Potok-agregat usulida hamma texnologik operatsiyalar-qoliplarni tozalash va moylash, armaturani joylashtirish, qoliplash, issiqlik bilan qayta ishlash, qoliplardan bo‘shatish maxsus postlarda amalga oshiriladi.
Maxsus postlar mexanizm va agregatlar bilan jixozlangan bo‘ladi. Temirbeton buyum va konstruksiyalar qoliplar bilan birgalikda postdan postga transport vositalari yordamida ko‘chiriladi. Postlarda bajariladigan texnologik operatsiyalarning turiga qarab ishlarni bajarish vaqti 2-5 minutdan 6-12 soatgacha bo‘lishi mumkin.
Bu usulda texnologik siklni saqlash maqsadida uzoq davom etadigan murakkab operatsiyalar bajariladigan postlarda mexanizm va agregatlar soni bir nechta bo‘lishi va shunga binoan ishchi kuchi ko‘proq bo‘lishi kerak.
Potok-agregat usulida qolip va buyumlar postdan postga ko‘prik krani yordamida ko‘chiriladi. Bu usul texnologik jixatdan nisbatan murakkab bo‘lib, katta ishlab chiqarish maydonlarini, yirik kapital mablag‘larni talab etadi. Bu usulda keng nomenklaturadagi temirbeton buyum va konstruksiyalar ishlab chiqarish mumkin.
Potok-agregat usuli odatda yiliga 60-100 ming m3 buyum ishlab chiqaradigan o‘rtacha quvvatdagi temirbeton zavodlarda ishlatiladi.
Konveyer usulida temirbeton buyum va konstruksiyalar taglikaravachalarda belgilangan qat’iy ritmda texnologik potok bo‘ylab harakatlanadi. Bu usulda texnologik operatsiyalar har bir postda alohidaalohida bajariladi. Postlar soni va texnologik uskunalar turi bajariladigan operatsiyalarning davomiyligi bilan belgilanadi.
Konveyer usulida tegishli postlarda zarur bo‘lgan qismlar, yarim fabrikatlar: armatura karkaslari, beton qorishmasi, pardozlash qorishmalari va qoplash plitkalari va sh.k. texnologik operatsiyalarni bajarish uchun tayyor holda bo‘ladi va uzluksizlikni ta’minlaydi. Buyumlarni termik qayta ishlash kameralari gorizontal va vertikal uzluksiz ishlaydigan kameralardan iborat bo‘ladi.
Konveyer usuli katta quvvatli bir xil tiplardagi buyum va konstruksiyalar ishlab chiqaradigan zavodlarda ishlatiladi.