Nazariy bilim va uning shakllari. Ilmiy dalillar nazariyaga nisbatan ham ikki xil vazifani bajaradi: mavjud nazariyaga nisbatan ilmiy dalil yo uni mustahkamlaydi (verifikatsiya qiladi), yo u bilan to‘qnashadi va uning asossizligini ko‘rsatadi (falsifikatsiya qiladi). Biroq, boshqa tomondan, nazariya empirik tadqiqot darajasida olingan ilmiy dalillar yig‘indisini shunchaki umumlashtirishgina emas. Uning o‘zi yangi ilmiy dalillar olish manbaiga aylanadi. SHunday qilib, empirik va nazariy bilim yaxlit hodisa - ilmiy bilim ikki tomonining birligi hisoblanadi. Bu tomonlarning muayyan ilmiy bilish jarayonidagi o‘zaro aloqasi va harakati, ularning o‘zaro nisbati nazariy bilimga xos bo‘lgan shakllarning izchil qatori yuzaga kelishini belgilab beradi. Nazariy bilimning asosiy shakllari: ilmiy muammo, gipoteza, nazariya, tamoyillar, qonunlar, kategoriyalar, paradigmalardir.
Ilmiy muammo.Har qanday ilmiy bilish muammodan boshlanadi. Umuman olganda, inson bilimining rivojlanish jarayonini ayrim muammolarni qo‘yishdan ularni echishga o‘tish, so‘ngra yangi muammolarni qo‘yish sifatida tavsiflash mumkin. Biroq muammoning haqiqiy o‘rni qanday? Ilmiy muammolar nima uchun yuzaga keladi? Muammoning masaladan farqi nimada? Ilmiy muammolar doirasi qanday?
Muammo - bilishning rivojlanish jarayonida ob’ektiv tarzda yuzaga keladigan, echimini topish muhim amaliy yoki nazariy ahamiyatga ega bo‘lgan masala yoki masalalar majmuidir. SHuningdek muammo, hal qilishni talab etuvchi nazariy yoki amaliy masala; fanda - biron-bir hodisalar, ob’ektlar, jarayonlarni tushuntirishda qarama-qarshi yondashuvlar ko‘rinishida amal qiluvchi va uni echish uchun muvofiq nazariyani talab etuvchi ziddiyatli holatdir.
Muammoni to‘g‘ri qo‘yish uni muvaffaqiyatli echishning muhim shartidir. To‘g‘ri qo‘yilmagan muammo yoki soxta muammo haqiqiy muammolarni echishdan chalg‘itadi.
Muammoni qo‘yish - ilmiy bilish jarayonining dastlabki bosqichi. Muammoni qo‘yishda, avvalo, ayrim holatni masala sifatida anglab etish, qolaversa, muammoning mazmunini aniq tushunish, ma’lum va noma’lum narsalarni ajratgan holda uni ta’riflash lozim.
Ilmiy muammolar predmetga yoki protseduraga doir bo‘ladi. Predmetga doir muammolarda o‘rganilayotgan ob’ektlar, protseduraga doir muammolarda esa - bilim olish va uni baholash usullari aks etadi. O‘z navbatida, predmetga doir muammolarning empirik va konseptual, protseduraga doir muammolarning metodologik va baholash bilan bog‘liq turlari farqlanadi. Empirik muammolarni echish uchun materialni sof nazariy tahlil qilish bilan bir qatorda, predmetlar bilan ma’lum amallarni bajarish lozim, vaholanki, konseptual muammolar borliqqa bevosita murojaat etishni talab qilmaydi. Predmetga doir muammolardan farqli o‘laroq, protseduraga doir muammolar doim konseptual xususiyatga ega bo‘ladi; protseduraga doir muammolar o‘rtasidagi farq shunda ko‘rinadiki, metodologik muammolar nisbiy mushohada ko‘rinishida echimga ega bo‘lishi mumkin emas, baholash bilan bog‘liq muammolar esa fanga mezon vazifasini bajaruvchi ko‘rsatkichlar va mo‘ljallarni olib kiradi.
Empirik muammo avvalo ma’lumotlarni izlashni nazarda tutadi; empirik muammolarga kuzatish, eksperiment, o‘lchash kabi ilmiy metodlar yordamida javob topish mumkin. Bundan tashqari, echimini topish uchun asboblar yasash, reaktivlar tayyorlash va hokazolar kerak bo‘lgan muammo ham empirik hisoblanadi.
Konseptual muammolar ilgari olingan ko‘p sonli ma’lumotlar bilan bog‘liq bo‘lib, ularni tartibga solish va talqin qilish, oqibatlarni keltirib chiqarish va gipotezalarni shakllantirish, mantiqiy izchillik talablariga muvofiq qarama-qarshiliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi.
Metodologik muammolar asosan tadqiqotni rejalashtirish bilan bog‘liq: ularni echish yo‘li bilan ayrim kelishuvlar tuziladi, muammoni echish, kuzatish va eksperimentlar o‘tkazish tartibi aniqlanadi, mo‘ljallanayotgan konseptual protseduralar belgilanadi va h.k.
Baholash bilan bog‘liq muammolar empirik ma’lumotlar, gipotezalar, nazariyalar va shu kabilarni baholash, hatto muammoning o‘zi qay darajada to‘g‘ri tuzilgan va ta’riflanganligini baholashni nazarda tutadi. Muammo to‘g‘ri qo‘yilgan deb hisoblanishi uchun:
o‘rganilayotgan muammoning tarkibiga kiritish mumkin bo‘lgan muayyan ilmiy bilim (ma’lumotlar, nazariya, metodika) mavjud bo‘lishi;
muammo shaklan to‘g‘ri tuzilgan bo‘lishi;
muammo o‘rinli bo‘lishi, ya’ni uning asoslari soxta bo‘lmasligi;
muammo muayyan darajada chegaralangan bo‘lishi;
echimning mavjudlik sharti va uning yagonaligi ko‘rsatilgan bo‘lishi;
maqbul echim belgilari hamda echimning maqbulligini tekshirish usullari haqidagi shartlar qabul qilinishi lozim.
SHunday qilib, pirovard natijada barcha ilmiy muammolar ham o‘z echimini topavermaydi: ayrim muammolar ular qo‘yilganidan keyin uzoq vaqt mobaynida echilmay qolaveradi (masalan, Frem teoremasi bir necha yuz yillar mobaynida echilmay kelgan), ayrim muammolar o‘z echimini topmaydi (masalan, aylana kvadraturasi, burchak triseksiyasi va kubning ikkilanmasi haqidagi masalalar), ba’zi bir muammolar esa olimlarning almashayotgan avlodlari diqqat markazidan butunlay yo‘qoladi.