki soliq solinadigan boshqa obyektlarning hisobini olib bormaslik yoxud bunday hisobni belgilangan tartibni buzgan holda olib borish, basharti bu harakatlar to’lanishi lozim bo’lgan soliq yoki boshqa majburiy to’lovlarning summasini kamaytirishga olib kelsa, shuningdek budjetga va budjetdan tashqari fondlarga soliqlarni, boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish va to’lash uchun zarur bo’lgan soliq hisobotlarini, hisob-kitoblarini hamda boshqa hujjatlarni taqdim etmaslik, o’z vaqtida taqdim etmaslik yoki belgilanmagan shaklda taqdim etish, xuddi shuningdek kameral nazorat natijalari bo’yicha aniqlangan tafovutlar asoslarini yoxud aniqlashtirilgan soliq hisobotini belgilangan muddatda taqdim etmaslik —
eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo’lsa, —
eng kam ish haqining uch baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Kassa operatsiyalarini yuritish tartibi va to’lov intizomini buzish, shu jumladan, qarzdor korxonalardan to’lovlarni undirish bo’yicha soliq organlarining inkassa topshiriqlarini bajarmaslik, shuningdek debitorlik va kreditorlik qarzi muddatlarini o’tkazib yuborish hamda korxonalarning hisobvaraqlarida tegishli mablag’lar bo’lgan holda to’lovlarni amalga oshirishning belgilangan muddatlarini buzish, shuningdek pul mablag’larini hisobdan chiqarish navbatini buzish —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o’n baravaridan o’n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Soliq organlarida ro’yxatga olinganligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasiz korxonalar va tashkilotlarga hisob-kitob yoki boshqa hisobvaraqlarini ochish —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Budjetga to’lovlar bo’yicha qarzi bo’lgan korxonalarga o’z vaqtida inkassa topshiriqnomasini taqdim etmaslik, —
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Soliq to’lovchi tomonidan budjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga soliqlar hamda boshqa majburiy to’lovlarni to’lash uchun to’lov topshiriqnomasini xizmat ko’rsatayotgan bankka taqdim etmaslik yoki o’z vaqtida taqdim etmaslik, -
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.
Ushbu moddaning oltinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni ma’muriy jazo chorasi qo’llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish, -
mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi3.