Nazariya - hodisalarning muayyan turkumi, bu turkumdagi hodisalarning mohiyati va ularga nisbatan amal qiladigan borliq qonunlari haqidagi bilimlarning mantiqiy asoslangan va amaliyot sinovidan o‘tgan tizimidir. U o‘rganilayotgan hodisalarning mazmunini yorituvchi tabiat va jamiyat umumiy qonunlarining kafsh etilishi natijasida shakllanadi. Gipoteza borliqning muayyan bo‘lagini tushuntirish yoki talqin qilishga qaratilgan g‘oyalar majmuini o‘z ichiga oladi. Nazariya tarkibiga uning asoslari sifatida mavjud bo‘lgan va yuzaga kelishini belgilagan barcha elementlar kiradi. Dastlabki nazariy negiz, ya’ni jamuljam holda tadqiqot ob’ekti haqida umumiy tasavvurni, ob’ektning ideal modelini tashkil etuvchi ko‘p sonli tamoyillar, aksiomalar, qonunlar nazariyaning ajralmas tarkibiy qismi hisoblanadi. Nazariy model ayni vaqtda asosiy nazariy tamoyillar tizimiga tayanuvchi kelgusi tadqiqotlar dasturi hamdir.
Nazariya tushuntirish, bashorat qilish, amalda sinash va sintez qilish kabi muhim funksiyalarni bajaradi. Nazariya ilmiy dalillar tizimini tartibga soladi, ularni o‘z tarkibiga kiritadi va o‘zini tashkil etuvchi qonunlar va tamoyillardan oqibatlar sifatida yangi dalillarni yaratadi. Puxta ishlab chiqilgan nazariya fanga ma’lum bo‘lmagan hodisalar va xossalarni bashorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Nazariya odamlar amaliy faoliyatining negizi bo‘lib xizmat qiladi, ularga tabiiy va ijtimoiy hodisalar dunyosida yo‘l ko‘rsatadi. Nazariyada ilmiy g‘oyalar, ya’ni unda aks ettirilgan ob’ektlar turkumi doirasida amal qiluvchi fundamental qonuniyatlar haqidagi bilimlar markaziy o‘rinni egallaydi. Ilmiy g‘oya mazkur nazariyani tashkil etuvchi qonunlar, tamoyillar va tushunchalarni mantiqan izchil yaxlit tizimga birlashtiradi.
Paradigma - fan tarixining muayyan davrida uning rivojlanishini belgilovchi barqaror tamoyillar, umumiy me’yorlar, qonunlar, nazariyalar va metodlar majmui. U butun ilmiy hamjamiyat tomonidan fanning mazkur darajasida yuzaga keluvchi vazifalarni qo‘yish va echish usullarini belgilaydigan andoza sifatida tan olinadi. Paradigma tadqiqotchilik faoliyati, ilmiy eksperimentlarning natijalarini talqin qilishga yo‘l ko‘rsatadi, yangi dalillar va nazariyalarning bashorat qilinishini ta’minlaydi. U o‘ziga mos kelmaydigan konsepsiyalarni inkor etadi va tadqiqotchilik vazifalarini echish uchun andoza bo‘lib xizmat qiladi. Paradigma tushunchasi bilish nazariyasiga amerikalik faylasuf T.Kun tomonidan kiritilgan. Uning fikricha, «normal fan»ga tegishli ilmiy paradigmaga tayangan holda muayyan vazifalarni echish xosdir. Fan rivojlanishidagi normal davrlar inqiloblar bilan almashadi. Ular eski paradigma doirasiga sig‘maydigan hodisalarning kashf etilishi bilan bog‘liq. Natijada fanda inqiroz davri boshlanadi va u eski paradigma o‘z ahamiyatini yo‘qotishi va yangi paradigmaning yuzaga kelishi bilan yakunlanadi. YAngi paradigmaning qaror topishi fanda inqilob yasalishiga sabab bo‘ladi.