XX asr boshlarida Turkistonda matnni tanqidiy o‘rganishga e’tibor kuchaydi. Turli matbaa yoki kutubxonalarning tashkil qilish muayyan ma’noda o‘zbek matnshunosligining yangicha yo‘nalishda rivojlanishiga sabab bo‘ldi. 1920 yilning mart oyida Turkiston Markaziy ijroiya qo‘mitasi Turkiston davlat nashriyotini (Turkdavnashr) ta’sis etish haqida qaror qabul qiladi. Unga o‘lkadagi barcha nashr ishlarini birlashtirish, qog‘oz taqsimoti va bosmaxona jihozlarini nazorat etib, rahbarlik qilish vazifalari yuklandi. Ushbu nashriyotda bosilishi mo‘ljallangan asarlar o‘z tarkibiy tuzilishi, shakl va mazmuni bilan G‘arb an’analarini o‘zida aks ettirishiga alohida e’tibor berildi. Shu jarayonda yozma yodgorliklarning o‘rganilishi va nashr qilishiga bog‘liq masalalarga jadidlarning katta qiziqish bilan qaraganini ko‘rish mumkin. Ular jahon tamadduni yutuqlarining targ‘ibotchilari bo‘lish bilan birgalikda qadimiy milliy yozma adabiy merosimizni benihoya qadrlaguvchi, uning fidoyisi va tadqiqotchisi ham edilar. Badiiy asarlarning muallif matniga ega bo‘lish yoki muallif matniga yaqin ishonchli qadim va to‘g‘ri qo‘lyozma nusxasini qo‘lga kiritish har qanday olim va fozil kishining orzusi, ideali bo‘lgan. XIX asr ikkinchi yarmi – XX asrning dastlabki yigirma yilida shaxsiy kutubxonalarning katta qismini osori atiqaga aylanib borayotgan o‘rta asrlar qo‘lyozma kitoblari tashkil etardi. Jumladan, Turkiston jadidchilik harakati etakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy fan, san’at va madaniyatning rivojida o‘tmish madaniy-ma’naviy yodgorliklarini o‘rganish, targ‘ib etish muhim deb hisoblagan va 1913-yili o‘z xususiy nashriyoti – “Nashriyoti Behbudiya”ni tashkil qilgan edi. Ayni vaqtda Behbudiy kitob do‘konlari tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha katta ishlar olib borgan. U Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qo‘qon va Namanganda kitob do‘konlari ochdi. Ma’rifatparvar Behbudiy har bir nashr uchun tayyorlanayotgan asar matnini jiddiy tekshirgan. Hatto u “Nashriyoti Behbudiya” uchun ba’zi asarlarning matnini tanqidiy o‘rgangan, kerakli joylarini tahrir etgan. Adabiyotshunos olim A. Hayitmetov ushbu davr o‘zbek matnshunosligi rivojlanishi xususida so‘z yuritar ekan, shularni yozadi: “Bizda matnshunoslikning taraqqiyoti matnshunos olimlar nomi bilangina bog‘liq emas. Birinchi manbalar ustida ilmiy-tadqiqot olib boruvchi ko‘pgina adabiyotshunoslar asosiy kasbiga ko‘ra matnshunos bo‘lmasa ham, tekstologik tekshirish ishlari olib borishga majbur bo‘lgan va bu sohada muhim vazifalarni amalga oshirib, tekstologiya rivojiga o‘z hissalarini qo‘shganlar”. Olimning mazkur mulohazalari jadidlar faoliyatida to‘liq tasdiqlandi.
Vadud Mahmud, Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdurahmon Sa’diy, Sadriddin Ayniy, Hodi Zarif kabilar mumtoz adabiyot vakillari merosini ilmiy muomalaga kiritish va xalqni ularning ijodlari bilan tanishtirishda katta vazifalarni bajardilar. Masalan, adabiyotshunos, shoir, publitsist Vadud Mahmudni to‘la ma’noda matnshunos deya olmaymiz. Lekin uning ilmiy maqolalari, jumladan, “Navoiygacha turk adabiyoti”, “Alisher Navoiy”, “Fuzuliy Bag‘dodiy” kabi ishlarida qo‘lyozma va toshbosma nusxalardan “misqollab” yiqqan faktlari Alisher Navoiy va Fuzuliy hayoti va ijodini muxtasar yoritib beradi”. Vadud Mahmud XX asrdagi dastlabki o‘zbek navoiyshunoslardan edi. U “Alisher Navoiy” maqolasini qo‘lida mavjud bo‘lgan shoir asarlaridan “CHor devon”, “Xamsa”, “Tarixi muluki Ajam”, “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”ning qo‘lyozma nusxalari asosida tayyorlaganini qayd etadi.11 Ayni shu davrdan boshlab o‘zbek matnshunosligi tarixida ilmiy yo‘nalish shakllana boshladi. Jadid ijodkorlari o‘zbek adabiyoti namunalarini qiyosiy tahlil qilish ishlarini boshlab berdilar. Garchi ularning ishlari umumiy tanishtiruv yo‘sinida tanqidiy munosabatdan xoli bo‘lsa-da, o‘zbek matnshunosligini jahon matnshunosligi o‘zaniga tushirishga xizmat qildi. Og‘zaki va yozma merosni o‘rganish, turkiy xalqlarning o‘tmish madaniyatini, ruhiyatini teran anglash jadidchilik g‘oyasini mustahkamlash hamda kengaytirish maqsadidan kelib chiqqan edi. Ma’rifatparvarlarning qo‘lyozma va toshbosma nusxalarni qiyosiy o‘rganish, ilmiy tahlil qilish va nashr ettirish ishlariga keng e’tibor berishlar matnshunoslik rivojida yangi, tom ma’noda ilgarigi bosqichlardan o‘zining ilmiy yo‘nalishi bilan tubdan farq qiluvchi yangi bosqichga o‘tishga ko‘prik vazifasini bajardi.
Bu davrdagi muhim yutuqlar sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin: Qozon universiteti qoshidagi “Arxeologiya, tarix va etnografiya jamiyati” a’zosi sifatida 1913 yili Farg‘onaga qilgan ilmiy safarida sharqshunos olim Ahmad Zakiy Validiy To‘g‘on Namangandagi Muhammadhoji Eshon Loloresh qo‘lidagi “Qutadg‘u bilig”ning nusxasini aniqladi. Bundan tashqari, Validiy Mashhadning “Ravza” kutubxonasida ishlash davomida X asr Movarounnahr va Bulg‘or tarixi bo‘yicha benihoya muhim materiallar beruvchi Ibn Fazlonning Bag‘doddan Bulg‘orga safari taassurotlarini aks ettirgan “Risola”sini topib, ilm ahliga ma’lum qildi (1924). Professor Abdurauf Fitrat 1924 yili Muhammadhoji Eshon Loloreshdan “Qutadg‘u bilig” asarining mazkur nusxasini olishga muyassar bo‘ldi va maxsus maqola yozdi, 1928-yili asarning ayrim parchalarini zarur izohlar bilan nashr etildi.