Vazifasiga ko‘ra burg‘ilar uchta sinfga ajratiladi:
Quduq tubini to‘liq burg‘ilash uchun burg‘ilar;
Quduq tubini halqa bo‘ylab burg‘ilash (namuna olish maqsadida) uchun burg‘ilar;
Maxsus ishlarni bajarish uchun burg‘ilar.
Jinsga ta’sir qilish xarakteriga ko‘ra burg‘ilar to‘rtta guruxga ajratiladi:
Kesib-bo‘laklovchi;
Maydalab-bo‘laklovchi;
Maydalovchi;
Kirib-kesuvchi.
Quduq tubini to‘liq burg‘ilash uchun parrakli, sharoshkali hamda sun’iy va tabiiy olmosli burg‘ilardan foydalaniladi.
Parrakli burg‘ilar kesib-bo‘laklovchi burg‘ilar sinfiga mansub. Ular ikki, uch va ko‘p parrakli bo‘ladi. Hozirgi kunda o‘rta qattiqlikdagi qatlamchalari bo‘lgan yumshoq plastik jinslarni rotor usulida burg‘ilash uchun asosan uch parrakli burg‘ilar qo‘llaniladi.
Ikki parrakli burg‘i «2L» (ON26-02-88-68) shifriga ega. Ular quyidagi o‘lchamlarda ishlab chiqariladi: 76, 93, 97, 112, 118, 132, 140, 151, 161 mm. Ikki parrakli diametri 140 mm bo‘lgan burg‘i quyidagicha belgilanadi: 2L-140.
Uch parrakli burg‘ilar uchta kesuvchi ishchi elementga ega. Yuqorida qayd etilganidek, burg‘ilarning bu turi yuqori oraliqlardagi yumshoq plastik jinslarni burg‘ilashda keng qo‘llaniladi. Uch parrakli burg‘ilar (ON26-02-88-68) oddiy 3L va gidromonitorli ZLG ishlab chiqariladi. Uch parrakli burg‘ilarning diametri 118-445 mm ga teng. Gidromonitorli burg‘ilar ZLG quyidagi diametrlarda ishlab chiqariladi: 161; 190; 214; 243; 269; 295; 320; 346; 370; 394 va 445 mm, teshiklarining diametri asosan 14-16 mm.