Ma’ruza materiallari ma’ruza Psixologiyaga evolyusion kirish
Flegmatik temperament – hissiyotning juda sekin, kuchsiz qo’zg’alishi va uzoq davom etmasligi bilan farq qiladi. Flegmatik temperamentli kishilar hissiyotlarining tashqi ifodasi kuchsiz bo’ladi. Bu xil temperamentli odamlarni xursand qilish, xafa qilish yoki g’azablantirish ancha qiyin.
Flegmatiklarning psixik jarayonlari sust bo’ladi. Bu xil temperamentli odamlar nihoyat og’ir, yuvosh, bosiq, harakatlari salmoqli bo’ladi. Agar bir faoliyatga kirishsalar, uni qat’iyat bilan davom ettiradilar.
Flegmatik temperamentli bolalar yuvosh, mo’min qobil bo’ladi. Ular ko’pchilikka ham aralashadigan, tortinchoq va hyech kimga tegmaydigan, birovni ranjitmaydigan bo’ladilar. Agar birov ular bilan urish chiqarmoqchi bo’lsa, o’zlarini chetga olishga harakat qiladilar. Ular shovqin-suronli, harakatli o’yinlarga moyil bo’lmaydilar. Bu xil temperamentli bolalar jizzaki bo’lmaydilar va odatda ular o’yin-kulgilarga moyil emaslar.
Flegmatik temperamentli kishilar (bolalar) tashabbus ko’rsatishga moyil bo’lmaydilar, lekin ular faoliyatini yo’lga qo’yilsa, ancha qunt bilan ish ko’radilar, yaxshi o’qib ketishlari mumkin.
Har qaysi odam temperamentini batamom bir tip doirasigagina «sig’dirib» bo’lmaydi albatta. Tip tushunchasining o’zi faqat bir-birlariga o’xshash bir guruh odamlarnigina o’z ichiga olishligini nazarda tutadi. Har qaysi odam temperamentida o’ziga xos individual xususiyatlari bo’ladi, bu xususiyatlarni batamom muayyan bir temperament tipiga kiritib bo’lmaydi. Bu xususiyatlar ayni individual xususiyatlardir, ya’ni shu shaxsning o’zigagina xos xususiyatdir. Ko’pchilik odamlarda bir tip temperament alomatlari ikkinchi bir tip temperament alomatlari bilan qo’shilgan bo’lishini ko’ramiz; chunonchi, xolerik temperamentli kishida melanxolik yoki flegmatik temperament alomatlari bo’lishi, sangvinik temperamentli kishida xolerik va flegmatik temperament alomatlari bo’lishi mumkin va hokazo.
Odamlarni faqat ularda qaysi temperament belgilari ustun bo’lsa, shunga qarab, ma’lum bir temperament tipiga kiritish mumkin.