Jismoniy tarbiya-aniq bir maqsadni ko‘zlab inson jismoniy holatini o‘zgartirilishi jismoniy tarbiyaning asosiy vazifasidir. Jismoniy tarbiya-pedagogik jarayon bo‘lib, inson organizmini takomillashtirishga, harakat malakasini va ko‘nikmasini, maxoratini shakllantirishga qaratilgan. Jamiyat xayot sharoitlari, ov jismoniy tarbiya vujudga kelishining asosiy sababi bo‘lgan. Insonning ibtidoiy jamoa davridanoq yashash uchun kurashga, jamoada o‘z o‘rnini topishga hamda ov qilishda jismoniy harakatlar qo‘l kelgan. Ongsiz ravishda bo‘lsa ham odamlar o‘zlarining jismoniy sifatlari tezkorlik, kuchlilik, chidamlilik, chaqqonlik, botirlik xislatlarini rivojlantirishga harakat qilganlar. Jismoniy tarbiya insoniyat jamiyati shakllanishi bilan birga vujudga kelgan. Odamning xayot faoliyati onglidir, uning harakatlarida doimo ma’no, maqsad bor. Yangi avlod faoliyatni o‘zidan avvalgi avloddan o‘rgangan bo‘lib, ularning o‘rtasida bilimlarni, maxorat va malakalarni o‘rgatishdan iborat aloqa va davomiylik o‘rnatiladi. Jismoniy tarbiyani o‘ziga xos xususiyatlari nuqtai nazaridan bir biriga singib ketgan ikki guruxga bo‘lish mumkin.
1. Jismoniy tarbiya-salomatlikni mustahkamlash maqsadida jismoniy kamolotga ta’sir o‘tkazish, jismoniy sifatlarga ega bo‘lish va ularni takomillashtirish.
2. Jismoniy ta’lim-maxsus maxorat, ko‘nikma va bilim beradigan ta’lim.
Bu ikki gurux bir-birini izohlaydi va to‘ldiradi.
Sport – inson jismoniy barkamolligini ta’minlovchi vosita bo‘lib, bir xil shakldagi jismoniy mashqlar va harakatlar majmuidir. Shunindek bir turdagi jismoniy harakatlar bo‘yicha yuqori malakaga hamda yuqori natjalarga erishishga yo‘naltirilgan faoliyat. Sportning maqsadi va vazifasi sportchilarni sport turiga muvofiq harakatlar texnikasi va taktikasini shakllantirish, umumiy va maxsus tayyorgarlik, sport tayyorgarligi, jismoniy va nazariy tayyorgarlikni ta’minlash, hamda sport turi bo‘yicha yuqori malakali sportchi tayyorlashdir. Jismoniy mashqlar-jismoniy rivojlantirish, harakat malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish, sport turi bo‘yicha mutaxassislik harakatlariga o‘rgatish yo‘naltirilgan jismoniy harakatlar to‘plami. Extiyojga ko‘ra qilingan harakatlar jismoniy rivojlanish, harakat malaka va ko‘nikmalarini egallashga yordam bermaydi, aksincha rejalashtirilgan va dastur asosida bajariladigan jismoniy harakatlar-reglamentlashtirilgan ya’ni bir shaklga keltirilgan va ma’lum muddat davomida bajariladigan jismoniy mashqlar jismoniy rivojlantirish, sog‘lomlashtirish hamda harakatlar malaka va ko‘nikmalarini shakllantirishga, texnik va taktik hamda jismoniy tayyorgarlik vositasi bo‘lib hizmat qiladi. Jismoniy mashqlar umumrivojlantiruvchi, maxsus va yordamchi mashqlarga bo‘linadi.
Umumrivojlantiruvchi mashqlar-ertalabki badan tarbiya mashg‘ulotlarida organizmni sog‘lomlashtiruvchi, jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarining tayyorlov qismida jismoniy yuklamalarga tayyorlovchi mashqlar bo‘lib hisoblanadi.
Maxsus mashqlar-sport turiga xos harakatlardan iborat bo‘lgan harakatlar, yugurish, sakrash, uloqtirish, to‘p olib yurish, to‘pni urish yoki tepish va x.k. yoki shu harakatlarning biror qismlari. Yordamchi harakatlar-maxsus mashqlarni bajarish texnika va taktikasini egallashga yordam beruvchi, sun’iy tashkil etilagan, yoki shaklan o‘zgartirilgan mashqlar jumlasi.
Jismoniy tarbiyaning asosiy maqsadi: Mamlakat aholisini sog‘lomlashtirish.
Yoshlar va aholini har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalash.
Mehnatga va Vatan mudofaasiga tayyorlash.
Bu maqsadga erishishda aholining yoshi, jinsi, sog‘ligi,jismoniy tayyorgarligi hamda qiziqishlari hisobga olingan holda vazifalar belgilanadi. Bu bilan jismoniy tarbiyaning umumiy vazifalari shakllanadi. Tarbiyachi, murabbiylar oldida faqatgina sportda oliy natijalarga erishish emas balki, har tomonlama barkamol insonni tarbiyalash vazifasi turish kerak. Bu vazifani nazariy va amaliy jihatdan etuk bo‘lgan hamda o‘z kasbini sevadigan mutaxassislar amalga oshiradilar. Sog‘liqni mustahkamlash, jismoniy qobiliyatlarni kamol toptirishi va harakat malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish masalalarini amalga oshirishda shug‘ullanuvchilar tarkibi xususiyatlarga muvofiq yondashiladi. O‘quvchi va talabalar jismoniy tarbiyasi ularni har tomonlama uyg‘un rivojlanishini ta’minlash va sog‘lomlashtirish vazifalarini hal etsa, ayollar jismoniy tarbiyasi ularni kelgusi hayotga tayyorlashdan iborat bo‘ladi. O‘smirlar va kasb tayyorgarligi talab etuvchi mutaxassislar jismoniy tayyorgarligi jismoniy fazilatlarni rivojlantirish, sportda texnik va taktik tayyorgarlik, umumiy va maxsus tayyorgarliklarni ta’minlash,
amaliy jismoniy tayyorgarlik asoslarini o‘rganishdan iboratdir.
Jismoniy tarbiyaning maqsadi o‘quvchi va talabani jismonan shakllantirish va uni kasbiga, turmushiga va xayotga tadbiq etishdir. Mashg‘ulot jarayonida jismoniy tarbiya o‘z oldiga quyidagi tarbiyaviy, umumta’limiy, sog‘lomlashtirish kabi maqsadlarni qo‘yadi:
-sog‘lom hayot kechirishdagi jismoniy talabchanligi va o‘z-o‘zini tarbiyalash;
-nazariy va amaliy bilimlarni jismoniy tarbiya orqali o‘stirish;
-jismoniy imkoniyatlarni to‘liq qo‘llash, kasalliklarning oldini olish,
-sog‘liqni saqlash va uni mustahkamlash, o‘z-o‘zini himoyalash;
-jismoniy tarbiyaning nazariy bilimlarini uning uslub va ko‘rsatmalarini egallash, jismoniy mashg‘ulotlardan to‘g‘ri foydalanish va kelgusi yo‘riqchi va har xil o‘yinlar bo‘yicha hakamlar hay’atiga a’zo bo‘lish va musobaqalarda hakamlik qila bilish va ularni tashkil qilish.