Jazolash - jamoa talabaning axloqidan uning ishga munosabatidan, muomalasidan mamnun bo‘lmasa, shaxsning o‘z hulqini tuzatib olishda yordam ko‘rsatish uchun jazo usullaridan foydalanadi. Maqtov singari jazo ham shug‘ullanuvchi va o‘quvchilarning o‘zini noqulay sezishga, uyalishga majbur qiladi. Shug‘ullanuvchi va o‘quvchilarni yosh xususiyatlarini hisobga olgan holda jazolash ham me’yor darajasida bo‘lishi shart. Chunki buning natijasida tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatishning bir qator usullarini ishlab chiqilishi lozim.3 Jazo bolalardagi yomon qiliqlar, salbiy harakatlar, odobsizliklarni yo‘qotishga yordam beradigan yoki ulardan saqlaydigan usullardan biridir.
Jazolangan bola o‘z qiliqlarining nojo‘ya ekanligi ustida jiddiy o‘ylaydi va buni ikkinchi marta takrorlamaslikka intiladi. Bolalarni bo‘lar-bo‘lmasga jazolayverish zararli. Bir marotaba o‘rinli va haqqoniy jazolash, hulqi noma’qul ekanligini uning ongiga yetkazish kifoya, u o‘z xatosini to‘g‘rilashga imkon beradi. Jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va trener shug‘ullanuvchi va o‘quvchildagi yomon hulq-atvorni qoralash bilan birga uning yomon bola emasligini, unda yaxshi xislatlar ham bor ekanligini, agar istasa o‘z xulqidagi kamchiliklarni yo‘qota olishi va namunali o‘quvchi bo‘lishi mumkinligini qayd qilib o‘tishi kerak. Mana bunday nasihat bolada o‘z kamchiliklarini tuzatish va yaxshi fazilatlar hosil etish istagini uyg‘otadi.
Maktablarda qo‘llash mumkin bo‘lgan jazo choralariga quyidagilar kiradi:
a) Tanbeh berish — bola be’mani qiliq qilganini tushuntirish. Bolalarning salbiy harakatlari, tartibni buzganliklari uchun ularni koyib turish zarur. Tanbeh — o‘git-nasihat bilan uyg‘un holda qo‘llaniladi. Tanbeh berish so‘kish, qarg‘ash emas.
b) Uyaltirish odamning eng nozik sezgilaridan biri, uyat-or nomus, sharm-hayo hissidir. Odatda odamda izzat-nafs va odamiylik qancha kuchli bo‘lsa, unda uyat-or-nomus shuncha kuchli bo‘ladi. Bolalarni tarbiyalashda shu hislariga ehtiyotlik bilan ta’sir etish kerak.
Bolaning uyalishi va qizarishi uning shu xatoni takrorlamasligiga sabab bo‘lishi lozim. Uyalish-qizarish bolani hamma vaqt ham sidqidildan tavba qilishiga olib bormaydi. Bola boshqalar oldida sharmanda bo‘lmaslik qizarmaslik uchun noto‘g‘ri xatti-harakatlarni yashirincha qilishga intiladi. Mana bunday holda uyat ikkiyuzlamachilikni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham bolalarni uyaltiraverish yaramaydi. Bundan oqilona va o‘z o‘rnida foydalanilgandagina ijobiy natija beradi. Bolalarni o‘rtoqlari oldida iloji boricha kamroq uyaltirish kerak.
v) Ogohlantirish noma’qul xatti- harakatlarning oldini olish uchun qo‘llaniladi.
g) Hayfsan berish agar tanbeh va ogohlantirish kutilgan natija bermasa, shug‘ullanuvchi va o‘quvchilar belgilangan intizomni buzaversa, o‘quvchining aybi qay darajada va uning intizomni qay sharoitda buzganini e’tiborga olib unga xayfsan qilish mumkin.
Yuqorida ta’riflangan tarbiya usullari o‘quvchilarning ongiga, hislariga va irodasiga ta’sir ko‘rsatishni ko‘zda tutadi.