Nazariyaning mohiyati strukturasi, funksiyalari va turlari «Nazariya» atamasi keng ma’noda “aqliy bilish”, “tafakkur”ni anglatadi, uni amaliyotdan farq qiluvchi faoliyat turi sifatida ifodalaydi. Tor ma’noda esa, nazariya ma’lum bir sohaga oid tasavvurlar, tushunchalar, g‘oyalar, gipotezalarni tizimga soladigan, predmetni yaxlit tarzda anglashga imkon beradigan bilim shaklini bildiradi.
Nazariyaning bunday talqini ilmiy bilishda empirik va nazariy bosqichlarning farq qilinishi bilan bog‘liq.
Empirik bosqichda ilmiy faktlar to‘planadi, o‘rganiladi, tizimga solinib, turli xil jadvallar, shakllar, grafiklar tuziladi; muayyan bir umumlashmalar, xususan, empirik tushunchalar, farazlar, empirik qonunlar shakllanadi.
Ilmiy bilishning keyingi taraqqiyoti empirik bilish bosqichida hosil qilingan, lekin bir-biri bilan aloqadorligi hali aniqlanmagan bilimlar o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rnatish, ularni umumlashtirish, shu asosda yangi fundamental tushunchalar, umumiy qonunlarni yaratish, ilmiy bashoratlar qilish bilan uzviy bog‘liq.
Nazariyaning barcha turlari nazariy bilishning muhim vositalari sifatida fanda nihoyatda qadrlanadi. Ular tafakkurning strukturasi va qonuniyatlarini yaxshi bilib olishga imkon beradi.
Mantiq ilmini o‘rganishning ahamiyati Mantiq ilmini o‘rganish ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga ega. Mantiqni bilish, ayniqsa, ilm-fan bilan shug‘ullanish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, ko‘payib borayotgan ilmiy axborotlarni tartibli ravishda o‘zlashtirish, ilmiy masalalarning tuzilishini tez bilib olish uchun ham muhim rol o‘ynaydi.
Mantiq inson tafakkuri madaniyatini ko‘tarish va insoniyatning uzoq tajribasi natijasida takomillashgan tafakkur shakllari, qonun va qoidalarini bilish uchun xizmat qiladi. U inson fikrining ketma-ket, ziddiyatsiz va asosli bo‘lishini ta’minlaydi. Mantiq fani mazmunini chuqurroq o‘rganish kishilarning o‘z tafakkuri va o‘zgalar tafakkuri natijalariga tanqidiy qarash xislatlarini rivojlantiradi. Tafakkurning bu sifatlari esa insonning turli ilmiy va amaliy faoliyati uchun katta ahamiyatga ega. Mantiqiy usullardan to‘g‘ri foydalana olish, ta’lim-tarbiya jarayonida isbot va raddiyaning mantiqiy tomonlarini bilish inson nutqining asosli bo‘lishini ta’minlab, fikrdagi ziddiyatlarni ochishga yordam beradi.
Mantiq ishonch-e’tiqodning shakllanishida muhim rol o‘ynaydi.Faktlar va boshqa dalillarga tayanuvchi fikr yuksak ishontirish kuchiga ega bo‘ladi, kishilarda ishonch-e’tiqodni mustahkamlaydi. Bilishning maqsadi ilmiy asosga ega bo‘lgan e’tiqodni yaratishdan iborat. Ana shuning uchun ham yoshlarda ilmiy asosga ega ishonch-e’tiqodni yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Mantiqan asoslangan to‘g‘ri fikr ishonch-etiqodni shakllantirish vositasidir. Ishonch-e’tiqod esa, insonning komillik mezonlaridan biri hisoblanadi.Chuqur tahlilga, mantiqqa asoslanmagan bir yoqlama fikr odamlarni chalg‘itadi. Faqat bahs-munozara, tahlilga asoslangan to‘g‘ri xulosalargina haqiqatni bilishga yo‘l ochadi.
Mantiq insonlar o‘rtasidagi turli daraja va mazmundagi munosabatlarni uyg‘unlashtirishda, o‘zaro muloqotning samaradorligini oshirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.