Nazorat uchun savol va topshiriqlar
Matn so‘ziga «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da qanday ta’rif berilgan?
I.R.Galperin tavsiya etgan matnning sakkiz kategoriyasi haqida ma’lumot bering.
Nutqning yozma va og‘zaki shakllari haqida ma’lumot bering.
Kontekst deb nimaga aytiladi?
Matn deb nimaga aytiladi?
Matn lingvistikasi fanining maqsadi, vazifasi, ob’ekti va predmeti nimalardan iborat?
TILSHUNOSLIKDA MATN MUAMMOSINING O‘RGANILISHI
Insonlarning kishilik jamiyati sifatidagi alohida-alohida qavmlar tarzida birlashishi va birlikda ne-ne mushkulotlarni bartaraf etib, tamaddun deyiladigan taraqqiyot yo‘llarida muntazam odim otmog‘ida ular o‘rtasidagi kommunikatsiya, muloqotning o‘rni, shubhasizki, benihoya muhim. Kommunikativ faoliyatdan tamoman xoli bo‘lgan, a’zolari o‘zaro muloqot imkoniyatidan butunlay mahrum bo‘lgan kishilik jamiyatini tasavvur ham etib bo‘lmaydi.
Necha ming yillardir, odam bolasi o‘rganadi, o‘rgatadi, tajribalarini to‘playdi, saqlaydi va boshqalarga etkazadi. Albatta, bu faoliyatlarning, hech bir istisnosiz, barchasi – o‘rganish va o‘rgatish ham, tajriba-axborotlarni to‘plash va saqlash ham, ularni boshqalardan olish va boshqalarga berish ham til vositasidagi muloqot (og‘zaki va yozma) orqali amalga oshadi. Zotan, tilning mohiyatiga daxldor bo‘lgan bosh vazifasining kommunikativ vazifa ekanligi bugun faqat mutaxassisgagina emas, balki barchaga besh qo‘lday ma’lum bir haqiqat. Ammo mazkur kommunikativ aloqaning, nutqiy muloqotning lisoniy-mantiqiy, ijtimoiy-ruhiy, tarixiy-estetik mexanizmlari, ular bilan bog‘liq qoida-qonuniyatlar, o‘ziga xosliklar tegishli fanlar (tilshunoslik, adabiyotshunoslik, mantiq, sotsiologiya, estetika kabi) tomonidan to‘lasicha o‘rganib bo‘lingan emas. Bu boradagi juda ko‘plab muammolar hamma zamonlarda olimlarning e’tiborida bo‘lib kelganligiga qaramay, hamon bahsu munozaralarga sabab bo‘ladi, ilgari surilgan turli fikrlar goh birovlar tomonidan e’tirof etilsa, goh jiddiy e’tirozlarni tug‘dirib keladi.
Tabiiyki, har qanday nutqiy kommunikatsiyaning yuzaga kelishi, voqelanishida uch asosiy unsurning ishtiroki majburiydir, ya’ni so‘zlovchi (yozuvchi) – axborot (matn) – tinglovchi (o‘quvchi). To‘g‘ri, nutqiy kommunikatsiyada nutqiy sharoit, axborot kanali (ovoz, yozuv, magnit yozuvi, telefon kabi), muloqot a’zolarining maqomi, yoshi va boshqa belgilari, shuningdek, boshqa turli g‘ayrilisoniy vositalarning ham o‘rni benihoya muhim, hatto ko‘pincha hal qiluvchi ahamiyatga ega. Lekin mazkur uch unsur nutqiy kommunikatsiyaning asosiy ustunlaridir, ularning birotasisiz muloqot jarayoni voqe bo‘lolmaydi.
Tilshunoslik ayni kommunikatsiya jarayonida ikki tomon (so‘zlovchi, tinglovchi) o‘rtasilagi “berish-olish”ning asosiy predmeti bo‘lgan axborotning lisoniy ifodalanishi va anglanishi masalasiga mutlaqo tabiiy ravishda birinchi darajali diqqatni qaratdi. Zotan, har qanday kommunikatsiyaning pirovard va bosh maqsadi ayni shu axborotning “harakati”dir, bu “harakat” esa til vositasida bo‘ladi. Shuning uchun ham tilshunoslik xuddi shu “harakatdagi axborot”ning asosiy va yirik birligini izladi, natijada gapni ana shunday yirik birlik sifatida uzoq davrlar e’tirof etib keldi.
Ma’lumki, tilshunoslik o‘z o‘rganish ob’ektini alohida-alohida bo‘limlarga ajratgan, ya’ni fonetika-fonologiyada tovush (fonema)lar, mofologiyada morfemalar, leksikologiyada leksemalar, sintaksisda esa sodda va qo‘shma gaplar o‘rganiladi. Aytish mumkinki, an’anaviy tilshunoslikda tilning eng yuqori sathidagi eng oliy va oxirgi birlik gap deb qarab kelinadi. Polyak tilshunosi M.R.Mayenovaning ta’biri bilan aytganda, “Gap tugagan joyda tilshunoslik o‘z kuzatishlarini tugatadi” degan hukm yaqinlargacha ochiq haqiqat hisoblangan. Ko‘p gaplardan tarkib topgan matnlar keng ma’nodagi grammatika doirasi bilan batamom va to‘lasicha chegaralanuvchi bu fan sohasi kuzatishlaridan chetda qoladi”.9
Aslida agar “gap tugagan joyda tilshunoslik o‘z kuzatishlarini tugatsa”, ya’ni faqat gapni kommunikativ birlik deb hisoblasa, bunday tilshunoslik gapning semantik-kommunikativ mohiyatining ichiga bemalol va to‘la kirib borishga qiynaladi. Har qanday alohida olingan gapning lisoniy-mantiqiy mag‘zini chaqib bo‘lmaydi. Har qanday so‘zning ma’nosi aniq bir kontekstda reallik kasb etgani kabi gapning ham boshqa gaplar bilan munosabatidan tashqarida mazmunini xolis baholash mushkul. Eng odiiy bir misolni ko‘raylik: Sayyohlar ertaga o‘sha shaharga boradilar gapidagi mazmunni anglash uchun undan oldin qo‘llangan (yoki qo‘llanishi mumkin bo‘lgan), aytaylik, Samarqand shahrining tarixiy obidalari haqidagi film namoyish etildi qabilidagi qandaydir gap bo‘lishi lozim. Ko‘rinadiki, birinchi gapni mutlaqo mustaqil kommunikativ birlik deb bo‘lmaydi, demakki, tilshunoslikning chegarasi bu erda tugamasligi, undan tashqariga chiqishi kerak. Sintaksisni faqat gap (va so‘z birikmasi) haqidagi ta’limot tarzida talqin qilish mazkur chegaraning ustuni bo‘lib kelganligi ma’lum. Holbuki, sintaksisga “nutq tuzish haqidagi fan” sifatida qarash juda ko‘p muammolarga oydinlik kiritishi idrok etila boshlaganiga ham ancha bo‘ldi.10
Bog‘li nutq, yaxlit nutqiy asar, matnni o‘rganish, ya’ni matnga gap – period – yanada yirikroq parcha – yaxlit butunlik tarzidagi darajalanishda yondashish antik davrdan – Aristotel va uning izdoshlaridan boshlangan.11
Rus tilshunosligida matn (“tekst”) tushunchasining rivoji o‘tgan asrning 40-yillariga to‘g‘ri keladi. 1947- yilda A.I.Belich o‘zining tilshunoslik fanlarining tasnifiga bag‘ishlangan maqolasida til faktlarining grammatik tavsifida ma’no umumiyligi asosida bog‘langan va muayyan sintaktik-semantik yaxlitlik tarzida namoyon bo‘ladigan gaplarning butun zanjiriga alohida o‘rin berilishi lozimligiga va bu “matn” tushunchasining yuzaga kelishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga molik ekanligiga e’tiborni qaratgan, ana shunday gaplar zanjiridagi o‘zaro munosabat va aloqalarni tilshunoslikning sintaksis bo‘limida o‘rganishning maqsadga muvofiqligini ta’kidlagan.12
Gapdan katta birliklar, ya’ni “gaplarning hamkorligi” masalasi nemis tilshunosligida ham deyarli shu yillarda, xususan, 1949- yilda ko‘tarilgan. Gaplar o‘rtasidagi aloqalarni struktural shakllantiruvchi leksik takror, artikl, olmoshlar, ellipsis, fe’l zamonlari, takror bog‘lovchilar, so‘roq so‘zlar kabi eng muhim vositalarni tadqiq etgan ishida K.Boost shunday yozadi: “Bir gapdan boshqasiga tortilgan iplar shu qadar ko‘p va shunady pishiq to‘rni hosil qiladiki, gaplarning chatishishi, ularning yagona to‘r sifatida o‘rib to‘qilganligi haqida gapirish mumkin, chunki har bir alohida gap boshqalari bilan chambarchas bog‘langan”.13
O‘tgan asr 60-yillarining ikkinchi yarmidan boshlab “matn lingvistikasi” degan yo‘nalish katta sur’at bilan rivojlanish pallasiga kirdi. Yaxlit nutqiy butunlik sifatidagi matn va uning tashkil etuvchi unsurlari, omillari, xususiyatlari turli nuqtai nazarlardan tadqiq etila boshlandi. Bu soha atrofida o‘ziga xos, aytish mumkin bo‘lsa, juda katta “shov-shuv” paydo bo‘ldi. Hatto ayrim mutaxassislar matn lingvistikasini tilshunoslikning alohida sohasi emas, balki umuman, tilshunoslikning poydevori, bazasi deb hisobladilar. G‘arbiy Evropa mamlakatlarida matn lingvistikasi bo‘yicha davriy nashrlar va ilmiy to‘plamlar nashr etildi, maxsus ilmiy jamoalar tuzildi, monografiyalar bosildi, darsliklar, hatto maktablar uchun darsliklar chiqarildi.14
Matn nazariyasi, matn lingvistikasining umumiy shakllanishi va rivojida chex (Praga lingvistik to‘garagi vakillari), nemis, fransuz, ingliz, Amerika, golland, polyak va boshqa tilshunoslik maktablari vakillarining xizmatlari dunyo tilshunosligida e’tirof etilgan va doimiy ravishda ilmiy tadqiqotlarda tilga olinadi.15 Rus tilshunosligida ham matn nazariyasi va lingvistikasi muammolari V.V.Odinsov, I.R.Galperin, O.I.Moskalskaya, L.M.Loseva, Y.M.Lotman, Z.Y.Turaeva, N.D.Zarubina, E.V.Sidorov, O.L.Kamenskaya, A.I.Gorshkov, N.S.Valgina kabi ko‘plab tilshunoslar tomonidan o‘rganib kelinadi.16
Tilshunoslikdagi bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarni atroflicha tahlil qilgan O.I.Moskalskaya o‘tgan asrning 60-70-yillariga kelib matnni lingvistik o‘rganishga bo‘lgan qiziqish benihoya ortganligini, dunyo tilshunosligida matn lingvistikasi bo‘yicha misli ko‘rilmagan miqdorda tadqiqotlar yuzaga kelganligini va matn lingvistikasi mustaqil tilshunoslik fani sifatida to‘la e’tirof etilganligini ta’kidlar ekan, tadqiqotlardagi bu e’tirofga tamal bo‘lgan asosiy qoidalarni quyidagicha guruhlarga bo‘lib umumlashtiradi:
1. Nutqning tugallangan fikr bildiradigan asosiy birligi gap emas, balki matndir; gap-fikr esa faqat xususiy holat, matnning alohida turidir. Matn sintaktik sathning oliy birligi hisoblanadi.
2. Konkret nutqiy asarlar – matnlarning asosida matn tuzishning umumiy tamoyillari yotadi; bu tamoyillar nutq sohasiga emas, balki til sistemasiga yoki til vakolatiga daxldordir. Bu jihatlar hisobga olinsa, shulardan kelib chiqilsa matnni faqat nutq birligigina emas, balki ayni paytda til birligi deb ham hisoblash kerak.
3. Boshqa til birliklari kabi matn lisoniy belgilar sistemasining qismidir.
4. Matnni alohida sathning nutqiy va lisoniy birligi sifatida har tomonlama o‘rganish tilshunoslik doirasidagi maxsus fan – matn lingvistikasini yaratishni taqozo etadi.
O.M.Moskalskaya mazkur qoidalar, ayniqsa, birinchi banddagi qoidalar turli shakllarda o‘sha davrdagi tadqiqotlarda takrorlanib, “yangi lingvistik yo‘nalishning jangovar shiori sifatida jaranglagani”ga e’tiborni qaratadi va g‘arb olimlarining ana shunday fikrlaridan namunalar keltiradi: “Biz odatda alohida so‘zlar bilan emas, gaplar va matnlar bilan gapiramiz” (X.Vaynrix). “Agar biz gapirsak, faqat matnlar bilan gapiramiz” (P.Xartman). “Til faqat matnlar shaklida va matn tuzish vazifasida kishilar o‘rtasidagi aloqa vositasidir” (P.Xartman). “Biz tildan foydalanganimizda asosiy birlik so‘z yoki gap emas, balki matndir” (M.A.K.Xellidey). “Bizning kunlarimizda tilning oliy va eng mustaqil birligi gap emas, balki matn ekanligi umum e’tirofiga sazovor bo‘lib bormoqda” (V.Dressler).17
Matn lingvistikasi shu tarzda shakllanib, rivojlanib bormoqda. Ammo rus tilshunosligida matn lingvistikasi o‘zining o‘rganish doirasiga keragidan ortiq ko‘p masalalarni qamraganligi, boshqa fan sohalarining muammolariga aralashayotganligi, gap tushunchasini go‘yoki inkor etayotganligi kabi da’volar bilan aytilgan tanqidiy fikrlar ham yo‘q emas. Masalan, taniqli rus filologi R.A.Budagov dunyoning bir qator mutaxassislari tomonidan matn lingvistikasi bo‘yicha yaratilgan tadqiqotlar jamlangan to‘plamning nashr etilishi18 munosabati bilan yozgan “Matn lingvistikasi” qay darajada lingvistikadir?” deb nomlangan maqolasida matn lingvistikasi insonning matnni yaratish, tuzish, tushunish, tarkiblash, kompozitsion yaxlitligini idrok etish kabi qobiliyatlarni o‘rganmoqchi bo‘ladi, holbuki, bu boshqa fanlarning vazifalarini o‘z zimmasiga olish bo‘ladi qabilida e’tiroz bildiradi. Matnning hajmini chegaralash masalasida ham bu yo‘nalishning yo‘li to‘g‘ri emasligini aytadi.19 U shunday yozadi: “Matn lingvistikasi” yaratuvchilarining ilk niyatlari juda ham ezgu edi. Ilmiy-texnik taraqqiyotga, axborot asri talablariga javob berish. Tilda faqat kichik birliklargina emas, yirik birliklar ham mavjud ekanligini ko‘rsatish. Matn oqimida gaplarning qo‘shilish shakllari va vositalarini tadqiq etish. Bularning bari diqqatga sazovor va ularni qo‘llab-quvvatlash kerak. Boshqa narsa – har jihatdan an’anaviy (deyiladigan) tilshunoslikka o‘xshamaslikka intilish - prinsipial e’tiroz tug‘diradi... YAnada qaltis, zaif joyi tilning yirik va kichik birliklarini bir-biriga qarama-qarshi qo‘yishdir. Ayni paytda gapning, so‘z yoki so‘z birikmasining strukturasini nafaqat tadqiq etmasdan, balki hatto u bilan qiziqib ko‘rmasdan turib, gaplarning qo‘shilish tamoyillarini o‘rganish mumkin emas...” 20
Bunday e’tirozlarga qo‘shilib bo‘lmaydi, chunki matn lingvistikasi matnni asosiy birlik deb hisoblar ekan, gaplar yoki so‘z birikmalarining mavjudligini, ularning o‘ziga xosliklarini, matn tarkibidagi o‘rnini, umuman, an’anaviy tilshunoslik yutuqlari sifatida tan olingan qoidalarni aslo inkor etmaydi. Bu e’tiroz va tanqidiy fikrlarni mavjud muammolarga yanada sinchkovlik va hushyorlik bilan yondashish zaruriyatini unutmaslikka da’vat tarzida tushunish maqsadga muvofiq.
Turkiyshunoslikda matn masalasi birinchi o‘laroq o‘tgan asr 70-yillarining boshida taniqli tatar tilshunosi M.Zakiev tomonidan qo‘yilgan. Dastlab u bog‘li nutqni mustaqil gaplar o‘rtasidagi aloqani o‘rganmasdan tadqiq etib bo‘lmasligini, chunki bog‘li nutq hamisha turli usullar bilan o‘zaro bog‘langan gaplar zanjiridan iborat bo‘lishini, shunga ko‘ra bog‘li nutqda gapdan yirik va murakkab bo‘lgan “murakkab sintaktik butunlik” deb ataladigan birliklar ajratilishini (ular abzatsning qismi, abzats, yaxlit bob, ba’zan hatto yaxlit asar va sh.k.ga teng bo‘lishini) ta’kidlaydi va yozadi: “Bog‘li nutqda murakkab sintaktik butunlikni ajratish sof metodik maqsadni nazarda tutadi; u nutqning asosiy birligi bo‘la olmaydi va boz ustiga gapga qarama-qarshi qo‘yilishi mumkin emas”.21 1974-yilda nashr etilgan darsligida esa murakkab sintaktik butunliklarni “sintaktik butunliklar” (“sintaksik bөtennәr”) deb nomlaydi va quyidagilarni yozadi: “Sintaktik butunliklar, ya’ni mustaqil jumlalarning bog‘lanishini o‘rganish turkiy tillarda hali to‘la yo‘lga qo‘yilgani yo‘q. Holbuki, bu masala til ilmi uchungina emas, balki adabiyot ilmi uchun ham juda ahamiyatlidir. Chunki mustaqil jumlalarning bog‘lanishini bilmasdan turib, matnni, asarni, uning ayrim bo‘laklarini, abzatslarini tugal uyushgan bir butun qilib tuzish juda qiyin”.22 1984-yilda bosilgan o‘quv qo‘llanmasida olim endi matn lingvistikasi muammolarini atroflicha yoritgan va matnning yaxlit birlik ekanligini e’tirof etgan. Kitobga “Matn sintaksisi” nomi bilan maxsus bo‘lim kiritgan va unda matn turlari, matnning mazmuniy, kommunikativ, struktur, grammatik butunligi, matn kompozitsiyasi, matn sintaksisi va lingvistik kategoriyalar kabi masalalar bo‘yicha fikrlar bayon qilingan.23
Ozarbayjon tilshunosligida matn sintaksisi va uning o‘ziga xosliklari masalasi K.M.Abdullayev tomonidan atroflicha monografik planda tadqiq etilgan. Ozarbayjon tilidagi matn, uning kommunikativ, struktur-semantik xususiyatlari, matn birliklari mavjud qarashlar va original kuzatishlar asosida tahlil etilgan.24
O‘zbek tilshunosligida ham matn va uning tadqiqi borasida ancha-muncha ishlar qilingan. O‘zbek til ilmida birinchilardan bo‘lib akademik G‘.Abdurahmonov 1980-yilning 10-12-sentyabrida Toshkentda bo‘lib o‘tgan sobiq Ittifoq turkiyshunoslarining III konferensiyasida matn nazariyasiga bag‘ishlangan ma’ruza qilib, muammoning mohiyati va echimlari haqida o‘z fikrlarini bildirgan, bir qator matn turlarini ajratib ko‘rsatgan edi.25
Ulkan tilshunos A.G‘ulomov matnning mohiyati bo‘yicha o‘zining qimmatli fikrlarini bayon qilgan. U dunyo tilshunosligida kechayotgan jarayonlardan muttasil boxabar keng qamrovli olim sifatida “Hozirgi o‘zbek adabiy tili. Sintaksis” darsligi (M.Asqarova bilan hamkorlikda) ni qayta ishlab, to‘ldirib, uchinchi nashrini tayyorlar ekan, matn masalasini chetlab o‘tolmaydi, ixcham bir tarzda bo‘lsa-da, matn haqidagi qarashlarini kitobga kiritadi. A.G‘ulomov gapdagi fikr tugalligining nisbiy ekanligini, asarda mazmun to‘liqligi butun matndan anglashilishini ta’kidlab, uch abzatsdan tashkil topgan yaxlit matnni misol qilib keltiradi va undan kelib chiqib, quyidagilarni yozadi: “1. Fikr bayon qilish gap (sodda gap va qo‘shma gap) doirasi bilangina chegaralanmaydi. To‘liq fikrni, odatda, gapdan yirik bo‘lgan sintaktik butunlik beradi. Gap bu butunlik sostavida uning bir komponenti sanaladi. 2. Bu komponent shu butunlikdagi boshqa komponentlar bilan har jihatdan (mazmun, grammatik) turli vositalar orqali bog‘langan bo‘ladi. Uning o‘z kompozitsiyasi va stilistik xususiyatlari saqlangan bo‘ladi. 3. Sodda gap butunlik sostavida ma’lum sharoitlarda o‘zicha bir abzatsni tashkil qilishi mumkin... 4. Bunday sintaktik butunlik, sintaktik konstruksiya tekst sanaladi. Ayrim - uzuq gap nisbiy tugal fikrni ifodalaydi, tekst butun bir kompleksning mundarijasini bildiradi. 5. Tekst bir butunlik bo‘lganligidan, u o‘z mundarijasiga mos keladigan ayrim sarlavhalarga ega bo‘lishi ham mumkin. Tekst ayrim segmentlarga – qismlarga (ayrim parchalarga, abzatslarga, gaplarga) bo‘linadi). Demak, tilning aloqa-aralashuv vositasi ekanligini tekst yana ham aniq ko‘rsatadi. Nutq tekst tusida namoyon bo‘ladi. 6. Tekst – yirik nutq parchasi, abzats esa tekstning bo‘lagi. Tekstning hamma ko‘rinishlari (maksimal tekst va minimal tekst) ma’lum bir temani (mundarijani) tugal ifodalaydi. Demak, u – yuqori darajadagi sintaktik birlik.
Tekstning bu xususiyatlarini hisobga olib, ba’zi tekshiruvchilar uni lingvistikaning mustaqil bir sohasi sifatida (tekst grammatikasi, tekst lingvistikasi kabi nomlar bilan) ajratishni zarur deb biladilar. Ba’zilar esa uni tekst sintaksisi deb atab (so‘z birikmasi sintaksisi, sodda gap sintaksisi kabi), gap sintaksisining davomi sifatida qarab, bu bilan sintaksis terminining mazmunini kengaytirishni, asosiy sintaktik birlik sifatida gapdan ko‘ra katta sintaktik butunlik deb qarash kerakligini ta’kidlaydilar: bunda sintaksisning yuqori chegarasi qo‘shma gap sintaksisi emas, balki tekst sintaksisi bo‘ladi. Tekshiruvchilarning ko‘pchiligi bu sohani birinchi qarash bo‘yicha yoritmoqdalar.
Tekst sintaksisi o‘zbek tilshunosligida hali o‘rganilmagan.” 26
Ko‘rinadiki, A.G‘ulomov o‘zbek tili faktlaridan kelib chiqqan va dunyo tilshunosligidagi turli qarashlarni inobatga olgan holda matnning tabiati va mohiyatini aniq ko‘rsatib bergan. Mazkur olti bandda birma-bir qayd etilgan qoidalar matnning asosiy umumiy xususiyatlarini o‘z ichiga olgan.
M.To‘xsonov o‘zining nomzodlik dissertatsiyasida makromatn va mikromatnni farqlagan holda o‘zbek tilidagi mikromatn tarkibidagi unsurlarni bog‘lovchi vositalar sistemasini tadqiq etgan.27 Ammo ta’kidlash lozimki, garchi tadqiqotchi o‘z oldiga badiiy nutqdagi mikromatnni o‘rganishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, ishda mikromatnning kogerentligi umumiy tarzda tekshirilgan, ya’ni aynan badiiy nutqdagi matnning bu boradagi o‘ziga xosligi bilan bog‘liq jihatlarga e’tibor qaratilgan emas. Lekin shunga qaramasdan, bu ish o‘zbek tilshunosligidagi mikromatn va uning kogeziyasini monografik aspektda o‘rganishga bag‘ishlangan dastlabki tadqiqotlardan ekanligi bilan diqqatga sazovordir.
O‘zbek tilshunosligida matn lingvistikasi bo‘yicha umumlashtiruvchi, ta’limiy xarakterdagi ilk ishlardan biri A.Mamajonov tomonidan yaratilgan. Uning filolog-talabalar uchun mo‘ljallangan “Tekst lingvistikasi” nomli maxsus kursida matn haqidagi ilmiy qarashlar tahlil etilgan, matn tushunchasining mohiyati, tiplari va birliklari, bu birliklarning bog‘lanishi va bog‘lovchi vositalari, matn birliklariaro sinonimiya, sintaktik-stilistik figuralar masalalari bayon qilingan.28 Keyinroq shogirdi M.Abdupattoyev bilan hamkorlikda nashr ettirgan “Matn sintaksisi” nomli o‘quv qo‘llanmasida matnning struktur-semantik va stilistik jihatlari, matn birliklaridagi tema-rematik munosabat atroflicha tahlil qilingan, tegishli xulosalar umumlashtirilgan.29
N.Turniyozovning “Matn lingvistikasi” nomli qo‘llanmasi ham ana shunday ta’limiy xarakterdagi ishlardan bo‘lib, unda tegishli o‘quv rejasiga muvofiq matn haqida umumiy ma’lumot, mikro- va makromatn tushunchalari, matn uzvlari orasidagi turli munosabatlar kabi mavzular bo‘yicha ilmiy ma’lumotlar berilgan.30
Matn muammolari bilan jiddiy shug‘ullangan o‘zbek tilshunoslaridan yana biri M.Hakimovdir. U asosiy maqsadi “ilmiy matn va uning birliklari orasidagi mazmuniy munosabatni ifoda etuvchi bog‘lovchilar, ularning o‘ziga xos xususiyatlari va vazifalarini aniqlashga yo‘naltirilgan ishlarga hissa qo‘shish, ilmiy matnda muallifning xususiy munosabati hamda uning turlarini belgilash”dan iborat bo‘lgan nomzodlik dissertatsiyasida o‘zbek ilmiy matnining sintagmatik va pragmatik xususiyatlarini boy faktik materiallari asosida batafsil tadqiq etgan.31
M.Hakimov o‘zbek tilidagi matnning pragmatik talqiniga bag‘ishlangan doktorlik dissertasiyasida esa matnni lingvistik pragmatika, G‘arb falsafiy tilshunosligida shakllangan nutqiy akt nazariyasidan kelib chiqqan holda o‘rgangan va matnda ochiq va yashirin ifodalanadigan mazmunlarning o‘ziga xos qonuniyatlarini ko‘rsatib bergan, ularning semantik, sintaktik, presuppozitsional va pragmatik mexanizmlariga daxldor qoidalarni konkretlashtirgan.32 Dissertasiyada o‘zbek tilidagi matn lingvistikasi muammolariga nazariy jihatdan oydinlik kiritilgan, bir qator tamoman yangi fikrlar ilgari surilgan. Ammo g‘arbcha yoki g‘arb falsafiy tilshunosligi talqinida qo‘llangan o‘zbekcha atamalar shunchalik ko‘p va ularni birdaniga anglab olish biroz qiyinki, muallif dissertatsiya oxirida “tadqiqot yo‘nalishiga oid atamalar izohi”ni berishga majbur bo‘lgan (257-260-b.).
Keyingi yillarda o‘zbek tilshunosligida matn masalasining u yoki bu jihati tadqiqiga daxldor bir qator ilmiy maqolalar ham e’lon qilindi.33
Matn mummaolarini o‘rganish va uning yaxlit ilmiy nazariyasini yaratishning xorijdagi faollaridan biri nemis tilshunosi R.Harveg 1974 -yilda matn lingvistikasining tilshunoslikda to‘liq asoslanishi uchun kamida yuz yil kerak bo‘lishini ta’kidlagan edi.34 Ammo bugun bu gapning aytilganiga hali 40 yil ham bo‘lgani yo‘q. Lekin butun dunyoda muntazam va qizg‘in olib borilgan jiddiy ilmiy izlanishlar, tadqiqotlarning tabiiy natijasi o‘laroq “matn lingvistikasi” (“matn nazariyasi”) nomi bilan bo‘ladimi yoki “matn grammatikasi” (“matn sintaksisi”) nomi bilan bo‘ladimi, baribir, shunday bir yo‘nalish alohida fan va o‘quv predmeti sifatida shakllanganligi keng e’tirof etilgan va buni hech kim inkor qilmaydi.
Demak, shunga ko‘ra, tilshunoslikda matnga doir yaratilgan tadqiqotlarni uch katta guruhga bo‘lish mumkin: a) matnning formal-grammatik va ma’no qurilishiga oid ishlar; b) matnni turlicha idrok qilishga sabab bo‘ladigan matn qurilishining shakliy va konseptual xususiyatlari tahliliga bag‘ishlangan ishlar; v) matnning o‘zini idrok qilishga oid ishlar. Yana shuni ta’kidlab aytish mumkinki, bugungi kunga kelib matnni o‘rganishning yigirmadan ortiq usullari, metodlari ishab chiqilgan va ular tilshunoslik fanida keng qo‘llanmoqda.
Ulardan biri o‘zbekcha matnlarni statistik usulda o‘rganishdir. Matnni o‘rganishning bu usuli haqida B.Yo‘ldoshevning “Matnni o‘rganishning lingvostatistik metodlari” uslubi qo‘llanmasida izchil fikrlar bildirilgan, ya’ni unda turli vazifaviy uslubdagi matnlarni statistik metodlar asosida o‘rganish usullari, ko‘rinishlari, chastotali lug‘atlar va ularni yaratish tamoyillari bayon qilingan. 35 Matnni o‘rganishning lingvostatistik metodlarini tahlil va tatbiq qilish ham matn lingvistikasining dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi. Bu borada samarqandlik olimlar S.Karimov, B.Yo‘ldoshev, D.O‘rinboyevalarning tadqiqotlari e’tiborga sazovor.
Tilshunoslikda matnni psixolingvistik jihatdan o‘rganish ham o‘ziga xos tarixiga ega. Ayniqsa, tilshunoslar I.Lisakova, A.A.Leontev, N.S.Evchik, A.Shtern, T.A.Drozdovalarning bu boradagi tadqiqotlari diqqatga sazovor.36 Bu yo‘nalishdagi ishlarda matnning yaralishi va tushunilishi (persepsiyasi) bilan bog‘liq jarayonlar, ya’ni inson psixologiyasi va matn yaratish qobiliyati o‘rtasidagi bog‘liqligi masalalari ko‘rib chiqiladi. O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda ishlar yuzaga kelmoqda. Xususan, I.Azimovaning nomzodlik dissertasiyasida psixolingvistikadagi matnning mazmuniy persepsiyasiga oid umumnazariy qarashlar sharhi berilgan, matnni tushunishga ta’sir etuvchi lingvistik va ekstralingvistik omillarni psixolingvistik tajribalar asosida aniqlanib, matnni tushunish jarayonining darajalari ko‘rsatilgan, shuningdek, ishda matnning mazmuniy persepsiyasidagi birliklar aniqlanib, ularning formal-semantik xususiyatlari tahlil qilingan. 37
Matn lingvistikasining yana bir muhim tarmog‘i – badiiy matnni tadqiq qilish yo‘nalishi ham, aytish mumkinki, o‘zbek tilshunosligida yuqori darajada taraqqiy qilgan. 2009-yilda M.Yo‘ldoshev badiiy matnni lingvopoetik tahlil qilishga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Mazkur doktorlik ishida badiiy matnda tilning estetik vazifasining namoyon bo‘lish tarzi o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari misolida tahlil qilingan, badiiy matnning mazmuniy turlari hamda intertestuallik muammosi faktik materiallar asosida tasnif va tavsif qilingan, badiiy matnni lingvopoetik tahlili tamoyillari ishalb chiqilgan, shuningdek, badiiy matnning shakllanish tarzi va unda ishtirok etuvchi lisoniy omillar o‘rganilib, badiiy matnda fono-grafik, leksik, morfologik va sintaktik vositalarning poetik aktuallashish mexanizmlari aniqlangan. 38
2010- yilda himoya qilingan S.Boymirzayevaning doktorlik ishi matn hodisasi mazmuniy tuzilishining kognitiv mohiyatini monografik tadqiq qilishga bag‘ishlangan. 39 Ishda matn hodisasining kommunikativ-pragmatik xususiyatlari tadqiq etilgan, uning mazmunini shakllantirishga xizmat qiluvchi modallik va temporallik kategoriyalarining matn mohiyati bilan uzviy aloqadorligi ko‘rsatib berilgan hamda matn mazmuni shakllanishining ijtimoiy hodisa ekanligi, uning muallif va retsipient ishtirokida kechadigan lisoniy kognitiv faoliyat mahsuli ekanligi ochib berilgan.
Sh.Turniyazovaning nomzodlik ishi matn shakllanishining derivatsion xususiyatlari tadqiqiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda mikromatn va uning turlari haqida mulohaza bildirilib, unda oddiy grafema (nutqda tovush), so‘z va so‘z birikmalari ham matn maqomida kelishi mumkinligi dalillangan, mikro-va makromatnlar voqelanishining derivatsion xususiyatlari ilmiy talqini berilgan, matn komponentlarining va umumiy matn strukturasining derivatsion xususiyatlari yoritildi va bunda derivatsiya operatori vazifasida keluvchi semantik omil hamda leksik vositalar, matn komponentlarining pog‘onali munosabati xususida fikrlar bildirilgan.40
2011- yilda himoya qilingan Sh.Haydarovning “Badiiy matnda parsellyativ konstruksiyalarning qo‘llanilishi” mavzusidagi nomzodlik dissertasiyasi ham matn lingvistikasining tarkibiy qismi, o‘rganish ob’ektlaridan biri bo‘lgan parsellyativ konstruksiyalar tadqiqiga bag‘ishlangan.41 Ishda parsellyativ konstruksiyalar badiiy matn materiallari asosida lingvopoetik tadqiq qilingan, parsellyativ konstruksiyalarning mohiyati, ularning ilova va boshqa konstruksiyalardan farqli belgilari badiiy matndan olingan misollar asosida izohlanib, parsellyativ konstruksiyalarning og‘zaki va badiiy nutqqa xoslanishi, ularning o‘ziga xos tomonlari tahlil etilgan hamda parsellyativ konstruksiyalarning voqelanishiga ko‘ra tasnifi ishlab chiqilib, parsellyativ konstruksiyalar grammatik va lingvopoetik jihatdan tavsiflangan.
Ko‘rinadiki, matn lingvistikasi yuzasidan turli yo‘nalish va aspektlarda tadqiqotlar olib borilgan va olib borilmoqda. Matnni tadqiq qilishning yanada yangi sohalarini topish siz magistrantlarning vazifangiz hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |