Mavzu: Kavkaz orti qadimi tarixi Manbashunosligi va Tarixshunosligi Reja: Manbashunoslik
Armaniston tarixi manbashunosligi
Gruziya tarixi manbashunosligi
Ozarbayjon tarixi manbashunosligi
Xulosa
Manbashunoslik - tarixiy manbalarni [q. Manbalar (tarixiy)] izlab topish, qayd etish, toʻplash, oʻrganish va qoʻllanish nazariyasi va amaliy usullari haqidagi fan. M. tarixshunoslikda yordamchi fan sohalari (arxeografiya, arxivshunoslik, genealogiya — nasabshunoslik, metrologiya — oʻlchovshunoslik, epigrafika, tekstologiya — matnshunoslik, xronologiya — davrshunoslik, geraldika — gerbshunoslik, numizmatika — tangashunoslik va sfragistika — muhrshunoslik) qatorida yetakchi oʻrinda turuvchi alohida ilmiy soha. M.ning bevosita tadqiqoti yozma manbalar ustida boʻlsada, ammo, uning asosiy ilmiy va amaliy uslubiyati tarixiy qadriyatlarning barcha turlarini oʻrganishda va tanqidiy tahlil etishda qoʻllaniladi.
M. ikkiga — amaliy va nazariy M.ka boʻlinadi. Amaliy M. tarixning ayrim soha va yoʻnalishlari hamda davr va bosqichlari bilan shugʻullanib, izlab topilgan tarixiy manbalarni arxiv, muzey va kutubxonalarning maxsus xazinalarida toʻplash, qayd etish, saqlash, taʼmirlash va taʼriflash kabi ishlarni amalga oshiradi. Nazariy M. tarixiy manbalarning yaratilishi va ularda tarixiy voqeliklarning rivojlanish jarayonlarini aks ettirish tartibi, usullari, axborotlarning tarkibi va joylashish xususiyatlarini tadqiq etadi. Manbalarni tartibga solish va turkumlarga ajratish asoslarini ishlab chiqadi, ularning umumiy va maxsus turlarini tarixiy nuqtai nazardan tadqiq qilish uslubini belgilab beradi. M.ning nazariy masalalari, asosan, yozma manbalar zaminidagi tarixiy asar va hujjatlarga binoan hal etiladi.
Tarixiy manbalar tadqiqoti jarayonida quyidagi masalalar belgilab olinadi: qoʻlyozma asarlar va hujjatlarni topish va ajratib olish; asosiy matnni va soʻnggi qoʻshimcha yoki ilovalarini belgilash; manbaning yuzaga kelishi, asliy yoki koʻchirma nusxaligini aniqlash; M. jihatidan qoʻlyozma matni qanchalik toʻliqligi, unda berilgan maʼlumotlarning haqqoniyligi va anikligi hamda bitilgan davrini belgilash. Chunki har qanday mavzu yoki tarixiy voqelik bayoni M. jihatdan keng qamrovlik va mukammallikni taqozo etadi. Shu boisdan tarixiy manbalarning yaratilish davrining anikligi M.da muhim ahamiyatga molikdir. Chunki, yozilgan yoki koʻchirilgan vaqti qayd etilmagan asarlar tamaddun tarixi davomida uchraydi. Bunday holat ayniqsa qad. dunyo va oʻrta asrlar yozma yodgorliklariga xosdir.
Yozma manbalarni yuzaga kelish tarixini oʻrganish borasida asarning yili, yozilish uslubi, matnda uchraydigan davr va sanalar, ogʻirlik va uzunlik oʻlchamlari, pul birliklari, geografik nomlar hamda shaxsiy ismlarni belgilash M.da ayniqsa muhimdir. Chunki tarixiy asarlarning aksariyati oʻz davrida muallifi tomonidan maʼlum darajada tuzatishlar yoki qisqartirishlar kiritilgan boʻlsa, keyinchalik esa uning muharrirtarjimonlari yoki tegishli nazoratchilari tomonidan qandaydir oʻzgartirishlar amalga oshirilgan yoki boshqa tilga tarjima etilgan boʻlishi mumkin. Natijada matn, mazmun va gʻoyaviy yoʻnalish jihatidan aslidan oʻzgacha nusxalari paydo boʻlgan. Shu boisdan tarixiy manba muallifi, tarjimoni va kotiblarini aniqlash muhim ahamiyatga molikdir. Manbalarning asliy va koʻchirma nusxalarining yaratilishi bilan bevosita bogʻliq boʻlgan muarrixlarni belgilab olish bilan manba nusxalari, ayniqsa tarjimalarining qanchalik asliga monandligi hamda ularda keltirilgan tarixiy atama, nom va sanalarning haqqoniyligi aniqlab olinadi.
M. koʻp asrlik tarixga ega. Amaliy M. dastavval Sharqning Misr va Mesopotamiya kabi qad. madaniyat uchoklarida qad. podsholiklar (Misr, Shumer, Akkad va Ossuriya) va ularning boshq-aruv tizimlari shakllanayotgan davrlarda yuzaga keldi. M.ning ilk omillari dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va savdosotiq kabi xoʻjaliklarning kengayib rivojlanishi natijasida hayotiy ehtiyojlar yaratgan eng qad. yozuvlar (Misr iyerogliflari, Mesopotamiya mixxati) kashf etilishi, ilmiy-amaliy bilimlarning vujudga kelishi bilan chambarchas bogʻliq holda paydo boʻldi. M.ning asosi hisoblangan ilk yozuvlar miloddan avvalgi 4ming yillikda shakllandi. Eng qad. hujjatlar tosh, sopol, poʻstloq, xom gisht, yogoch, teri, papirus poyasiga bitilgan. Dastlab ularda eng muxim voqea va hodisalar, nasihatnoma va diniy sheʼrlar yozilgan boʻlsa, keyinchalik podsholiklar tashkil topgach, podshoh qonunlari (Hammurapi, miloddan avvalgi 1792—1750-yil, Xett, miloddan avvalgi 2-ming yillik — qonunlari toʻplami), madhiya (gimn)lar, davlatlararo bitimlar (miloddan avvalgi 1280-yil Xattusili III va Ramzes II larning tinchlik shartnomasi) kabi tarixiy hujjatlar bitilgan hamda yillik taqvim va oʻlka haritalar (Misr, Urartu, Bobil va ularning tevarak atroflari) chizilgan. Haqiqiy tarixiy hujjat tusini olgan bunday qad. lavhalar miloddan avvalgi 4ming yilliklarda kuchirilib, uziga xos kitoblar yaratilgan va ularni saklash uchun kutubxona va ar-xivlar tashkil etilgan (Ur, Nippur, Nineviya, Bobil, Ashshur shaharlari). Mas, birgina Ossuriya podshohi Ashshurbanipalning Nineviyadagi kutubxonasida 30 mingdan ortiq xatli lavhalar saqlangan. Oʻsha davrlardayoq Shumer, Akkad va Ossuriya maktablarida hujjatli lavhalardan nusxalar kuchiruvchi va ularni jamlab saklovchi davlat kotib (mirzo)lari tayyorlanib, amaliy M.ka asos solingan. Mesopotamiya arxivi va kutubxonalaridan esa hatto miloddan avvalgi 3ming yillikka mansub mamlakat tarixi va geografiyasiga oid maʼlumotlar topilgan.
Tarixiy hujjatlar va yozma manbalarga tanqidiy yondashish, ularda keltirilgan maʼlumotlarni taxlil qilish va asarlar yaratishda manbalardan foydalanish yullari qad. dunyo tarixchilarining nomi va tarixnavislik ijodi bilan bogʻliqdir. Dastlab yunon muarrixi Gerodot ayrim yozma manbalarga shubha kuzi bilan boqqan boʻlsa, Polibiy, Livii, Tatsit, Iosif Flaviy kabi tarixchilar oʻz asarlarida manbalarni tanqidiy ajratish, bir-biriga zid maʼlumotlarni solishtirish bilan tarixiy manbalarni tekshirib koʻrish yoʻlini qoʻllaganlar. Oʻrta asrlarda manbalarga tanqidiy munosabatda boʻlish deyarlik barham topgan boʻlsada, ammo Uygʻonish davrida u qayta jonlandi. Uning rivojiga maʼlum darajada gumaiistlar oʻz hissalarini qoʻshdilar.