Ritmiklik xarakteristikasi “Ritm” so‘zi juda keng tarqalgan bo‘lib, xilma-xil hodisalarga nisbatan qo‘llaniladi. Vaqti-vaqti bilan takrorlanishning o‘zi ritmni tashkil etadi. Ritmning asosiy sharti mazkur harakatda kuchli, biror-bir jihatlarni ta’kidlab ko‘rsatiladigan lahzalarning mavjudligi hamda turli vaqt intervallarining o‘zgarishi, almashinishidan iboratdir. SHunday qilib, ritm harakatlarning majmuali (dinamika-vaqt) xarakteristikasidir.
Harakat ritmi uchun harakatning kuchli, alohida kuch bilan bajariladigan qismlarining vaqt jihatidan xilma-xil munosabatda bo‘lishi xosdir.
Jismoniy mashqlarda muskullarning kuchlanishi va bo‘shashtirilishining to‘g‘ri va o‘z vaqtida almashinib turishi sport texnikasini egallab olishning eng muhim ko‘rsatkichlaridan biridir. YUqori malakali sportchilarning oddiy sharoitlardagi harakat ritmi juda aniq bo‘ladi.
Ma’lum bir kishining texnik jihatdan mukammal qilib bajargan har bir aniq harakatida maqsadga muvofiq ritmni ko‘rish mumkin. Har bir sportchida uning individual xususiyatlariga qarab, harakatlarni bajarishning o‘z ritmi bo‘lishi lozim.
Jismoniy mashqlarni bajarishda harakat ritmi ratsional texnikaning ob’ektiv qonuniyatlariga muvofiq ravishda inson tomonidan yaratiladi va tartibga solinadi.
Dinamik xarakteristikalar Kishi gavdasining harakatiga ta’sir etadigan kuchlarni ichki va tashqi ta’sir kuchlariga bo‘lish mumkin.
Quyidagilar ichki kuchlarga kiradi:
a) tayanch-harakat apparatining passiv kuchlari – muskullarning elastik kuchi, muskullarning cho‘ziluvchanligi va b.;
b) harakat apparatining faol kuchlari – muskullarning tortish kuchi;
v) reaktiv kuchlar – tezlashgan harakat jarayonida gavda zvenolarining bir-biriga munosabati vaqtida aks etuvchi kuchlar.
Kishi gavdasiga tashqaridan ta’sir etuvchi kuchlar tashqi kuchlar deyiladi. Jismoniy mashqlarni bajarishda quyidagilar tashqi kuchlar hisoblanadi:
a) o‘z gavdasining og‘irlik kuchi;
b) tayanch reaksiyalarining kuchi;
v) tashqi muhitning (suv, havo) va fizik jismlarning (kurashdagi raqiblar, akrobatikadagi sheriklar) qarshilik kuchi, tashqi og‘irliklar, odam joyidan siljitadigan jismlarning inersion kuchlari.