Boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari ishning xususiyati. Matematikadan sinfdan tashqari ishning xarakterli xususiyatlari quyidagilardir, mashg‘ulotlar tematikasini tanlash bir qadar ixtiyoriy; o‘quvchilar bilan ishlash formalari turli-tuman; ayni bir mavzuga nisbatan kam o‘quv vaqti ajratiladi. Boshlang‘ich sinfo‘quvchilari bilan o‘tkaziladigan sinfdan tashqari ish qo‘shimcha xususiyatlarga ega. Bu xususiyatlardan biri—sinfdan tashqari ishda qatnashayotgan o‘quvchilardan ko‘pchiligining fanga nisbatan qiziqishi shakllanmagan bo‘lib, qat‘iy bo‘lmasligidir. Shu bilan birga xuddi bu bosqichda o‘quvchilarda bunday qiziqish shakllanishi mumkin va kerak. Matematika bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanish natijalari ko‘pincha sinfdan tashqari ishning boshlanish vaqtiga bog‘liq emas, albatta. Kishining matematik iste‘dodi yoki qobiliyati har qanday yoshda rivojlana boshlashi mumkin, buning uchun faqat qulay sharoit bo‘lsa bas. Bunda shuni e‘tiborga olish kerakki, matematik nazariyalar va ular tatbiqlarining turli-tumanligi har xil xarakterdagi qobiliyatlarni talab qiladi. Biror o‘quvchining qaysi qobiliyatlari rivojlanishi mumkinligini payqash uchun bu o‘quvchi turli-tuman matematik faoliyatda qatnashmog‘i foydali. Albatta, bolalarning qobiliyatlarini turli materialda sinash uchun ko‘p o‘quv vaqti kerak bo‘ladi. Yosh o‘quvchilar tabiatidagi tirishqoqlik, ishchanlik xususiyatlarini e‘tiborga olmasdan mumkin emas, bu xususiyatlar o‘qituvchiga o‘quvchilarni yuqori sinflardagi „sho‘xlik" yoshiga yetguncha fanga qiziqtirib olish imkonini beradi. O‘qituvchi umumiy ta‘lim maktabining boshlang‘ich va o‘rta sinflarida sinfdan tashqari ishlarni tashkil qilishga e‘tibor bermasa, ko‘pgina o‘smir va yoshlar matematikaga hech qachon qiziqmaydi.
Bu hollar sinfdan tashqari mashg‘ulotlarni eng kichik yoshdanoq o‘tkazishning yana birxususiyatini ko‘rsatadi — o‘quvchilarning o‘zlarida mashg‘ulotga qatnashish tashabbusi uyg‘onishini kutib o‘tirmasdan, ularni mashg‘ulotga taklif qilaverish kerak.
Boshlang‘ich sinflarda matematikadan sinfdan tashqari ish ommaviy bo‘lishi, unga imkoni boricha o‘quvchilarning kamida uchdan bir qismini jalb qilish kerak. Bu son, albatta, taxminiydir, chunki bu ishga ba‘zi sinflarda ko‘proq, ba‘zi sinflarda kamroq o‘quvchilar jalb qilinadi.
Boshlang‘ich (sinflarda sinfdan tashqari mashg‘ulot o‘tkazishning xususiyatlaridan biri shuki, o‘qituvchi o‘quvchilarni rag‘batlantirishga alohida e‘tibor berishi kerak. Bunday rag‘batlantirish katta yoshdagi o‘quvchilar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazishda ham xarakterlidir, quyi sinflarda esa o‘quvchilarning qo‘shimcha matematik faoliyatlarida birorta ham yutuqlarini payqamay o‘tkazmaslik ayniqsa muhimdir. O‘qituvchining do‘stona munosabatida, o‘z tarbiyalanuvchilari ishlaridagi ozgina yutuqni seza olishida o‘qituvchining pedagogik mahorati, o‘quvchilarning fanga qiziqishlarining shakllanish va rivojlanishiga ta‘siri namoyon bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinf yoshidagi o‘quvchilarning xususiyatlarini yaxshi bilgan o‘qituvchilar ularning ko‘pgina qiyin hisoblashlar va xulosa chiqarishlarni zo‘r qoniqish bilan bajarishlarini hisobga olishadi. Bu yoshda katta yoshdagi o‘quvchilarga xos bo‘lgan „krititsizm (tanqidiy qarash) "kam rivojlangan bo‘ladi, ammo o‘rtoqlarning xolisona tanqidi, bir-biridan ko‘chirib olishga nisbatan chidamaslik juda ommaviy tus oladi va ilk yoshlikning moyilligi bo‘lmish „man-manlik" o‘zini ko‘rsatadi. Odatda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘z kuchlari yetadigan individual topshiriqlarni bajarishni—ma‘ruza, axborot tayyorlashni, devoriy gazetaga maqola yozishni, navbatchilikda qatnashishni, ro‘yxat tuzish kabi ishlarni juda yaxshi ko‘rishadi. Bu xususiyat, jumladan ularda nazariy-to‘plam materiallarini o‘rganishga qiziqishning rivojlanishiga imkon beradi.
Sinfdan tashqari ishni o‘tkazishda bu yoshdagi o‘quvchilarning ertaklarga va har xil qiziq, quvnoq voqealarga qiziquvchan bo‘lishlariga tayanish zarur. Matematik viktorinalar. Matematik viktorinalar ma‘lum mavzu, bo‘lim yoki umuman matematikaga doir masalalar bo‘yicha savol – javob o‘yini bo‘lib, ko‘p vaqt va katta tayyorgarlik talab qilmaydi. Boshlang‘ich sinflarda viktorinalar 10 – 20 minut davom etadi. Bunda oldindan tayyorlangan 5 – 6 savolga og‘zaki yoki yozma javob olinadi.
I – IV sinflarda matematik viktorinalarni tizimli o‘tkazib turish o‘quvchilarni masalalarni turli usullarda yechishga o‘rgatadi, ularning fikrlash va xozirjavoblik qobiliyatlarini kamol toptiradi. Umuman, viktorinalar qizigan musobaqa tarzida o‘tadi, eng bilag‘on topqir va
hozirjavob o‘quvchini, ilg‘or sinfni aniqlash imkonini beradi. Viktorinada qatnashish mutlaqo ixtiyoriy bo‘lib, o‘quvchilarning matematikaga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, matematikaga qiziquvchilarni aniqlash va keyinchalik ularni matematikaga jalb etish maqsadida o‘tkaziladi. Albatta, viktorinada tavsiya etilgan savollar turlicha qiyinlikda bo‘lib, unga ko‘proq o‘quvchilarning qatnashuviga erishish kerak.
Matematik viktorinalar har xil o‘tkazilishi mumkin. Quyidagi ikki xilini misol tariqasida keltiramiz: