Modellashtirish bosqichlari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
masalaning qo‘yilishi va uni tahlil qilish: masalaning qo‘yilishi modellashtirishda muhim o‘rin tutadi. Aniq qo‘yilgan masala asosiy elementlar va ular orasidagi bog‘lanish tarkibi va miqdoriy xarakteristikasini aniqlaydi.
Modellashtirishning dastlabki bosqichida ma'lumotlar to‘planadi va tahlil qilinadi. Tahlil uchun tanlangan ma'lumotlarning to‘g‘riligi va modellashtirishning so‘ngi natijalariga bog‘liq, to‘plangan ma'lumotlar absolyut miqdorlarda va yagona o‘lchov birliklarida ifodalanishi kerak.
Bu bosqichda modellashtiriladigan ob'ekt va uni abstraksiyalashning muhim tomonlari belgilanadi. Ob'ektning strukturasi va elementlari orasidagi asosiy bog‘lanishlar, uning o‘zgarishi va rivojlanishi bo‘yicha gipotezalarni shakllantirish masalalari o‘rganiladi.
matematik modellar qurish: bunda qo‘yilgan masala aniq matematik bog‘lanishlar va munosabatlar ya'ni, funksiya, tengsizlik va hokazolar shaklida ifodalanadi.
Matematik modellar qurish jarayoni matematika va texnika bo‘yicha ilmiy bilimlarning o‘zaro uyg‘unlashuvidan iborat. Albatta, bunda matematik modelni yaxshi o‘rganilgan matematik masalalar sinfiga tegishli bo‘lishi uchun harakat qilinadi.
Biroq, shunday bo‘ladiki, texnik masalani modellashtirish oldindan ma'lum bo‘lmagan matematik strukturalarga olib kelishi ham mumkin. XX asr o‘rtalaridan boshlab, texnika fani va uning amaliyoti ehtiyojlaridan kelib chiqib, matematik dasturlash, funksional analiz, hisoblash matematikasi fanlari ham o‘z rivojini topdi.
modelni matematik tahlil qilish: bu bosqichning maqsadi - modelning umumiy xossalarini ifodalashdan iborat. Bu yerda tadqiqotlarning matematik usullari qo‘llaniladi. Eng muhim joyi - tuzilgan modellarning yechimga ega ekanligini isbotlashdan iboratdir.
Agar matematik masalaning yechimga ega emasligi isbotlansa, u holda qo‘yilgan matematik model rad etiladi. Shunga muvofiq, masalaning qo‘yilishi yoki matematik modelning boshqacha ko‘rinishlari tadqiq etiladi. Modellarni analitik tadqiq etish ularni empirik tadqiq qilishga nisbatan ustunlikka ega, chunki olingan xulosalar modellardagi ichki va tashqi parametrlarning har xil qiymatlarida ham o‘z kuchini saqlaydi.
Umuman olganda, murakkab masalalar qiyinchiliklar bilan analitik tadqiqotlarga keltiriladi. Agar ularni analitik usullarga keltirib bo‘lmasa, u holda masalani sonli usullardan foydalanib yechiladi.
dastlabki ma’lumotlarni tayyorlash: modellashtirishda ma'lumotlar tizimiga muhim talablar qo‘yiladi. Shu bilan birgalikda, ma'lumotlarni olish uchun real imkoniyatlar amaliy maqsadlarga mo‘ljallangan modellarni tanlash uchun ma'lum chegaralar qo‘yadi.
Ma'lumotlarni tayyorlash jarayonida ehtimollar nazariyasi, matematika, statistika, nazariy statistika usullaridan keng ko‘lamda foydalaniladi.
sonli yechimlar: bu bosqich qo‘yilgan masalani sonli yechish uchun algoritmlar, kopyuter uchun dasturlar tuzish va bevosita hisoblashlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan. Odatda iqtisodiy-matematik modellarda hisob-kitob ishlari ko‘p variantli xarakterga ega.
Zamonaviy kompyuterlarning paydo bo‘lishi bu ishlarni yengillashtirdi. Sonli usullar yordamida qilingan tadqiqotlar analitik tadqiqotlarni to‘ldiradi. Hozirgi paytda sonli usullar bilan yechiladigan iqtisodiy masalalar sinfi analitik tadqiqotlarga nisbatan ko‘proq hisoblanadi.
sonli natijalar tahlili va uning tadbiqlari: bu bosqichda modellashtirish natijalarining to‘g‘riligi va to‘laligi haqidagi savollarga javob olinadi. Nazariy xulosalar va model yordamida bevosita olingan sonli natijalar o‘zaro taqqoslanadi. Shunga qarab, qo‘yilgan masala va modellarning yutuq va kamchiliklari aniqlanadi.
Matamatik model aniqlangandan so‘ng, unda ishtirok etayotgan faktorlarning natijaviy belgiga ta'sirining mukammalligi baholanadi. Agar model va unga kiritilgan barcha faktorlar talab etilgan ehtimol bilan ahamiyatli bo‘lsa, u adekvat model deyiladi.
Model adekvat bo‘lmagan holda uning ko‘rinishi o‘zgartiriladi. Yangi model oldingisidan ahamiyatsiz faktorlarni chiqarish yo‘li bilan aniqlanadi. Ushbu natijalar asosida modellarni takomillashtirish, ularni axborot va matematik ta'minlash yo‘nalishlari aniqlanadi.
Agar bitta faktorning qiymatini o‘zgaruvchi deb qarab, qolganlarini shartli ravishda o‘zgarmas deb qarasak, bir faktorli matematik model qurishimiz mumkin.
Agar hamma faktorlarni o‘zgaruvchi deb qarasak, ko‘p faktorli matematik modelga ega bo‘lamiz.
Matematik modellar o‘z navbatida statik va dinamik matematik modellarga bo‘linadi.
Agar matematik modelning faktorlari ham o‘zi ham tasodifiy bo‘lmasa, bunday model regression model deyilib, bunday modelni qurish jarayoni regression tahlil deyiladi.
Agar matematik modelning faktorlari ham o‘zi ham tasodifiy bo‘lsa, bunday model korrelyasion model deyilib, bunday modelni qurish jarayoni korrelyasion tahlil deyiladi.