So‘zlarninig shakl va ma’no munosabatiga ko‘ra turlari. Til birikmalarini yaxlit bir tizim sifatida o`rganish borasidagi tadqiqotlar natijasida ma’lum bo`ldiki, leksik birliklar lisonda turli semantik munosabatlar asosida har xil paradigmalar hosil qilgan holda mavjud bo`ladi. Sinonimiya, antonimiya, graduonimiya, partonimiya, giponimiya kabilar ana shunday lisoniy munosabatlar sirasiga kiradi. Quyida ularning har birini alohida-alohida ko`rib o`tamiz.
Sinonimiya.Shaklan turlicha, ammo bir tushunchani turli bo`yoq va ottenkalar bilan ifodalaydigan leksemalar sinonimlardir. Ma’nodosh leksemalar orasidagi aloqadorlik s i n o n i m i k m u n o s a b a t deyiladi. Ma’lumki, o`zbek nutqida ishlatiladigan so`zlarning juda katta qismini ko`p ma’noli (polisemantik) so`zlar tashkil etadi. Ko`p ma’noli so`zlarda so`zning asl bosh (yetakchi) ma’nosidan o`sib chiqqan turli hosila ma’nolar kuzatiladi. Aslida leksemalar o`zaro sememalari asosida boshqa leksemalar bilan ma’nodoshlik munosabatida bo`ladi. Aniqrog`i, ko`p sememali (ma’noli) leksemalar har bir sememasi bilan alohida-alohida ma’nodoshlik qatoriga kiradi. Chunonchi, [bosh] leksemasi «tananing bo`yindan yuqori qismi» semasi asosida [kalla] leksemasi bilan, «rahbarlik qilmoq, boshqarmoq» semasi asosida [yetakchi], [yo`lboshchi], [sardor], [boshliq], [rahbar] leksemalari bilan, «tik narsalarning tepa qismi» semasi asosida [uchi], [cho`qqisi] leksemalari bilan sinonimik munosabatga kirishadi. Demak, sinonimiya hodisasi haqida gap ketganda, bu hodisani semantik sinonimiya deb atash to`g`riroqdir.
Sinonim leksemalar sememalaridagi atash va vazifa sememalari aynan bir xil bo`lib, faqat ifoda semalari farqlanadi. Masalan, kulmoq ~ iljaymoq ~ tirjaymoq ~ ishshaymoq ~ hiringlamoq ~ tabassum qilmoq. Ma’nodoshlik qatoridagi mazkur leksemalarning barchasida atash semalari bir xil: «xursandligini yoki zavq-shavqini, ichki quvonchini kulgi bilan ifodalamoq». Ammo ifoda semalari har bir leksemada o`ziga xos. Ya’ni «shaxsiy munosabat» har bir leksemada boshqacha namoyon bo`lgan. Bu munosabat [kulmoq] leksemasida «shaxsiy betaraf munosabat» ko`rinishida bo`lsa, [ishshaymoq] leksemasida «o`ta kuchli shaxsiy salbiy munosabat» tarzidadir.
Ma’nodoshlik qatoridagi leksemalarning ifoda semalari turli-tumandir. Chunonchi, ijobiy yoki salbiy baho semalari; leksemaning qo`llanilish davri bilan bog`liq holatdagi «arxaik», «tarixiy», «umumiste’moldagi», «yangi» semalar;
leksemaning qo`llanilish doirasini ko`rsatuvchi «shevaga xos», «so`zlashuvga xos», «kitobiy», «ko`tarinkilik» va h. semalar.
Ma’nodoshlik qatoridagi leksemalarning bittasi dominanta (bosh) bo`lib, boshqalari shu leksema atrofida birlashadi va ma’nodoshlik qurshovini hosil qiladi. Dominanta leksemaning yuqorida sanalgan barcha ifoda semalariga nisbatan neytral, betaraf bo`ladi. Dominantaning o`ziga xos xususiyatlari quyidagilar:
dominanta leksemaning ma’nodoshlik qatoridagi boshqa leksemalarnikiga nisbatan «kambag`alroq» bo`ladi. Chunonchi, oriq, nozik, qotma, qiltiriq, ramaqijon. Ushbu qatordagi [oriq] leksemasida [nozik], [qotma], [qiltiriq], [ramaqijon] leksemalaridagi kabi hissiy-ta’siriy bo`yoq yo`q;
dominanta leksemaning qo`llanilish doirasi boshqa ma’nodoshlarnikiga nisbatan keng;
dominanta leksema istalgan vaqtda o`z ma’nodoshlarini almashtira oladi; ma’nodoshlik qatori mansub bo`lgan katta tizimga faqat dominanta leksema kiradi va boshqa leksemalar bilan paradigma hosil qila oladi.
Masalan, «kishi tana a’zolari» lug`aviy ma’no guruhiga yuz, aft, bashara, turq, oraz, bet, diydor, tal’at, chehra sinonimik qatoridan faqatgina [yuz] dominanta leksemasi kirib, [quloq], [burun], [lab], [qosh], [peshona] leksemalari bilan paradigma hosil qiladi. Boshqa ifoda semasidagi ifodalar «betaraf» bo`lolmaganligi bois yuqoridagi paradigmaga kira olmaydi.
Sinonimiya hodisasini deyarli barcha tillar doirasida kuzatish mumkin: nizo, kelishmovchilik, ixtilof, nifoq, adovat; oqil, aqlli, bama’ni, dono; ruscha: svetlыy, yasnыy, yarkiy (ravshan); polojenie, sostoyanie, obstoyatelstvo (ahvol); putanыy, zaputanыy, slojnыy, trudnыy (chatoq); inglizcha: look, stare (qaramoq); misfortune, failure (baxtsizlik); whole, full (butun) kabi.