Mavzu: Sobiq sovet psixologiyada shaxsga yondashuvlar
Reja
1. Sobiq Sovet psixologiyasida shaxs rivojlanishi nazariyalari sharhlari
2. Sobiq sovet psixologiyasida shaxs ta’rifi
Sobiq Sovet psixologiyasida shaxsning rivojlanishi muammosi L.S.Vigotskiy, P.P.Blonskiy, S.L.Rubinshteyn, A.N.Leontyev, B.G.Ananyev, L.I.Bojovich singari yirik psixologlarning asarlarida o’z aksini topa boshlagan. Keyinchalik ushbu masala bilan shug’ullanuvchilar safi kengayib bordi. Xuddi shu boisdan shaxsning tuzilishi, ilmiy manbai, rivojlanishning o’ziga xosligi bo’yicha yondashuvda, muayyan darajada tafovutga ega. Hozirgi davrda shaxsning rivojlanishi yuzasidan mulohaza yuritilganda olimlarning ilmiy qarashlarini muayyan guruhga ajratish va undan so’ng ularning mohiyatini ochish maqsadga muvofiq. Bizningcha, ontogenezda shaxs taraqqiyotini bir necha bosqichlarga ajratish va ularning har biriga alohida ilmiy psixologik ta’rif berish nuqtai nazaridan yondashish quyidagi nazariya va yo’nalishlarni tashkil qiladi. Jumladan, rivojlanishdagi inqirozga binoan (L.S.Vigotskiy), motivasion yondashish (L.I.Bojovich), faoliyatga ko’ra munosabat (D.B.Elkonin), shaxsning ijtimoiylashuvi xususiyatiga e’tiboran (A.V.Petrovskiy), shaxsni tutgan pozisiyasini hisobga olib (D.I.Feldshteyn) va hokazo.
L.S.Vigotskiy jahon psixologlarining shaxsni tuzilishi va rivojlanishiga oid nazariyalarini tanqidiy tahlil qilib, kamolotni vujudga keltiruvchi ruhiy yangilanishlardan kelib chiqqan holda jarayonni quyidagi bosqichlarga ajratadi.
1. Chaqaloqlik davri inqirozi (krizisi).
2. Go’daklik davri - 2 oydan 1 yoshgacha. Bir yasharlik inqiroz.
3. Ilk bolalik davri - 1 yoshdan 3 yoshgacha. 3 yasharlik inqiroz.
4. Maktabgacha yoshdagi davr - 3 yoshdan 7 yoshgacha. ? yasharlik inqiroz.
5. Maktab yoshi davri - 8 yoshdan 12 yoshgacha. 13 yasharlik inqiroz.
6. Pubertat (jinsiy yetilish) davri - 14 yoshdan 18 yoshgacha. 17 yasharlik inqiroz.
L.S.Vigotskiy o’z asarlarida rivojlanishning har bir davrining o’ziga xos xususiyatlariga chuqur ilmiy ta’rif bera olgan. Tadqiqotchi shaxsning rivojlanishida eng muhim ruhiy yangilanishlar yuzasidan ham ilmiy, ham amaliy ahamiyat kasb etuvchi mulohazalar bildirgan. Biroq uning fikrlari ichida o’ta munozarali, bahsbob o’rinlar talaygina. Hozirgi zamon psixologiyasi fanida L.S.Vigotskiyning shaxsning rivojlanishi nazariyasi ilmiy, tarixiy, ijtimoiy ahamiyat kasb etadi, taraqqiyotni keltirib chiqaruvchi inqirozlarning roli to’g’risidagi mulohazalari va olg’a surgan g’oyalari shu kunning talabi bilan hamohangdir.
Sobiq Sovet psixologiyasining yirik namoyandasi, L.S.Vigotskiyning shogirdi L.I.Bojovich shaxs shakllanishini muayyan davrlarga bo’lishda motivlarga asoslanadi, shuning uchun bu yondashuvni motivasion deb yuritish mumkin. L.I.Bojovich mulohazasiga binoan, shaxsning shakllanishi ushbu darajalardan iborat: birinchi bosqich - chaqaloqlik - tug’ilgandan to 1 yoshgacha, ikkinchi bosqich - motivasion tasavvur - 1 yoshdan 3 yoshgacha, uchinchi bosqich - “Men” ni anglash davri - 3 yoshdan 7 yoshgacha, to’rtinchi bosqich - ijtimoiy jonzod ekanligini anglash davri - 7 yoshdan 11 yoshgacha, beshinchi bosqich: a) o’z-o’zini anglash davri - 12 yoshdan 14 yoshgacha, b) o’z o’rnini belgilab olish (topish) davri - 15 yoshdan 17 yoshgacha.
L.I.Bojovich shaxs shakllanishining har bir bosqichini psixologik tavsifini berib, ularni keltirib chiqaruvchi omillar, manbalar, turtkilar, mexanizmlar negizini ochib berishga harakat qilgan. Olima fikrining yo’nalishi shaxs psixologiyasi bilan uzviy bog’liq bo’lib motivasion yondashuvga bevosita tahlil va sharh bo’ysundirilgan.
D.B.Elkoninning shaxs shakllanishi klassifikasiyasi yetakchi faoliyat nazariyasiga (A.N.Leontyev ta’limotiga) asoslanib, har bir taraqqiyot pallasida u yoki bu ko’rinishdagi faoliyat ustunlik qilish ehtimoliga suyanadi. Insonning shaxs sifatida kamol topishi jarayonidagi yetakchi faoliyat roli ushbu nazariyaning asosini tashkil qiladi.
D.B.Elkonin shaxs shakllanishining quyidagi bosqichlarga ajratadi:
1) go’daklik davri - tug’ilgandan to 1 yoshgacha; asosiy faoliyat - bevosita emosional muloqot,
2) ilk bolalik davri - 1 yoshdan to 3 yoshgacha; asosiy faoliyat - predmet bilan manipulyasiya (nozik harakat) qilish,
3) maktabgacha davri - 3 yoshdan to 7 yoshgacha; asosiy faoliyat - rolli o’yinlar, asosiy faoliyat - o’qish,
5) kichik o’smirlik davri - 10 yoshdan to 15 yoshgacha; asosiy faoliyati - shaxsiy ichki (intim) muloqot,
6) katta o’smirlik yoki ilk o’spirinlik yosh davri - 16 yoshdan to 17 yoshgacha; asosiy faoliyat - o’qish-kasb tanlash.
D.B.Elkoninning shaxs shakllanishi bosqichlari muayyan ko’lamdagi psixologlar tomonidan iliq qarshi olinishiga qaramasdan, ma’lum darajada munazarabob o’rinlar yo’q emasligini e’tirof qilindi. Bizningcha, har bir davrning o’ziga xos xususiyatlari faqat alohida olingan faoliyat doirasi ta’siri bilan chegaralanib qolmasligi, balki oraliq bosqichlari ham mavjudligi va undan kelib chiqqan holda ruhiy yangilanishlarda ham o’zgarish bo’lishi ehtimoldan holi emas. Shunga qaramasdan, D.B.Elkoninning mazkur nazariyasi psixologiya fanida, ayniqsa, yosh davrlari psixologiyasida eng ommaboplardan biri bo’lib qolmoqda.
Bolalar psixologiyasi fanining yirik namoyandasi A.A.Lyublinskaya shaxs taraqqiyotini muayyan bosqichlarga ajratishda pedagogik psixologiya pozisiyasidan turgan holda faoliyat nuqtai nazardan unga yondashadi, ma’lum davrlarga ajratadi va ularni atroflicha sharhlab berishga intiladi.
1. Chaqaloqlik davri - tug’ilgandan to bir oylikgacha.
2. Kichik maktabgacha davri 1 oydan to 1 yoshgacha.
3. Maktabgacha yoshidan oldingi davr - 1 yoshdan to 3 yoshgacha.
4. Maktabgacha yoshi davri - 3 yoshdan to 7 yoshgacha.
5. Kichik maktab yoshidagi o’quvchilik davri - 7 yoshdan to 11 (12) yoshgacha.
6. O’rta sinf o’quvchisi davri (o’smirlik) - 13 yoshdan to 15 yoshgacha.
7. Yuqori sinf o’quvchisi davri - 15 yoshdan to 18 yoshgacha.
Pedagogik psixologiyaning taniqli namoyandasi V.A.Kruteskiy insonning ontogenetik taraqqiyotini mana bunday bosqichlardan tarkib topish ehtimoli mavjudligini asoslab berishga harakat qiladi.
1. Chaqaloqlik (tug’ilgandan to 10 kunlikgacha).
2. Go’daklik davri (10 kunlikdan to 1 yoshgacha).
3. Ilk bolalik davri (1 yoshdan to 3 yoshgacha).
4. Bog’chagacha bo’lgan yosh davr (3 yoshdan to 5 yoshgacha).
5. Bog’cha yosh davri (5 yoshdan to 7 yoshgacha).
6. Kichik maktab yoshi davri (7 yoshdan to 11 yoshgacha).
7. O’smirlik yosh davri (11 yoshdan to 15 yoshgacha).
Negadir mualliflarning aksariyati ontogenezda shaxsning rivojlanishini qolgan bosqichlarini hisobga olmaydilar.
Hozirgi zamon psixologiyasining taniqli vakili A.V.Petrovskiy inson taraqqiyotiga shaxsni tarkib toptirishning sosial-psixologik nuqtai nazardan yondashib, o’ziga xos original klassifikasiyasini yaratadi. Ushbu nazariya negizida yuksalish, yetuklikka intilish g’oyasi yotganligi sababli bolalik, o’smirlik, o’spirinlik davrlari yotadi, xolos. A.V.Petrovskiygacha psixologlar taraqqiyotning bir tekis jihatini olib o’rgangan bo’lsalar, bundan o’laroq u shaxs shakllanishining prososial (ijtimoiy qoidalarga rioya qilib) va asosial (aksijtimoiy) bosqichlari mavjud bo’lishi mumkinligini dalillab berishga harakat qiladi. Shuning uchun taraqqiyot uchta makrofazadan iborat ekanligini sharhlab, uning birinchi turi bolalik davriga to’g’ri kelib, ijtimoiy muhitga moslashish, ko’nikish (adaptasiya), ikkinchisi - o’smirlarga xos individuallashish (individualizasiya), uchinchichi - o’spirinlik, ya’ni yetuklikka intilish davrida individual holatlarni muvofiqlashtirish (birlashtirish) xususiyatlari bilan tavsiflanadi. A.V.Petrovskiy shaxsning shakllanishini quyidagi bosqichlardan iborat bo’lishini ta’kidlab o’tadi.
1. Ilk bolalik (maktabgacha yoshidan oldingi davr) - tug’ilgandan to 3 yoshgacha.
2. Bog’cha yoshi davri - 3 yoshdan to 7 yoshgacha.
3. Kichik maktab yoshidagi o’quvchi davri - 7 yoshdan to 11 yoshgacha.
4. O’rta sinf o’quvchisi (o’smirlik) davri - 11 yoshdan to 15 yoshgacha.
5. Yuqori sinf o’quvchisi (ilk o’spirinlik) davri - 15 yoshdan to 17 yoshgacha.
A.V.Petrovskiyning klassifikasiyasi qanchalik takomil darajada bo’lmasin, taraqqiyotning oraliq bosqichlari, ularning o’ziga xos xususiyatlari mavjudligini e’tirof etishga moyildir. Chunki ijtimoiy qoidalarga binoan o’sishmi yoki aksilijtimoiymi unga qaramasdan, har ikki yo’nalishning ham oraliq jabhalari bo’lishi ehtimoldan xoli emas, lekin bu g’oyani chuqurroq sharhlab berish joiz.
D.I.Feldshteyn klassifikasiyasi ham shaxsga ijtimoiy yondashuvga asoslangan bo’lsa ham, lekin u A.V.Petrovskiynikidan keskin farq qiladi. D.I.Feldshteynning fikricha, insonni shaxs sifatida shakllanish jarayonida ikkita katta taraqqiyot bosqichini bosib o’tadi, ulardan biri - “Men jamiyat ichida” degan pozisiyadan iborat bo’lib, u o’ziga quyidagi yosh bosqichlarini qamrab oladi:
1) ilk bolalik - 1 yoshdan 3 yoshgacha,
2) kichik maktab yoshidagi o’quvchisi davri - 6 yoshdan to 9 yoshgacha,
3) yuqori sinf o’quvchisi davri - 15 yoshdan to 17 yoshgacha.
Shaxs taraqqiyotidagi ikkinchi pozisiya “Men va jamiyat” deb nomlanib, u quyidagi yosh bosqichlariga taalluqlidir:
1) go’daklik - tug’ilgandan to 1 yoshgacha,
2) maktabgacha yoshdagi bolalar - 3 yoshdan 6 yoshgacha,
3) o’smirlar - 10 yoshdan to 15 yoshgacha.
D.I.Feldshteyn boshqa tadqiqotchilardan farqli o’laroq, o’smirlik davrini uch bosqichga ajratadi. Uning mulohazasiga ko’ra, birinchi bosqich (10-11 yosh) o’ziga munosabatni kashf qilishdan iborat bo’lib, o’zini shaxs sifatida his qilish va qat’iy qarorga kelish bilan yakunlanadi. Ikkinchi bosqich 12-13 yoshdagi o’smirlarni o’z ichiga olib, bir tomondan, o’zini shaxs sifatida tan olish, ikkinchi tomondan, o’ziga salbiy munosabatda bo’lish xususiyatiga ega. Uchinchi bosqich 14-15 yoshli katta yoshdagi katta o’smirlardan iborat bo’lib, tezkorlikda o’z-o’zini baholashga moyil munosabati bilan tavsiflanadi.
Bolalarda “Men jamiyat ichida” pozisiyasi ilk bolalik, kichik maktab yoshidagi, yuqori sinf o’quvchilik davrlarida faollik keng ko’lamda quloch yoyadi, chunki mazkur taraqqiyot bosqichida faoliyatning amaliy predmetli jihatlari jadal o’sishda bo’ladi. Ularda “Men va jamiyat” pozisiyasi vujudga kelishi maktabgacha tarbiya yoshi, o’smirlik davrlariga to’g’ri kelib, ular tomonidan ijtimoiy xatti-harakatlarning normalari va qoidalarini o’zlashtirish, shaxslararo munosabat o’rnatish, o’zaro muloqotga kirishish xususiyati bilan tavsiflanadi. Ana shu murakkab sosial-psixologik holatlarga asoslangan holda D.I.Feldshteyn bolaning ijtimoiy taraqqiyotida uning jamiyatga nisbatan munosabatining asosiy (bosh) va oraliq toifalarga ajratadi. Bolada jamiyatga nisbatan oraliq munosabatning shakllanishi ijtimoiylashuv, individuallashuvning tarkibiy qismlarini egallash va bir davrdan ikkinchisiga o’tishi natijasida yuzaga keladi. Asosiy (bosh) munosabat - shaxsning rivojlanishida keskin siljish nuqtalarining paydo bo’lishi, ichki sifat o’zgarishlarining vujudga kelishi va unda yangi xislatlarni tarkib topishining mahsulidir.
Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, D.I.Feldshteynning shaxs rivojlanishi nazariyasi ontogenezda yuz beradigan barcha psixologik holat va fazilatni izohlab berish imkoniyatiga ega emas. Lekin u ta’lim-tarbiya sifatini oshirishga va takomillashtirish jarayoni (faoliyati) ga ijobiy ta’sir o’tkazish xususiyati bilan amaliy ahamiyat kasb etadi.
Shunday qilib, hamdo’stlik mamlakatlari psixologlari tomonidan bir qator puxta ilmiy-metodologik negizga ega bo’lgan shaxsning rivojlanishi nazariyalari ishlab chiqilgan. Ularning aksariyati ontogenezda shaxsning shakllanishi qonuniyatlarini ochishga muayyan hissa bo’lib xizmat qiladi, amaliy va nazariy muammolarni yechishda keng ko’lamda qo’llaniladi. Ammo ontogenezda shaxsning shakllanishi va rivojlanishi xususiyatlarini aks ettiruvchi nazariya yaratish mavrudi yetib keldi.
Dostları ilə paylaş: |