Borliqning fazo va vaqtda mavjudligi. Materiya cheksiz ravishda sodir bo’lib turadigan harakat, o’sish, o’zgarish va taraqqiyot hamisha fazo bilan vaqtda yuz beradi. Harakat singari fazo va vaqt ham materiya mavjudligining tub ob’ektiv shaklidir. Demak, harakatni materiyadan ajratish mumkin emas, shuningdek, fazo bilan vaqtni ham materiyadan ajratib bo’lmaydi.
Harakat fazo bilan vaqtning mohiyatidir. Boshqacha aytganda, harakat fazo bilan vaqtning birligidir. Fazo bilan vaqt o’z tabiatining mavjudligini materiya harakatida ochiq-oydin ko’rsatadi.
Fazo harakatdagi materiya mavjudligining tub ob’ektiv shaklidir. Fazo tushunchasi moddiy ob’ektlarning birgalikda mavjudligini va bir-biridan uzoqligini, ularning ko’lamini, bir-biriga nisbatan joylashish tartibini ifodalaydi. Tabiatdagi hamma jismlar, jumladan, insonning o’zi ham ob’ektiv olamda sodir bo’ladigan hamma moddiy jarayonlar fazoda o’rin tutadilar, muayyan masofaga ega bo’ladilar. Olamda mavjud bo’lgan predmetlar bir-biridan sifat jihatidangina emas, uzunligi, kengligi, hajmi, baland-pastligi, katta-kichikligi, o’rin jihatidan ham farqlanadi. Ularning har biri bir-biriga nisbatan yaqin yoki uzoq, quyi yoki yuqori, chap yoki o’ngda joylashgan bo’ladi. Bularning hammasi fazo tushunchasida ifodalanadi.
Vaqt ham materiyaning mavjudlik shakli bo’lib, moddiy jarayonlarning keng yoyilishi izchilligini, bu jarayonlarning turli bosqichlari, bir-biridan ajralganligi, ularning davom etishini, ularning rivojlanishini bildiradi. Har bir narsa o’z o’tmishi, hoziri, kelgusiga ega. Narsa, hodisalarning ba’zi birlari avvalroq, boshqalari keyinroq bo’ladi. Bular esa vaqt tushunchasini ifodalaydi.
Har bir moddiy ob’ekt vaqtda bo’lmasdan turib faqat fazoning o’zida bo’lishi mumkin emas. Hamma vaqt va hamma joyda har qanday jism fazoda ham, vaqtda ham mavjuddir. Buning ma’nosi fazo bilan vaqt bir-biri bilan uzviy bog’liq demakdir.
Fazo va vaqt ham materiya kabi ob’ektiv xususiyatga ega. Idealistlar fazo va vaqtning ob’ektivligini inkor qiladilar. Ular fazo bilan vaqt ongda mavjud bo’lgan qandaydir narsadir deb isbotlashga harakat qiladilar. Chunonchi, Kant nuqtai nazariga ko’ra, fazo va vaqt hissiy mushohadaning qandaydir aprior (tajribagacha) shakllari bo’lib, ular ongimizning o’z tabiati taqozosi bilan vujudga kelgan. Uningcha, inson ongi bo’lmasa fazo, vaqt ham bo’lmaydi. Berkli, Max fazo va vaqtni sub’ektiv hissiyotlar shakli, faqat sezgilarimiz qatorining tartibga solingan tizimlaridir, deb hisoblaydilar.
Gegel falsafasida fazo va vaqt «mutlaq g’oyadan» tug’ilgan bo’lib, ular bu g’oya taraqqiyotining muayyan bosqichida paydo bo’ladi. Ammo u fazo va vaqtni bir-biridan ajratib qo’yadi va natijada tabiatning fazo ichida, lekin vaqtdan tashqarida rivojlanishi to’g’risidagi fikrni ilgari suradi. Bunday tasavvurlarning noto’g’riligini odamlarning butun hayotiy tajribasi, fanning taraqqiyoti tasdiqlab kelmoqda. Fazo va vaqtning ob’ektivligini inkor qilish, nazariy jihatdan chalkashlikdan, amaliy jihatdan esa fideizm oldida taslim bo’lib, ojiz qolishdan iboratdir. Har qanday borliqning asosiy shakllari fazo va vaqtdir. Ilmiy falsafa ta’limoti idealistik fikrlarga qarama-qarshi o’laroq, fazo va vaqtning ob’ektivligini, ya’ni insonga ham, insoniyatga ham bog’liq emasligini, ongdan tashqarida va mustaqil ekanligini e’tirof etib, ular o’rtasida umumiy o’xshash tomonlar hamda ayrim farqlar mavjudligini ta’kidlaydi: birinchidan, fazo bilan vaqtning ob’ektivligi, inson ongi, irodasi va g’oyalariga bog’liq emasligi, ular o’rtasidagi umumiylikning’ muhim tomonlaridan birini tashkil etadi. Ikkinchidan, fazo bilan vaqt abadiy, azaliydir. Fazo bilan vaqtning abadiyligi materiyaning abadiyligidan kelib chiqadi. Uchinchidan, fazo bilan vaqt cheksiz, chegarasiz va bepoyondir.
Fazoning o’ziga xos xususiyati va vaqtdan farqi uning uch o’lchovga ega bo’lishidadir. Bu uch o’lchov materiya bo’yiga va balandligiga, oldiga va orqasiga qarab uning cheksiz ekanligini ko’rsatadi. U turli narsa va hodisalarda har xil bo’ladi. Hozirgi zamon fizikasining nisbiylik nazariyasida to’rt o’lchovli geometrik fazo haqida so’z boradi. Bunda to’rtinchi o’lchov sifatida vaqt olingan.
Vaqt fazo bilan chambarchas bog’liq bo’lsada, lekin o’zining ayrim xususiyatlari bilan undan farq qiladi. Vaqtning muhim xususiyati uning bir o’lchovliligidadir, qaytarilmasligidadir. Moddiy narsalar fazoda har xil joylashishlari, turli tomonga harakat qilishlari mumkin, lekin vaqtga kelganda ular faqat bir tomonga qarab yo’nalishda bo’ladi, vaqt hech qachon orqaga qarab harakat qilmaydi. O’tgan zamonning qaytarilishi va hozirgi zamonning yo’q bo’lishi mumkin emas.
Vaqtning o’ziga xos tomonlaridan yana biri uning cheksizligidadir. Vaqt cheksizligining’ ma’nosi shuki, moddiy dunyoning boshi ham, oxiri ham yo’q va bo’lmaydi.
Fazo va vaqtga ichki ziddiyat xosdir. U shundan iboratki, fazo va vaqt o’z tabiatiga ko’ra ham mutlaq, ham nisbiydir. Fazo va vaqt materiya mavjudligining umumiy ob’ektiv shakllari kabi mutlaqdir, chunki bu shakllardan tashqari hech qanday moddiy jismlarning bo’lishi mumkin emasdir. Shuningdek, fazo va vaqt nisbiydir, chunki ularning aniq xossalari o’zgaruvchi materiyaning xossalariga bog’liqdir. Ziddiyat shundan iboratki, fazo va vaqt nihoyasizlik bilan nihoyaning birligini tashkil etadi, fazoning nihoyasizligi ayrim moddiy ob’ektlarning nihoyali ko’lamlaridan tarkib topadi, vaqtning nihoyasizligi esa ayrim moddiy jarayonlarning nihoyali uzluklilaridan tarkib topadi.
Fazo va vaqt uzluksizdir va shu bilan birga uzlukli (diskret)dir. Fazo shu ma’noda uzluksizki, uning har qanday tarzda olingan (katta yoki kichik, juda yaqin yoki uzoq) elementlari orasida bir element hamisha real suratda mavjud bo’ladi va bu element ularni yagona fazoviy ko’lamga birlashtiradi; boshqacha qilib aytganda fazoviy ko’lam elementlari o’rtasida hech qanday mutlaq alohidalik, bo’linishlik yo’q; ular bir-biriga o’tib turishadi. Ya’ni vaqt shu ma’noda uzluksizki, uning har qanday kichik ikki oralig’i o’rtasida hamisha real suratda bir vaqtli uzluklik mavjuddir.
Fazo va vaqtning uzluksizligi shundan iboratki, ular o’zlarining ichki xossalariga predmetlar va jarayonlarning sifat tafovutiga muvofiq tuzilishiga ko’ra farq qilib turadigan unsurlardan tarkib topgan.
Insonning fazo va vaqt haqidagi tushunchalari, tasavvurlari qotib qolgan emas, balki nisbiy, ya’ni o’zgaruvchan, rivojlanib borish xususiyatiga egadir. Materiya fazoda cheksiz, vaqtda abadiydir, degan fikrning mohiyati shundan iboratki, fazoning hech qanday chegarasi, markazi, tomoni, bo’linadigan joyi, oxirgi nuqtasi yo’q, u cheksiz va chegarasizdir, bepoyondir. Hozirgi zamon tabiatshunoslik fanlari olamning fazo va vaqtda boshi ham, oxiri ham yo’qligi to’g’risidagi ta’limotini asoslovchi yangidan-yangi dalillarni qo’lga kiritdi. Ularning ko’rsatishicha, bizning galaktikamiz koinotda yakkayu-yagona emas, balki cheksiz yulduzlar tizimining biridir.
N.I.Lobachevskiy geometriyasi fazoning materiya bilan chambarchas bog’liq ekanligini isbotlab, mutlaq chegara va sistema bo’lishi mumkin emasligini ko’rsatadi. U Evklid geometriyasiga nisbatan fazoning geometrik xususiyatlari o’zgarishini chuqur tushuntiradi. Evklid geometriyasida fazo materiyadan ajralgan holda, abadiy va hamma yerda bir xil xususiyatga ega shaklda tushuntiriladi. Bu fazo haqidagi metafizik tushuntirish usulidir. Lobachevskiy fazo va vaqtning xususiyatlarini materiya va uning harakati bilan bog’liq ravishda tushuntiradi. Uning geometriyasi Eynshteynning nisbiylik nazariyasida yana ham kengroq mazmunga ega bo’ladi.
Fazo va vaqtning bir butunligini ifodalashda moddiy jarayonlarni ham fazodan, ham vaqtdan ajratmay bir butun holda tekshirish zarur. Hozirgi zamon fanida ko’p o’lchovlilikni quyidagicha tushuntirish mumkin. Nemis olimi German Mankovskiy uch o’lchovli fazo va vaqtni ko’p o’lchovli deb oladi. Bu yerda uch o’lchovli fazo va to’rtinchisi sifatida vaqt olingan. Nisbiylik nazariyasida fazo va vaqt orasidagi bog’lanishni ko’rsatish jism harakatiga kuchli maydon tortish kuchining ta’siri ham hisobga olinadi. Lekin bu kashfiyotlar nisbiylik nazariyasidagi fazo va vaqt orasidagi bog’lanish tugal aniqlandi, degan xulosaga olib kelmaydi, aksincha bu sohadagi bilimlarimiz yana ham aniqlanishi va chuqur bo’lishi mumkin. Fazo va vaqtning xususiyati o’zgarmaydi. Fazo va vaqt to’g’risidagi bilimlarimizning mazmuni kengayishi mumkin. Fazo va vaqt bir-biri bilan ziddiyatli bog’langan. Bu bog’lanishni fazoning cheksiz, vaqtning esa abadiy bo’lishida ko’rish mumkin.
Ma’lumki, narsa va ob’ektlarning harakati bir vaqtda, bir joyda ro’y bermaydi. Materiyaning harakati turli fazoda, turli vaqtda bo’lishi mumkin. Moddiy ob’ektlar turli xil o’rinda, turli xil masofalar orasida joylashgan bo’lib, ular doimo harakatda. Bu harakat sekin yoki tez bo’lishi mumkin. Bu masalani fizika fanining nisbiylik nazariyasi hal qilib beradi.
Ilmiy falsafa nuqtai nazaridan, materiya hech qachon va hech yerda chegaralanmagan. Vaqtning cheksizligi dunyoning bepoyonligini bildiradi, bu fazoning ham chegarasi yo’qligini ko’rsatadi. Shunday qilib, fazo va vaqt harakatdagi materiyaning ob’ektiv yashash usulidir.
Materiyaga xos xususiyatlar fazo va vaqtga ham xosdir. Materiyaning tuzilishi va xossalari haqidagi bilimimizning o’sishi kabi, fazo va vaqt to’g’risidagi bilimlarimiz ham cheksiz ortib boradi.
Materiya fazoda cheksiz, vaqtda abadiydir. Vaqtning cheksizligi dunyoning cheksizligini, boshi va oxiri yo’qligini ko’rsatadi.
Tabiat va jamiyat hodisalari hamma vaqt ketma-ket sodir bo’ladi va harakat qiladi. Materiya vaqtda harakat qiladi, demak materiya, harakat, fazo va vaqt dialektik bog’langan. Ularning dialektik birligi umumiy aniq fanlar uchun amaliy jihatdan metodologik asos hisoblanadi.