Quruq moddani analiz qilish
Quruq moddani, ya’ni tuzlar aralashmasini sifat jihatdan analiz qilish tartibini ko’rib chiqamiz. Analiz uchun qattiq xolatdagi moddadan odatda 0,1-0,3 g olinadi. Moddani analizga tayyorlash uni chinni havonchada maydalashdan boshlanadi, chunki kukun xolidagi modda oson eriydi. Agar analizga berilgan namuna mayda kristallar xolida bo’lsa, uni maydalashga xojat qolmaydi, faqat uni shisha tayoqcha bilan yaxshilab aralashtirish lozim. Maydalangan namunani uch qismga bo’linadi: bir qismi kationlarni aniqlash uchun, ikkinchi qismi anionlarni topish uchun ishlatilsa, uchinchi qismi qisman dastlabki sinovlarga ishlatiladi va ba’zi tajribalarni qayta bajarish uchun zaxiraga qoldiriladi.
Dastlabki sinovlar ba’zi bir ionlarni sistematik analizgacha topishga yordam beradi va ishni yengillashtiradi. Dastlabki sinovlarda alangani bo’yash reaktsiyalari qilib ko’riladi. Bu sinovlarning natijalari sistematik analizda tasdiqlanishi kerak.
Berilgan namunani analizi uning suvda erishini tekshirishdan boshlanadi. Buning uchun moddaning bir necha zarrachalari 10-12 tomchi distillangan suvda avval sovuqda kerak bo’lsa isitib eritib ko’riladi. Agar berilgan modda namunasi suvda erimasa yoki yomon erisa, unda shu moddaning oldin sovuqda, keyin isitilgan sirka kislotada, so’ng suyultirilgan va kontsentrlangan HCl da erish-erimasligi va nixoyat zar suvi (1 mol konts. HNO3 +3 mol konts HCl)da erishi sinab ko’riladi.
Ko’pchilik analiz qilinadigan moddalar distillangan suvda va suyultirilgan xlorid kislotada eriydi, shu sababli bu moddalarni kontsentrlangan kislotalarda yoki zar suvida eritishga xojat qolmaydi.
Moddaning eruvchanligi tekshiruvdan o’tkazilgach, namunaning birinchi qismi (0,03-0,1 g) konussimon probirkaga solinib, ustiga 1-3 ml tanlangan erituvchi qo’shib, eritiladi.
Berilgan namunani xlorid kislotada eritiladigan bo’lsa, gazlar (CO2, H2S, SO2) ajralib chiqishiga e’tibor bering, chunki ularning chiqishi aralashma tarkibida bir qator anionlar (CO32-, S2-, SO32-, S2O32-) borligini ko’rsatadi. SHuningdek, hosil qilingan eritmaning rangini kuzating. Kuchsiz kislotali eritmalarda Fe2+ och-yashil tusga, Fe3+-sarјish, Cr3+-yashil, Cu2+-xavorang, Co2+-pushti, CrO42—sariq, Cr2O72—qizil-olov rangiga ega bo’ladi. Namunani eritishdan hosil bo’lgan eritmalar rangsiz bo’lsa bu ionlar bo’lmasligi mumkin.
|