Ma’ruzalar matni 1-Mavzu. «Iqtisodiy ta’limotlar tarixi» fanining predmeti va o‘rganish usuli reja


Jan Sharl Leonard Simond de Sismondi



Yüklə 1,27 Mb.
səhifə42/77
tarix07.01.2024
ölçüsü1,27 Mb.
#204938
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   77
ИТТдан маърузалар лотин

Jan Sharl Leonard Simond de Sismondi (1773-1842) Shveysariyada tug‘ilgan, fransuz klassik siyosiy iqtisodini nihoyasiga yetkazuvchi va ayni vaqtda mayda siyosiy iqtisodning asoschilaridan biridir. U mo‘tabar protestant pastor oilasida tug‘ilib voyaga yetdi. protestantlar kollegiyasini bitirib chiqdi, Jeneva universitetida o‘qidi. Siyosat bilan unchalik ko‘p vaqt shug‘ullangani yo‘q, Fransiya ma’naviy va siyosiy fanlar akademiyasining a’zosi etib saylandi. S.Sismondi iqtisod va tarix fanlari sohasida katta ishlarni amalga oshirib, boy ilmiy-adabiy meros qoldirdi. «Toskani qishloq xo‘jaligining ko‘rinishi» (1801 y.), «Savdo boyligi yoki siyosiy iqtisod prinsiplari va ularning savdo qonunchiligida qo‘llanilishi to‘g‘risida» (1803 y.), «Italiya respublikalarining tarixi» (1807 y.), 1818 yilda esa «Edinburg ensiklopediyasi» uchun «Siyosiy iqtisod» maqolasini tayyorladi, lekin «Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari yoki boylikning aholi nufusiga munosabatlari to‘g‘risida» (1819 y.) kitobining nashr qilinishi uning shuhratini yanada oshirdi. Keyingi yillarda «Siyosiy iqtisoddan etyudlar» (1837 y.) va fundamental tarixiy asarlar hisoblangan «Fransuzlar tarixi» (31 tom), «Rim imperiyasi qulashining tarixi», «Italiya ozodligi tiklanishining tarixi» va boshqa asarlari nashr qilindi.
S.Sismondi g‘oyalarining shakllanishi, sanoat to‘ntarishi davri bilan, shuningdek mayda ishlab chiqaruvchilarning iqtisodiy kuchsizlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, bu esa o‘z navbatida kapitalizmning feodalizm ustidan, yirik mashinalashgan ishlab chiqarishning mayda ishlab chiqarish ustidan g‘alabasini anglatar edi.
S.Sismondi ijodini o‘rganish metodini ayrim hususiyatlarini klassik iqtisodiy maktab vakillari bilan tenglishtirishimiz mumkin. Aynan o‘ziga xos uslubiyot iqtisodiyot faniga quyidagi yangiliklarni olib kirdi.
Birinchidan, Klassiklardan farq qilib, xukumatlar boylikni taqsimlash va tartibga solishni boshqarishni o‘z qo‘llariga olishlariga xayrihohlik bildiradi. Unda aynan xukumat ishlab chiqarishni kengaytirmasdan «uchinchi shaxslar» manfaatlariga mos yo‘l ochib beradi.
Ikkinchidan, siyosiy iqtisodda ilmiy abstraksiya usulini qabul qilmaslik. S.Sismondi, A.Smit izdoshlarini abstraksiyaga berilib insonlarni umuman unutganliklarini, natijada fan ularni izlanishlarida turli amaliyotlardan ajralib qoldi deb xulosa qiladi.
Uchinchidan, A.Smitning «iqtisodiy inson» doktrinasini inkor etish. S.Sismondi klassiklarning har bir alohida olingan inson manfaatlari umumiy manfaatlarini shakllanishiga sababchi degan fikrga umuman qo‘shilmaydi. Uning fikricha har qaysi inson o‘zining shaxsiy manfaatlarini o‘zgalar hisobiga amalga oshirish bilan mavjud turli imkoniyatlarni ishga solar ekan, bu yerda har sanoatchining erishgan yutug‘i o‘z navbatida o‘zga sanoatchini xonavayron bo‘lishiga olib keladi.
To‘rtinchidan, ilmiy texnika progresini jadallashuvi jamiyat ravnaqidagi ob’ektiv zaruriyatligini tan olmaslik. Quyidagi uslubiy holatni izohlab S.Sismondi shunday deydi: «garchan mashinalar Ixtirosi insonlar uchun katta qulaylik bulsada, ammo ular (mashinalar) yaratgan foydani adolatsiz taqsimlanishi, kambag‘allar uchun ofat keltiradi».
Beshinchidan, iqtisodiy tahlilda funksional usulni qo‘llash maqsadga muvofiqligini e’tirof etish. Bu holat siyosiy iqtisodda tobora yangi tus olayotgan sabab va oqibatni tan olish demakdir
Oltinchidan, iqtisodiy tahlilda iqtisodiy faktorlar bilan birga noiqtisodiy faktorlarning ham o‘rin olishi. Din, tarbiya, vijdoniylik va boshqalar insonlarning bir maqsadga yakinlashtiriuvchi faktorlar deb belgilanadi.
S.Sismondi mayda ishlab chiqarish pozitsiyalarida turib, kapitalizmni tanqid kilib, mayda tovar ishlab chiqarishga qaytishni orzu qildi.
Uning qarashlari rivojida ikki bosqich ko‘zga tashlanadi. Avval boshda S.Sismondi A.Smit ta’limotining, klassik siyosiy iqtisodning tarafdori bo‘lib chiqdi. U o‘zining dastlabki asarlaridan biri - «Savdo boyligi to‘g‘risida...» kitobida (1803 y.) sanoat to‘ntarilishining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va imkoniyatlarini yuksak baholadi. S.Sismondi Angliyaga ikkinchi marta borib kelganidan keyin endi kapitalizmni, shuningdek klassik maktabni qattiq tanqid qila boshladi.
«Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari yoki boylikning aholi nufusiga munosabatlari» (1819 y.) kitobi uning shuhratini yanada oshirdi. S.Sismondi odamlar baxt va tenglikni ta’minlash uchun birlashdilar, degan fikrga asoslanadi. U mayda ishlab chiqarishni ko‘klarga ko‘tarib maqtaydi, mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilishga intiladi, hammaga hamdardlik bildiradi, fabrikaga oid qonunlarni tabriklaydi, bolalar mehnatining ekspluatatsiya qilinishini qoralaydi. Kapitalizmni ijtimoiy adolatdan mahrum bo‘lgan jamiyat deb ma’lum qiladi. S.Sismondi iqtisodiy qarashlarining tizimida daromad to‘g‘risidagi ta’limot alohida o‘rin olishini kitob nomining o‘ziyoq ko‘rsatib turibdi. U taqsimotning ko‘pdan-ko‘p muammolari to‘g‘risida fikr bildiradi. Kapitalni, krizislarni, mahsulotni realizatsiya qilish masalalarini tadqiq etadi, jamiyatni o‘zgartirishning mayda burjuacha dasturi (programmasi) ni ilgari suradi.
A.Smitning ta’limotida mehnat qiymat va boylikning birdan-bir manbai deb tahlil qilingan edi. Zarur ish vaqti tushunchasi birinchi bor joriy etildi. S.Sismondi pul ichki qiymatga ega bo‘lgan mehnat mahsulotidir va shu sababli qiymatning umumiy mezoni tarzida namoyon bo‘ladi, degan to‘g‘ri xulosaga keldi. Pulning qadrsizlanishi ortiqcha qog‘oz pullar muomalaga chiqarilishi xaddan oshib ketishining natijasi, deb talqin etiladi. Ammo u pulning vujudga kelishi jarayonini, uning vazifasini tadqiq etmaydi. S.Sismondi iste’mol qiymat o‘rtasidagi ziddiyatni ko‘ra bilgan bo‘lsa ham, ammo uning mohiyatini tushunmaydi. U qiymatdan chetga chiqishni qiymat qonunining buzilishi deb hisoblaydi.
S.Sismondining ta’biricha, ijtimoiy fan ikki qismdan: oliy siyosat va siyosiy iqtisoddan iborat, agar siyosat davlat tartibining qanday vujudga kelishini o‘rgatsa, fuqarolarni diyonat va din ruxida tarbiyalasa, siyosiy iqtisod xo‘jalikni qanday boshqarishni, ijtimoiy tartibni saqlashni xukumatga tavsiya qilishi kerak. Umuman siyosiy iqtisod ma’naviy fan bo‘lib, u odamlarning his-tuyg‘ulari, extiyojlari va ehtiroslarini o‘rganishi kerak. S.Sismondining fikricha, «odamlarning moddiy farovonligi, inson tabiati» siyosiy iqtisod predmeti bo‘lishi kerak, «odamlarning moddiy farovonligi» esa davlatga bog‘liq. S.Sismondi siyosiy iqtisod predmetini davlatning iqtisodiy siyosati bilan ayni bir narsa deb bildi, uni sinflardan ustun turadigan fan deb talqin etdi. Ishlab chiqarish munosabatlarini, iqtisodiy qonunlarni bilish zarurligini inkor qildi. U insonning fe’l-atvorini birinchi o‘ringa qo‘ydi.
S.Sismondi uslubiyoti (metodologiyasi)ga 1. Ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni sub’ektiv-idealistik talqin etish; 2. Ilmiy abstraksiya usulining yo‘qligi; 3.Tarixdan tashqari yondashuv; 4. Ayirboshlash konsepsiyasi xosdir. Mayda burjua nazariyotchisi bo‘lgan S.Sismondi iqtisodiy qonunlarning ob’ektiv harakterini tan olmadi. U kapitalistik iqtisodiyot notekis rivojlanishini haqli ravishda ko‘rsatgan bo‘lsa ham, bu narsa iqtisodiy qonunlar amal qilishining o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘lishi ekanligini ko‘ra bilmadi. U o‘zining rahmdillik bilan (sentimental) qilgan tanqidini ijtimoiy fanning alohida usuli darajasiga ko‘tarishga intildi. S.Sismondi insonni unutib, abstraksiyaga berilgan A.Smit va uning tarafdorlarini qattiq tanqid qildi. U kapitalizm ko‘p mamlakatlarda amal qila boshlagan bo‘lishiga qaramay, kapitalistik rivojlanishdan voz kechish mumkinligini asoslamoqchi bo‘ldi. U iste’mol ishlab chiqarishdan ustun degan fikrga asoslandi. Butun iste’molni shaxsiy iste’moldan iborat deb bildi.
S.Sismondi kapitalizmni antagonistik jamiyat deb bildi va shu bilan klassik iqtisodiy maktabning namoyandalaridan ilgarilab ketdi. U kapitalizmning o‘ziga xos xususiyatini - boylikning oz sonli kishilar qo‘lida to‘planishi va ko‘pchilik mehnatkash aholining chor-nochor kun kechirishini, jamiyat bilan xususiy sohibkorning manfaatlari bir-biriga mos emasligini, qishloq xo‘jaligining savdodan va sanoatdan orqada qolayotganini ko‘rsatdi. S.Sismondi burjua boyligining ko‘payishini bosh vazifa deb va iqtisodiy taraqqiyot mezoni deb hisoblashdan voz kechdi, «kapitalizmning ziddiyatlari» masalasini birinchi bo‘lib maydonga tashladi va shunday qilib tahlilni yanada davom ettirish vazifasini qo‘ydi.
Klassik maktabga qarama-qarshi o‘larok mayda tovar ishlab chiqaruvchilarning xonavayron bo‘layotganini, «ortiqcha» aholi paydo bo‘layotganini, mashinalar ishchilarni siqib chiqarayotganini ko‘rsatdi, biroq kapitalizm ziddiyatlarining asl sababini payqay olmadi. S.Sismondi klassik maktabning krizislar bo‘lishi mumkin emas va kapitalizm ziddiyatlar nimaligini bilmaydi degan mulohazalarini tanqid qildi. Uning tarixiy xizmati mana shundan iborat.
Shu bilan birga S.Sismondi kapitalizmning ilg‘or mazmunini, uning feodalizmdan ustunligini tushunmadi. U kapitalizmni romantik tarzda g‘ayri ilmiy asosda tanqid qildi, kapitalistik tuzumning imkoniyatlariga mayda burjuaziya nuqtai nazaridan baho berdi. U kapitalizmni tartibga solish, mayda hunarmandlarning sex tuzumi tarzida orqaga qaytish ehtimoli bor, deganlarida ham mayda burjuacha romantizm namoyon bo‘ldi. S.Sismondi revolyusiyaga qarshi, u kapitalizmni isloh qilish, uni tiyib turish tarafdori.
Milliy daromad va kapital S.Sismondining iqtisodiy qarashlari tizimida yetakchi muammodir. U o‘zining «Siyosiy iqtisodning yangi ibtidolari» asarining dastlabki uch bobini ayni shu muammoga bag‘ishlaydi. A.Smitdan keyin S.Sismondi ham daromadlarning uch turini: foyda, renta va ish haqini alohida ajratib ko‘rsatadi, dastlabki ikki turni umumlashtirib, ustama qiymat tushunchasidan foydalanadi, ularni ichki mahsulotdan chegirma deb hisoblaydi. Biroq S.Sismondi shu tariqa qo‘shimcha qiymat nazariyasini maydonga tashladi deb aytish uchun asos yo‘q. U ish haqi ishchi mahsulotining jami qiymatiga teng bo‘lishi kerak deb aytish bilan birga shu zahotiyoq kapitalistning kapital yaratish sohasidagi «dastlabki mehnati» uchun unga odilona mukofot deb, rentani esa yerning ehsoni deb e’lon qiladi. A.Smitning iqtisodiy taraqqiyot davomida ish haqi oshishi xususidagi umidiga S.Sismondining qo‘shilmaganligi uning ijobiy jihatidir.
Yakka tartibdagi daromadlardan S.Sismondi «boyliklardan olingan foyda» va ishchi ish haqining yig‘indisi bo‘lmish milliy daromad muammosiga o‘tadi. Bu milliy daromad bilan yalpi mahsulotni aynan bir narsa deb bilganligi uning asosiy nazariy xatosidir. Agar u birlamchi mahsulotda A.Smitning izidan borib uch qismdan: xom materialning va mehnat qurollarining o‘rni qoplanishini, ish haqi va foydani ajratgan bo‘lsa, yig‘indi mahsulotdan faqat so‘nggi ikki qismni ajratadi. Doimiy qism yo‘q bo‘lib ketadi.
Kapital deganda S.Sismondi ishlab chiqarish zapaslarini (ishlab chiqarish vositalarini) tushunadi. U kapital jamg‘arilishini tejamkorlik bilan bog‘laydi. S.Sismondi asosiy mashinalar, ish qurollari va aylanmalar, urug‘lik, xom ashyo, ish haqi kapitalini bir-biridan ajratib, A.Smitning hamma xato va yutuqlarini takrorlaydi. U kapitalni doimiy va o‘zgaruvchi kapitalga ajrata bilmadi. Oxir-oqibatda S.Sismondi kapitalning milliy daromaddan farqini izohlay olmadi va buning ustiga A.Smitning shu ikkisi o‘rtasidagi tafovutni nazariy jihatdan isbotlash yo‘lidagi intilishlarini pisand qilmay, orqaga qadam tashladi.
S.Sismondi kapitalistik aholi nufusi jarayonini tahlil etishga harakat qildi. U iqtisod fanida birinchilardan bo‘lib foydani ko‘paytirish manfaatlari yo‘lida mashinalarni joriy etish ishsizlar vujudga kelishiga olib boradi, ishsizlarning mavjudligi esa ishlab turganlarning ahvolini yomonlashtiradi degan faktni tan oldi. Ammo S.Sismondi ortiqcha aholini kapitalistik fabrika mexanizmining zarur tarkibiy qismi deb bilmadi. S.Sismondi kapitalistik fabrika chor-nochor ishchini kelajakka bokuanda «kelgusi shanbadan narini» ko‘rmaslikka o‘rgatganligini, undagi ahloqiy tuyg‘ularni siykalashtirib yuborganligini ishsizlar paydo bo‘lishining sabablaridan biri deb hisobladi. U din ishchilarning «nojuya nikoh»larini qoralamayotganligini aytib, dinga xujum qildi.
«Uchinchi shaxslar» nazariyasi S.Sismondi nazariy qarashlarida asosiy o‘rinni egallaydi. U ishlab chiqarish va ijtimoiy daromad xajmlarining birligini ijtimoiy mahsulotni to‘la-to‘kis realizatsiya qilishning asosiy sharti deb hisoblaydi. Bunday tenglikka avtomatik tarzda o‘z-o‘zidan erishilmaydi deb hisoblaydi, u aksincha yirik sanoatning rivojlanishi ishlab chiqarishning muqarrar ravishda iste’moldan o‘zib ketishiga olib boradi. Kapitalizm o‘zi uchun xal etilmaydigan muammoni qiymat va «ustama qiymat»ni realizatsiya qilish muammosini keltirib chiqaradi, yalpi ortiqcha ishlab chiqarish krizisi kapitalizmga xos xususiyatdir. S.Sismondining uylashicha, ichki kapitalistik bozor qisqarib boradi, chunki ishchilarning daromadlari kamayadi. Kapitalistlar o‘z daromadining bir qismini iste’mol qilmaydi, balki jamg‘aradi, mayda ishlab chiqaruvchilar xonavayron bo‘ladi va ularning iste’moli kamayadi. Vaziyatni tashqi bozorlar yengillashtirishi mumkin. Ammo bunday bozorlarni qidirish tobora qiyinlashadi. Kapitalizm maqbul emas va mumkin ham emas.
S.Sismondi «uchinchi shaxslar», ya’ni mayda ishlab chiqaruvchilarga madad berishga umid bog‘laydi. U burjua mamlakatlarining xukumatlariga murojaat etib, ular kapitalistik rivojlanishni to‘xtatsinlar deb so‘raydi. Jamiyat mayda ishlab chiqarishga qaytgan taqdirdagina guyo mo‘l-kulchilik boshlanar emish. S.Sismondining tutgan urni-takror ishlab chiqarish asosiy qonunlarini tushunmaslik natijasidir. Ishlab chiqarish bilan iste’mol o‘rtasidagi ziddiyatni, shaxsiy iste’molning takror ishlab chiqarish ziddiyatini, shaxsiy iste’molning takror ishlab chiqarish jarayonlari uchun muhimligini tan olganligi S.Sismondi o‘rtaga tashlagan konsepsiyaning ijobiy jihatidir.
S.Sismondi iqtisodiy krizisni daromadlar o‘rtasidagi nomuvofiqlik deb tushunadi, ayrim olimlar chinakam ilmiy nazariya kapitalizm sharoitida ishlab chiqarish bilan iste’mol o‘rtasidagi nomuvofiqlikni tan oladi, biroq unga tobe o‘rin beradi deb ta’kidlagan edi. Yetarli iste’mol qilmaslik nazariyasi krizislar arafasidagi davrda ishchilarning iste’mol quvvatining oshib borishi, yetarsiz iste’mol qilish esa kapitalizmdan avval ham mavjudligi, ammo krizislar faqat kapitalizmning belgisi ekanligi va surunkali bo‘lmasligi vaziyatini izohlay olmaydi. Iqtisodiy krizislarning haqiqiy sababi ishlab chiqarishning ijtimoiy harakteri bilan iste’molning xususiy harakteri o‘rtasidagi ziddiyatdir.
S.Sismondi kapitalistik yo‘ldan voz kechishni taklif qildi, kapitalizmni tartibga solishga, ishchilar bilan kapitalist o‘rtasida patriarxalchilik munosabatlarini o‘rnatishga, ishchilarni foydani taqsimlashda qatnashtirishga, ishsizlar va nogironlar haqida g‘amxo‘rlik qilishga va buning uchun maxsus fondlarni vujudga keltirishga, mayda ishlab chiqarishni saqlab qolish va qo‘llab-quvvatlashga, manufakturaga bo‘lgan yirik mulkchilikni ko‘p sonli kapitalistlar o‘rtasida taqsimlashga chaqirdi. U yollanma ishchilarni ham mulkdorlar sinfi safiga qo‘shishni orzu qildi. S.Sismondi davlatning yordamiga umid qildi.
Uning ijtimoiy tadbirlar dasturi mayda burjuacha va reaksion xayolparastlik harakteriga egadir. S.Sismondi ob’ektiv tarixiy jarayonga to‘sqinlik qilishga urindi. Shu sababli u reaksioner bo‘lib qoladi, o‘z mulohazalarini Fransiyada hali ham kuchli bo‘lgan feodal tuzum himoyachilariga qo‘l kelishini sezmaydi.
XIX asr oxirlarida rus narodniklari S.Sismondining xulosalarini ko‘klarga ko‘tarib maqtaganliklari sababli Lenin S.Sismondining iqtisodiy qarashlarini batafsil va mufassal tahlil etish zarur deb bildi. Chunki S.Sismondining xulosalarini bunday maqtash marksizmning iqtisodiy ta’limotini yoyishga halaqit berar edi. U o‘zining «Iqtisodiy romantizm» ta’rifiga doir» asarida S.Sismondining mayda burjua siyosiy iqtisodchisi ekanligini isbotladi, uning qarashlari ichki ziddiyatli va noizchilligini, klassik maktabdan o‘zib ketish yo‘lidagi urinishlari zaifligini kursatdi.
Per Jozef Prudon (1809-1865) - fransuz publisti, mayda ishlab chiqarish nazariyotchisi, kambag‘al kosib oilasida tug‘ilgan. Moddiy jihatdan nochorligi sababli kolejdagi o‘qishni tugatmagan, sherik hamkorining mablagi hisobiga kichik bir bosmaxonani ishlatib, zo‘r berib o‘z ma’lumotini oshirish bilan shug‘ullangan. Ilmu-fanni o‘rganishni avvalo muhtojlikdan qutulish usuli deb bilgan. 1838 yilda P.Prudon Bezanson akademiyasi tomonidan kam ta’minlangan yosh olimlarga ajratilgan uch yillik stipendiyani olib Parijga ko‘chib o‘tdi. Parijda u J.B.Sey, S.Sismondi, T.Maltus, K.Sen-Simon, Sh.Fure va boshqa iqtisodchi olimlar asarlari bilan yaqindan tanishdi. 1840 yilda P.Prudonning «Mulkchilik nima?» nomli mashhur asari e’lon qilindi. Ushbu asarda kapitalizmni tanqid bosh mavzu bo‘lsada, xali olimning amaliy dasturi bayon qilinmagan edi.
1846 yilda P.Prudonning «Iqtisodiy ziddiyatlar tizimi yoki qashshoqlik falsafasi» nomli yana bir asari e’lon qilindi. Asarda olim kapitalizmni isloh qilishning amaliy dasturini ishlab chiqishga, siyosiy kurashning bexudaligini asoslashga urindi.
1848 yilda nashrdan chiqqan «Ijtimoiy masalalarning hal etilini» nomli yangi asarida olim har qanday inqilobiy chiqishlarni keskin qoralaydi. Xalq banklari konsepsiyasini e’lon qilib xalqni ijtimoiy isloxotlarga chorlaydi.
P.Prudon siyosiy iqtisodni «aql-zakovatning abadiy qonunlari» to‘g‘risidagi fan deb biladi.
P.Prudon va S.Sismondi nazariy qarashlarida biz juda yaqinlik va o‘xshashlik hollarini uchratishimiz mumkin. Ayniqsa ularning uslubiyotlarida bu holat quyidagicha aks etadi:
Birinchidan, iqtisodiyotda cheksiz erkin raqobatni inkor etib, boshqarish mumkin bo‘lgan raqobatni topib tashkil etish.
Ikkinchidan, xo‘jalik hayotini tahlil qilish jaranida iqtisodiy ko‘rsatkich va manbalarni asosiy deb hisoblamasdan, balki mehribonlik, ahloq, ijtimoiy adolat, etika va boshqa kategoriyalarni, shuningdek inson hayotining eng oliy ne’mati tenglik va tinchlikni asosiy deb hisoblash.
Uchinchidan, ko‘p yillar davomida yaratilgan ilmiy asarlarda iqtisodiy hodisalarga nemis faylasufi Gegel dialektikasi asosiy uslub qilib olinib, unga alohida e’tibor berildi.
P.Prudon o‘zining mayda ishlab chiqarish manfaatlaridan kelib chiqqan islohotchilik konsepsiyasini maydonga tashlar ekan, juda ko‘p masalalar xususidagi fikrlarni bayon etadi. mehnat taqsimoti, tovarning xususiyati, ish haqi, mulkchilik, daromad va takror ishlab chiqarish kabilarni ilmiy izohlashga harakat qiladi. P.Prudon o‘zining eng muhim asarlaridan biri - «Iqtisodiy ziddiyatlar tizimi....» da avvalgi mehnat taqsimotini tahlil qiladi. Mehnat taqsimoti bir tomondan boylikning ko‘payishiga imkon bersa, ikkinchi tomondan qashshoklikka, kambag‘allikka olib boradi. P.Prudonning mulohazalariga qaraganda, mehnat taqsimotining naf keltiradigan xususiyatlarini saqlab qolish va zararli xususiyatlarini tugatish kerak. Metodologiya jihatidan bu o‘rinda ijtimoiy jarayonlar dialektikasining ilmiy tahlilida tarixdan tashqari yondashuv sezilib turadi. Prudon tovarning xususiyatini ham mana shunday pozitsiyalardan turib «tadqiq» qiladi. Uning fikricha, qiymatning abadiy g‘oyasi mavjud, bu g‘oya iste’mol qiymati talab va kamchilik bilan, ayirboshlash qiymati esa taklif va mul-kulchilik bilan belgilanadi. Talab bilan taklif o‘rtasidagi kurashda tovarning qiymati yoki narxi belgilanadi. Nazariy jihatdan olganda bu xaddan tashqari vulgar konstruksiyadir: qiymat ayirboshlashda vujudga keladi, u ob’ektiv asosdan mahrum.
U ish haqining harakati qonuniyatlarini ham oddiy va g‘ayri ilmiy pozitsiyalardan turib bayon etadi. Prudon ishchilarning ish haqini oshirish uchun kurashiga qarshi chiqadi, chunki bu narsa narx-navoning yoppasiga ko‘tarilishiga yoki muhtojlikning kuchayishiga olib borar emish.
P.Prudon yollanma ishchini ekspluatatsiya qilish mexanizmini tushuna olmaydi. U kapital bilan mahsulotni aynan bir narsa deb talqin etib, butun kapitalning harakatini uning protsent keltiradigan qismi harakatidan iborat deb talqin etadi. Ssuda kapitalning harakatini Prudon qarz beruvchi bilan qarz oluvchi o‘rtasidagi bitim deb hisobladi. U mahsulotning bir qismini kapitalist o‘zlashtirib olishini ishlab chiqarish chiqimlari yeniga kapitaldan foydalanganlik uchun protsent qo‘shish zarurligi bilan izohlaydi. Prudonning nazariy sistemasida protsent mehnatni ekspluatatsiya qilishning asosiy shakli tarzida namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga u protsent bilan yollanma ishchini ekspluatatsiya qilish mexanizmi o‘rtasidagi o‘zaro aloqani tushunmaydi.
P.Prudon «belgilangan qiymat» nazariyasini o‘zining butun iqtisodiy negizi deb hisobladi. Bunda klassik maktabdan o‘zib ketish pinxona istagigina emas, shu bilan birga ijtimoiy o‘zgartirishlarning yo‘llarini belgilash istagi ham namoyon bo‘ldi. Tovar ishlab chiqarishini Prudon insoniy ozodlikning va har bir kishi shaxsiy mustaqilligining cho‘qqisi deb biladi, mayda burjua nazariyotchisi bo‘lgan Prudon bozor mexanizmining ba’zi bir salbiy jihatlarini: mollarning qalashib ketishini, nomunosiblikni, xonavayron bo‘lish va shu kabilarni tan oladi. Prudon asosiy iqtisodiy ziddiyatlarni «qiymat»ning ichki ziddiyatlaridan: iste’mol va ayirboshlash qiymati g‘oyalaridan iborat deb biladi. «Belgilangan yoki sun’iy» qiymat murosaga keltiruvchi timsol bo‘lib ko‘rinadi. Bunday qiymat ayirboshlashda vujudga keladi. U tovarning ijtimoiy boylik tarkibiga bemalol kirib borishini bildiradi.
Binobarin tovar ishlab chiqarishining hamma qiyinchiliklarini bartaraf qilish uchun har bir tovarga yo belgilangan qiymat qo‘yib qo‘yish, yoki uning bozorda sotilishiga kafolat berish, tovar bilan pul o‘rtasidagi ziddiyatni tugatish zarur. Prudon tilla bilan kumushni «belgilangan» qiymatga ega bo‘lgan dastlabki tovarlar deb ataydi.
P.Prudon daromad to‘g‘risidagi nazariyani siyosiy iqtisodda daromadning asosiy manbai deb qabul qilingan mehnat, kapital va yerning mazmunini ko‘rib chiqishdan boshlaydi. Uning fikricha, ishlab chiqarish jarayonining o‘zi har uchchala elementning ishga tushurilishi natijasida yuz beradi. Lekin yer yoki kapital egasi o‘zi hech narsa ishlab chiqarmasdan o‘z daromadini olishini va ayni vaqtda ishchi o‘z mehnati natijasida hosil bo‘lgan daromadining faqat kichkina bir qismini ish haqi sifatida olishni adolatsizlik deb baholaydi. P.Prudonning takror ishlab chiqarish nazariyasi uning daromadlar to‘g‘risidagi fikrlari asosida rivojlantiriladi.
Takror ishlab chiqarish jarayoni olimning fikricha, hamjamiyatdagi ishlab chiqarish va iste’molning muvozanati asosida bo‘ladi. Lekin amaliyotda mulkchilarning ishlamay qo‘yganligi bu prinsipning buzilishiga va natijada J.B.Sey ko‘rsatib o‘tgan «iqtisodiy qonunni» ham buzilishi olib kelmoqda.
P. Prudon ijtimoiy masalalarni hal qilishi zarur bo‘lgan kapitalizmni isloh qilish loyihalarini o‘zining ko‘pgina asarlarida e’lon qiladi. Ushbu asarlarda ijtimoiy adolat konsepsiyasini asoslash bilan birga inqilobiy chiqishlar haqidagi har qanday fikrni inkor etadi. Olimning islohotchilik g‘oyalarning ayrimlari S.Sismondi qarashlariga o‘xshash bo‘lib ular quyidagilarda o‘z aksini topdi:
«uchinchi shaxslar» ya’ni dehqonlar, hunarmandlar va mayda kustar ishlab chiqaruvchilarning jamiyatdagi o‘rniga rahimdillik bilan hayrihohlik bildirish;
«mayda mulkchilik va mayda ishlab chiqarishni» iqtisodiyotdagi yetakchilik o‘rnini e’tirof etish bilan ularning shart-sharoitlari, ta’limotlarida to‘liq tenglikka erishish;
ijtimoiy adolat tamoyillariga mos ravishda jamiyat manfaatlaridan kelib chiqib ishlab chiqarish ishtirokchilariga teng daromad berish;
kapital va daromadlar bir kishi qo‘li ostida konsentratsiya qilinishiga va ayniqsa mehnatni ekspluatatsiya qilishga yo‘l qo‘ymaslik.
Bundan tashqari faqat P.Prudon islohotchiligiga xos qo‘yidagi g‘oyalarni alohida ajratib ko‘rsatishimiz mumkin:
pulni muomalada haraktini bekor qilib, uning o‘rniga ishchi pullari banklarni muomalaga kiritish;
foizni yo‘q qilish hisobiga foizsiz kreditlarni tashkil qilish;
xalq banklarini tashkil etish;
islohotlar amalga oshirish jarayonining xotimasi sifatida xukumatni bekor qilish.
Islohotchilik konsepsiyalarida P.Prudon.Xalq bankiga katta umid bog‘laydi. Uning banki sotsialist-rikardochilar taklif qilgan banklardan 3 xil o‘ziga xoslik bilan farq qilar edi:
Birinchidan, undagi metall pullar dastlabki bonlar chiqarilishi sababli, pulga va tijorat voqealariga almashtirish yo‘li bilan sekin-asta muomaladan chiqarilar edi.
Ikkinchidan, foizni birdaniga yo‘q qilmasdan, balki yuqori qayd qilingan bosqichni amalga oshirishni 2%dan eng kam daraja-0,25% tushirish haqda sotilmagan tovarlarga oldindan suda berilishi.
Uchinchidan Xalq banki kapitalni o‘ziga jalb qilmay yuzaga kelmasdan, balki aksincha kapital bilan yuzaga keladi.
P.Prudonning hukumatni bekor qilish g‘oyasi islohotlarni amalga oshirish davrida sinflarning umumlashuvi va yagona mehnatkashlar, o‘z mehnatini haqiqiy haqini oladigan sinfini yuzaga kelishi o‘z navbatida hukumat faoliyatini keraksiz qilib qo‘yadi (anarxizm g‘oyasi).
P.Prudon kapitalizmni isloh qilish loyihasida mayda tovar ishlab chiqaruvchining o‘z moli sotilishiga kafolat olish, mayda do‘kondorning foizsiz kreditning olish to‘g‘risidagi asriy orzusini, burjua ziyolisining kapitalizm sharoitida mutlaq mehnat erkinligi, qiymat qonuni asosida tenglik imkoniyati to‘g‘risidagi xomxayollarini ifodalagan edi. Prudonning «sotsializm»i tovar bilan pul o‘rtasidagi aloqani soxtalashtirishga asoslangan. Shu loyihaning muallifi xususiy ishlab chiqarishni tovarni saqlab qolishga, ammo pulni, ayirboshlashni, ayirboshlash qiymatini yo‘q qilib tashlashga intilgan edi.
P.Prudon va prudonizm o‘z davrida ishchilar harakatiga jiddiy xatar solganligi sababli proletar ta’limotining asoschilari Prudonning mayda ishlab chiqarish reformizmiga (islohotchiligiga) qarshi murosasiz kurashdilar. Uni proletariatga dushman va revolyusion harakatga halaqit beruvchi bir oqim deb fosh qildilar. Bu kurashni K.Marks XIX asrning 40-yillari o‘rtalaridayoq «Falsafa qashshoqligi» asarini tayyorlashdan boshladi va marksizm rivojining keyingi davrlarida ham shu kurash davom etdi.
P.Prudon falsafada Gegeldan, siyosiy iqtisodda esa A.Smit bilan D.Rikardodan yuqori ko‘tarila olmadi. Uning ijtimoiy dasturlarida mafkuraviy yo‘nalishni fosh qilishda alohida vazifalar kelib chiqdi. Prudonizm mayda ishlab chiqarish muhitiga va uning puch xayollariga tayanib, uzluksiz ravishda o‘zgarib boruvchi sharoitlarga moslashaverdi.

XULOSA


T.Maltusning «aholi nufusi nazariyasi», arifmetik (tirikchilik ne’matlari o‘sishi) va geometrik (aholi soni) progressiyalari, «tuproq unumdorligi pasayib borish qonuni» katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Maltusga xos xususiyat shuki, u inqirozlar bo‘lishini tan oladi, ammo ular vaqtincha bo‘lishini ko‘rsatadi.


Seniorning «tiyilish» va «so‘nggi soat» nazariyalari sohibkorlar (kapital egalari) va mehnatkashlar o‘rtasida hech qanday ziddiyat yo‘q degan muammoni yechishga bag‘ishlangan. Xuddi shunday fikrlar Fransuz Bastiya va amerikalik , Keriga tegishli, ular iqtisodiyotda to‘liq garmoniya, uyg‘unlik mavjud degan g‘oyalarni ko‘tarib chiqadilar.
XVIII asr oxiri va ayniqsa XIX asr o‘rtalarida klassik iqtisodiy maktabga muqobil iqtisodiy g‘oyalar paydo bo‘la boshladi va hozirgacha davom etmoqda. Bunday bo‘lishining birinchi sababi dialektik rivojlanish bo‘lsa, ikkinchidan klassik maktab g‘oyalari ham, ya’ni bozor iqtisodiyoti tamoyillarining bekamu-ko‘st emasligida, shart-sharoitga qarab u yoki bu tamoyilning amaliy ta’siri har xil bo‘lishidadir.
Ayniqsa sanoat to‘ntarilishi tufayli (sanoat o‘sdi, ishlab chiqarish rivoj topdi, mamlakat boyligi ortdi, ammo barchaning iqtisodiy farovonligi har xil bo‘lib, sinfiy differensiatsiya kuchaydi) kutilgan natijalarga erishilmadi, iqtisodiy inqirozlar, noroziliklar kuchaydi. Shular tufayli klassik maktabni taftish qilish, iqtisodiyotning ayrim unsurlarinigina olib, barcha jarayonlarni tushuntirishga intilish boshlandi, sinflarning manfaatlarini ko‘r-ko‘rona himoya qilish (apologetika) ro‘y berdi). Iqtisodiyotda yangi tushunchalar kiritildi, qiymat, qimmat, foydalilik bilan almashtiriladi, qiymatning mehnat nazariyasiga hujum boshlandi.
Shu davrdagi iqtisodchilarda birinchi navbatda sinflar o‘rtasidagi iqtisodiy mulkiy munosabatlar katta qiziqish uyg‘otdi. Ular turli yo‘llar bilan sinflar, mehnat va kapital o‘rtasida hech qanday antagonizm yo‘q, «iqtisodiy uyg‘unlik» mavjud degan g‘oyani isbotlashga urindilar. Oqibatda har qanday ekspluatatsiya inkor etildi, ish soatlarining uzunligi «isbotlab berildi» («so‘nggi soat» nazariyasi). Kapitalist o‘z kapitali bilan ishlab chiqarishga yo‘l ochadi va qonuniy foydasini, ishchi - ish haqini, yer egasi - rentani to‘g‘ri oladi, ular o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik, anglashilmovchilik yo‘q degan g‘oya ilgari suriladi. «Manfaatlar uyg‘unligi», «Kompensatsiya nazariyasi» va boshqalar shular jumlasiga kiradi.
Ayrim olimlar bo‘layotgan qiyinchiliklarga aholining o‘zi aybdor, chunki uning ko‘payishi tez, tirikchilik vositalari esa sekin o‘sishi tabiiy bir hol, deydilar (Maltusning «Nufus nazariyasi»). Bu fikr boshqa g‘oya - «tuproq unumdorligining pasayib borishi» nazariyasiga olib keldi. O‘z g‘oyalariga teskari «uchinchi shaxslar» nazariyasi vujudga keldi, ishlab chiqarmaydigan sinflar ravnaq asosi qilib ko‘rsatiladi.
Ko‘pchilik olimlar proteksionizmni inkor etib, fritrederlikni taklif etishsa (Sey, Mill, Bastia), ba’zan unga butunlay teskari fikr ham bildiriladi (Keri). Kapitalizmning bekamu-ko‘stligi haqida ko‘p qayg‘uriladi, vaholanki bu illatlar shundoqqina ko‘rinib turibdi.
Kapitalizmni mayda ishlab chiqaruvchilar nazariyotchilari tomonidan har tomonlama keng o‘rganilishi iqtisodiy ta’limotlar tarixida bu maktabning munosib o‘rnini belgilab berdi. S.Sismondi va uning g‘oyalari sanoat inqilobi, kapitalizmning nihoyatda tez sur’atlarda rivojlanish davrida birinchilardan bo‘lib, shu jamiyatni iqtisodiy negizini va ijtimoiy tuzumini tanqid qilishda o‘z aksini topdi.
Bu tanqid mayda ishlab chiqaruvchilar manfaatlariga mos ravishda oshirilib, kapitalizmning inqirozlar asosida notekis rivojlanishini ko‘rsatib berdi. Siyosiy iqtisod fan sifatida inson baxt-saodati uchun zarur bo‘lgan ijtimoiy rivojlanishni o‘rganadigan fan deb yuritildi. S.Sismondi asarlarida asosiy e’tibor mehnatkashlar, ayniqsa ishchilar sinfining ayanchli bir taqdiriga samimiy hamdardlik bildirishga qaratilgandir. Shuningdek, iqtisodiy kategoriyalarni ilmiy tahlil qilishda klassik maktabdan, ayniqsa A.Smit qarashlaridan nari o‘ta olmadi. Olimning ishlab chiqarish bilan iste’mol o‘rtasidagi qarama-qarshilikni ko‘ra bilganligi katta xizmati bo‘lsa, mashinalashgan ishlab chiqarishning ijobiy xususiyatlarini to‘g‘ri baholamaganligi uning jiddiy kamchiligi edi.
P.Prudonning mayda ishlab chiqarish sotsializmi Fransiyada va Farbiy Yevropaning boshqa mamlakatlarida keng yoyildi. Prudon qarashlarida ham ikkiyoqlamalik va fikrlar qorishmaligini uchratishimiz mumkin. Shunday bo‘lsa ham Prudonizm g‘oyalaridagi hozir ham kapitalizmni isloh qilish to‘g‘risidagi fikrlardan sotsial islohotchilikning ayrim ko‘rinishlarida keng foydalanilmoqda.
P.Prudon kapitalistik tovar ishlab chiqarishdagi qarama-qarshilikni shu tovarlarni pulga aylantirish yo‘li bilan bartaraf etish mumkin deb hisoblaydi. U pulning mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, hamma aybni ayirboshlashdagi nohaqlikdan deb biladi.
Shunday qilib u tovar-pul munosabatlarini pul, kapital va foizsiz saqlash kerakligini taklif qildi. Barcha kamchiliklaridan qat’i nazar, Prudon kapitalistik taraqqiyotdan orqaga qaytish mumkin emasligini tushundi, lekin mayda xususiy mulkchilikni saqlab qolish tarafdori bo‘ldi.



Yüklə 1,27 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   38   39   40   41   42   43   44   45   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2025
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin