6. Kichik maktab yoshi davri. Bu davr 7 yoshdan to 12 yoshgacha davom etadi. Ushbu davrda o’sish va skelet suyaklarini qotishi davom etadi, oyoqlarning o’sishi hisobiga tana proporsiyalari o’zgaradi, mushaklar jadal rivojlanadi, katta yarim sharlar po’stlog’ining integratsiyalovchi roli ortadi, tormozlanish jarayonlari kuchayadi. Jigar, buyraklar o’pka, yurak va boshqa a’zolar hamda to’qimalarning strukturaviy va funksional differensiyalashuvi yakuniga yetadi. Timus bezining qayta rivojlanishi boshlanadi. Qalqonsimonbez va gipofizning fuhksiyasi kuchayadi. Jinsiy bezlarning gormonal ta’siri boshlanadi.
7. O’rta maktab yosh davri. Bu davr 12 yoshdan to 15 yoshgacha davom etadi. Bu davr jadal o’sish va tana vaznini ortishi bilan tavsiflanadi. Tana proporsiyalari sekin- asta voyaga yetgan inson ko’rsatkichlariga yaqinlashadi. Jinsiy voyaga yetish (o’g’il bolada 13-14, qiz bolada 11-12 yosh) va jinsiy bezlar gormonlarining ta’sirini ortishi ostida qalqonsimon bezning funksiyalari kuchayadi, timus qayta rivojlanishiga (involyutsiyaga) uchraydi. Bosh miya katta yarim sharlarining qobig’I “ organizmning barcha funksiyalarini bosh boshqaruvchisi va taqsimlovchisi” sifatida faoliyat ko’rsatadi. Qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlari muvozanatlasha boradi, farqlash va umumlashtirish funksiyalari, ayniqsa, ikkinchi signal tizimi rivojlanishi tufayli murakkablashadi.
8. Yuqori maktab yoki o’spirinlik yosh davri.Bu davr qiz bolada 13yoshdan to 18 yoshgacha, o’g’il bolada 15-16 yoshdan to 19-20 yoshgacha davom etadi. Ushbu davr jinsiy bezlar funksiyasini kuchayishi, ikkilamchi jinsiy belgilarning yakunlanishi bilan tavsiflanadi. Boshqa ichki sekretsiya bezlarining, ayniqsa gipofiz va qalqonsimon bezning funksiyalari ham kuchayadi. Timus bezi bundan mustsno, uning involyutsiyasi davom etadi. Barcha a’zolar va tizimlar funksiyasi, uzluksiz rivojlanish oqibatida, sezilarli darajada takomillashadi.
Iqlim va iqtisodiy sharoitga qarab qizlarda jinsiy yetilish taxminan 12-14 yoshdan boshlanib, 16-18 yoshlarda tugaydi, o’g’il bolalarda 13-15 yoshdan boshlanib, 18-20 yoshgacha davom etadi. Eng avvalo jinsiy belgilar paydo bo’ladi: qovga va qo’ltiqda jun chiqa boshlaydi, qizlarda sut bezlari kattalashadi, o’g’il bolalar ovozi do’rillab qoladi. Jinsiy bezlarning yetilganlik alomati: qizlarda hayz ko’rish, o’g’il bolalarda ixtilom boshlanadi.
Chin tovush boylamlari hayotning birinchi yilida va 14-15 yoshda ayniqsa tez o’sadi. 12 yoshdan boshlab tovush boylamlari o’g’il bolalarda qizlarga nisbatan uzun bo’ladi, o’g’il bolalarning ovozi do’rillashi shu bilan izohlanadi.
O’smirlarda o’pka tez o’sadi, umumiy hajmi kengayadi, 12 yoshga yetganda uning o’pkasi chaqaloqnikiga qaraganda 10 marta kattalashadi.
O’smirlarning turli a’zolarida funksional o’zgarishlar kuzatiladi. Yurak hajmi kattalashadi, “yoshlar yuragi” yoki “o’smir yuragi” hosil bo’ladi, quloq solganda shovqin eshitiladi. Ko’pchilik hollarda qon bosimining oshishi (yoshlar gipertoniyasi) yurak kuchliroq tepadi, tomirning tez urishi kuzatiladi (ba’zan bosim pasayib, puls siyraklashadi), xansirash, chakka sohasi og’rishi mumkin. Ayrimlarda to’satdan qisqa mudda bosh aylanishi, hushdan ketish (ko’pincha qizlarda), me’da ichak yo’llarining har xil bo’limlarida qisilish kuzatiladi. Uzoq vaqt tik turganda qimirlamay o’tirganda bosh aylanishi, yurak va qorin sohalarida noxush sezgi paydo bo’ladi. Majburan uzoq vaqt tik turganda ayrim o’smirlar hushidan ketishi va qusishi mumkin. Ularning rangi oqaradi, qo’l barmoqlari muzdek bo’lib qoladi, ba’zan ko’kimtir ranga kirishi mumkin. Bu hodisalarning barchasi yotgandan so’ng o’tib ketadi. Bunday o’smirlarda juda ko’p terlash, qizil demografizm (teriga tirnoq bilan chizganda qizil yo’l qoladi), bola kayfiyatining darrov o’zgarishi kuzatiladi. Bunday hollarga shu yoshga xos vegetativ asab tizimi va endokrin tizimining beqarorligi ruhiy va jismoniy zo’riqish sabab bo’ladi. Yosh ulg’ayishi bilan bu, odatda o’z-o’zidan o’tib ketadi, ammo shunday hodisalar paydo bo’lganda uning haqiqiy sababini aniqlash uchun, albatta, brachga uchrashishi lozim.
Moskvada yosh fiziologiyasi va jismoniy tarbiya instituti tomonidan 1965 yilda yoshga oid davriylik muammolariga bag’ishlab o’tkazilgan simpozium barcha ilmiy, ta’lim, davolash va boshqa tashkilotlarga qo’yidagi yoshga oid davriylik sxemasidan foydalanishni tavsiya qilgan:
1. Yangi tug’ilgan davr – birinchi 10 kun;
2. go’daklik yoshi davri - 1 yoshgacha;
3. Ilk bolalik davr - 1 – 3 yosh;
4. Birinchi bolalik davr – 4-7 yosh;
5. Ikkinchi bolalik davr – o’g’il bolalar 8 - 12 yosh;
qiz bolalar 8 - 11 yosh;
6. O’spirinlik yosh davri- o’g’il bolalar13 - 16 yosh;
qiz bolalar 12 - 15 yosh;
7. Navqironlik davr yoshi- o’g’il bolalar 17 - 21 yosh;
qiz bolalar 16 – 20 yosh;
8. Yetuklik yoshi- birinchi davr: erkaklik 35 yoshgacha;
ayollar 21- 35 ;
ikkinchi davr: erkaklik 36 - 60 yosh;
ayollar 36 - 55 yosh;
9. Qarilik yoshi -erkaklar 61 - 71 yosh;
ayollar 56 - 74 yosh;
10. Keksalik yoshi- erkaklar va ayollar 90 yoshgacha;
11. Uzoq umr ko’ruvchilar- erkak va ayollar 90 yosh va undan yuqori.