Mavzu : O’sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik yo’lida tarbiyalashda jismoniy tarbiya va sportning o’rni.
Reja :
Yosh avlodni vatanparvarlik yo’lida tarbiyalash
Jismoniy tarbiya va sport-umuminsoniy madaniyatning tarkibiy qismlari
3.Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda Amir Temur o‘gitlaridan foydalanish
Hozirgi vaqtda, O’zbekistonda Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan bir necha qonun va qarorlar ana shu muammolarni bartaraf etish, yoshlarning jismoniy tarbiyasini yaxshilash maqsadidadir va bu borada sezilarli amaliy ishlar ham amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda Respublikamizda bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, 2018-yilning 23 fevral kuni Vazirlar Mahkamasining 140-sonli qarori bilan Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash konsepsiyasi kuchga kirdi. Bu Konsepsiya – mamlakatda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy tamoyil va ustuvor yo‘nalishlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi murakkab globallashuv davrida, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan bir sharoitda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bilan bog‘liq dolzarb vazifalar va ularni hal etish yo‘llari, davlat va nodavlat tashkilotlar, oila, mahalla, ta’lim-tarbiya institutlarining bu boradagi roli va ahamiyatini, o‘zaro hamkorligini milliy va xalqaro huquqiy normalarni hisobga olgan holda belgilab beradi.
Jismoniy jihatdan sog’lom rivojlanishda esa jismoniy tarbiya, sport va sog’liqni saqlash tizimini ahamiyati bebahodir.Oxirgi 20 yil mobaynida olimlar tomonidan salomatlik holati uchun qanday miqdoriy va sifatli ko’rsatkichlarni asos qilib olinish zarurligi, salomatlikka xos bo’lgan hamma jarayonlarni qamrab oladigan ta'rifni " shakllantirish, salomatlikni kasallik holatidan farqlanishi, uchinchi yoki oraliq holat uchun xos bo’lgan belgilarni ajratish va qanday yo’llar va vositalar" yordamida sog’liqni saqlash va tiklash kabi muammolarni hal etish ustida ilmiy tadqiqotlar o’tkazildi . Olimlarning fikriga ko’ra, salomatlikning holatiga turli omillarning ta'siri quyidagi miqdoriy ko’rsatkichlar bilan ifodalandi: irsiyat-20%, tashqi muxit ta'siri 20%, turmush tarzi 50%,.tibbiy yordam darajasi 10%. Demak, odam salomatligi bu ijtimoiy, tashqi muxit va biologik omillarining bir - biri orasidagi murakkab munosabatlar natijasidir. Bu borada yangi ilmiy yo’nalish valyoologiya;. Fani vujudga keldi, Valeologiya so’zi yunoncha Va1eo so’zidan olingan bo’lib, uning ma'nosi «salomat bo’lish» deganidir. Bu atama birinchi marotaba 1982 yilda_I.I. Brexman, tomonidan taklif etilgan. Jismoniy tarbiya va sport bilan sho’gullanish jismonan sog’lom va hayot mobaynida faoliyatning barcha turlarini oliy darajada qodir shaxsning shakllanishiga ijobiy ta'sir kursatadi. Ikkinchi tomondan, u tarbiyaviy ahamiyatga ega. Shaxsning keng dunyoqarashga ega bo’lishini, ma'naviy, ijtimoiy va biologik barkamollikka erishishini, kasalliklarga chalinmaslik xo’susiyatiga ega bo’lishini ta'minlovchi asosiy omillardan biridir. Jismoniy tarbiya va sport bilan shugullanishning rivojlanayotgan organizmga, ijobiy ta'siri zaminida organizmdagi xamma a'zolar, tizimlar va yaxlit organizmning ichki va tashqi muhitlar o’zgarishlariga, ijtimoiy hayotda yuz beradigan o’zgarishlarga keng miqyosda moslashish xususiyatlarining shakllanishi yotadi. Kam xarakatlik (gipodinamiya) sharoitida voyaga etayotgan bolalar va o’smirlar organizmining va a'zolarining moslashuv xususiyati qoniqarli darajada bo’lmaydi. Shu sababli ularning organizmi_tashqi muxitning ichki muxitning hamda ,faoliyatning turli va keskin o’zgarishlariga o’z vaqtida va etarli darajada moslasha olmaydi. Natijada bolalar organizmida turli xil patologik jarayonlar va kasalliklar kelib chiqadi. Bu hol, ayniqsa, voyaga etgan yosh ayollar a'zolarining xomiladorlikka xos bo’lgan yuqori va uzluksiz ortib boruvchi faollikni bajarishga moslasha olmasligi oqibatida ko’plab kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo’ladi.O’z o’rnida bunday ayollardan tug’ilgan avlodlarning ham hayoti mobaynidagi moslashuv xususiyatlari cheklangan bo’lishi mumkin. Sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya jarayonida hal qilinishi lozim bo‘lgan ta’lim vazifalari hayotiy muhim, professional sport amaliy harakatlariga o‘rgatish va sog‘lom hayot tarzi ko‘nikmalarini tarbiyalashni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi asoslarini o‘rganish ham ta’lim vazifalaridan biri hisoblanadi. Amalda mustahkamlangan bilimlar asosida sog‘lomlashtiruvchi jismoniy mashqlar bilan muntazam shug‘ullanishning foydasi va zaruriyatiga ishonch shakllanadi.
Salomatlikni mustahakamlash, tanani chiniqtirish, uning turli kasalliklarga qarshiligini oshirish bu pedagogik jarayonning sog‘lomlashtiruvchi vazifalari hisoblanadi. Sog‘lomlashtiruvchi vazifalarning muvaffaqiyati jismoniy mashg‘ulotlarning sog‘lomlashtiruvchi pedagogik prinsiplari talablariga rioya qilishga bog‘liqdir. Sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda o‘quvchilarning jismoniy rivojlanishi bilan bog‘liq muhim masala hal etiladi.
Jismoniy rivojlanish deganda organizm shakli va funksiyalari yetilishining pedagogik jarayoni tushuniladi. Jismoniy rivojlanish inson kuchi yetilayotgan paytda, shuningdek uning salomatligida maxsus tashkil etilgan tarbiya ta’siri ostida ro‘y berayotgan sifat o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Bu ma’noda u jismoniy tarbiyaning natijasi sifatida ko‘rib chiqiladi.
Jismoniy yetuklik shaxsni jismoniy tarbiya vositalari yordamida shakllantiruvchi pedagogik jarayon natijasidir. Ta’lim berish- yuksak ishchanlik qobiliyatini tarbiyalash, salomatlikni asrash va mustahkamlash, sog‘lom hayot tarziga yo‘naltirish uchun kerak bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalar bilan yoshlarni qurollantirishdir.
Mazkur Konsepsiyada yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga jismonan va ma’nan sog‘lom avlodni tarbiyalashga oid yaxlit ta’lim-tarbiya tizimining uzviy va ajralmas bir qismi sifatida qaralib, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi talablari asosida milliy va jahondagi ilg‘or tajribalar, bugungi O‘zbekiston hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda takomillashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlari asosan toʻrt bosqichda amalga oshiriladi. 1-bosqich 3-7 yoshdagilar, 2-bosqich 7-16 yoshdagilar, 3-bosqich 16-18 yoshdagilar, 4-bosqich 18-30 yoshdagilar kiradi.
Birinchi bosqich (3-7 yoshdagilar) atrofdagi olam, vatan haqida dastlabki tasavvurlar paydo bo‘ladigan bosqich hisoblanib, unda oila va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga turli she’rlar, kuy va qo‘shiqlar o‘rgatish, multfilm va turli o‘yinlar namoyish etish, rasmlar chizish orqali dunyoni anglash, davlat ramzlari (bayroq, gerb, madhiya) bilan tanishish asosida ularda ona yurtga muhabbatni shakllantirishni o‘z ichiga oladi.
Ikkinchi bosqichda (7-16 yoshdagi bolalar) o‘quvchilarning vatanga muhabbati va sadoqatini mustahkamlash, harbiy xizmatga va ona yurt oldidagi farzandlik burchini yuksak mas’uliyat bilan bajarishga bo‘lgan havasini oshirish, ularda Qurolli Kuchlarimizga bo‘lgan ijobiy fikrlarni yanada kuchaytirish, yoshlarning jismonan sog‘lom, kuchli va irodali ma’naviy yetuk, keng dunyoqarashli, mustaqil fikr yuritadigan barkamol inson sifatida shakllantirish kabi ezgu ishlarga da’vat etiladi.
Uchinchi bosqich (16-18 yoshdagi o‘smirlar) yoshlarda vatanga va uning himoyasi uchun munosib xizmat qilishga ruhan va jismonan tayyorlikni ta’minlashga yo‘naltiriladi.
To‘rtinchi bosqich (18-30 yoshdagilar) yoshlarning jismoniy va ma’naviy qobiliyati, yetakchilik ko‘nikmalari va intellektual salohiyati, umumiy va professional malakasini oshirish, ularni o‘z ustida muntazam ishlash, sog‘lom hayot kechirishga undash va shunga erishishni nazarda tutadi .
Respublika hukumati ozod O‘zbekistonda aholini jismoniy tarbiya va sport vositalari yordamida sog‘lomlashtirish, sog‘lom avlodni tarbiyalash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish masalalarini hal etishni muhim vazifalar deb hisoblaydi. «O‘zbekiston mustaqilligi- bizning ma’naviy va madaniy boyligimiz gurkirab o‘sishi uchun muhim asosdir»,-deb yozadi Respublika Prezidenti I.Karimov o‘zining «O‘zbekiston yangilanish va taraqqiyotning o‘z yo‘li» kitobida.
Jismoniy tarbiya va sport-umuminsoniy madaniyatning tarkibiy qismlaridir. Shu sababli davlatimizda jismoniy tarbiya va sport taraqqiyoti muammolariga chuqur e’tibor berilishi lozim. Bu borada O‘zbekiston Respublikasining «Jismoniy tarbiya va sport haqida» gi Qonuni muhim ahamiyatga ega.
Bu qonunda yoshlarni sog‘lomlashtirish shakllari va usullarini muntazam takomillashtirish haqida alohida ta’kidlanadi. Chunki davlat kelajagi ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom yoshlar qo‘lidadir.
Sog‘lom avlod- nafaqat jismonan, balki aqlan yetuk avloddir. Har tomonlama komil shaxsni tarbiyalash uchun tibbiy-psixologik xizmatni tashkil etish, bog‘cha yoshdagi bolalar va yoshlar, shuningdek katta yoshdagi aholi bilan jismoniy sog‘lomlashtirish ishlarini tashkil etish kerak. Buning uchun eksperimental-asoslangan sog‘lomlashtirish dasturlarini ishlab chiqish va ularni o‘quv-sog‘lomlashtirish pedagogik jarayonga jismoniy tarbiya va sport vositalari yordamida tadbiq etish lozim.
Jismoniy madaniyat-umummadaniyatning tarkibiy qismidir. U nafaqat salomatlikni mustahkamlaydi, balki ayrim tug‘ma orttirilgan kasalliklardan forig‘ qiladi, osteoxondroz, tromboflebit kabi kasalliklarning oldini olishga yordam beradi. Jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish-bu jismoniy mashqlarni muntazam bajarish, kun tartibiga va gigiena qoidalariga rioya qilish, tanani quyosh, havo va suvdan samarali foydalanib chiniqtirish demakdir. Jismoniy madaniyatning tarkibiy qismi- bu sportdir. Sport bilan shug‘ullanish-doimiy mashg‘ulotlar, doim ortib boruvchi yuklamalar yo‘li bilan musobaqalarda yuqori natijalarga erishish demakdir.
Yoshlarni valeologik tarbiya qilish-davlat ahamiyatiga molik ish bo‘lib, hukumatimiz unga katta ahamiyat bermoqda. Shu sababli «Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida» gi Qonunda, «Sog‘lom avlod uchun» hukumat qarorida yosh avlodni, yoshlarni sog‘lomlashtirish tizimini ko‘rib chiqish va tadbiq etish zarurati haqida so‘z boradi. Shuning uchun sog‘lomlashtirish tadbirlari tizimi yoshlar ijtimoiy hayotida «salomatlik-yuksak obro‘» degan tushunchani targ‘ib etib, ularni jismoniy mashg‘ulotlar bilan muntazam shug‘ullanishga zararli odatlar (aroqxo‘rlik, kashandalik va h.z.) dan voz kechishga, to‘g‘ri ovqatlanish, sog‘lom hayot tarzi yuritishga yo‘naltirishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining direktiv hujjatlarida ham har tomonlama yetuk, faol shaxsni shakllantirishda sog‘lomlashtiruvchi jismoniy mashqlar yordamida kasalliklarni profilaktika qilishning muhim o‘rni haqida so‘z yuritiladi. Sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya yoshlarni jismoniy mashqlar va sport bilan shug‘ullanishga ehtiyojni mustahkamlash, ularning psixofiziologik asoslarini anglash, jismoniy quvvat va salomatlikni rivojlantirish, sanitar-gigienik ko‘nikmalarni hosil qilish, sog‘lom hayot tarzi yuritishga yo‘naltirilgan ko‘p qirrali pedagogik jarayondir.
Sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiyada yoshlarda jismoniy mashg‘ulotlar va sportga ehtiyojni shakllantirish, jismoniy quvvatni va xarakterni mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiyaning muhim komponentlaridan biri yoshlarni jismoniy mashg‘ulotlarning sog‘lomlashtiruvchi samarasi va uning inson tanasiga ta’siri to‘g‘risidagi bilimlar bilan qurollantirish hisoblanadi.
Sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiyada quyidagilar muhim o‘rin tutadi:
jismoniy rivojlanish, gavda tuzilishi, yurak-tomir tizimining ishlashi, salomatlik darajasi ko‘rsatkichlari diagnostikasi;
o‘quv faoliyati, dam olishni tashkil etish, o‘z-o‘zini baholash, tahlil qilish va nazorat qilish ko‘nikmalarini shakllantirish;
pedagogik jarayonda asosiy usul sog‘lomlashtiruvchi mashqlar va jismoniy mashg‘ulotdir.
Jismoniy sog‘lomlashtirish ishlari haqida so‘z borganda shuni qayd etish lozimki, ko‘pchilik mamlakatlarda «fitnes» (jismoniy tayyorlik), «fizikl ed’yukshn» (jismoniy tarbiya) va albatta, «sport» tushunchalari qo‘llaniladi.
Jismoniy tayyorlik jismoniy mashqlar, atletik gimnastika, yurish, yugurish, suzish va sog‘lomlashtiruvchi jismoniy mashqlarning noan’anaviy turlari vositasida yaxshilanadi.
Shuning uchun yoshlarni valeologiyaning tarkibiy qismi bo‘lgan sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya shakllari, usul va vositalari bilan tanishtirish juda muhim.
Shunday qilib, sog‘lomlashtiruvchi jismoniy tarbiya individual profilaktikaning asosi hisoblanadi va yoshlar salomatligini yaxshilash va asrashning samarali vositasi hisoblanadi. Ayni paytda u tanani sog‘lomlashtirish, o‘quv jarayoni va mehnat samaradorligini oshirishning samarali usuli hamdir.
Mazkur Konsepsiya yoshlar o‘rtasida harbiy-vatanparvarlik tarbiyasining samaradorligini oshirish, ularda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar, fuqarolik pozitsiyasi, vatanni sevish va uni ko‘z qorachig‘idek asrashga qaratilgan bilim va ko‘nikmalarni oshirish uchun uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Konsepsiyaning amalga oshirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining vatanparvarlik tuyg‘usini yuksaltirish, vatanga fidoyilik va sodiqlik bilan xizmat qilishga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish, milliy armiya saflarini zamonaviy bilim va professional malakaga, mustahkam iroda, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan yoshlar bilan to‘ldirib borish imkonini beradi.
Inson tarbiyasi oiladan boshlanadi, so‘ng maktabgacha ta’lim muassasasi, maktab, kollej yoki institut, armiyada davom etadi. Har bir bosqichda yoshlarning kamol topayotgan ongini yot g‘oyalardan ehtiyot qilish kerak. Konsepsiya shu muhim masalani hal etishga ham xizmat qiladi.
Mamlakat mudofaasiga yoshlarni tayyorlash bilan shug’ullanadigan barcha muassasa, tashkilotlar faoliyatining doimiy o’zaro muvofiqligi prinsipi. O’quv yurti “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi hokimiyat, mudofaa ishlari bo’limlari, favqulotda vaziyatlar boshqarmasi va tuman shtabi, “Vatanparvar” tuman qo’mitasi, harbiy qism va bo’linmalar, mahalla qo’mitalari bilan doimiy aloqada bo’lishi shart.
Tuman, shahar madaniy-oqartuv va sport muassasalaridan yaxshi foydalanish, turli sport to’garak va seksiyalari faoliyatini oshirish jismoniy tarbiya mashg’ulotlari sifatliroq o’tkazish maqsadaga muvofiq.
Yoshlarning harbiy vatanparvarlik tarbiyasi - davlatimiz faoliyatining muhim sohalaridan biridir.
Yoshlarni vatan himoyasiga tayyorlashning qayta ko’rilishi harbiy vatanparvarlik tarbiyasining mazmuniy va tashkiliy-uslubiy tomonlaridan to’laroq foydalanishni talab qiladi. Tarbiyaviy tadbirlar samaradorligi tahlili, harbiy vatanparvarlik tarbiyasining amaliyoti bilan berilgan va tekshirilgan an’anaviy shakllarni tanlash va mustahkamlash, yoshlarni vatan himoyasiga tayyorlash vazifalarini zamonaviy sharoitlarda yanada to’la tadbiq qiladigan yangi shakllarini qidirish zarur.
Vatan himoyasiga tayyorlikni maxsus ommaviy mudofaa ish, harbiy sport o’yinlari va boshqa harbiy vatanparvarlik tarbiyasining muhim shakllari natijasi sifatida ko’rishimiz mumkin.
Ta’lim muassasalarida harbiy vatanparvarlik tarbiyasi quyidagi maqsadlarda o’tkaziladi:
- Halqiga sadoqat, Vatan tarixiga va an’analariga chuqur hurmatda bo’lishni shakllantirish;
- Prezident Farmonlari, Oliy Majlis va O’zbekiston Respublikasi hukumati qonun va qarorlarini so’zsiz bajarish lozimligi ruhida tarbiyalash;
-O’zbekiston xalqlari jangovar vatanparvarlik an’analarini targ’ibot qilish, Yoshlarda harbiy xizmatga va armiyaga muhabbat, yuksak ma’naviy - jangovar xislatlar, harbiy Qasamyod va harbiy Nizomlarni bajarishda shaxsiy javobgarlik hamda jasurlik, intizomlilik, zukkolik, o’z Vatani himoyasiga doimo tayyor bo’lishni tarbiyalash.
Harbiy vatanparvarlik tarbiyasining asosiy mazmuni:
- Vatanini himoya qilishda O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining Konstitusion burchini tushuntirish;
- O’zbekiston Respublika mudofaasini kelgusida kuchaytirish masalalari bo’yicha hukumat qarorlari bilan tanishish;
- O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari bilan hal qilinadigan masalalar va ularning vazifasi va xususiyatlarini tushuntirish;
- O’zbekiston Respublikasi "Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to’g’risi"gi qonuni, harbiy Qasamyod va harbiy Nizomlarning asosiy talablarini o’rganish va o’zlashtirish;
- Yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlashning maqsad va vazifalarini tushuntirish;
- ajdodlar merosi, buyuk va jasur ota-bobolarimizning jangovar an’ana udumlarini targ’ibot qilish.
O’rta maxsus ta’lim yurtlaridagi vatanparvarlik tarbiyasi jarayoni – yetakchi vazifani bajaradi, bo’lajak Vatan himoyachisining shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatadi, chunki o’quv fanlarining mazmunida xalqimizning muhim ma’naviy, axloqiy, madaniy an’analari ifodalangan. Lekin bu jarayonga vatanparvarlik tarbiyasining alohida tarkibiy qismlari bilan chegaralanish yetarli emas. U Vatan himoyasiga tayyor bo’lish, barcha tarkibiy qismlari holatiga har taraflama faol amaliy ta’sir ko’rsatishi va bu tayyorlikni o’smir hayotining eng muhim tomoni sifatida anglab tushunishiga ko’maklashishi darkor.
Vatan himoyasini, el-yurt tinchligi va farovonligini asramoq har bir yoshning muqaddas burchi bo‘lib qolishga da’vat etishini ham talab qiladi. Albatta, bu ulug‘vor vazifalarni amalga oshirish uchun faqatgina eng o‘tkir qurol bo‘lgan badiiy adabiyotning tarbiyalovchilik imkoniyatlaridan keng foydalanish, buning uchun dars jarayonidagina emas, balki auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlarda ham ertangi kun egalari, chinakam vatanparvarlarni mustaqillikka sadoqat ruhida tarbiyalash lozim. Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, avvalo, ona-Vatanga bo‘lgan muhabbat, uni sevish, e’zozlash, uning ravnaqi uchun har bir inson hissa qo‘shishini o‘rgatishda adabiy asar qahramonlari, tarixiy shaxslar, vatan fidoyilari eng yorqin namuna bo‘la oladi.
Shuningdek, o‘zbek xalqining madaniy merosi hisoblangan san’at, tarixiy va me’morchilik yodgorliklarini asrab-avaylash, ularning tarixi hamda bugungi kundagi ahamiyatini bilish talab etiladi. Zero, bir necha asrlar davomida yaratilgan obidalarimiz - machit, madrasa, saroy, abservatoriya, qasrlar, osmono‘par minoralar, maqbaralar, boy, qo‘hna va navqiron tariximiz, Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Turkiston yodgorliklari kimlarni hayratga solmagan deysiz. Ular yoshlar qalbida ham o‘tmish tariximizga, ajdodlarimizning yuksak ilm va kasb mahoratiga cheksiz hurmat, ular bilan faxrlanish tuyg‘usini uyg‘otadi.
O‘qituvchi yoshlarni o‘z millatiga, ona-Vataniga, imoniga sodiq bo‘lishni o‘rgatishi, ularda sog‘lom kuch, tafakkur, imon va pok vijdonni shakllantirish, Vatan oldidagi mas’uliyat, millat manfaati bilan yashash, Vatan taraqqiyoti, millat obro‘siga hissa ko‘shish, foyda keltirish, fidoyilik va halollik bilan sidqidildan mehnat qilish, xalqning shon-shuhratini, manfaatini o‘ylash, insonparvar bo‘lishiga da’vat etishning turli usul va vositalarini ham topishga harakat qilgandagina yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishga keng imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish uchun yangi pedagogik texnologiyaning barcha ko‘rinishlaridan foydalanish, uning yangi-yangi shakllarini izlab topish va yaratish, eng avvalo, yoshlarni mustaqil fikrlashga, ijodkorlikka o‘rgatish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va yanada rivojlantirish yo‘llarini izlash kerak.
Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning o‘ziga xos xususiyatlari
Yoshlarni vatan himoyasiga tayyorlash – inson butun hayoti davomida amalga oshiriladigan o’zoq jarayondir. Vatanparvarlik tarbiyasi oiladan boshlanadi va boshlang’ich sinflardan boshlab o’quv yurtida davom ettirilishi lozim.
Kichik yoshdagi I-IV sinf o’quvchilarida Vatan himoyasiga tayyorlikni shakllantirish jarayoni, ularda mavjud cheklangan hayot tajribasi, olingan bilimlar xususiyati va hajmi, ta’lim – tarbiyaning umumiy vazifalarini hisobga olgan holda quriladi. Bu davrda uning samardorligi avvalam bor o’quv, umumta’lim vazifalarni bajarish bilan chambarchas bog’lik. Masalan, askarga bo’lgan hurmat va muhabbat bu yoshda armiya, askarlar jasorati, O’zekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari haqidagi bilimlar asosida shakllanadi.
Kichik yoshdagi o’quvchilar turli qo’shinlar, harbiy texnika, o’q otish qurolining turlariga qiziqadi. Bunda tarbiyachilar zamonaviy jangovar harakatlarda g’alabaga erishish uchun qo’shin turlari orasidagi bog’liklikni o’quvchilarga ko’rsatib berishi lozim. Bu ishni amalga oshirishda o’quvchilarning samolyot, vertolyot, kema va suv osti kemalari, askarlar, zambaraklar tasvirlangan rasmlari juda katta yordam beradi.
Kichik maktab yoshida vatanparvarlik xususiyatiga ega bo’lgan o’yinlar faoliyati katta ahamiyatga ega. Bola o’yin qoidalarini egallagan holda sardor, starshina, razvedkachi, aloqachi, signal beruvchilar rolini bajarishni yaxshi ko’radi. Bunday, tashkil qilingan va o’z-o’zidan yuzaga keladigan, o’yinlar katta ahamiyatga ega. O’qituvchi bunda nafaqat o’yindagi, balki bo’lajak jangchi majburiyatlarini bajarish uchun muhimligini ta’kidlagan holda kundalik hayotdagi intizom, tartib va tarbiya haqida ham qayg’urishi kerak.
O’smirlar V-VIII sinf o’quvchilarining psixologik rivojlanish xususiyatlari harbiy vatanparvarlik tarbiyasi uchun yaxshi zamin yaratadi. Ularda dalil, hozirgi sharoit hodisalarini tahlil qilish va umumlashtirish, atrof-muhit, axloqiy talablar va baholanishga mustaqil qarashlarni ishlab chiqish ehtiyoji yuzaga keladi.
O’smirlarning vatan himoyasiga tayyorligini shakllantirish bir qator ob’yektiv va subyektiv sabablarga bog’liq. Ob’yektiv shartlar ichida eng e’tiborga sazovor jarayon o’quvchilarning o’quv muassasa va undan tashqarida tashkil qilinadigan harbiy vatanparvarlik tarbiyasi faoliyatining har xil turlarida ishtiroki hisoblanadi.
Bo’lajak vatan himoyachisi shaxsini shakllantirish hozirgi ijtimoiy ahvol hodisalariga shaxsiy munosabatni ifodalashda, yangi tushunchalar bilan fiklash qobiliyatiga ega bo’lishga yordam beradigan turli fanlarning maqsad mohiyatini o’rganishni boshlaydilar.
Bu yosh uchun eng kerakli fanlar – gumanitar, tabiiy, matematika fanlari, jismoniy tarbiya. O’quvchilar bu davrda "harbiy" tushunchalar ma’nosini yanada chuqur anglab yetadi. "Vatan himoyasi", "Harbiy nizomlar" va boshqalar davlatimiz iqtisodiy qudrati va uning Qurolli Kuchlar qudrati tinch va osoyishta hayotimizning mustahkam kafolati ekanligini tushuna boshlaydi.
Vatanparvarlik hissiyotlari o’smirlarda qahramonlikka intilish, jasorat ko’rsatish istagi, tengdoshlari jamoasida o’z o’rniga ega bo’lish, ular hurmatiga sazovar bo’lishi, o’ziga yuqori e’tibor va talabchanlik, katta ijtimoiy faollik kabi yangi his – tuyg’ularni shakllanishiga ko’ra rivojlanadi.
Aynan shu yoshda maktab o’quvchilari ayniqsa botirlik, kuch, iroda, mardlik, do’stlikka va o’rtoqlarga sadoqatni qadrlaydi. Bu ularga Vatan himoyasi muqaddas burch, ahamiyatga molik xususiyatini anglab yetishga imkon beradi.
Harbiy vatanparvarlik ongi nafaqat darslar yoki ijtimoiy topshiriqlarni bajarishda, balki real ijtimoiy ahvol ta’sirida ham shakllanadi.
Katta yoshdagi (X-XI sinf) o’quvchilarning ilmiy dunyoqarashi, intellektual va jismoniy rivojlantirishi, uning kasb tanlashda o’z o’rnini topish jarayonlarining shakllanish davri. Bu yoshdagi o’quvchilarning fikrlashi yanada yetuklashadi, chuqur umumlashtirishlarga, tartib va qobiliyatga ega bo’ladi.
Vatan himoyasiga tayyorlash, shuningdek o’z-o’zini anglash, o’zini tarbiyalash ham sodir bo’ladi. Ular Vatan himoyachisi haqida to’la tasavvurga ega bo’ladilar. Bu nafaqat Ikkinchi Jahon urushi qahramoni yoki faxriysi, baynalminalchi, balki mustaqil O’zbekiston himoyachisining eng yaxshi hislatlari xos bo’lgan zamondoshlarimiz haqidagi qahramonliklar, ularning yuksak marralarni zabt etishlari va xalqimiz mehnatini ishonchli himoya qilish kabi tushunchalar chuqur tasavvurli iz qoldiradi. Biroq hisobga olish kerakki, bu yuksak namunalar faqat o’quvchilarning ishlari va harakatlarida o’rnini topsagina, e’tiborga sazovar bo’ladi. Shuning uchun o’quv-tarbiyaviy jarayonda o’quvchilarga nafaqat o’tgan urush voqealari, xalqning front va front ortidagi ommaviy mehnat jasorati haqida bilimlar berish, balki ularda Vatan himoyasiga tayyorlash ijtimoiy dunyoqarashlarni shakllantirish lozim.
O’quv muassasani tugatgach ko’pgina o’smir yigitlar harbiy kiyim kiyishini bila turib, bu davrda ularda jangchiga muhabbat va hurmatni tarbiyalash, harbiy mehnatning asl chiroyini ochib berish muhim.
Vatanparvar yoshlarni vatan himoyasi asoslarini ta’minlaydigan bilimlar tizimi bilan qurollantirish zarur, chunki vatan himoyasining matonatli va jasur himoyachi sifatida shakllanishidagi ta’lim jarayoni muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. O’quvchilar nafaqat harbiy bilimlar, balki birinchi qaraganda armiya, harbiy qurilish, urush va tinchlik muammolariga bevosiga munosabatda bo’ladigan mezonlar bilan tanishadilar. Turli fanlar (tarix, adabiyot, matematika, fizika, kimyo, biologiya, geografiya, fizik-geografik va b.) yig’indisidan kelib chiqib, ular vatan himochisiga zaruriy bilim va ko’nikmalar haqidagi poydevoriy tushunchalar hosil qiladilar.
Aytib o’tilganlarni e’tiborga olib, o’quv muassasalarida harbiy vatanparvarlik tarbiyasini amalga oshirish uchun o’quv fanlari imkoniyatlarini tahlil qilish maqsadga muvofiq:
Tarix. O’quvchilarda tarix fanini o’rganish jarayonida ijtimoiy rivojlanish qonuniyatlarining boshlang’ich tushuncha va dunyoqarishi shakllanadi, o’quvchilar ijtimoiy rivojlanishning shart sharoitlari, iqtisodiy to’zumning rivojlanishi, jang xususiyatlari va harbiy xizmatning rivojlanishi hamda ushbu faoliyat bilan bog’liqligi haqida dastlabki bilimlarni oladi.
Tarix fan dasturi o’quvchilarni harbiy xavf-xatar davrimiz haqiqati ekanligi haqidagi ilk bilimlar bilan qurollantiradi.
"Bizni o’rab turgan notinch dunyoda do’stlar hamda O’zbekistonni o’z ta’siri sohasiga jalb qilmoqchi bo’lganlar yetarli. Bunda ular barcha ommabop, Shu qatorda harbiy bo’lgan uslublarni qo’llashi mumkin, Shuning uchun biz harakatchan, Yaxshi o’rganilgan va jihozlangan, chegaramiz, mustaqilligimiz himoyasini ta’min qila oladigan armiyaga ega bo’lishimiz kerak” deb ta’kidlagan edi O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov. Tarix darslarida butun dunyoda tinchlikni saqlash, barcha mamlakatlar bilan do’stona munosabatlar o’rnatish, davlatimiz tashqi siyosati mohiyati va xususiyatini ochib berishdagi O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning o’rni kattaligini ko’rsatib o’tish maqsadga muvofiq.
O’quvchilar tarixiy materialni tahlil qilish va umumlashtirishga o’rganishlari, alohida voqea va dalillar mohiyati va ahamiyatini aniqlashlari, o’tish va hozirgi ijtimoiy holatlarni taqqoslash va baholash uchun nazariy bilimlarni tadbiq qilishlari kerak.
O’quvchilarda tarixiy jarayonga aloqadorlik hissiyotini uyg’otish, atrofda sodir bo’layotgan voqealarga mas’uliyat sezish katta o’rin tutadi. Buning uchun esa ta’lim jarayonida nafaqat o’tmishdagi buyuk kishilar, balki vatanimiz oddiy mehnatkashlari hamda uning himoyachilari hayoti va faoliyatini ochib berish zurur. O’quvchilarni shunday vaziyatlarga qo’yish kerakki, bunda ular o’rganilayotgan tarixiy voqealarni hayolan o’z ishtiroki bilan solishtira olsin, shu yo’l bilan o’zini, vatan himoyasiga tayyorligini baholasin.
Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda Amir Temur o‘gitlari alohida qimmatga ega. Sohibqiron Amir Temur mamlakatda adolatni tiklash, tartib– intizom o‘rnatishga katta e’tibor bergan va o‘zi alohida jonbozlik ko‘rsatgan. Ishonchli chora– tadbirlar qo‘llaydi. Amir Temur davlatni adolat va tadbirkorlik bilan boshqarishda boshqa hukmdorlardan ustun turadi. Sohibqiron ezgu insoniy fazilatlar shavkatida bir yo‘ldosh bo‘lgan holda uning tole yulduzi yuksak porlab, raqiblarga qarshi kurashda yo‘lini yoritib, ilhom baxsh etib turadi.
Amir Temur hazratlarining ko‘rkam xulqlaridan biri shuki, Osiyoning yarmini surib turgan bo‘lishiga qaramay siyosiy nutqlarini quyidagicha, juda sodda iboralar bilan boshlar edilar: «Men, Tangrining quli-Temur shuni aytamanki..». Ko‘rinadiki, Amir Temur, vazifasi, dovrug‘i tufayligina emas, balki havas qilsa arziydigan darajada vatanparvar, adolatli hukmdorligi bilan ham boshqalardan ajralib turgan .
Alisher Navoiy Amir Temurning shaxsiy qobiliyati haqida bunday deb yozgan edi: «Amir Temur Ko‘rogon... agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xo‘p mahal va mavqeda uqubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qurg‘oni ming yaxshi bayt aytqonicha bor. Tabarruk xaysiyatidankim, ul hazratning muborak ismi bu muxtasarda bo‘lg‘ay va ul latoyifdan biri bila ixtisor qililur».
Bu jumlalarda Sohibqironning jasoratli, mard, odil, vatanparvar, elsevar va tadbirkor, shu bilan birgalikda shariat ixlosmandi, adolatparvar, mulohazali inson sifatlariga ega bo‘lganligi ifodalangan. Bu Yoshlarda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda eng yaxshi ibrat sifatida namoyon bo‘ladi.
Amir Temurning kasb-hunarli va ma’rifatli, vatan, el-yurt obodligi, farovonligi uchun jon kuydiradigan fuqarolarga g‘amxo‘rligi, ularni kasb-kori bo‘yicha yumush bilan ta’min etishni o‘z zimmasiga olganligi g‘oyat ibratlidir. Sohibqiron o‘z tuzuklarida: «...har qaysilarining, sultonlarning yo‘l-yo‘riqlari, turish-turmushlari, qilish-qilmishlari, aytgan gaplarini xotiramda saqladim va yaxshi axloqlari, ma’qul sifatlaridan namuna olib, unga amal qildim»,-deb yozadi [...]. Shuningdek, ulug‘ bobomizning «Tarjimai hol»ida keltirilgan o‘n ikki fazilat bugungi kunda ham yoshlarning vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirishda g‘oyat muhimdir:
1.Beg‘arazlik. 2.O‘zaro hurmat. 3.Adolatparvarlik. 4.Umum manfaatni hurmatlash. 5.Dinni e’zozlash. 6.Haqgo‘ylik. 7.Va’daga sodiqlik. 8.Hasad va ochko‘zlikni qoralash. 9.Ma’naviy va jismoniy poklik. 10.Imon. 11.Ilm fan homiylarini e’zozlash. 12.Ikromiyat, rahmdillik.
Amur Temur xalq va vatan ozodligi xavf ostida turgan mahalda xiyonat qilmaslikka chaqiradi. Unda hamiyat nihoyat darajada kuchli bo‘lgan.
«Agar bizning qudratimizni bilmoqchi bo‘lsangiz qurgan binolarimizga boqing», degan edi Amir Temur. Bu bilan u vatanni obod qilish g‘oyasini targ‘ib qilgan. Har bir xalqning nechog‘li vatanparvar ekanligini bilish uchun shu yurtning obodligini his etish kifoyadir. Chunki o‘z yurti, yashaydigan manzilini sevadigan odamgina uning gullab-yashnashi uchun tinmay harakat qiladi. Boshqalar uning xarob, oyoqosti qilishlariga yo‘l qo‘ymaydi.
Insoniyat yangi asrga qadam qo‘yayotgan bugungi kunda ham Amir Temur ma’naviyati va shijoati, adolatparvarlik, yurtsevarlik siyosati yuksak ibrat namunasi bo‘lib qoladi.
Amir Temur xalqaro maydonda ham o‘z beqiyos salohiyatini yorqin namoyish qila olgan buyuk shaxsdir. Turli millatlar, turli irqu dindagi odamlarni birlashtirib, markazlashgan qudratli davlat tuzishga erishgan. Yurtdoshlarini hamjihatlik va taraqqiyot, bunyodkorlik sari boshlagan ulug‘ ajdodimizning bu boradagi sa’yi xarakatlari bugungi kun yoshlari uchun ham ibratlidir. U savdo-sotiq va iqtisodiy munosabatlar orqali xalqlar, mamlakatlar o‘rtasida yagona makon barpo etish g‘oyasini ilgari surdi.
Adabiyotni o’rganish o’quvchilarni vatan himoyasining ming yillik an’analari haqidagi fikrlarga ega bo’lib, uning mustaqilligi uchun kurashgan tarixiy ajdodlarimiz qahramonlari bilan faxrlanish hissiyotini uyg’otadi, mustaqillikni himoya qilishga chaqiradi, dushmanga bo’lgan nafrat hissiyotini uyg’alishiga tarbiyalaydi. Adabiyot kursi Amir Temur, Mirzo Ulug’bek, Muhammad Zahiriddin Bobur, Imom Al Buxoriy, Bohovuddin Naqshband, Hoji Ahmad Yassaviy va boshqa o’zbek xalqining buyuk va mashhur ajdodlari ijodiy merosi va hayotiy jasoratlarini bilib olishga muvaffaq bo’ladi.
Buyuk Turon zamini xalqlarining o’z mustaqilligi uchun olib borgan qahramonona kurashiga bag’ishlangan adabiy asarlar o’quvchilarga janglarning yuzaga kelishi, Vatan uchun ajdodlarimiz ko’rsatgan qahramonana jasoratlari borasidagi g’oyat ulkan, bebaho ma’naviy, madaniy meros va qadriyatlarning mohiyatini tushunishiga yordam beradi.
Adabiyot o’qituvchisi yoshlarga haqiqatguy, yomonlik va zo’rlikka qarshi kurashish xislatlarini rivojlantirish, qahramonona o’tmish voqealari bilan yaqinlashishga yordam berish, hayotan o’zini adabiy qahramonlar o’rniga qo’yish, hayotiy tajriba kamchiligini to’ldirish, hayotiy faoliyat yo’nalishi, ko’rsatma va dalillarini, mamlakat gullab yashnashi va uni tajovo’zkorlikdan himoya qilishga tayyorlashdek muhim ruhiy-ma’naviy ongini shakllantirishi lozim.
Matematika o’qituvchisi jangni olib borish, jangovar mahorat zamonaviy vositalarini egallash uchun matematik bilimlarning zarurligi va bo’lajak vatan himoyachisi uchun ayniqsa muhimligini uqtirish. Matematikani o’rganishda harbiy faoliyat uchun muhim bo’lgan jangovar mas’uliyat, ichki intizom va tashkiliylikni shakllantirishga yordam beradi.
Fizikani o’rganish jarayonida o’quvchilar harbiy texnikaning fizik asoslarini (balistika, lokasiya, optika, o’q otish quroli mexanikasi) o’zlashtiradi. U yoki bu harbiy texnik qurilma (raketa uchishi, samolyot yunalishi) samaradorligi hisobi, tahlili, bahosini talab qiladigan harbiy texnik mazmunli masalalarni yechish qabiliyatiga ega bo’ladi, harbiy kasbiy harakatlarga yaqinlashtirilgan vaziyatda nazariy bilimlarni tadbiq etishga o’rganadilar.
Ximiya darsida o’smir va qizlar kimyoviy quroldan himoyalanish asoslari, bu yo’nalishdagi fan yutuqlari bilan tanishadi, hamda odam, oziq-ovqat mahsulotlari, ichimlik suv, uy va boshqa narsalarni zaharli kimyoviy moddalardan himoya qilish maqsadida ko’nikmalar oladilar.
Biologik fanlarni o’rganib, o’quvchilar O’zbekiston florasi bir qator o’simliklarning dorivorlik xususiyatlari, ulardan kasallar va yaradorlarni qutqarishda, xalq tibbiyotida foydalanilishini bilib oladilar.
Geografiya o’quvchilarni Vatan hududi va tabiat biyliklari, mamlakatda amalga oshirilayotgan tabiat yangilanishlari haqidagi bilimlar bilan qurollantiradi. O’quvchilar tabiiy muhitdagi asl holiga kelmaydigan o’zgarishlarni (ulardan biri harbiy harakatlar) yuzaga keltirish omillari, vositalari bilan tanishadilar.
Fizik - geografik fanlar yadro, kimyoviy va bakteriologik qurolni tadbiq qilish butun tirik mavjudot o’limiga olib kelishi, landshaftni o’zgartirishi mumkin. Fizik geografiya o’quvchilarga muayyan bir hudud hajmi va tabiiy sharoitlari haqida ma’mumotlar beradi. Mavjud ma’lumotlardan kelib chiqib, o’quvchilar himoya va niqoblovchi xususiyatlar haqida xulosa qilishlari mumkin.
Fizik - geografik fanlar o’quvchilarda ko’z bilan chamalash, aniqlik, ko’rish xotirasi qabi xislatlarni rivojlantirishga yordam beradi. Ta’lim jarayonida o’quvchilar joyni aniqlash, yo’nalishlarni topish, azimut bo’yicha harakatlanish va nishongacha bo’lgan masafani aniqlash, topografik haritani o’qish va unga obyektlarni kiritishga o’rganadi.
Bugungi kunda o’rta maxsus ta’lim muassalarida “Yoshlarni chaqiriqqaqa qadar boshlang’ich tayyorlash” o’quv fanlariga katta e’tibor berilmoqda, bunda “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” fanlari orqali o’quvchilar O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar tuzilishi, maqsadi va vazifasi hamda taktik, o’q ochish, saf tayyorgarligi, harbiy topografiya va fuqarolik himoya bo’yicha bilimlarga ega bo’lmoqdalar.
Bo’lajak vatan himoyachilari harbiy qasamyod, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar nizomlari talablarini tushunib oladilar, harbiy qism qurollanishi va harbiy texnikasi, shaxsiy tarkib joylashuvi va hayoti bilan tanishadilar; yosh askarlar tayyorlash doirasidagi kerakli amaliy ko’nikmalarni egallaydi.
Harbiy xizmatga o’smir-yoshlarni ma’naviy-axloqiy, ijtimoiy-siyosiy tayyorlash borasidagi vazifalarni hal etishda asosan, xalqimiz mustaqilligi, milliy ozodligi kurashi, qahramonlik yilnomasi, xalq va uning Qurolli Kuchlar shuhratiga sazovar bo’lgan jangovar va mehnat an’analari bilan tanishtirishni ko’zda tutadi.
Tajriba ko’rsatadiki, bunday yutuqlar, Vatanning qahramonona o’tmishi haqidagi hikoyalar o’quvchilarda vatanparvarlik hissiyotlarini rivojlantirish, ularning fikrlari, qilgan ishlari va harakatlariga faol ta’sir qiladi. Har bir “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi vatanparvarlikning yangi idrok manbaalari dunyosiga yoshlarni olib ketadigan shunday muhitni darsda yaratish kerak.
Mashg’ulotlarning qat’iy va aniq tashkil etilishi o’quvchilarni tartib va intizomiga o’rgatadi, ijrochilik va tashkilotchilik tomonlarini ishlab chiqadi. Yoshlarni Qurolli Kuchlar xizmatiga tayyorlash tizimida jismoniy tarbiya muhim o’rin egallaydi. Bu tushunarli, zero jangovar hayot qiyinchiliklaridan o’tish, jismonan juda yaxshi rivojlangan, matonatli, mustahkam asabga ega bo’lgan odamning turli sharoitlarda harakat qilishi lozimdir.
Shu bilan birga O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari uchun sog’lom, jismonan chiniqqan yigitlar kerak, ongli, ma’naviy-siyosiy ma’noda mustahkam jangchilar darkor.
Harbiy vatanpavarlik tarbiyasi o’z o’rnida albatta jismoniy tarbiyaga katta ta’sir ko’rsatadi. Jismoniy tarbiya yetarli darajada yoshlar ma’naviy rivojlanishi, unda yuqori ma’naviy xislatlarning shakllanishiga yordam beradi. Jismoniy chiniqish jarayonida yigitlar amalda qiyinchiliklarni yengishga, chidamli, botir va qat’iy bo’lishga o’rganadi. Sport bilan shug’ullanib, yigitlar o’zida mardlik, botirlik, iroda, qat’iylik, o’z kuchiga ishonchni ishlab chiqadi – bu xislatlar vatanning mohir himoyachisi uchun juda zarur. O’quv jarayoni bo’lajak vatan himoyachisi uchun zarur bo’lgan xislatlarni shakllantirishda katta o’rin tutadi.
Muayyan tarixiy yondoshish prinsipi barcha hozirgi ahvol, hodisalarini vaqtida rivojlanuvchi va o’zgaruvchi hodisalar sifatida ko’rib chiqishni ko’zda tutadi. Bu prinsip avvalom bor muayyan bir tarixiy vaziyatda harbiy vatanparvarlik tarbiyasi shakl va uslublari mazmuni to’g’ri kelishni nazarda tutadi. harbiy vatanparvarlik tarbiyasi o’quvchilarni xalq va Qurolli Kuchlarning qahramonana tarixi, ajoyib an’analarida tarbiyalash bilan chambarchas bog’liq. Shunga ko’ra haqiqat bo’zilishiga yo’l qo’ymaydigan tarixiy voqealarni obyektiv o’zlashtirish katta ahamiyatga ega bo’ladi.
Mustaqil davlat qurilishi amaliyoti, xalqaro vaziyat, davlat tashqi siyosiy faoliyati bilan bog’liq bo’lgan prinsip.
Bu prinsip jamiyatimiz yangilanishi uchun mehnatkashlarimiz kurashi, xalqimiz har bir tarixiy bosqichda hal qilayotgan masalalariga bo’ysunishini bildiradi. Shuning uchun doimiy ravishda yoshlarga jamiyatimiz takomillashuvi vazifalarini tushuntirish, iqtisod, madaniyat, xalq farovonligini oshirishdagi yutuq va kamchiliklarini ko’rsatish, jamiyatimiz hayoti barcha tomonlari katta qurilishi yo’llarini ko’rib chiqish juda muhim.
Vatanparvarlik tarbiyasi prinsipi. Bu prinsip ko’p millatli davlatimiz, qurollangan himoyachilari, ularning g’oyaviy yetukligi, ma’naviy ruhini mustahkamlanishi uchun katta ahamiyatga ega.
“Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi, barcha tarbiyachilar faoliyatidagi vatanparvarlik vazifalarining jangchi shaxsiyotini shakllantiruvchi, nima uchun qo’liga qurol olib, himoya qilayotganini muntazam eslatib turuvchi qudratli omil bo’lib xizmat qiladi. Ikkinchi jahon urushi, Afg’oniston urushi, qardosh Tojikistonga tinchlik o’rnatish bilan bog’liq bo’lgan yordamni ko’rsatish xalqimizning bu prinsipga rioya qilishi yaqqol misollar bo’la oladi.
Yoshlar turli guruhlariga farqiy yondanish prinsipi.
Bu prinsip ko’p tilli xalqimiz turli millat va xalqlari o’ziga xos xususiyatlarining manfaatlarini hisobga olgan holda harbiy vatanparvarlik ishini qurishni talab qiladi. Mana shuning uchun yoshlar turli guruhining milliy, yosh, ijtimoiy va texnik, kasbiy xususiyatlari, ularning umumta’lim va madaniy darajasi, talablari va kayfiyatini o’rganish juda muhim. Bunda harbiy vatanparvarlik ishi muvaffaqiyatining muhim shartlaridan biri mujassamlashgan. Ba’zi bir yoshlarga fikrlaridagi qarama-qarshilik, tez xulosa chiqarishlik, o’z kuchini baholab yuborishga moyillik, manmanlik, o’rinsiz hatti-harakatlarga xos jangchini e’tiborga olish zarur.
Zamonaviy yoshlar oldingi avloddan vatani ozodligi va mustaqilligi uchun kurash olib bormagani bilan farq qilishini e’tiborga olmaslik mumkin emas. Yoshlarimiz ma’naviy qiyofasidagi kamchiliklari bilan qat’iy va serdiqqat tarbiyaviy ishlarni olib borish zarur. “Biz yoshlarimizni hech kimga berib qo’ymaymiz, biz ularni o’zimiz tarbiya qilamiz. Chunki u mustaqil Vatanimiz, xalqimiz kelajagi uchun mehnat qiladi”, deb ta’kidlagan edi O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov.
Ajdodlarimiz jangovar an’analari, buyuk sohibqiron Amir Temur jangovar merosi, O’zbekistonlik jangchilar jangovar va ijtimoiy siyosiy yutuqlari, harbiy qasamyod va harbiy burch, harbiy kasb haqidagi ma’ruzalarni “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi o’zi o’qishi yoki buning uchun harbiy qism ofiserlari, zahira va rezervdagi ofiserlar, shuningdek, tarixchi o’qituvchilarni va ota-onalarni, sobiq harbiy xizmatchilarni taklif etishi mumkin.
Darsdan tashqari ishlarning samarali o’tkazilish bo’yicha oyda bir marta e’tiborga sazovar sanalar, mamlakat armiyasi hayotidagi buyuk hodisalarga bag’ishlangan harbiy o’quv va harbiy vatanparvarlik kinofilmlarni ko’rsatishda namoyon etish kerak bo’ladi. Bunda har bir filmni kirish so’zi bilan boshlash maqsadga muvofiq, bu o’quvchilarga g’oya va obrazlarni znada yorqinroq tushunib olishga yordam beradi. Filmlar boshlanishdan oldin kirish so’zlari uchun o’qituvchi va o’quvchilarni jalb qilish maqsadga muvofiqdir.
O’quv yurtida harbiy ish asoslari bo’yicha to’garaklarni tashkil qilish o’quvchilarni harbiy ish asoslarini o’rganishga jalb qilish maqsadini qo’yyadi. To’garak yo’nalishini tanlaganda moddiy baza va mutaxassislar hamda o’quvchilar qiziqishlari va talablaridan kelib chiqish kerak.
Yoshlarni harbiy hizmatga tayyorlashda harbiy amaliy sport turlari bo’yicha musobaqalar muhim o’rin tutadi. Ularni «Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi va jismoniy tarbiya o’qituvchisi tashkil qiladi, ularga quyidagi turlar kiradi: o’q otish, harbiylashtirilgan kross, granata otish, to’siqlardan o’tish, suv to’sig’idan o’tish, o’zoqlik va aniqlikka granata otish, og’ir tosh ko’tarish va hokazo. Bu va boshqa musobaqalar turli birikmalarda ishlatilishi mumkin.
“Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” fanini o’tishda, odatda may oyida, o’quv yurti rahbarlari harbiy sport bayrami o’tkziadi. Bayram rejasi bir oy oldin tuziladi. Bayramda to’garaklarga rahbarlik qilish uchun “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi, otaliqqa olgan harbiy qism ofiser va serjantlari, zahiradagi ofiserlar taklif qilinadi.
Tajriba ko’rsatadiki, o’quv yurtlarida, odatda, o’q otish, harbiy texnik, harbiy tarixiy, topografik, umumharbiy tayyorgarlik bo’yicha to’garak tashkil etish maqsadga muvofiq.
Bayramga qatnashish uchun o’quv yurtining barcha o’quvchilari, o’qituvchilari, urush faxriylari, harbiy qism va harbiy o’quv yurtlari vakillarini jalb etish maqsadga muvofiq.
Bayram tantanali ravishda ochilib, harbiy ish bo’yicha o’quvchilar ta’limi natijalari haqidagi o’quv yurti direktori buyrug’i o’qiladi, so’ng “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” dasturi mashqlari, usullari va harakatlari bo’yicha musabaqalar o’tkaziladi. Bayram musobaqa g’oliblarini taqdirlash bilan yakunlanadi, “Salomatlik” JSK norma va talablarini topshirishga o’quvchilarni tayyorlash ishi “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi va jismoniy tarbiya o’qituvchisi bilan amalga oshiriladi. “Chaqiruvga qadar boshlang’ich tayyorgarlik” o’qituvchisi shaxsan o’zi mashq qilishlarni tashkil qiladi va garanatalarni o’zoqlikka va aniqlikka otish va o’q otish normativlarini mashq qildirtiradi va qabul qiladi.
Harbiy o’yinlar o’quvchilar uchun harbiy vatanparvarlik tarbiyasi shakllaridan biri hisoblanadi. Yaxshi tashkil qilingan o’yin jarayonida o’quvchilar niqoblanish uslublari, signalizasiya, aloqa vositalari, maxsus harbiy atamalar bilan tanishadi, masofalar aniqlaydi, azimut bo’yicha yuradi, grafik hujjatlar to’zadi, kompasdan foydalanishga o’rganadi, birinchi tibbiy yordam ko’rsatish ko’nikmalarini ishlab chiqadi.
Harbiy vatanparvarlik tarbiyasida oilaning o’rni katta. O’quvchilarning qarindoshlari bo’lgan urush qatnashchilari, armiya va flot faxriylari tarjimai hollari bilan tanishtirish, davlat mukofotlariga to’g’ri munosabatini shakllantirish kerak. O’quv muassasa psixologik jamoasi o’quvchilarning o’yin tarzidagi harbiy faoliyatni tashkil qilishda hamda o’zoq masofalarga bolalar bilan piyoda o’tishlar (masalan, qo’ziqorin terish uchun), o’rim paytida yoki baliq ovlashga borganda ota onalarni jalb qilish kerak. Bunda bolalarni joyni aniqlash, to’siqlardan o’tish va boshqaga o’rgatish lozim. O’qituvchilar barcha yuzaga keladigan savollar bo’yicha ota onalarga maslahat berishi mumkin.
Oilaviy tarbiya o’sib kelayotgan avlodda vatanga muhabbat hissini rivojlantirish, uning himoya, harbiy jasorat, harbiy kasbga muhabbat ahamiyati haqida to’g’ri tushuncha shakllanishiga katta ta’sir ko’rsatadi.
Oiladagi vatan uchun kurashlarda halok bo’lgan qarindoshlar xotirasiga bo’lgan an’analarga hurmat, ularning jangovar mukofotlari, surat va esdaliklarini avaylab asrashning ahamiyati katta.
Vatanimiz qahramonona tarixi, O’zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlar jangovar yo’li, armiya va flotdagi xizmati, jangovar harakatlardagi shaxsiy qatnashuvi haqidagi ota bobolar hikoyalari bolalarga katta tarbiyaviy ta’sir ko’rsatadi, ota bobolari qaysi yillarda, frontda va qaysi mamlakat va shaharlarning ozodligi uchun kurashgan, baynalminal burchini bajarib, ota va katta akalarning Afg’onistonda qanday jang qilgani, qanday orden va medallar bilan taqdirlangani haqida bolalarning bilishi juda muhim.
Bolalarda vatanparvarlik adabiyoti va yodnomalar, Qurolli Kuchlarimiz jangovar yo’li, xalqimiz qahramonlik jasoratlari, qahramon himoyachilarning bugunchi jangovar va ijtimoiy siyosiy tayyorgarligi haqidagi kinofilm, ko’rsatuvlarga qiziqishni rivojlantiradigan oilalar to’g’ri yo’ldan boradi.
I bob bo’yicha xulosalar
Hozirgi sharoitda harbiy xizmatning murakkablashib borishi, bugungi kun jangchisiga qo’yilayotgan talablarning o’sishi, o’quvchi yoshlarning harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga yangicha nazar bilan qarash va yondoshishni taqozo etayotir. Harbiy vatanparvarlik tarbiyasidagi qadriyatlar va sifatlarni shakllantirishda asosiy yetakchi rol – ta’limga, yaxni o’qitishga tegishlidir. Lekin, bu inkor etilmaydigan nazariy xulosa, fan asoslarini o’qitayotgan o’qituvchilarning uslubiy materiallari va amaliy ishlarida to’la amalga oshirilmayapdi. Umumta’lim fanlari o’qituvchilarining aksariyat qismi harbiy vatanparvarlik tarbiyasi vazifalariga yuzaki yondoshadilar va ko’p hollarda o’zlari o’qitayotgan fanlarning bu vazifalarini yechishdagi imkoniyatlarini tasavvur ham qilmaydilar. Vatan himoyachilarini tarbiyalash ishlariga pedagogik jamoalar tomonidan CHYOT rahbari, “Vatanparvar” tashkiloti, Mudofaa ishlari bo’limlari va yoshlar tashkilotlarining tor doiradagi faoliyatlari deb qaraladi. Lekin shu narsa aniqki, agar o’quvchilarning muhim hayot faoliyatlarining biri –o’quv faoliyati tinchlikni saqlash, mamlakat mudofaasini mustahkamlash va uning himoyasiga shay bo’lish kabi yuksak g’oyalar bilan boyitilmasa, u holda ularni vaqtinchalik tadbirlar vositasida o’rnini to’ldirish samarasiz bo’lib chiqishi mumkin.
Bugungi kunda keng fikrlovchi, chuqur e’tiqodli insonlargina vatanparvar fuqaro vatan himoyachisi bo’lishi mumkin.
Bo’lajak vatan himoyachisini tarbiyalash, eng avvalo vatanpavarlik tuyg’usidagi intilishlar bilan to’ldirilgan yoshlar turmush tarzini tashkillash demakdir. Bunga esa tarbiya muassasalarining o’zaro hamkorlikdagi harakatlari bilan erishish mumkin.
Asosiy jismoniy og‘irlik sport mashg‘ulotlariga tegishlidir. Ular mushak-suyakni, qon aylanishi, nafas va asab sistemasini rivojlantiradi. Sport turini to‘g‘ri tanlashning ahamiyati katta. Juda ko‘p o‘smirlar uchun suzish, konkida, chang‘ida uchish eng yaxshi sport turi xisoblanadi, chunki bular organizmni rivojlantiradi. Keyingi vaqtlarda trenajyorlar, gimnastika mashqlari bajariladigan tuzilmalar mashhur bo‘lib borayapti. Bular velotrenajerlar yugurish yo‘laklari va boshqalardir. Ular har qanday sharoitda ham yil davomida har qanday havoda jismoniy mashqlarni bajarishga imkon beradi. Sport bu sog‘lik uchun, lekin sog‘lik sport uchun emasligini unutmang.
Dostları ilə paylaş: |