2.2 Ilmiy-tanqidiy matn yaratish zamon talabi
Matn tarixini tiklashning xalqimiz ma’naviy hayoti tarixidagi o‘rni beqiyos. Zero, qadimiy qo‘lyozma kitob matnlari davr ruhini aks ettiradi. Ularni jiddiy o‘rganish muallifning dunyoqarashi, voqelikka munosabati, davr ilm-fani darajasi va siyosiy jarayonlari haqida muayyan tasavvur berishi mumkin.
Matnshunos oldida turgan bosh vazifalardan biri – matn tarixini tiklash, tadqiq doirasiga jalb etilgan manbaning turli nusxalarini qiyosan o‘rganish, tadqiq etish, ular asosida matnning asosiy variantini yaratish va ilmiy muomalaga kiritishdir.
Matn tarixi muayyan matn haqidagi barcha ma’lumotlar yig‘indisidir. U asarning shakl va mazmuni haqida aniq tasavvur beradi, matnga oid bilvosita va bevosita ma’lumotlarning barchasini qamrab oladi. Matn tarixini o‘rganishda tarixiy yoki adabiy yodgorlikning yaratilgan va ko‘chirilgan davrini aniqlash, manba nusxalari ko‘p bo‘lsa, ularning o‘zaro bog‘liqligini o‘rganish muhim hisoblanadi. Shu sababli yodgorliklar matni ustida tekstologik tadqiqotlar olib borishdan avval shu yodgorlikning mavjud barcha qo‘lyozmalarini yig‘ish, ko‘chirilish davri, matniy to‘liqligiga qarab tasniflash va shundan keyingina uning tarixini kuzatish lozim. Chunki har bir qo‘lyozma birinchi navbatda o‘z davrining tarixiy yodgorligi sifatida o‘zigagina xos bo‘lgan muayyan tarixga ega.
Matn tarixini o‘rganish qo‘lyozma nusxaning mavjud nusxalarini o‘zaro qiyosiy tekshirishdan boshlanadi. Matnlar to‘liq, nuqsonli, tuzatilgan (redaksiyaga uchragan) yoki tugatilmagan ko‘rinishlarda uchraydi. Qo‘lyozma nusxalarda uning tarixi bevosita qayd etilgan yoki bilvosita aniqlanadigan belgilar yordamida tiklanadi. Bevosita belgilarga qo‘lyozma asarning yaratilish va ko‘chirilish sanalari, muallif va uning asarni yozish maqsadi ifodalangan so‘zboshisi, kotib nomi yoki uning qaydlari kabi matnshunoslik uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan tavsifiy mezonlar kiradi. Bilvosita belgilarga ushbu asar va uning muallifi haqida turli asarlar, xususan, tazkiralarda berilgan ma’lumotlar, shuningdek, qo‘lyozma nusxalarni qiyoslash natijasida olinadigan tekstologik natijalar kiradi.
O‘zbek matnshunosligi qo‘lga kiritgan tajribalar keng ilmiy jamoatchilik tomonidan ma’qullandi. Adabiyotshunos B. Valixo‘jaev klassik adabiyot asarlarining nasriy bayonini asl she’riy matndan alohida tarzda emas, balki kitob betining bir tomonida asl – she’riy nusxa va ikkinchi betida uning nasriy sharh yoki bayonini keltirish tajribasini ma’qulladi va bu an’anani izchil davom ettirishni tavsiya qildi.13
O‘tgan asrning 60–80-yillari “Xamsa”dostonlari bir necha marta alohida va to‘liq hollarda ommaviy nashrga tayyorlandi. “Xamsa”ning 500 yilligi munosabati bilan chop etilgan ommaviy matn variantiga filologiya fanlari doktori Porso Shamsiev tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matnlar hamda izohlar asos qilib olindi. Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi munosabati bilan chop etilgan 20 jildlik asarlar to‘plamidagi matnlar shu davrgacha tuzilgan barcha ilmiy-tanqidiy va ilmiy-ommaviy matnlar asosida yaratildi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot instituti va H. Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti olimlari tomonidan amalga oshirilgan bu nashrdan maqsad buyuk shoirning she’riy, nasriy va ilmiy merosini to‘laligi bilan kitobxonlar ommasiga etkazib berish edi. Ilmiy-ommaviy matn prinsiplarining boshqa matn shakllari prinsiplaridan asosiy farqi, birinchidan, hozirgi o‘zbek yozuviga transliteratsiya qilinishi bo‘lsa, ikkinchidan, keng o‘quvchilar auditoriyasi talablarini nazarda tutishidir. Masalan, “Majolis un-nafois” ilmiy-tanqidiy matni Alisher Navoiy asarlari 15 jildligi o‘n ikkinchi jildi, Alisher Navoiy to‘la asarlari 20 jildligi o‘n uchinchi jildi nashri uchun asos qilib olindi.
“Majolis un-nafois” asari matniga berilgan sharhlar mazmun-mohiyati nuqtai nazaridan turli xil bo‘lib, ularni shartli ravishda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
– matnda uchraydigan arab, fors tillaridagi qiyin so‘z va iboralar tarjimasi;
– murakkab tashbehli va ramzli baytlar sharhi;
– matnda tilga olingan asarlar va ularning mualliflari haqidagi ma’lumotlar;
– she’riy san’atlarga doir izohlar;
– tarixiy va afsonaviy shaxslar tavsifi;
– muammoli yoki ilmiy–tadqiqotlarga turtki bo‘ladigan sharhlar.
Keltirilgan nisbiy tasnifdan ma’lum bo‘ladiki, S.G‘anieva matn sharhini berishda adabiyotshunoslik, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi, tarix, tilshunoslik fanlariga murojaat etadi. S.G‘anieva yozgan matn sharhlarining ahamiyatli tomoni yana shundaki, olima matn bilan bog‘liq deyarli har bir nuqtaga e’tibor qaratgan, matn sharhini berishda chuqur ilmiy izlanish olib borgan. Aslida S.G‘anievaning barcha asar sharhlaridagi – ilmiy, badiiy va tarixiy ma’lumotlarni bir joyga jamlansa, kattagina bir asar vujudga keladi.
O‘zbek matnshunosligida yig‘ma-qiyosiy matn tuzishning o‘ziga xos prinsiplari N.Rahmon tomonidan tayyorlangan “Oltin yorug‘” matnida ko‘rinadi. Mazkur asar qo‘lyozmasi qadimgi uyg‘ur-turk tilida yozilgan bo‘lib, 1910 yili rus olimi S.Malov tomonidan topilgan va birinchi marta V. Radlov bilan hamkorlikda eski uyg‘ur-turk alifbosida nashr etilgan edi. Turk olimi Cheval Qoya tomonidan ushbu asar o‘rganilib, 1994-yili Turkiyada chop etildi. U garchi Radlov-Malov nashri asosida Berlin Fanlar akademiyasi va Mayiz fondida saqlanayotgan 20ga yaqin nusxa parchalarini o‘zaro qiyoslab, asarning mukammal matnini amalga oshirgan bo‘lsa-da, asar tilining murakkabligidan uni turk tiliga tabdil qilmagan. Asar 1986 yili Xitoyda uyg‘ur tiliga tabdil etilgan, ammo N.Rahmonning yozishicha, tabdil ancha erkin bo‘lib, asl matndan uzoqlashgan. O‘zbek olimi asarning Xitoyda uyg‘ur tiliga qilingan tabdili va Cheval Qoya nashrini Radlov-Malov matni bilan o‘zaro qiyoslab, asarning yig‘ma-qiyosiy matnini tuzib chiqdi va qadimiy turk tilidan lotin yozuviga tabdil qildi. Matnshunos olim matn uchun tayanch sifatida Radlov-Malov matnini tanlab, Xitoy va Turkiyada chop etilgan matnlardagi tafovutlarni matn ichida qavsda berib borish prinsipini qo‘llagan. N. Rahmon matnining yana bir xususiyati, har bir matn bo‘lagi o‘zbek tiliga tarjima qilinib tabdil bilan yonma-yon keltirilgan. Olim qo‘llagan prinsiplarni yana shularda ko‘rish mumkin:
1. “Oltun yorug‘”ning asl nusxasidagi satrlar tartibini ko‘rsatish maqsadida har bir satrdagi raqamlar tartibi saqlangan.
2. Hozirgi o‘zbek tilidagi tabdil qadimiy turkchadagi har bir varaqdan so‘ng berilgan. Turkiya yoki uyg‘ur nashrlarida izoh berilmagan o‘rinlarda qavs ichida so‘zlar, qo‘shimchalar kiritilgan.
3. Transkripsiya belgilarini ifodalashda o‘zgarishlar kiritgan(ng o‘rniga ng, sh o‘rniga sh, g‘ o‘rniga gh, til orqa I o‘rniga i, til oldi i o‘rniga ï).
4. Izohlar tartibini asl nusxaning tartib raqamidan ajratish uchun to‘q kursiv bilan berib, ostiga chiziqcha qo‘ygan.14
Yig‘ma-qiyosiy matnni tuzishda mavjud qo‘lyozmalardan tayanch nusxa tanlash, farqlarni ilmiy apparatda ko‘rsatib borish, o‘zi qo‘lga kiritgan yoki imkoniyatida bo‘lgan manbalardan foydalanish asosiy prinsiplardir.
Yig‘ma-qiyosiy matn tuzish prinsiplariga quyidagilar kiradi:
qo‘lyozmalar va jalb etilgan nusxalarning tavsifini keltirish;
barcha qo‘lyozma nusxalarni shartli belgi bilan belgilash;
asliyat (original) yozuvini va matn strukturasini saqlash;
asarning boshqa nusxalari mavjud bo‘lmagan taqdirda to‘liq nusxani tayanch matn sifatida qabul qilish;
ilmiy apparatni qo‘llash;
asosiy matnda yordamchi nusxalarni shartli belgilar bilan nomlash;
matniy tafovutlarni jadvallarda ko‘rsatish;
barcha jalb etilgan nusxalardagi matnlarni umumlashtirish;
matn varaqlarini raqamlab, birinchi betini “a”, ikkinchi betini “b” harflari bilan belgilash.
O‘zbekistonda ilmiy matnshunoslikning rivojlanishi buyuk o‘zbek shoiri va mutaffakkiri Alisher Navoiy asarlarining chop etilishi bilan bog‘liq. Navoiy asarlarining nashrga tayyorlanishi jiddiy ravishda 1938-yildan boshlab, shoir tug‘ilgan kunning 500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik bilan bog‘liq holda hal etila boshlandi. Bunday vazifa shoir asarlarining ilmiy-tanqidiy matnini yaratishni taqozo etar edi. Shunday qilib, turli fond va shaxsiy kutubxonalarda tarqalib ketgan Navoiy asarlarining qo‘lyozmalarini yig‘ish va tasnif qilish ishlari boshlab yuborildi. Xususan, professor A. A. Semyonov [Semyonov 1940] Navoiy nomidagi O‘zSSR Davlat kutubxonasi Sharq bo‘limida saqlangan Navoiy asarlari qo‘lyozmalarining, S. L. Volin Leningrad fondlarida saqlanayotgan Navoiy asarlarining sharhini tuzdi. Ilmiy tanqidiy matnlarni tuzishdan oldin Navoiyning asarlari mavjud qo‘lyozmalar asosida nashrga tayyorlandi. Ular hozirgi zamon o‘zbek tilida nasriy izoh bilan ham chiqarildi1 . U vaqtda, garchi ilmiy-tanqidiy matn tuzish masalasi kun tartibida turgan bo‘lsa-da, uning prinsiplari hali ishlab chiqilmagan edi. 1940-yillarda o‘zbek mutaxassislari Navoiy asarlarining ilmiy–tanqidiy matnini tuzishga kirishdilar. S. M. Mutallibov “Hayrat ul-abror”ning, G‘. Q. Karimov “Layli va Majnun”ning (1944) ilmiytanqidiy matnini tayyorladi.Bu matnlar Navoiy merosini tekstologik jihatdan o‘rganishda dastlabki qadam sifatida qaralishi mumkin. Bu matnlarni tayyorlashda noshirlar uch qo‘lyozma va keyingi yillarda chiqarilgan bosma nusxani asos qilib oldilar.
XULOSA
O‘zbek matnshunosligining ildizi teran. Turkiy tilda matn tuzish an’analari yuzaga kelibdiki, uning bilan izma-iz matn bilimi (matnshunoslik) ham eviga kela boshlagan; matn tuzishning yo‘l-yo‘riqlari, printsiplari va nazariy asoslari ishlab chiqilib, fan sifatida yuzaga kelgan edi.
O‘zbek matnshunosligi o‘zining tarixiy taraqqiyoti davomida bir qancha yuksaluv bosqichini kechirdi. Ilkin bosqichi VI–VIII yuzyilliklarga to‘g‘ri keladi. Uning izlarini, matnga ilmiy munosabat, tayanch hamda asosli matn tuzish borasida to‘plangan bilim va tajribalarning amaldagi tadbiqini xoqonlar, davlat arboblari, sarkardalar xotirasiga bitilgan ko‘hna monumental matnlarda — ko‘k turk bitiglarida kuzatamiz. Ko‘k turk bitiglari o‘tganlarning xotirasiga tiklangan yodgorliklar bo‘luviga qaramay, ularda matn tuzishning aniq printsiplari ishlab chiqilgan edi. Qiziq bir hodisa: adib va tarixchi Yo‘llug‘ tigin 732 yili, otasining topshirig‘iga ko‘ra, amakisi Kul tigin xotirasiga atab bitig yozgan. Oradan ko‘p o‘tmay, 735 yili o‘z otasi Bilga xoqon xotirasiga atab o‘rnatilgan bitigni yozishda ham xuddi o‘sha yo‘lni tutgan: hatto birinchi bitigdagi matnning katta bir bo‘lagini olib, uni tahrir qilib, ikkinchi bitigga ham kiritgan. Yo‘llug‘ tiginning matnshunoslikdagi yutuqlaridan biri shunda ediki, u tarixiy matn tuzish printsiplarini ishlab chiqdi. Ulug‘ adib boshlab bergan an’ana keyingi davrlarda ham davom etdi.
Matnshunoslik tarixida temuriylar davri katta bir yuksalish bosqichi sanaladi. Bu davrda o‘zbek matnshunosligida klassik asarlarni o‘rganish va ularning tayanch nusxalarini yaratish borasida katta yutuqlarga erishildi. Matnshunoslik tarixida ilmiy-tanqidiy matn tuzish tamoyillari ana shu kezlari ishlab chiqildi. Bunga Boysung‘ur mirzo qo‘l ostida Firdavsiy “Shohnoma”sining tanqidiy matni yaratilganligi o‘rnak bo‘la oladi. Matn so‘zboshisini ham Boysung‘urning o‘zi yozgan edi. Yoki Xo‘ja Arslonxon qo‘l ostida, uning ko‘rsatmasi bilan Adib Ahmad Yugnakiy qalamiga tegishli “Hibat ul-haqoyiq” asarining yig‘ma matni yaratildi. Ushbu tayanch matnni 1444 yili Samar qandda Zaynulobidin baxshi uyg‘ur xatida tuzib chiqqan. Asarning qolgan nusxalari esa ushbu tayanch matn asosida yaratilgan.
O‘tmish matnshunosligining diqqatga sazovor muhim belgisi — an’anaviylik va uzluksizlik, shu sohada to‘plangan bilim va ko‘nikmalar amalda qo‘llab kelingani bilan o‘lchanadi.Hozirgi zamon matnshunosligi o‘tgan asrning 30-yillaridagi suronli davrlardan keyin yangidan, aytish mumkinki, yo‘q yerda bo‘y ko‘rsatdi. Shunday esa-da, oz fursatda fanning ilg‘or yutuqlarini egallab, katta mavqega ko‘tarilib ulgurdi. Matnshunosligimizda o‘tgan davr ichida katta ishlar amalga oshdi. Quvonarlisi, hozirgi o‘zbek matnshunosligi, ayrim yo‘nalishlarda, amaliy sohalarda, arab yozuvli manbalarni o‘rganishda yetakchi o‘rinda turadi. Biroq matnshunosligimiz bu yutuqlarda to‘xtab qolmasligi, har qachon ham dunyodagi ilg‘or o‘rinlarni egallamog‘i kerak. Eski va boy yozma merosga ega bo‘lgan xalqning matn bilimi ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim. Tinimsiz izlanishlar, hozirgi zamon matnshunosligining ilg‘or yutuqlariga tayanilgan bilim va tajribalargina soha kelajagiga yo‘l ochadi. Buning uchun, bizningcha, quyidagi jihatlarga e’tibor qaratilgani ma’qul.
O‘zbek matnshunosligi deganda faqat arab yozuvidagi qo‘lyozma manbalarni o‘rganish tushunilmasligi kerak. Uning qamrovi nihoyatda keng: bunga ko‘k turk yozuvidagi bitiglardan tortib uyg‘ur, moniy va islomdan burungi davrlarda boshqa yozuvlarda yaratilgan matnlarni o‘rganish ishlari ham kiradi. Shunday ekan, ota-bobolarimiz islomdan burungi davrlarda yaratgan bitiglarni o‘rganish, ularning ilmiy nashrlarini yaratish ham muhim ishlardan sanaladi. Afsuski, bu yo‘nalishda bitiglar ustida ish olib borayotgan, asl bitiglarni o‘qib, ular bo‘yicha ilmiy-tadqiqot yaratayotgan olimlarimiz barmoq bilan sanarli.Eski zamonlarda O‘rta Osiyo o‘lkalarida qadimgi xorazmiy, sug‘d, forsiy, arab tillarida yaratilgan manbalarni o‘rganish, ularning ilmiy nashrlarini, tarjimalarini yaratish ham o‘zbek matnshunosligining vazifasiga kiradi. Bu yo‘nalishda matnshunoslikda ko‘zga tashlanadigan ishlar yaratildi.O‘zbek matnshunosligining oqsayotgan jihatlari ham oz emas. Bu kamchiliklar, ayniqsa, ilmiy matnlar yaratish jarayonida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Shularning biri, ilmiy transkriptsiya masalasidir. Mutaxassislarga ayon, ilmiy yoki ilmiy-tanqidiy matn tuzishda eng to‘g‘ri va ishonchli yo‘l — matn asli qanday yozuvda bo‘lsa, uni o‘sha yozuvida berishdir. Masalan, arab yozuvli asarning ilmiy matni ham arab yozuvida bo‘lgani yaxshi. Lekin har qachon ham, ayniqsa, qadimgi ko‘k turk, uyg‘ur, moniy yozuvlaridagi bitiglarning ilmiy nashrida buning imkoni topilavermaydi. Tugunning yechimi uchun ilmiy transkriptsiyaga murojaat qilinadi.
Yevropa matnshunosligida ilmiy transkriptsiya allaqachon yaxshi egallangan. Ayonki, fanda ilmiy transkriptsiyada tayyorlangan matnning mavqei, qadri har qachon yuqori turadi. Transkriptsion nashrlar ilmiy qarashlarning yaqinlashuviga, intellekt rivojiga yo‘l ochadi. Biz esa, har qanday yozma merosning ilmiy nashri transkriptsiyada bo‘luvi kerakligini tushunib yetmagandekmiz. Nashrlarimizda, hatto sof ilmiy ishlarda, doktorlik va nomzodlik ishlarida ham ilmiy transkriptsiyaga ko‘pda amal qilinmayapti. Sovuqqonligimiz yaratgan ishlarimizning dunyo darajasiga ko‘tariluviga yo‘l bermayapti,ba’zida.Bu hol bir kun kelib boshqa tadqiqotlarning yo‘lini to‘sib qo‘yishi ham mumkin. Jo‘ngina bir misol. Til tarixida “olov” ma’nosidagi o‘t bilan “o‘tmak” (fe’l) ma’nosidagi o‘t, yoki “yuqori o‘rin” ma’nosidagi to‘r bilan “tuzoq” ma’nosidagi to‘r so‘zlari bir-biri bilan omonim emas, butunlay o‘zga so‘zlardir. Ularning talaffuzi ham farq qilgan: biri ingichka talaffuz etilsa, ikkinchisi yo‘g‘on o‘zaklidir. Hozirgi yozuvga o‘girayotgan matnshunos, tabiiyki, ularni o‘t hamda to‘r shaklida beradi. Mabodo siz matndagi so‘zlarning sanog‘ini bilish uchun kompyuterga kiritsangiz, kompyuter so‘zlarning yozilishiga qarab, ularni qorishtirib yuboradi, so‘zlarni xato hisoblab chiqadi. Bu esa tarixiylikka zid (Buni o‘zimizcha to‘qib emas, hozirgacha yaratilgan ayrim ishlar misolida aytmoqdamiz). Shu yo‘ldan boriladigan bo‘lsa, qanchadan-qancha so‘zlarni boy beramiz. Transkriptsiyaga amal qilmaslik oqibatida kelib chiqayotgan shu va shunga o‘xshash salbiy holatlar bir dunyo.Ilmiy transkriptsiyaning foydasi katta: u matn tilini yaxshi aks ettiradi; matn talqinini yengillashtiradi.
Dostları ilə paylaş: |