O`zbekistonda AKTning holati va rivojlanish istiqbollari.
AKT sohasidagi huquqiy me’yoriy hujjatlar.
Xalq bilan samarali muloqot.
Xulosa.
O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi bayramini nishonlash arafasida barcha sohalarda o‘tgan davrga nazar tashlanib, erishilgan natijalar sarhisob qilinadi hamda navbatdagi rejalar aniqlab olinadi. So‘nggi yillarda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarining rivojlanishi hayotning ko‘p sohalariga ta’sir ko‘rsatdi. Barcha sohalarda raqamlashtirishning kirib kelishi, yuqori suratdagi taraqqiyoti butun sanoatning rivojlanishida, ayniqsa uzoq muddatli istiqbol uchun katta rol o‘ynaydi. Ta’kidlash lozimki, dunyo mamlakatlari tajribasida ilmiy tadqiqotlar, IT texnologiyalar, startap g‘oyalar, kompyuter savodxonligiga juda katta e’tibor beriladi. Faqatgina ilm-fan yutuqlari va yangi texnologiyalar orqali yuqori iqtisodiy o‘sishga erishish mumkin. O‘tgan asrda olamshumul kashfiyotlar ko‘p jihatdan insonning intellektual salohiyatiga asoslanib amalga oshirilgan bo‘lsa, bugungi davrda ilm-fan zamonaviy AKT yordamida shakllanmoqda. Bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridan o‘rin egallab kelayotgan O‘zbekiston barcha sohalarda yuksak yutuqlarga erishmoqda, bu muvaffaqiyatlarga esa axborot texnologiyalari va telekommunikatsiya tizimlarining jo‘shqin rivojlanishi asos bo‘lmoqda.
Mustahkam telekommunikatsion fundament O‘tgan davrdan 2021-yilgacha bo‘lgan AKT sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanish va islohotlar, ularning natijalari haqida to‘xtalinadigan bo‘lsa, aholiga axborot-kommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish hajmi 2016-yilda 5,2 trillion so‘mni tashkil etgan. 2016—2021-yillarda axborot-kommunikatsiya sohasini yanada rivojlantirish borasida olib borilgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan davlat boshqaruv organlari, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining IT-xizmatlarga bo‘lgan talabini qondirish, IT-tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar hajmini kengaytirish, narxlarni kamaytirish va sifatni yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlari natijasida xizmatlar hajmi 2020-yilda 12,9 trillion so‘mga yetkazildi.
Ayonki, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi islohotlarni muvaffaqiyatli yo‘lga quyish, keyingi yillarda telekommunikatsiya tizimlari va axborot texnologiyalarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan qator ishlar amalga oshirilib, soha ravnaqini ta’minlamoqda.
Birgina telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish yo‘nalishiga e’tibor qaratilsa, Xalqaro Internet tarmog‘iga ulanishning umumiy o‘tkazuvchanlik qobiliyati soniyasiga 1 200 gigabitga yetkazildi. Xalqaro internet kanali narxlari 2016-yilda 295 030 so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020-yilning oxiriga kelib, 45 011 so‘mga arzonlashganini ko‘rish mumkin. Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasiga ko‘ra, 2021-yil 1-maydan ushbu narx 32 000 so‘m miqdorida belgilandi va ushbu narx yana 30 foizga pasaydi. Bu bilan respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarifning 2020-yil boshiga nisbatan 25 foizga arzonlashtirishga erishildi.
Joriy yil davomida qo‘shimcha 24 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalarini qurish hisobiga ijtimoiy soha obyektlari, shu jumladan 9 848 ta xalq ta’limi obyektlari, 5 625 ta maktabgacha ta’lim obyektlari, 3 401 ta sog‘liqni saqlash muassasalari, 7 656 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari va 3 567 ta militsiya tayanch punktlari yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, qo‘shimcha 200 ming ta keng polosali portlar o‘rnatilishi natijasida 2,9 million uy xo‘jaliklari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining keng polosali Internetga ulanish imkoniyati yaratildi. Mobil internet tezligi 1,5 barobar oshirildi va 5 744 ta qo‘shimcha tayanch stansiyalari o‘rnatilib, respublika bo‘yicha mobil aloqa qamrovi darajasi 98 foizga ya’ni mobil aloqa abonentlari soni 27 million, keng polosali mobil Internet qamrovi 91 foizga ya’ni keng polosali mobil internet foydalanuvchilari esa 23,1 millionga yetkazildi.Telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish borasida joriy yil yakuniga qadar, 50 ming kilometr optik-tolali aloqa liniyalarini qurish va ularning uzunligini 118,6 ming kilometrga yetkazish, aholini yuqori tezlikdagi simli internet bilan ta’minlash maqsadida, 900 ming abonentga mo‘ljallangan zamonaviy qurilmalar o‘rnatish, qo‘shimcha tayanch stansiyalarini o‘rnatish orqali aholi punktlarining mobil internet bilan qamrov darajasini 95 foizgacha yetkazish, shu jumladan 72 ta aloqa qamrovi mavjud bo‘lmagan axoli punktlarini mobil aloqa bilan qamrab olinishi ko‘zda tutilgan.