Rudaning granulometrik tarkibi va uni aniqlash usullari Foydali qazilma qazib olingandan yoki maydalangandan keyin millimetrning ulushidan tortib, to bir necha yuz millimetrgacha bo‘lgan turli o‘lchamdagi zarrachalar aralashmasidan iborat bo‘ladi. Foydali qazilma tarkibiga kiruvchi turli o‘lchamdagi zarrachalar massa miqdorining nisbati uning granulometrik tarkibi deyiladi.
Mahsulotning yirikligiga qarab tahlil qilish natijalari boyitish mashinalarining ishlab chiqarish unumdorligini, elaklar, maydalagich, tegirmon va klassifikatorlarning ishlash samaradorligini, rudali va noruda minerallarning yuzasini to‘liq, ochish uchun qanday yiriklikda yanchish zarurligini va bir qator texnologik jarayonlarning muhim ko‘rsatkichlarini aniqlashga imkon beradi.
Granulometrik tarkibni aniqlash foydali qazilma namunasini ma’lum yiriklikdagi sinflarga ajratishdan iborat. Granulometrik tarkibni aniqlashning bir necha xil usullari mavjud: elash orqali, sedimentatsiya, mikroskopik usul yoki alohida zarrachalarning o‘lchamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lchash va v.x.
Zarralar o‘lchamini to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘lchab yiriklikni baholash o‘lchami 150-200mm dan ortiq mahsulotning granulometrik xarakteristikasini tuzish uchun qo‘llaniladi.
Foydali qazilma zarrachalari noto‘g‘ri shaklga ega va ularning yirikligi bir nechta o‘lchamlar bilan ifodalanishi mumkin. Amaliy maqsadlar uchun zarrachani bitta o‘lcham, ya’ni diametr orqali xarakterlash maqsadga muvofiq..
Elaklar turkumi yordamida granulometrik tarkibni aniqlash Elash orqali tahlil deb mahsulot namunasini yirikligiga qarab bir qator sinflarga ajratishga aytiladi. Elash orqali tahlil foydali qazilma alohida sinflarining chiqishini aniqlash uchun o‘tkaziladi. Namunani sinflarga ajratish uni ma’lum o‘lchamli teshiklarga ega elaklar turkumi yordamida elash orqali amalga oshiriladi. Elash orqali tahlil o‘lchami 150-200 mm dan 0,074 (0,043) mm gacha mahsulotni tekshirish uchun qo‘llaniladi. O‘lchami 0,074 mm dan kichik mahsulotlarning granulometrik tarkibi sedimentatsiya usuli bilan aniqlanadi.
Boyitish amaliyotida elash orqali tahlil qilish uchun sim yoki sintetik turdan kvadrat shakldagi teshikli qilib tayyorlangan kontrol elaklar ishlatiladi. To‘plamdagi elak teshiklari o‘lchamning nisbati doimiy va o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkin. Odatda rudani elash uchun ishlatiladigan elaklar turkumi quyidagi o‘lchamdagi elaklarni o‘z ichiga oladi: 60; 40; 30; 20; 10; 5; 2,5 va 1 mm.
Ko‘mirni elash uchun esa elaklar turkumi: 150; 100; 50; 25; 13; 6; 3; 1; 0,5 mm.
Ikkita ko‘shni elak teshiklari o‘lchamining bir-biriga nisbati modul deyiladi. Yirik mahsulotni elashda 2 ga teng modul ishlatiladi. Bu modulga ko‘ra elaklar turkumi quyidagi o‘lchamli elaklardan tashkil topadi: 100; 50; 25; 12; 6; 3; 0. Mayda mahsulotni elash uchun esa 2 ga teng modul qo‘llaniladi. Unga ko‘ra, asosiy elak deb o‘lchami 200 mesh (0,074 mm) li elak olinadi (mesh-25,4 mm ga to‘g‘ri keladigan teshiklar soni). Elaklar turkumi quyidagicha tuziladi: 0,074 x 1,41 = 0,1 mm
0,1 x 1,41 = 0,14 mm
0,14 x 1,41 = 0,19 mm va h.q
Dastlabki mahsulotning massasi mahsulotning yirikligiga, namuna olish usuliga va elash orqali tahlilning aniqligiga bog‘liq. Granulometrik analiz uchun namunaning maksimal miqdori quyidagi formula orqali topiladi:
M = 0,02 d2 + 0,5 d
bu yerda: d - zarrachaning maksimal o‘lchami, mm.
Talab qilinadigan aniqlikka va mahsulotning namligiga qarab elash orqali tahlil quruq va jamlashgan usulda o‘tkazilishi mumkin. Mahsulotning namligi uncha katta bo‘lmaganda va o‘ta aniqlik talab qilinmaganda elashning quruq usuli qo‘llaniladi.
O‘lchami 0-13 mm mahsulotning namligi yuqori bo‘lib, quruq usulda elashni qiyinlashtirsa, namuna dastlab quritiladi. Og‘irlikdagi yo‘qolish elash natijasida olingan alohida sinflar chiqishlari orasida taqsimlanadi. Yirik o‘lchamli sinflar quritilmaydi. Yirik mahsulotning tahlili laboratoriya elaklarida o‘tkaziladi. O‘lchami 6 mm gacha bo‘lgan mayda mahsulotni elash mexanik silkitgichlarda amalga oshiriladi.
Mahsulotni elash 10-30 daqiqa davom etadi. Elash vaqti mahsulotning namligi va yirikligiga bog‘liq: mayda va nam mahsulot uzoq vaqt elanadi. Keyin silkitgichda yoki qo‘lda shu elaklarning o‘zida elashning qanchalik to‘lik bo‘lgani tekshiriladi.
Agar kontrol elanganda 1 dakika davomida elakdan o‘tgan mahsulot massasi elakda qolgan mahsulot massasidan 1 % oshmasa, yirik mahsulotni ham, mayda mahsulotni ham elash tamomlangan hisoblanadi.