Amaliyotning tarkibiy qismlari Maqsad, Maqsadga muvofiq faoliyat, Amaliyot vositalari,Amaliy harakat ob’ekti, Harakat natijasi kabilar.
Maqsad sub’ektga yoki odamlar guruhiga xos. Maqsad – erishish mo‘ljallangan kelajakning sub’ektiv obrazi. Pirovard maqsad muqarrar tarzda muayyan predmetlarga bog‘lanadi, deb o‘ylash yaramaydi. Insonning chegara bilmas intilishi bilan tavsiflanadigan ideal ham maqsad bo‘lishi mumkin. Maqsad haqidagi falsafiy ta’limot teleologiya deb ataladi. Amaliyot o‘z maqsadlarini ko‘zlovchi odamning faoliyatidir. Shu sababli u maqsadga muvofiq faoliyat hisoblanadi.
Amaliyot va bilish birligi. Falsafada amaliyot deganda inson ehtiyojlarini qondirish maqsadida o‘zini qurshagan dunyoni yoki uning ayrim qismlarini o‘zgartirishga qaratilgan faoliyat tushuniladi. Amaliyotning asosiy shakli mehnat bo‘lib, uni amalga oshirish jarayonida inson tabiat bilan to‘qnashadi. Shuningdek, boshqaruv amaliyoti, siyosiy, ijtimoiy amaliyot va amaliyotning boshqa shakllari farqlanadi.
Umuman, amaliyot haqiqat mezoni sifatida insonning to‘g‘ri bilimlarini xato bilimlardan farq qilishda katta ahamiyatga ega. Bu mezon, birinchidan, inson bilimlari borliqning to‘g‘ri in’ikosi ekanligini tasdiqlasa, ikkinchidan, u borliqni noto‘g‘ri aks ettiruvchi qarashlarning xatoligini ochib beradi. Ma’lumki, har bir fan sohasida ilmiy izlanishlar olib boruvchi tadqiqotchi o‘z ob’ektini o‘rganishga kirishar ekan, o‘rganayotgan predmet yoki hodisa haqidagi bilimlarga birdaniga ega bo‘lmaydi. Buning uchun u bu predmet yoki hodisa ustida ma’lum davr ichida tinmay turli xil izlanish va tadqiqotlar olib boradi va o‘z tadqiqot jarayonida turli xil yo‘llar, usullar va vositalardan foydalanadi.
Xulosa. Shunday qilib, insonning bilishi rivojlanib boruvchi, faol jarayondir. Bu, avvalo, jamiyatda yangi ehtiyojlarning tug‘ilishi, tegishli ravishda amaliyotning rivojlanishi va takomillashuvi bilan belgilanadi. Ayni shu sababli bilish “mangu harakat, qarama-qarshiliklarning yuzaga kelishi va ularning echilishi jarayoni” deb qaralishi lozim.