Umuman olganda, algoritmlarni shartli ravishda quyidagi turlarga ajratish mumkin:
chiziqli algoritmlar;
tarmoqlanuvchi algoritmlar;
takrorlanuvchi yoki siklik algoritmlar;
ichma-ich joylashgan siklik algoritmlar;
rekurrent algoritmlar;
takrorlanishlar soni oldindan no’malum algoritmlar;
ketma-ket yaqinlashuvchi algoritmlar.
Faqat ketma-ket bajariladigan amallardan tashkil topgan algoritmlarga-chiziqli algoritmlar deyiladi. Bunday algoritmni ifodalash uchun ketma-ketlik strukturasi ishlatiladi. Strukturada bajariladigan amal mos keluvchi shakl bilan ko‘rsatiladi.
Tarmoqlanuvchi algoritmlar. Agar hisoblash jarayoni biror bir berilgan shartning bajarilishiga qarab turli tarmoqlar bo‘yicha davom ettirilsa va hisoblash jarayonida har bir tarmoq faqat bir marta bajarilsa, bunday hisoblash jarayonlariga tarmoqlanuvchi algoritmlar deyiladi. Tarmoqlanuvchi algoritmlar uchun ayri strukturasi ishlatiladi. Tarmoqlanuvchi strukturasi berilgan shartning bajarilishiga qarab ko‘rsatilgan tarmoqdan faqat bittasining bajarilishini ta’minlaydi.
Takrorlanuvchi algoritmlar.Agar biror masalani yechish uchun tuzilgan zarur bo‘lgan amallar ketma-ketligining ma’lum bir qismi biror parametrga bog‘liq ko‘p marta qayta bajarilsa, bunday algoritm takrorlanuvchi algoritm yoki siklik algoritmlar deyiladi. Takrorlanuvchi algoritmlarga tipik misol sifatida odatda qatorlarning yig‘indisi yoki ko‘patmasini hisoblash jarayonlarini qarash mumkin.
Ichma-ich joylashgan siklik algoritmlar. Ba’zan, takrorlanuvchi algoritmlar bir nechta parametrlarga bog‘liq bo‘ladi. Odatda bunday algoritmlarni ichma-ich joylashgan algortmlar deb ataladi.
2. Dasturlash tillari haqida umumiy ma’lumot. Tilning bazaviy elementlari.
Ma’lumki, kompyuter texnikasidan samarali foydalanish ikki qismning – texnik va dasturiy ta’minotning uzviyligini talab etadi. Bu uzviylik kompyuter texnik ta’minotining jadal sur’atlar bilan takomillashib borishiga mos dasturiy ta’minotni ham keskin sur’atlar bilan rivojlanishiga sabab bo‘ladi, va aksincha. Buning sababi ma’lum, mos dasturiy ta’minotsiz har qanday kompyuter «qimmatbaho o‘yinchoq» bo‘lib qolaveradi.
Ma’lumki, kompyuterda biror masalani hal qilish uchun avval uning modeli va algoritmi tuziladi, so‘ng mazkur algoritm ma’lum bir qonun-qoidalar asosida kompyuter tushunadigan tilda ko‘rsatma va buyruqlar shaklida yoziladi. Hosil bo‘lgan kompyuter tushunadigan tildagi matn dastur matni, algoritm esa dastur deb ataladi.
Kompyuter uchun dastur tuzish jarayoni dasturlash va dastur tuzadigan kishi dasturchi deyiladi. Kompyuter tushunadigan til esa dasturlash tili deb ataladi.