Quduqni vazifasidan kelib chiqqan holda uni qurish sifatiga har xil talablar qo‘yiladi. Ulardan asosiylari quyidagilardir:
1. Quduqni burg‘ilash atrof-muhit muhofazasi qoidalarini buzmagan holda olib borilishi lozim. Bundan tashqari tabiiy bir-biridan ajratilgan qatlamlarni birlashtirmaslik, bir qatlamdagi suyuqliklarni ikkinchi qatlamga o‘tkazmaslik, suv manbalarini ifloslantirmaslik, mineral suvlar tarkibiga neft, gaz va zararli moddalarni kirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Himoya tizmasi ortidagi suv manbalarining bir-biridan ajratilganligi (izolyatsiyasi) chidamli va uzoq muddatli bo‘lishi kerak. Mahsuldor gorizontlarning izolyatsiyasi konni ishlatish jarayonida (balki bir necha o‘n yil) juda ham sifatli va ishonchli bo‘lishi kerak. Agar ishlatiladigan kon kelajakda gaz saqlagich (gazoxranilishe) yoki boshqa maqsadlarda ishlatilishi ko‘zda tutiladigan bo‘lsa, unda mahsuldor gorizontlar izolyatsiyasi undan ham ko‘prok yilga chidashiga mo‘ljallangan bo‘lishi kerak.
Qatlamlar izolyatsiyasining ishonchliligi asosan quduqni sementlash sifatiga bog‘liq. Ayniqsa anomal yuqori qatlam bosimli chuqur gaz quduqlarida qatlamlarni bir-biridan ajratish (izolyatsiya) katta qiyinchiliklar to‘g‘diradi.
2. Quduq profilining qiyshayishi ruxsat etilgan chegaradan oshib ketmasligi kerak. Agar bu qiyshayishlar oshib ketsa, bir nechta quduqlar qatlamning 1 ta uchastkasida tushib qolishi mumkin. Buning natijasida quduqlar debiti pasayib ketadi. Bunday sharoitda qatlamni to‘liq ishlatish uchun yangi quduqlarni qazishga to‘g‘ri keladi.