Nazorat uchun savol va topshiriqlar
1. Matnni o‘rganishdagi lingvostatistik metodga izoh bering.
2. Lingvostatistik metodlarning dunyo tilshunosligida qo‘llanilishi haqida ma’lumot bering.
3. O‘zbekistonda lingvostatistik metodlarning qo‘llanilishi haqida ma’lumot bering.
4. Matnni o‘rganishdagi lingvostatistik metod vositasida qanday chastotali lug‘atlar tuzilgan?
5. O‘zbek tilshunosligida asosan qanday matnlar lingvostatistik metodlar orqali tekshirilgan?
MATNNING KOGNITIV-DISKURSIV TAVSIFIY XUSUSIYATLARI
O‘quv qo‘llanmaning yuqoridagi sahifalarida matnni turlicha jihatlarnini tadqiq qilish mumkinligi haqida fikr bildirildi. Keyingi vaqtda matnni kognitiv-diskursiv xususiyatlarini ham tadqiq qilish borasida ilmiy izlanishlar vujudga kelmoqda. Quyida shu haqida fikr yuritmoqchimiz. Ammo matnning kognitiv-diskursiv tavsifiy xususiyatlari borasida fikr bildirishdan avval kognitiv lingvistika, uning vujudga kelishi, asosiy tushunchalari va yo‘nalishlari xususida ma’lumot berish o‘rinli deb hisoblaymiz, chunki kognitiv lingvistika borasida o‘zbek tilida manbalar juda kam.
Til birliklari va “ular asosida yotuvchi bilim strukturalari” mental birliklardir, ular o‘zlarini belgilar sistemasi sifatida namoyon qilib, borliqni anglashda va mavjud bilimlarni uzatishda faol ishtirok etadi. F. de Sossyur fikricha, belgilar sistemasi ifoda plani va mazmun planiga ega bo‘lgan holda ma’lumotni muayyan shaklda uzatuvchi inson ishtirokini taqozo qiladi. An’anaviy lingvistikada, asosan, belgining ifoda plani va mazmun planiga e’tibor qaratilar edi, kommunikatsiya jarayonining realizatori bo‘lgan insonning o‘zi esa tadqiqotchilarning nazaridan chetda qolib keldi. Voholangki, “ifoda plani ham mazmun plani ham ushbu jarayonni amalga oshirayotgan inson tomonidan tanlanadi”. 183 Bu tanlov inson tomonidan uning falsafiy, ensiklopedik, etnografik, lingvokulturologik bilimlari, kommunikativ akt kechayotgan vaziyat, insonning emotsonal holati va b. asosida amalga oshiriladi. Shu tariqa, qiyosiy-tarixiy, struktur, funksional va kommunikativ lingvistika bilan bir qatorda kognitiv lingvistika ham shakllanib bordi. Kognitiv lingvistika tilni “inson ongida fikrlarni shakllantiruvchi va ifodalovchi, bilimlarni saqlovchi va tashkil qiluvchi vosita” sifatida o‘rganadi. 184 Tilni shunday tushunish va uni tadqiq qilishga bo‘lgan bunday yondashuv tilga kognitiv yondashuv nomini oldi.
Tilni kognitiv yondashuv asosida tadqiq qilish kognitsiyaning til ifodasini o‘rganish bilan bog‘langan. N.N.Boldirev fikricha: “ Kognitsiya –bu ma’lumotlarni, bilimlarni olish, qayta ishlash, eslab qolish, xotirada tiklash va foydalanishning har qanday ongli yoki ongsiz jarayonidir. U o‘zida quyidagi psixologik jarayonlarni mujassamlashtiradi: 1) dunyoni qabul qilish; 2) kuzatish; 3) kategoriyalarga ajratish; 4) tafakkur; 5) nutq; 6) tasavvur “.185
Kognitiv lingvistikaning shakllanishida tilshunoslikdagi quyidagi yo‘nalishlar nazariy asos sifatida xizmat qildi:
semasiologik nazariya (Y.D.Apresyan, N.V.Nikitin va b.);
semasiologik grammatika nazariyasi (Y.S.Stepanov);
tilni mantiqiy analiz qilish nazariyasi ( N.D.Arutyunova);
nutqiy tafakkur nazariyasi (S.D.Katsnelson);
nominatsiya nazariyasi yoki onomasiologik nazariya (E.S.Kubryakova);
germenevtika (G.I.Bogin);
nutqiy faoliyatning psixologik konsepsiyalari (A.R.Luriya, A.A.Leontev va b.).186
Tilshunoslikni kognitsiyaning bilimlarni til shaklida kodlashtirilgan turli strukturalari bog‘langan aspekti qiziqtiradi. Shundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, kognitiv lingvistikaning asosiy vazifasi tilda aks etgan bilimlar sistemasini, ya’ni bilimlarni uzatish, saqlash, tashkil qilish, xotirada tiklash va bilimlarga ta’sir etishning til shakllarini o‘rganishdir. Kognitiv lingvistikaning asosiy maqsadi – “tilni tadqiq qilish orqali bilimlarning turli strukturalariga kirib borish hamda til va ular o‘rtasidagi bog‘liqliklarni tavsiflash”dan iboratdir.187
Kognitiv lingvistikaning bosh tadqiq ob’ekti sifatida kognitiv faoliyat sifatidagi til qatnashadi, zero til “bilishning ajralmas qismi bo‘lib, madaniy, psixologik, kommunikativ va funksional faktorlarning o‘zaro aloqasini aks ettiradi”.188
Kognitiv lingvistika XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab juda tez rivojlandi. U kognitiv fan zamirida shakllandi. Kognitiv fan fanlararo bog‘liqlik xususiyatiga ega fan bo‘lib, u “insonning kognitiv imkoniyatlarini yagona mental mexanizmga birlashtirish va ularning o‘zaro aloqasi hamda o‘zaro ta’sirining umumiy prinsiplarini tadqiq qilish bilan shug‘ullanadi”.189 Kognitiv lingvistikaning paydo bo‘lishi tadqiqotchilarning borliq, tafakkur, ong va tilning o‘zaro aloqasi hamda fikr ijod qiluvchi va nutqni vujudga keltiruvchi insonga bo‘lgan qiziqishining o‘sishi bilan bog‘liqdir. Bu bilan bog‘liq ravishda til “borliqning inson aqli tomonidan qay tarzda ko‘rilganligi va tushunilganligini,borliq ong tomonidan qay tarzda qayta ishlanib, kategorizatsiya qilinganligini aniqlovchi vosita” sifatida qarala boshlandi. 190
“Ong, -deb yozadi E.S.Kubryakova, bu miyaning shunday tarkib toptiruvchi infrastrukturasiki, unda inson hayoti davomida to‘planilgan tasavvurlar, taassurotlar, his-tuyg‘ular va fikrlar ko‘rinishidagi obrazlarni yoki yagona konseptual sistemaning konseptlarini aks ettiruvchi barcha mental tajriba mujassamlangan bo‘ladi”. 191
Ong “kognitiv daraja sifatida” ikki qismga bo‘linadi: til ongi va tilga taalluqli bo‘lmagan ong. “Inson ongi nafaqat o‘zaro bog‘langan mantiqiy hukmlar, tushunchalar va aqliy xulosalar sistemasi shaklida to‘planilgan hayotiy tajriba, borliq va o‘zi haqidagi bilimlar yig‘indisini, balki verbal bilimlar, tilni, uning morfologik, fonologik, mantiqiy, pragmatik, sintaktik va b. sistemalarini bilishni ham o‘zida mujassamlashtiradi. Bu bilan til ongi boshqa “bilimlar bloki”ning ichiga kirib boradi va ongimizning eng muhim qismi hisoblanadi”.192 Shu tariqa, til ongi, bu – ongning “ til ma’nolariga ega yig‘indidan iborat qismidir”.
Kognitiv lingvistika nuqtai nazariga ko‘ra ong to‘plangan bilimlar hisoblansa, ushbu bilimlarning yig‘uvchisi bo‘lib tafakkur hisoblanadi. Ko‘rinadiki, “tafakkur va ongning mavjud bo‘lishi va joriylanishi o‘zaro shartlangan: ong (to‘plangan bilimlar holati) tafakkur jarayonini ta’minlab beradi, u esa, o‘z navbatida, bilimlar (ongning) to‘planish va sistematizatsiya qilinish manbai hisoblanadi”. Inson tomonidan bilimlar to‘plash, ya’ni tafakkur jarayoni ikki vaziyatning mavjudligi sharti bilan kechadi. Bu, birinchi tomondan, tafakkur jarayonida borliqning aks etishi bilan, ikkinchi tomondan, uni kodlashtiruvchi belgi sifatidagi tilning mavjudligi bilan bog‘lanadi. T.A.Fesenko ta’kidlaganidek: “Agar ong (tafakkur ham) fikrning mantiqiy shakllarida borliqni aks ettiruvchisi bo‘lsa, til (turli til formulalari vositasida) tafakkurimizning ifodalovchisi sifatida qatnashadi”. Shunga ko‘ra, kognitiv lingvistika borliq, tafakkur, ong va tilning o‘zaro bog‘liqligidan kelib chiqib, “ bilim olish, uni qayta ishlash, qayta fikrlash va uni matnlarda voqelanish jarayonlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqliklarni o‘rganadi”.
Kognitiv lingvistikaning bugungi kunda quyidagi asosiy yo‘nalishlari mavjud:
Dostları ilə paylaş: |