portal.guldu.uz-Tasviriy faoliyatga o`rgatish nazariyasi va metodikasi
Katta guruhda applikatsiya qilishga o‘rgatish. Katta guruhlarda ko‘pincha mashg‘ulotning ma’lum bir qismini ikki va undan ortiq bolalar bilan birga ishlaydigan jamoa ishi sifatida tashkil etish lozim. Bolalar birgalikda oldida turgan vazifani muhokama qiladilar, ish tartibini rejalashtirishadi, bir-birlariga yordam ko‘rsatadilar. Applikatsiya mashg‘uloti shartli ravishda bolalarda ijodiy qobiliyatlarining o‘sishga ta’sir ko‘rsatadi.
Bola hayotining 5-yilida kuzatishlar, o‘yin sensor tarbiyaning ta’siri ostida bolalarda predmetning rangi, shakli, kattaligi va boshqa sifatlari to‘g‘risida bilim va tasavvurlari shakllana boradi. Bu yoshga kelib bolalarda tasviriy o‘quvi va texnik usullari mavjud bo‘ladi, qo‘l muskullari rivojlangan bo‘lib, qaychi bilan qiladigan harakatlari ancha aniq va ishonchli bo‘ladi, bu esa o‘z-o‘zidan applikatsiyaga o‘rgatishning ancha murakkab vazifalarini hal etishni taqozo etadi.
Applikatsiya mashg‘ulotlari jarayonida predmet to‘g‘risida xilma-xil ma’lumotlar berib boriladi. Bolalar xilma-xil shakllarni atashga, kvadrat, to‘rtburchakni bir-biridan farq qilishga, ularning asosiy belgilarini to‘g‘ri atashga o‘rgatib boriladi. Shuningdek, bolalarga oval, doira, uchburchakni to‘g‘ri ajratishga, farq qilishni o‘rgatadi.
Shunday qilib, bolalar faqat shakllar bilan emas, balki ranglar bilan tanishib boradilar. Masalan: och, to‘q, yorqin ranglar va boshqalar. Bular orqali bolalar rangni sezishga, uni tanlay bilishga o‘rganib boradilar. Applikatsiya jarayonida figuralarni bir-biri bilan taqqoslashga o‘rganadilar, baland-past, keng-tor, qalin-ingichka kabi tushunchalarni egallab, tushunib boradilar. Qog‘oz varag‘ida mo‘ljal olish bilan bog‘liq bo‘lgan tushunchalar, shuningdek, tepada, pastda, o‘rtasida, ketma-ket tushunchalarini egallashga harakat qiladilar. Bu ishda bolalarni qaychi bilan qirqish usullariga o‘rgatib borish davom ettiriladi. Bu bilan bolalar o‘rta guruhda egallagan qirqish usullarini takrorlab, mustahkamlaydilar va yangi kirqish usullarini egallaydilar. Bular quyidagilar: qog‘ozni 2 buklab bir xil shakllar qirqish usuli, simmetrik shakllarni bir necha marta buklab (garmoshka qilib tahlab) qirqishga o‘rganadilar. Masalan: gullar, barglar va hokazo. Bu guruhda tarbiyachi bolalarning diqqatini doimo ishning sifatiga qaratib boradi. Chunki qirqish va yopishtirishning sifati butun bir ishning yoki applikatsiyaning sifatiga ta’sir etadi.
O‘quv yilining boshida bolalar bilan doiraviy shakllarni qirqish ustida ishlanadi, chunki bolalar bu usulni o‘rta guruhda yetarli darajada egallamagan bo‘ladilar. Bolalar predmetlarni qismlarga bo‘lib, qirqib yopishtirishni o‘rgangach, ularning qirqishning ratsional usuli ya’ni garmoshka usulida qog‘ozni buklab qirqishga o‘rganadilar. Ammo yilning boshida albatta dumaloq shaklidagi predmetlarni qirqish ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida quyidagi mavzularda ishlar berishi mumkin. Masalan: kuzgi barglar, sabzavot, mevalar, qo‘ziqorin va hokazo.
O‘quv yili davomida bolalar predmetli applikatsiya ishlarini bajaradilar. Masalan: samolyot, raketa, mashina, trolleybus va hokazo. Qog‘ozni garmoshka usulida buklab qirqishga turli hil predmetlarni taklif qilish mumkin. Masalan: bargli shoxcha, gullar, archa o‘yinchoqlari. Shuningdek, dekorativ applikatsiya bo‘yicha ham shar, sochiq, kvadrat, gilam, doira, tarelka va shuningdek tayyor siluetlarni zontik, choynak, fartuk kabilarni bezatishni taklif etish mumkin. Bolalarni simmetrik figuralarni qirqishga o‘rgatishda tarbiyachi simmetrik tuzilishga ega bo‘lgan predmetlarni taklif etadi. Masalan: guldon, nok, kapalak, masxaraboz va hokazo.
Bolalar predmetli, dekorativ applikatsiyadan tashqari mazmunli applikatsiya ham bajaradilar. Masalan: quyonning bo‘g‘irsoq bilan uchrashuvi, qor bosgan uycha, qiz bayroq ushlab turibdi va hokazo. Katta guruhda bolalar o‘z ixtiyorlari bilan ham applikatsiya ishlarini bajaradilar. Bolalar olgan bilim, malakalar asosida o‘zlari mustaqil applikatsiya ishlarini bajaradilar. Applikatsiya mashg‘ulotlarida bolalar birgalikda jamoaviy ishlarni bajaradilar. Gullar va afsonaviy qushlar tasvirlangan gilam, sevimli o‘yinchoqlari va boshqalar.
Katta guruhda ham applikatsiya mashg‘ulotida tasvirlash kerak bo‘lgan predmetlarni tahlil qilishga katta o‘rin ajratiladi va unda bolalarni savollar bilan faollashtirilsa, bolalarni mustaqilligini qo‘proq ta’minlaydi. Tahlil jarayonida bolalar predmetning shakliga, rangiga, turli xil xususiyatlariga e’tibor berishi lozim. Xalq amaliy san’ati asarlarini ko‘rib tahlil qilishga, bolalarga ranglar garmoniyasining go‘zalligini sezishga, kompozitsiyaning mazmundorligini ochishga o‘rgatiladi. Ayrim hollarda bu guruhda namunadan, ya’ni ishning yakunini namoyish qilishda foydalanish mumkin. Har bir qirqish usullarini ko‘rsatib berishga maqsadga muvofiq bo‘lmadi.
Tarbiyachi ko‘proq bolalarning o‘zlarini faollashtirib, bolalarning o‘zlariga mustaqil ravishda qirqish yo‘llarini, yopishtirish tartibini qidirib topishga undaydi. Agarda yangi qirqish yo‘llari kiritiladigan bo‘lsa, tarbiyachining o‘zi qirqish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. Masalan: qat-qat usulida qirqish, ayniqsa, simmetrik figuralarni qirqishda bolalar ancha qiynaladilar. Shuningdek, tarbiyachi ayrim predmetning qog‘ozdagi tasviridan foydalanish mumkin (qo‘l harakatlari bilan yurgizib chiqishi mumkin). Dastlab tarbiyachi «predmetning yarmi» deb tushuntirishi asosida bolalar usulni tushunib yetadilar. Bu guruhda bolalar qog‘ozni qo‘l bilan yirtib, mayda bo‘lakchalardan foydalanib tasvirni hosil qilishga o‘rganadilar. Tarbiyachi bolalarni mustaqil, ijodiy ishlashga o‘rgatib, mazmundor applikatsiya yaratishga yo‘naltirib boradi, chunki, tayyorlov guruhiga o‘tgach ularning applikatsiya bo‘limi ancha murakkablashadi. Ular qirqimning yangi usullarini egallay boshlaydilar. Bu usullari – bir necha marta buklangan qog‘ozdan qirqish va siluet qirqish hisoblanadi. Shu bilan bu guruh bolalarni turli xil shakllarda dekorativ naqsh tuzishga va bir necha qismdan tuzilgan predmetlarni tuzishga hamda mazmunli applikatsiya tuzishda predmetlarni joylashtirishga o‘rganadilar. Shu bilan birga rang spektrining barcha ranglaridan foydalanishga o‘rganadilar.
Siluet qirqish eng murakkab usullardan biridir. Siluet qirqish mashg‘ulotlar jarayoniga kiritishda bola predmetning obrazini xotirasida tutib turishga, uning konstruksiyasi va proporsiyasini kuzatib turishga, qo‘l harakati bilan hosil qilinayotgan shaklning yo‘nalishga moslashishiga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun bolalarni siluet qirqishga o‘rgatishda sodda shakllardan, ya’ni baliqlar, sabzavot, mevalardan boshlash lozim.
Katta guruhda bolalarni applikatsiya qilishga o‘rgatishda quyidagi vazifalar turadi: Bolalarni to‘g‘ri harakat bo‘ylab qirqish, dumaloq shakllarni va ikkiga buklangan qog‘ozni qirqishga o‘rgatiladi. Ular bir nechta qismdan tuzilgan predmetlarni hosil qilishga, geometrik va simetrik formalardan chiroyli dekorativ naqsh tuzishga o‘rganadilar. Demak, bu guruhda asosiy vazifa qirqishning xilma-xil usullarini egallashdan iborat ekan. Oldin bu guruhda ham o‘rta guruhdagi kabi mavzularda, faqat detallar soni ko‘paytirilib qorbobo, qalpog‘i boshida yoki qo‘lida xaltasi bilan, samolyot esa qanotlarida yulduzi bilan va qorboboning yuz qismidan mayda detallarini: burun, ko‘z va boshqalar.
Bu guruhda bolalar ba’zi shakllarni ikkiga buklangan qog‘ozdan, shoxchasi barglari bilan qirqish ko‘nikmalarini egallagan bo‘ladilar. Bu usullarni ishlatilishi vaqtni ancha tejaydi va chiroyli mazmundagi kompozitsiyani tayyorlash imkonini beradi. Qog‘ozni ikkiga buklab qirqish, bir-biriga simmetrik shakllarni qirqishni osonlashtiradi. Bu usuldan foydalanib bolalar vaza, barglar, sabzavot va mevalar shaklini qirqadilar.
Katta guruhda bolalar shakllarni qog‘ozning uchini qo‘li bilan tekislab, barmoqlarda qirqishga o‘rganadilar. Katta guruh bolalari bilan amalga oshiriladigan ish mazmuni bolalarda qirqish ko‘nikma va malakasini rivojlantirishdir. Dekorativ applikatsiya ishlarida esa bu guruhda faqatgina tayyor geometrik shakllar berilmay, balki xilma-xil o‘simlik shakllaridan barg gullar va boshqa elementlar kiritiladi.
Tayyorlov guruhga o‘tgach, ularning appilikatsiya bo‘limi ancha murakkablashadi, ular qirqishning yangi usullarini egallay boshlaydilar. Bu usullar – bir necha marta buklangan qog‘ozdan qirqish va siluet qirqish hisoblanadi. Shu bilan birga bu guruh bolalarini turli xil shakllarda dekorativ naqsh tuzishga va bir necha qismdan tuzilgan predmetlarni tuzishga hamda mazmunli applikatsiya tuzishda predmetlarni joylashtirishga o‘rganadilar. Shu bilan birga spektorning barcha ranglaridan foydalanishga o‘rganadilar.
Siluet qirqish eng murakkab usullaridan biridir. Siluet qirqish jarayonida bola doimo tayyorlayotgan predmetining obrazini xotirasida tutib turishga va uning konstruksiyasi va proporsiyasini kuzatib turishga, qo‘l harakatini hosil qilinayotgan shaklning yo‘nalishiga moslashishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun bolalarni siluet qirqishga o‘rgatishni sodda shakllaridan (baliqlar, sabzavot va mevalar)dan boshlash lozim.
Katta guruh bolalarini applikatsiya qilishga o‘rgatishda qirqimning turli usullarini egallash muhim ahamiyatga egadir. Bolalarning tasavvuriga asoslangan holda tarbiyachi bolalar bilan naturani, uning qismlari, tuzilishini tahlil qilib, alohida qismlarga ajratib ko‘rsatadi. Agar bolalar predmetni birinchi marta tasvirlayotgan bo‘lishsa namunadan foydalanishi mumkin. Uni tahlil qilishni bolalarning o‘ziga topshirish lozim. Bolalar o‘zlariga tanish predmetni bir necha detallari bilan tasvirlayotgan bo‘lishsa, namuna o‘rnini natura bilan almashtirish mumkin bo‘ladi. Masalan: oddiy uyni emas, afsonaviy uyni yoki bayramga bezatilgan uyni.
Katta va tayyorlov guruhlarida bir necha namunalardan foydalanib ko‘rsatish tavsiya etiladi. Chunki bu narsa bolalarning ijodiy faolligini tarbiyalaydi. Bu guruhda bolalar qog‘ozni ingichka buklab simmetrik shakllar qirqishga o‘rganadilar. Bu albatta qiyin usul, shuning uchun I.A.Gusakova bolalarni bu usul bilan dastlab tanishtirishda qog‘ozni buklab chizilgan kontur berishni tavsiya etadi. Bolalar bu usulni egallab olgach ularni qunt bilan chamalab qirqishga o‘rgatiladi. Katta guruhda jamoa bo‘lib applikatsiyalar bajariladi. Masalan: «Akvariumdagi baliqlar», «O‘tloqdagi gullar», «Ko‘chadagi uy va mashinalar». Har bir bola ishning qaysidir qismini bajaradi. Keyin har bir qism umumiy fonga birlashtiriladi. Tarbiyachi ishni bolalarni hoxishiga qarab taqsimlaydi. Ba’zi jamoa ishlarini bajarishda bolalar 4-5 ta bo‘lib guruhchalarga birlashishadi.