Quritilgan maysalardan applikatsiya tayyorlash. Hozirgi vaqtda gullar, o`simliklar, barglardan applikatsiya tayyorlash – floristika keng ommalashib bormoqda. Katta yoshdagi bog`cha bolalari tabiiy materiallardan applikatsiyalarni qiynalmasdan bajara oladilar. Bu mashg`ulot ular uchun qiziqarli va foydali bo`lib, tabiatni yaqindan o`rganishlariga ham yordam beradi. Bu jarayon bolalarning ijodkorligi, fikrlashi, kuzatuvchanligi, mehnatsevarligi, badiiy didini rivojlantiradi. Tabiatdan ranglarning takrorlanmas rang-barangligi va tayyor mukammal shakllarni olish mumkin. Tabiiy materiallar bilan mashg`ulotlarni o`tkazish bolalarni tabiatni sevishga, uni asrab-avaylashga o`rgatadi. Terak momig`idan applikatsiya tayyorlash. Har bahorda teraklarning momig`i yer ustini qor kabi qoplaydi. Bu momiqlarni yig`ib qo`yib keyinchalik ulardan yelim va bo`yoqlarsiz juda chiroyli applikatsiyalar tayyorlash mumkin. Terak momig`idan tayyorlangan applikatsiyalar bir xil rangli bo`lib grizaylni eslatadi. Ular mayin, yengil va nafis bo`ladi. Qog`oz applikatsiyalar kabi terak momig`idan tayyorlangan applikatsiyalar ham predmetli, mavzuli va bezakli bo`lishi mumkin. Predmetli applikatsiyalarning mavzulari har xil bo`lishi mumkin. Mavzu tanlaganda detallar kam bo`lib, ular yirikroq bo`lsa ishni bajarish oson bo`lishini hisobga olish kerak. Tasvirlanadigan hayvonlar, qushlarni momiq gavdalilarini: quyon, mushuk, o`rdak, jo`jalar, duxoba o`yinchoqlar, moychechak boshchalari kabilarni tanlash zarur. Applikatsiyalarni oq-qora rasmlar yoki rangli fotosuratlarga qarab bajarish oson. Manzarali applikatsiyalarda qish manzaralari, akvariumdagi baliqlar kabilar chiroyli chiqadi. Bezakli applikatsiyalar o`zgacha ko`rinishda bo`lib, original chiqadi. Bular naqshlar, har xil shakldagi bezaklar bo`lishi mumkin.