Ushbu tog’lardan ayrimlari janubiy va janubi-g’arb tomonga pasaya borib, Panj va Amudaryo qirg’oqlarigacha qo’shilib ketgan tekisliklardan iborat. Yuqoridagi tizma tog’lar oralig’ida Hisor, Vaxsh, Yovon, Quyi Kofarnihon, Surxob (Qizilsuv) va Yaxsuv vodiylari joylashgan. Tojikiston janubi-sharqiy qismida Pomir tog’lari qad ko’targan (Tojikistonning eng baland joyi-7495 m, Ismoyil Samoniy). Uning markazida Muzko’l tizma tog’lari va janubi-g’arbda Shimoliy va Janubiy Alichur tizma tog’lari joylashgan. Foydali qazilmalari. Tojikiston hududida O’rta va Janubiy Tyanshan, Pomir burmali tizimlari hamda 2 yirik tog’lararo botiq (Farg’ona va Tojikiston depressiyalari) bor. Pomir va Hisor-Oloy tizma tog’larida tog’ billuri, oltin, kumush, simob, surma, mishyak, volfram, molibden, toshtuz, asbest, ko’mir, neft, tabiiy gaz, temir, rux, qimmatli toshlardan la’l, lojuvard, marmar konlari mavjud. O’nlab mineral buloqlar, shu jumladan, Garmchashma shifobaxsh bulog’i mashhur. Iqlimi va ichki suvlari. Iqlimi kontinental. Yanvarda o’rtacha harorat vodiy va tog’ yon bag’irlarida 2°C dan-2°C gacha, Pomirda-22°C. Iyulning o’rtacha harorati vodiylarda 30°C, Pomirda 10°C, eng yuqori harorat 48°C gacha (Vaxsh vodiysi va Quyi Panjda). Yillik yog’in miqdori Hisor tizma tog’larining shimoliy yon bag’irlarida 1600 mm gacha. Tojikiston markazi va janubida yoz va kuzda quruq issiq shamol va qisman garmsel, janubida afg’on shamoli esadi. Asosan, Pomir hududida mingdan ortiq katta-kichik muzliklar bor. Daryo ko’p, uzunligi 10 km dan ortiq bo’lgan daryolar 947 ta. Ular, asosan, Amudaryo, Sirdaryo va Zarafshon daryosi havzalariga mansub. Faqat Sharqiy Pomirdagi Oqjilg’a, Qorajilg’a va Muzko’l daryolari berk ko’l-Qorako’lga quyiladi. Tojikistonda 930 ko’l bo’lib, aksariyati Pomir va Hisor-Oloy tizma tog’lari etagida joylashgan. Sarez, Yashilko’l, Iskandarko’l, Kattako’l ko’llari, Qayroqqum, Norak, Farhod, Kattasoy, Mo’minobod va boshqa suv omborlari bor. Tuproqlari va hayvonot dunyosi. Tojikiston janubi-g’arbi va shimoldagi pasttekisliklarda och kulrang, tog’ yon bag’irlarida tabiiy kulrang, to’q kulrang yoki jigarrang tuproqlar uchraydi. Shimoliy va Hisor-Oloy etaklari tuproqlari och jigarrang, yuqoriroqda tabiiy jigarrang tuproqlar. G’arbiy Pomir soyliklarida to’q kulrang, Sharqiy Pomirda esa cho’l tuproqlari mavjud. Tojikiston hududida o’simliklarning 4,5 mingdan ortiq turi o’sadi. Tog’ yon bag’irlarida, shuningdek, Qurama, Zarafshon, Hisor tizma tog’larida butazor va archazor, Dang’ara, Mo’minobod, Xovaling, Chubek va Farxor atrofidagi tog’ va tog’ yon bag’irlarida pista, yong’oq, anor, olcha, o’rik, nok, tut, bodom, do’lana, jiyda, archa va boshqa yovvoyi mevali daraxtlar o’sadi.
Dostları ilə paylaş: |