305
MASALANI MUHOKAMA QILIB YECHISH- O‘QUVCHI MANTIQIY TAFAKKURINI
O‘STIRUVCHI VOSITA SIFATIDA
https://doi.org/10.5281/zenodo.6568840
Shoyeva Yulduz Amin qizi
BuxDUPI 1- kurs magistranti
Annotatsiya: Bu maqolada boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini masalani
muhokama qilib yechish
ko‘nikmasini shakllantirish orqali ularda mantiqiy tafakkurni rivojlantirish yo‘llari va uning afzalliklari haqida
ma’lumotlar yoritilgan.
Tayanch so‘zlar: masala, masala muhokamasi, mantiqiy masalalar, mantiqiy tafakkur,
masalani
yechish usullari, individual topshiriqlar.
Jadal sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan ushbu davrda har tomonlama bilimga ega, ilmli, bilim
salohiyati kuchli, jahon yoshlari bilan teng raqobatlasha oladigan yosh avlodni tarbiyalash bugungi kunning
dolzarb muammolaridan biridir.
Davlatimiz rahbari Sh.M.Mirziyoyev ham prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab
yurtimizda innovatsion va kreativ fikrlaydigan zamonaviy kadrlar tayyorlash, yuksak ma’naviyat egalari qilib
tarbiyalash, shu maqsadda ta’lim tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelmoqdalar.
U kishi ta’kidlaganlaridek
har tomonlama bilimli, barcha fanlarni chuqur biladigan yoshlarni yetishtirishda
matematika faniga e’tiborni kuchaytirish lozim. Chunki matematika hamma fanlarga asos. “Matematika fanini
bilgan bola aqlli, keng tafakkurli bo‘lib o‘sadi va istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab keta oladi. Matematika
fani insonning intellektini, diqqatini rivojlantiradi, ko‘zlangan maqsadga erishish uchun qat’iyat va irodani
tarbiyalaydi, algoritmik tarzdagi tartib- intizomlilikni ta’minlaydi va tafakkurni kengaytiradi.”
deydi
davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, maktab matematika ta’limi oldida turgan bosh talablardan biri-mustaqil fikrlovchi, o‘quv
topshiriqlarini ijodiy yondashib, mustaqil bajara oladigan, mantiqiy tafakkuri yuqori shaxsni shakllantirishdan
iborat. Matematikadan boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining mantiqiy tafakkurini o‘stirishda “masala”
tushunchasi muhim vositalardan biri hisoblanadi. Matematika darsida o‘quvchilar masalalarni yechish orqali
predmetlar orasidagi bog‘lanishlarni tahlil qiladilar. Ayniqsa, masalalarni muhokama qilib yechish orqali
o‘quvchi mantiqiy tafakkuri, ijodiy faoliyati bilan bir qatorda, ularning mustaqil fikrlashi ham kengayadi.
Ko‘p yillik kuzatishlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari masala shartini
tuzishga va uni tahlil qilishga qiynalishadi. Shu sababli ularda masalani sinfda muhokama qilib yechish
ko‘nikmalarini shakllantirish lozim.
Bu orqali birinchidan, masala yechimini topish oson bajariladi,
ikkinchidan, vaqt tejaladi, uchinchidan,
masalani yechish usullari, yo‘llari yaxshi o‘zlashtiriladi va eng
asosiysi o‘quvchilarning mantiqiy fikrlash tasavvurlari kengayadi, tafakkurlari oshadi.
Avvalo masala tushunchasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu tushuncha sermazmun tushuncha bo‘lib, uning
yagona bir ta’rifi yo‘q. Har kim bu tushunchani o‘z sohasi bo‘yicha turlicha talqin qiladi. Olimlarning
fikrlaridan kelib chiqqan holda masalani bir necha yo‘nalishlarga bo‘lib o‘rganamiz:
1. Muammoli holat sifatida qarash.
2. Berilgan shart asosida subyekt faoliyatining maqsadi sifatida qarash.
3. Masalaning belgili xarakterdagi talqinini qarash.
Birinchi yo‘nalish bo‘yicha A.M.Matyushkin “masala” va “muammoli holat” tushunchasini farqlab,
“masala” tushunchasini harakatning maqsadini, harakatni bajarish shartlari va bajariladigan harakatning ayrim
talablarini o‘z ichiga olgan intellektual topshiriqlarni bajarishda ishlatilishini ta’kidlaydi.
Masalani yechish degan so‘z, bu berilganlar va izlanadiganlar orasida aloqa, muammoli holatni o‘rnatish
demakdir. Psixologlar fikricha kishilar uchun muammoli holatni yaratish negizida kelishmovchilik va ziddiyat
turadi. Demak, masala yuzasidan ziddiyat kelib chiqdimi, bu jarayon ko‘pchilik orasida, turli xil qarashlar va
bilimlarning o‘rtaga tashlab, fikr bildirishlar natijasida hosil bo‘ladi. Bundan shu ma’lum bo‘ladiki, masalani
birinchi yo‘nalish bo‘yicha, muammoli holat sifatida qarab yechish sinfda o‘quvchilar orasida o‘zaro
munozara va muhokamani keltirib chiqaradi. O‘quvchilar o‘z o‘zidan masala muhokamasiga kirishishar ekan,
berilgan masalani yechishning yo‘lini qidirib, bir masalani yechishning turli usullarini o‘rganib borishadi. Shu
bilan birga masala turli tomondan talqin qilinib turlicha
yondashib yechilar ekan, bu orqali o‘quvchilarda
uchraydigan muammoli holat yuzasidan yechim topish ko‘nikmasi shakllanadi, ularning mantiqiy o‘ylab ish
qilish qobiliyatlari oshadi, tafakkurlari rivojlanadi.
Shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, ayrim hollarda bir o‘quvchi uchun muammoli hisoblangan holat
boshqa bir o‘quvchi uchun muammoli bo‘lmasligi mumkin. Bu bevosita o‘quvchilarning bilim salohiyatlariga,
biluv imkoniyatlariga bog‘liq. Berilganlar va izlanayotganlar orasidagi farq masalani yechayotgan
306
o‘quvchilarning intellektual imkoniyatlariga bog‘liq. Bu kabi sinf o‘quvchilari orasidagi farqlarning oldini
olish va har bir o‘quvchining o‘z imkoniyati doirasida ularning mantiqiy tafakkurini
asta-sekinlik bilan
rivojlantirishga erishish uchun darslarda o‘qituvchi o‘z mahoratini ishga solishi, sinf o‘quvchilarining
bilimidan kelib chiqqan holda ularga individual topshiriqlar tayyorlab kelishi bilan ham ko‘zlangan natijaga
erishishish bir muncha osonlashadi. Yani, intellektual imkoniyatlari yuqori bo‘lgan o‘quvchilar uchun
tayyorlanadigan topshiriqlarda intellekti pastroq o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan topshiriqlarga nisbatan
ko‘proq noma’lumlar
qatnashgan masalalar tuzish, keyinchalik esa shu murakkabroq masalalarni intellekti
pastroq o‘quvchilarga ham topshirish lozim. Bu usulni qo‘llash orqali garchi, bu uzoqroq vaqtni olsa ham, sinf
o‘quvchilarining intellekti bir qancha tenglashishiga erishish mumkin. O‘quvchilarning intellektual
imkoniyatini imkon qadar tenglashtirishga erishgandan so‘ng guruh jamoasi bilan masalalar muhokamasini
birgalikda qilish, masalani turli tomondan tahlil qilish orqali ularning mantiqiy tafakkur ham sezilarli darajada
yuqori bo‘ladi.
Yuqorida aytib o‘tganlarimizdan xulosa qiladigan bo‘lsak, boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini masalani
muhokama qilib yechishga o‘rgatish orqali ularning mantiqiy fikrlashini oshirishga erishish mumkin. Sababi,
masalani muhokama qilib yechish mantiqiy tafakkurni rivojlantiruvchi eng muhim vositadir.