GEDONIZM – (yunon. hedone – huzur–halovat, rohatlanish) etika nazariyasidagi axloqiy talablarni asoslash tamoyili bo‘lib, unga ko‘ra huzur-halovat keltiruvchi va azob uqubatdan qutqazuvchi narsa yaxshilik deb, azob–uqubat keltiruvchi narsa esa yomonlik deb ta’rif qilinadi. Nazariy G. etikadagi naturalizmning bir ko‘rinishidir. Insonga tabiat tomonidan jo qilingan va uning butun ish amalini belgilaydigan, bosh harakatlantiruvchi ibtido – huzur-halovatdan iborat degan tasavvur G.ning asosini tashkil etadi. Huzur–halovatga erishish maqsadi birdan–bir ishtiyoq va shu bilan birga axloqiy talab, deb e’lon qilinadi.
EVDEMONIZM – (yunon. eudania–rohat–farog‘at, baxt–saodat) –axloq –odobning gedonizmga yaqin uslubiy tamoyili. Antik dunyo axloqiy nazariyalarida to‘liq ravishda namoyon bo‘lgan. (Demokrit, Sokrat, Aristotel). Baxtga intilishni axloq–odobning mezoni va inson axloqiy xatti–harakatining asosi deb hisoblaydi, shaxsiy baxtga intilish – individualistik ijtimoiy baxtga intilish – sotsial deydi.
Axloqshunoslik hamma davrlarda ham yuksak ahamiyat kasb etib kelgan fan. Shu o‘rinda Respublikamiz Birinchi Prezidenti Islom Karimovning quyidari qimmat fikrlarini keltirish joiz: “Aslini. olganda, axloq - ma’naviyatning o‘zagi”, “Inson axloqi shunchaki salom-alik xushmuomalalikdagina iborat emas. Axloq - bu, avvalo, insof va adolat tuyg‘usi, iymon, halollik degani”. Bu fikrlar, bir tomondan, eski tuzumdan qolgan axloqsizlik ko‘rinishlariga loqayd qarovchilarga va axloqshunoslikni yengil-yelpi, ikkinchi darajali fan sifatida tushunuvchilarga adolat zarba bo`lsa, ikkinchi tomondan, axloqning yangi jamiyatimizdagi ulkan mavqeini xamda axloqshunoslikning jiddiy nazariy tadqiqotlarga suyanishi kerakligini ta’kidlaydi.