“Матн лингвистикаси” фани бўйича ўқув қўлланма яратилмоқда



Yüklə 1,36 Mb.
səhifə36/80
tarix14.06.2023
ölçüsü1,36 Mb.
#130040
növüУчебное пособие
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   80
MATNLINGVISTIKASI (1)

Barqaror birikmalar

«Ikki va undan ortiq so‘zlarning o‘zaro barqaror munosabatidan tashkil topgan, nutq jarayoniga tayyor holda olib kiriluvchi, til egalari xotirasida imkoniyat sifatida mavjud bo‘lgan til birliklari barqaror birikmalar deyiladi.»157 Iboralar, maqol-matallar va hikmatli so‘zlar barqaror birikmalar hisoblanadi.


Iboralar. Voqelikni obrazli tasvirlashda, uni kitobxon ko‘zi o‘ngida aniq va to‘la gavdalantirishda frazeologik iboralarning o‘rni, ahamiyati beqiyosdir. Iboralar hayotdagi voqea-hodisalarni kuzatish, jamiyatdagi maqbul va nomaqbul harakat-holatlarni baholash, turmush tajribalarini umumlashtirish asosida xalq chiqargan xulosalarning o‘ziga xos obrazli ifodalaridir. Yozuvchilar odatda tasvir maqsadiga muvofiq iboralarni tanlab qo‘llash bilangina kifoyalanib qolmaydilar. Balki, qahramonlar tabiati, ruhiy holati, hayot tarziga moslab o‘zgartiradi va qayta ishlaydi. Shu tarzda xalq iboralari sayqallanib, yangi ma’no nozikliklari bilan to‘yinib boradi. Xalq iboralarini qayta ishlashning usullari, ularga yangicha rang va tus, yangicha ma’no talqini berishning yo‘llari juda xilma-xildir. Bunga «umumtil iborasi zamiridagi ma’noning yangicha talqinini ochish, iboraning leksik tarkibini o‘zgartirish va uning semantik-stilistik funksiyalarini kengaytirish, iboraga yangicha majoziy va obrazli ma’nolar kiritish kabi usullarni kiritish mumkin».158 Frazeologik iboralarni qayta ishlashning turli usullari B.Yo‘ldoshev tomonidan keng o‘rganilgan.159 Badiiy matnda eng ko‘p uchraydiganlari quyidagilardan iborat: 1.Ibora tarkibidagi ayrim so‘zlarni almashtirish: Yаna uch kun jim turib bersangiz, mulla mingan velosipeddek yuvosh bo‘lib qolasiz. (S.Ahmad) Mingboshining falon – falonlari bizni ko‘ziga iladimi?,-deb xabar ham qilmabmiz. Nega indamaysanlar? Og‘zingga paxta tiqdingmi hammang? Dunyoda o‘z oyog‘iga o‘zi bolta chopadigan ahmoq ham bo‘ladimi? (Cho‘lpon) 2.Ibora tarkibini kengaytirish. Bunda ibora tarkibiga yangi so‘z kiritiladi. Tilimizda jar solmoq iborasi mavjud. Cho‘lpon uni qo‘shkarnayi bilan jar solmoq tarzida kengaytiradi: Mingboshilikni tortib olib, el ko‘zida tamom sharmanda qiladiganday! Abdisamat bilan Yodgor echki, Umarali puchuqlar yana qo‘shkarnayi bilan jar soladiganday! 3.Ibora tarkibini qisqartirish. Ibora tarkibidagi ayrim so‘zlarni tushirib qo‘llash tildagi tejamkorlik talabi bilan amalga oshiriladi. Ammo yozuvchilar bundan o‘z badiiy-lisoniy maqsadiga ko‘ra foydalanadilar. Tilimizda qo‘lini yuvib qo‘ltig‘iga urmoq iborasi mavjud bo‘lib, uning ma’nosi «ixlosi qaytib, ishonmay qo‘yib, diqqat-e’tibordan soqit qilmoq» tarzida izohlanadi. Cho‘lpon «Kecha va kunduz» romanida uni mana bunday qisqartirilgan holda qo‘llaydi: Undan keyin, qishloq odamlarining shunaqa o‘zboshimcha harakatlariga yo‘l qo‘yib bersak, oz vaqt ichida qishloqdan qo‘l yuvishimiz kerak bo‘ladi. Bu iboraning noyib to‘ra nutqida qo‘l yuvmoq tarzida qisqarishi nafaqat shakl ixchamligi uchun, balki ma’no siljishi uchun ham xizmat qilgan. Noyib to‘raning «voqealar shu taxlit davom etsa, oz vaqt ichida biz qishloqni tashlab chiqishimizga to‘g‘ri keladi» demoqchi ekanligi mazkur ibora orqali ta’kidlangan. Bundan ko‘rish mumkinki, ayni iboraning qisqargan varianti «tashlab chiqmoq», «ajralmoq», «qochib qolmoq» kabi yangi ma’no qirralari bilan matn badiiyatini boyitgan.
Badiiy asarda qo‘llanilgan iboralarni o‘rganishda bir asar doirasidagi frazemalar miqdorini (fondini) aniqlash va xarakterli xususiyatlariga qarab tasniflash, ularni struktural-semantik jihatdan tavsiflash hamda matndagi vazifasini tekshirish lingvopoetik tahlil talablaridan hisoblanadi. Ana shunday tahlilda yozuvchining imkoniyat sifatida mavjud bo‘lgan til birliklaridan foydalanish mahorati ham namoyon bo‘ladi.

Yüklə 1,36 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   80




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin