Kichik guruhda loydan buyum yasashga o‘rgatish. Maktabgacha tarbiya muassasalarida loy ishlari kichik guruhdan boshlanadi. Bu guruhda bolalarning loy ishlari, boshqa guruhlardan ajralib, o‘ziga hos hususiyatga ega bo‘ladi. Bolalar tasvirlovchi shakllar noaniq bo‘ladi, chunki bu yoshda bolalar qo‘l harakati rivojlanmagan, qo‘l muskullari hali o‘smagan, shuningdek, ishlarni kuzatib, nazorat qilib borish xususiyatlari hali rivojlanmagan bo‘ladi. Bu yoshdagi bolalar uchun loy bilan ishlashda eng muhimi loyning xususiyatlari bilan tanishishdir, ya’ni loy yumshoq, yopishqoq va hokazo. Shu sababli bolalar bu guruhda loyning xususiyatlari bilan o‘yinlar jarayonida tanishib boradilar. Dastlabki mashg’ulotlarda tarbiyachi loydan har xil buyumlar, hayvonlarni yasab ko’rsatadi, loydan shunday narsalar yasash mumkinligini uqtiradi. Shuning uchun bu davr tasvirlashgacha bo‘lgan davr deb ataladi. Bu davr quyidagi harakatlar bilan harakterlanadi: bolalar loyni bir necha bo‘lakka bo‘ladilar, birini ikkinchisini ustiga joylashtiradilar, taxtacha ustida aylantirib, uni taxta ustida yapaloqlashadi, ammo bu harakatlarni o‘z oldiga hech qanday maqsadsiz bajaradilar. Bolalar asta-sekin tarbiyachining rahbarligida loyni ikki kaft orasida doiraviy, uzunasiga harakatlantirib, sodda, yakka predmetlarni yasashga o‘rganib boradilar. Masalan: olma, tayoqchalar, halqachalar, qo‘ziqorinlar.
Kichik guruhda bolalarni loy bilan ishlashda qator vazifalar turadi: bu guruhda bolalarda loy ishlariga nisbatan kiziqishni tarbiyalash, loyning xususiyatlari bilan tanishtirish, u bilan to‘g‘ri ishlashga va eng oddiy texnik usullarni o‘zlashtirishga o‘rgatish vazifalari kiradi.
Kichik guruh loy dasturi. Yangi dasturda bu guruhda ko‘proq takroriy mashg‘ulotlar rejalashtirilib, asosiy maqsad bolalarni oddiy texnik usullarni yaxshilab egallashlariga qaratilgandir. Ammo tarbiyachi takroriy mashg‘ulotlar uyushtirganda, bitta dastur mazmuni asosida xilma-xil variantda mashg‘ulotlar uyushtirish lozim. Masalan: qalam yoki tayoqchalar, shu bilan birgalikda tarbiyachi qator tarbiyaviy xususiyatlarni ham bolalarda tarbiyalab boradi. Masalan: bolalarni birga jamoa bo‘lib ishlash, loy bilan toza ishlash, ishlayotganda yenglarini shimarib ishlash, ishlab bo‘lgach qo‘llarini yaxshilab yuvish va hokazo.
Mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli o‘tishi mashg‘ulotda tarbiyachining foydalanadigan metod va usullariga bog‘lashdir. Bu guruhda tarbiyachi ko‘proq informatsion-retseptiv va reproduktiv metodlardan foydalanadi. Bolalar bilan birgalikda turli xil o‘zlariga tanish predmetlarni ko‘rib chiqadilar. Bolalar shu predmetlarni qo‘li bilan ushlab uning kattaligini va boshqalarni payqashi mumkin. Shuningdek, bolalar bilan bir nechta qismli predmetlarni ham ko‘rib chiqadilar. Tarbiyachi dastavval bolalarning diqqatini o‘sha predmetning yirik va mayda qismlariga, shakliga, rangiga jalb etadi. Dastlabki mashg‘ulotlarda tarbiyachi tasvirlashning texnik usullarini ko‘rsatib tushuntirib beradi. Shuningdek, tarbiyachi bolalarni loydan narsalar yasashda ko‘proq o‘yin usullaradan foydalanadi. Bu guruhda loy mashg‘ulotlari predmetli harakterga ega bo‘ladi, ya’ni bolalar alohida, yakka predmetlarni yasaydilar, bu guruhda bolalar ishiga yoki faoliyatiga baho berish ham muhim usullardan hisoblanadi. Tarbiyachi albatta bolalarni, ular qanday ishlaganlarini va ishni qanday bajarganlarini aytib o‘tishi lozim. Birinchi kichik guruhda loy mashg‘ulotlari haftada bir marta o‘tkaziladi. Masalan: pechene, non, barmoq bilan yoki alohida tayyorlangan tayoqchalar bilan ya’ni turli xil shakllarga ega bo‘lgan: yapaloq, doiracha chuqurcha hosil qilib uni bezatadilar.
Bolalar shar silindr, disk shaklini yasashni egallab olishgach, bolalar bir necha qismdan tuzilgan predmetlarni yasashga o‘rganadilar. Masalan: samolyot, qorbobo, shar yoki disklardan minoracha, ayiq, qo‘g‘irchoq, quyoncha va hokazo. Bu predmet qislari 2 yoki 3 tadan ortmaydigan bo‘ladi. Masalan: samolyot 3 qismdan, qor odam katta va kichik shardan va boshqalar. Bu bolalar 9 oyda olgan bilim va malakalarni kengaytiradi. Yoz davomida bolalar har xil mevalarni, sabzavotlarni yasab, zarur bo‘lgan malaka va ko‘nikmalarni egallaydilar. Bu guruhda tarbiyachi informatsion-retseptiv metod va reproduktiv metoddan keng foydalanadi. Bolalar bilan birgalikda sharlar, koptok, mevalar, qalamlar va boshqa predmetlarni yaxshilab ko‘rib chiqadilar. Eng muhimi bu predmetlarni qo‘l bilan ushlab ko‘rishlari zarur. Shu sababli tarbiyachi mashg‘ulotlardan oldin bolalarga o‘ynash uchun o‘yin taklif etadi. Xuddi shunday qilib 3-4 qismdan tuzilgan predmetlarni ushlab, har tomonlama u bilan tanishib oladilar. Bu predmetlarni kuzatib chiqishda tarbiyachi oldin o‘sha predmetni qismlarga va har bir qismning shakliga tuzilishiga diqqatini tortadi. Shu bilan birga qismlarning katta-kichikligiga e’tibor qaratiladi. Dastlabki mashg‘ulotlarda tarbiyachi predmetni loydan yasab berishni ko‘rsatib, tushuntirib beradi. Tarbiyachining ko‘rsatib tushuntirib berishi, bolalarga aniq va tushunarli bo‘lishi lozim, u predmetni yasashdan oldin, yasashning texnik usullarini havoda mashq qildirishi mumkin. Ko‘rsatib, tushuntirib berish 3-4 daqiqadan oshmasligi kerak. Agar yasashning texnik usuli bolalarga tanish bo‘lsa, ularning mustaqilligini o‘stirish maqsadida bolalarning o‘ziga taklif etilishi mumkin.
Kichik guruh bolalari hali qo‘l harakatlari, shuningdek, o‘ylagan fikrlarini ro‘yobga chiqarishda qat’iylik bo‘lmaydi. Loy bilan ishlashda malakaviy texnik ko‘nikmalar yetarli rivojlanmagan bo‘ladi. Shu sababli bu guruhda tarbiyachi bolalar egallagan tasvirlash o‘quvi va malakasini mustahkamlash ustida ishlashadi. Bu vazifalarga quyidagilarni kiritish mumkin: bolalardan loydan narsalar yasash xohishni o‘yg‘otish, shu bilan bog‘liq ravishda estetik sezgilarini o‘stirish, loy bilan ishlash vaqtida o‘z diqqatlarini predmetning shakliga va katta kichikligiga karatishga o‘rgatish va shu kabilar. Bolalarni oddiy predmetlarni – tayoqcha, qalamcha yasashga o‘rgatiladi, bu predmetni yasash jarayonida bolalar ikkala kaft, qo‘l barmoqlari bilan ishlashga o‘rganadilar.
So‘ng asta-sekin bolalar bilan keyingi etapga o‘tiladi, bunda bolalar o‘zlariga tanish bo‘lgan predmetni o‘zgartirib boshqasini hosil qilishga o‘rganadilar. Masalan: tayoqchani buklab, halqacha hosil qilish. Tanish predmetlarni yasashda bolalar qo‘l kaftlari bilan ishlashdan, qo‘l barmoqlari bilan ishlashga o‘tadilar, shu bilan birgalikda loy bilan ishlash qoidalariga o‘rganib boradilar: stolni va o‘z kiyimini iflos qilmaslik, loy bilan ishlaganda yengini shimarib olish, doskacha ustida ishlash, ishdan so‘ng qo‘lni yuvish va hokazo.
Bolalar halqacha va tayoqchasimon predmetlarni yasashni o‘zlashtirib olishgach, dumaloq shakldagi predmetlarni yasashga o‘rgana boshlaydilar, ya’ni loy bo‘lagini qo‘l kaftlari orasida dumaloq yoki aylanaviy harakat qilishga o‘rgatiladi. Masalan: shar, olma, apelsin, olcha, koptok. Bolalar disksimon predmetlarni yasashga o‘rganadilar, ya’ni oldin loyni ikki kaft orasida sharsimon shaklga kiritib, so‘ng ikki kafti orasida yapaloqlash.