Zinapoya konstruksiyalariga zina pillapoyalari, maydonchalar, yarim maydonchali pillapoya va boshqa buyumlar kiradi (7.1-rasm). Zina pillapoyalari murakkab shakldagi konstruksiya hisoblanadi, armatura karkaslari va to‘rlari bilan armaturalanadi.
Zina maydonchalari va pillapoyalar M200 va M300 markali og‘ir va engil betonlardan tayyorlanadi, yuzasi mozaika qorishmalari, keramik plitkalar bilan qoplanishi mumkin. Zina konstruksiyalari o‘lchamlari binolarning tipiga va seriyasiga mos ravishda ishlab chiqariladi. Zina pillapoya va maydonchalari zavodda yaxlit holda ishlab chiqarilishi mumkin.
Jamoat binolari qurilishida turli maqsadlarga mo‘ljallangan buyumlar-sanitariya-texnika va ventilyasiya bloklari, isitish panellari, sanitariya-texnika kabinalari, deflektorlar va boshqa buyumlar ko‘plab ishlatiladi.
Sanoat binolari qurilishida temirbeton poydevorlar, ustunlar, to‘sinlar, fermalar, arkalar, qavatlararo va tombop plitalar va boshqalar ishlatiladi.
Sanoat binolarining erosti qismi konstruksiyalariga poydevor bloklari, ustunga mo‘ljallangan poydevorlar (boshmoqlar) va boshqalar kiradi.
16.2-rasm. Ustunga mo‘ljallangan poydevor
Poydevor bloklari va to‘sinlari M200-M400 markali og‘ir betondan tayyorlanadi. To‘sinlar ko‘ndalang kesimi trapetsiya yoki tavr shaklida bo‘lib, kesimining balandligi 400-600mm, uzunligi 4,3 va 11,96m bo‘ladi. To‘sinlar avvaldan taranglangan armatura bilan armaturalangan holda ishlab chiqariladi.
Ustunlar o‘rnatiladigan poydevorlar tagining o‘lchami 2m gacha va balandligi 1m gacha qilib M150-M300 markali og‘ir betondan tayyorlanadi (2-rasm). Poydevor markazida ustun o‘rnatish uchun mo‘ljallangan chuqurcha (stakan) bo‘ladi. Ular armatura karkasi bilan ta’minlanadi.
Sanoat bino karkaslari uchun temirbeton ustunlar, kran osti to‘sinlari, tom to‘sinlari, fermalari va arkalari ishlatiladi.
Sanoat binolari ustunlari yaxlit va panjarali, bir va ikki konsolli turlarda M200-M500 markali og‘ir va engillashtirilgan betonlar asosida ishlab chiqariladi. Ustunning balandligi sanoat binosi balandligiga mos ravishda, ko‘ndalang kesimining o‘lchamlari 300x300 mm dan 400x600 mm gacha va undan ortiq o‘lchamlarda kvadrat, to‘g‘ri burchak va tavr shaklida tayyorlanadi (3-rasm).
Kran osti to‘sinlari va konstruksion to‘sinlar tayanishi uchun chetki qator ustunlari bitta konsolli, o‘rta qatordagi ustunlar ikkita konsolli qilib ishlab chiqariladi. Ustunlar avvaldan taranglangan armatura va armatura karkaslari bilan armaturalangan bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |