Kombinatsiyalangan (tezlashtirilgan) tekshirishda o‘qituvchi bir necha o‘quvchini bir vaqtda doskaga chaqiradi, biri og‘zaki javob beradi, 3-4 nafar o‘quvchi esa kartochkalar bo‘yicha yozma ishni bajarishadi va hokazolar. Bu tekshirishning murakkab usuli bo‘lib, o‘qituvchidan yetarlicha tajriba va diqqatlarini guruhdagi hamma o‘quvchilarga taqsimlay bilishni talab qiladi.
YOzma tekshirish – o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish va baholashning eng samarali usullaridan biri bo‘lib, ularning ijodiy qobiliyatlarini baholash imkonini beradi. Mazkur usulning mohiyati shundaki, o‘qituvchi alohida mavzu yoki o‘quv dasturining ma’lum bo‘limini o‘tib bo‘lganidan so‘ng o‘quvchilarning bilimlarini nazorat qilish va baholashni tashkil etadi. YOzma tekshirish topshiriq, ya’ni, insho yozish hamda turli nazorat va mustaqil ishlarni bajarishni uyda ham amalga oshirishga imkon beradi. Ushbu jarayonda o‘qituvchining bajarilgan ish bilan tanishib chiqishi, uning sifatini tekshirishi uchun ko‘p mehnat va vaqt sarflanadi.
Amaliy topshiriqlarni bajarishga asoslangan tekshirish. Bajarilayotgan amaliy harakatlar (sport, mehnat harakatlari)ning to‘g‘riligini kuzatish yoki olingan natijalarga tayanishdan iborat bo‘lishi mumkin.
O’quvchining butun dars davomidagi barcha faoliyatlarini nazorat qilish tekshirishning maxsus turi bo‘lib, u o‘quvchining darsdagi ishtiroki uchun ball qo‘yish bilan yakunlanadi. Bu o‘quvchini doimo harakat qilishga va faollikka undaydi.
Ma’lumki, bugun ta’lim tizimida reyting nazoratidan keng foydalanilmoqda. Reyting deganda baholash, tartibga keltirish, klassifikatsiyalash, bironta hodisani oldindan belgilangan shkala bo‘yicha baholash tushuniladi.
SHkalalash – aniq jarayonlarni raqamlar tizimi yordamida modellashtirish. Uning turli uslublari sifat tavsiflarini miqdoriy o‘zgarishlarga aylantirishga yordam beradi.
Reyting nazorati asosida o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini hisobga olishning yuqorida keltirilgan metodlari bilan birga test usulidan ham samarali foydalanilmoqda. Test so‘rovidan nafaqat o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash, balki 1993 yildan boshlab O’zbekiston Respublikasida abituriyentlarni oliy o‘quv yurtlariga tanlov asosida qabul qilish jarayonida ham samarali foydalanib kelinmoqda