Hikoya - biron-bir fakt, voqeaning mustaqil tuzilgan keng qamrovli bayonidir.
Hikoya tuzish - hikoya qilib berishga nisbatan ancha murakkab faoliyatdir, chunki bolalarning o’zi ushbu mavzu bo’yicha hikoya mazmuni, uning nutqiy shaklini tanlashlari, uni ketma-ket (tarbiyachi yoki o’z rejasi asosida) bayon qilishlari zarur.
Hikoyalar shakliga ko’ra tavsifiy va syujetli bo’lishi mumkin.
Tavsiflash - narsa yoki hodisaning o’ziga xos belgilarini bayon qilishdir. Tavsiflash qisqa bo’lishi va muayyan tuzilma asosida tuzilishi lozim: dastlab narsaning nomi aytiladi, so’ngra uning o’ziga xos belgilari, uning qismlarining nimaga mo’ljallanganligi va ular o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik hamda narsaning vazifasi bayon qilinadi. Tavsifiy hikoyalar qiyosiy (qarama- qarshi belgili hamda hajmi, rangi, materiali, qismlari, shakliga qarab bosqichma-bosqich taqqoslanadigan ikki narsani tavsiflash) va izoxlovchi (mulohaza yuritish, isbotlash bilan birgalikda hikoya qilish va aytilayotgan harakatlarni bajarib ko’rsatish) bo’lishi mumkin.
Syujetli (bayoniy) hikoya - voqealarni biron-bir qahramon bilan birgalikda vaqt bo’yicha ketma-ketlikda aytishdir. Bolalarga uni odatdagi tuzilma asosida tuzishni o’rgatish zarur - dastlab qahramonning nomi aytiladi, ba’zan uning tashqi ko’rinishi tavsiflanadi, birinchi voqea bayon qilinadi, u qachon va qayerda yuz berganligi tushuntiriladi, so’ngra ikki-uch lavxa keltiriladi va hikoya yakunlanadi.
Bitta mashg’ulotda bitta fikrdagi hikoyalar turlarining aralashib ketishiga yo’l qo’yish mumkin: bola o’yinchoqni tavsiflab (qabul qilish asosida hikoya) bo’lganidan so’ng uni qayerdan sotib olganligi yoki uni qanday qilib tuzatganini (xotira asosidagi hikoya) aytib berishi mumkin.
YUqorida sanab o’tilgan barcha hikoyalar turlari ta’lim maqsadlaridan kelib chiqqan holda tavsiflash, bayon qilish yoki shunchaki mulohaza yuritish sifatida bajarilishi mumkin.