Ulanish zanjirlariga muvofiq ko‘p kaskadli kuchaytirgichlar quyidagi turlarga ajratiladi:
- galvanik (bevosita) ulanishli kuchaytirgichlar – ham o‘zgaruvchan, ham o‘zgarmas signallarni kaskadlararo uzatish imkonini beradi;
- RC – ulanishli kuchaytirgichlar – ilgarigi kaskad chiqishini keyingi kaskad kirishi bilan rezistor-sig‘imli zanjir orqali bog‘lash;
- induktiv (transformatorli)ulanishli kuchaytirgichlar-kaskadlar orasiga transformator ulash.
Kuchaytiriladigan signal sinusoida yoki impuls ko‘rinishida bo‘lishi mumkin. Impuls deb kuchlanish yoki tokning biror o‘rnatilgan U0 yoki I0 qiymatidan qisqa vaqtli chetlashishlariga aytiladi. Chiqish signali shakli kirish signali shakli bilan bir xil (signal buzilmagan) yoki farqlanuvchi (signal buzilgan) bo‘lishi mumkin. Signal buzilishlari uning amplitudasiga hamda kuchaytirgich sokinlik nuqtasi (rejimi)ning tanlanishiga bog‘liq.
Kuchaytirgichning sokinlik rejimi deb kirish kuchlanishi UKIR va kuchlanish manbai qiymati YeM o‘garmas bo‘lgan holatga aytiladi. Ko‘rinib turibdiki, sokinlik rejimida tranzistor toklari qiymatlari ham o‘zgarmas bo‘ladi.
Kuchaytirgich kaskadlar nochiziqli buzilishlari FIK ularning statik uzatish xarakteristikalari asosida baholanishi mumkin. Ishchi nuqtaning joylashgan o‘rniga bog‘liq holda kuchaytirish sinflari A, V, AV va boshqa sinflarga ajratiladi. Ushbu sinflar FIKlarining maksimal qiymatlari va nochiziqli buzilishlar qiymatlari bilan bir-biridan farq qiladi.