Mavzu: "boshlang’ich sinflarda tekshiruv diktanti va uni tashkil qilish"



Yüklə 94,65 Kb.
səhifə6/9
tarix19.12.2023
ölçüsü94,65 Kb.
#184652
1   2   3   4   5   6   7   8   9
Ro\'zmetova Sabohat OTO\'M Kurs ishi

IJODIY DIKTANT
Ijodiy diktant o'rganilgan qoidalarni o'zlashtirish va yozuvda o‘rinli qo'llash malakalarini mustahkamlash bilan birga, o'quvchilar og'zaki va yozma nutqining shakllanishida muhim o'rin tutadi. Ijodiy diktantda o'quvchilarga o'rganilgan qoidaga mos so‘z, so‘z birikmalari, biror mavzuga oid savollar beriladi. Ular berilgan so‘z va so‘z birikmalarini qatnashtirib, savollarga javob topish orqali matn yoki hikoyacha tuzadilar.
O'qituvchi ana shu berilgan so'zlar yoki so‘z birikmalari yordamida tuziladigan hikoya mazmuni va ishni bajarish usuli haqida o'quvchilarga tushuncha berishi kerak, chunki ijodiy diktant matnini o‘quvchilarning o'zlari ijod qiladilar va o'qituvchi ko‘rsatmasiga ko‘ra uni yozadilar. Shuning uchun bu diktant turi ijodiy inshoga o'xshab ketadi.
ERKIN DIKTANT
Erkin diktant ta’limiy diktantning bir turi bo'lib, o'quvchilar nutqini o'stirishga, fikrlash qobiliyatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Erkin diktant uchun hikoya tarzidagi uncha katta bo'lmagan matn tanlanadi. Matnda o'quvchilar yozishda qiynaladigan yoki imlosi o'rganilmagan so'zlar ishtirok etgan bo'lsa, matn mazmuniga putur yetkazmagan holda, uni boshqa so'zlar bilan almashtirish yoki tushirib qoldirish mumkin. Diktantning bu turida o'quvchilarga o'qilgan bo'limning mazmunini buzmagan holda, gaplarning shaklini o'zgartirib yozish erkinligi beriladi. Masalan, «Quyosh chiqdi, hamma yoqqa nurini sochdi» gapining shaklini o'zgartirib, o'quvchilar «Quyosh o'z nurini sochdi», «Quyosh nurini hamma yoqqa sochdi», «Quyosh chiqib, nurini sochdi» kabi shakllarda yozishlari ham mumkin. Yoki «Nosir erta bilan turdi. Yuz-qo'lini yuvdi. Nonushta qildi va maktabga ketdi» kabi uchta gap bilan ifodalangan mazmunni o'quvchilar «Nosir erta turib yuvindi. Nonushta qilib, maktabga ketdi» kabi ikkita gap bilan yozishlari mumkin. Shuning uchun ham bunday diktant erkin diktant deyiladi.
TEKSHIRUV DIKTANTI
Tekshiruv diktanti o‘quv dasturining biror bo'limi o'rganilib, xilma-xil ta’limiy mashqlar bilan mustahkamlangach, ular o'quvchilar tomonidan qay darajada o'zlashtirilganini sinash maqsadida o'tkaziladi. Tekshiruv diktanti uchun sintaktik tuzilishi jihatidan shu sinf o'quvchilari saviyasiga mos, o'rganilgan imlo qoidalari asosida yoziladigan so'zlar va tinish belgilari ko'proq qo'llanilgan matn tanlanadi. Matnda o'rganilmagan qoida asosida yoziladigan va imlosi qiyin so'zlar bo'lmasligi kerak. Tekshiruv diktanti uchun matnlardangina emas, balki o'rganilgan qoidalarni o‘z ichiga olgan alohida terma gaplardan ham foydalanish mumkin. Lekin har ikki holda ham gaplardagi so'zlar soni DTS talablariga mos bo'lishiga e’tibor berish lozim. Tekshiruv diktanti uchun tanlangan matnda so'zlar soni DTSga ko'ra quyidagicha bo'lishi lozim:
1-sinfga sabod o'rgatish davridan so'ng 8—10 so'z, o'quv yili oxirida 15—20 ta so'z,
2-sinf o'quv yilining birinchi yarmida 10—12 ta so'z, o'quv yili oxirida 30—40 ta so'z;
3-sinf o'quv yilining birinchi yarmida 14—16 ta so'z, o'quv yili oxirida 50—60 ta so'z;
4-sinf o'quv yilining birinchi yarmi oxirida 30—40 ta so'z; o'quv yili oxirida 75—80 ta so'z.
Ko'rinib turibdiki, o'quv yili oxirida o'tkaziladigan diktantdagi so'zlar soni keyingi o'quv yili boshida o'tkaziladigan diktantdagi so'zlar soniga teng bo'ladi va asta-sekm ortib boradi. O'qituvchi o'rganilgan va mashqlar bilan mustahkamlangan mavzuga mos matnni diktant o'tkazishdan bir necha kun oldin tanlaydi.
Matnda shu sinf o'quvchilari uchun imlosi qiyin so'z bo'lsa (yaxshisi matnda o'rganilmagan so'zlar bo'lmagani ma’qul), shu so'zlarning ma’nosi, talaffuzi va yozilishi diktantni yozgunga qadar bo'ladigan ona tili darslarida tushuntirilib, mashqlar bilan mustahkamlanishi lozim. Shuning uchun imlosi qiyin so'zni qatnashtirib gap tuzish, so'zning talaffuzi va yozilishini tushuntirish, imlosi qiyin so'z qatnashgan gapni tahlil qilish, shu so'zni bo'g'in ko‘chirish qoidalariga ko'ra qismlarga bo'lib yozish kabi mashq turlaridan foydalanish mumkin. O'quvchilar tekshirish diktanti yozishlari haqida ikki-uch kun oldin, o'tilganlarni takrorlab, mustahkamlash darsida ogohlantiriladi yoki tinish belgilariga oid qavsi qoidalari takrorlash kerakligi ta’kidlanadi. O'tkaziladigan tekshirish diktanti matnini tanlashga alohida ahamiyat berish talab etiladi. Yuqorida ta’kidlanganidek, matnda shu sinf o'quvchilari yozishda qiynaladigan yoki o'rganilmagan qoidalar asosida yoziladigan imlosi qiyin so'zlar bo'lmasligi, agar shunday so'zlar uchrasa, uni o'qituvchi doskaga yozib berishi lozim. Bunday so'zlar ikki-uchtadan oshmasligi kerak. Tekshiruv diktanti quyidagi tartibda o'tkaziladi: o'quvchilarning darsga hozirligi ko'zdan kechirilgach, o'qituvchi o'quvchilar diqqat-e’tiborini o'ziga qaratgan holda, diktant matnini shoshmasdan, bir marta ifodali o'qib beradi.
Matndagi gaplarning ohangiga rioya qilib ifodali o'qilishi tinish belgilarini to'g'ri qo'yishga, matnning mazmuni va tarbiyaviy ahamiyatini bolalar ongiga singdirishga yordam beradi. Buning uchun, o'rni kelganda, turli imo-ishoralardan foydalanish, baland yoki past ovozda o'qib berish ham mumkin. O'qituvchi matndagi ma’nosi yoki imlosi qiyin so'zlarni doskaga yozib, talaffuzi va imlosini qisqa izohlaydi. Keyin o'qituvchi doskaga, o'quvchilar esa daftarlariga sana, ish turi (tekshiruv diktanti) va sarlavhani tartib bilan, har birini xat-boshidan yozadilar. Shundan so'ng matn aytib yozdiriladi.
O'qituvchi sodda yig'iq gaplarni butunicha, sodda yoyiq gaplarni so'z birikmasiga va qo'shma hamda sodda gaplarni ma’noli qismlarga bo'lib aytib turadi. Shuni ta’kidlash zarurki, so'zni bo'g'inlab yoki so'zma-so'z aytish yaramaydi.
Har bir gap yoki so'z birikmasi ko'pi bilan uch marta takrorlanishi lozim. Aytish sur’ati shu sinf o'quvchilarining gaplarni yozib ulgurishlarini hisobga olgan holda belgilanishi kerak. Tekshiruv diktanti yozib bo’lingach, o'quvchilar diqqatini jalb etib, o'qituvchi matnni sekinroq sur’at bilan yana bir marta o'qib beradi. O'quvchilar o'z yozuvlarini mustaqil ravishda tekshirishlari uchun matn o'qib bo'lingach, biroz muddat (ikki-uch daqiqa) beriladi. Bu vaqt ichida o'quvchilar o'z ishlarini tekshiradilar, xatolarini topsalar, to'g'rilaydilar. O'qituvchi esa o'quvchilarning har birini diqqat bilan kuzatib, ular e’tiborining bo'linmasligiga ahamiyat beradi. O'quvchilar o'rtoqlarining ishini ko'rishga, u yoki bu so'zni qanday yozganlarini bilishga qiziqadilar, ba’zan o'rtog'ining ishini ko'rib, o'zining to'g'ri yozgan so'zini o'zgartirishga urinish hollari ham uchraydi. Bunday paytlarda o'qituvchi bolalarga mustaqil ishlash, fikrlash lozimligini eslatadi. O'quvchilar imlo va tinish belgilarga oid qoidalarni qay darajada o'zlashtirganliklarini, ulardan amaliy foydalana olishlarini, ko'nikmalarini sinash bilan birga, grammatik mavzularni ongli o'zlashtirishlarini tekshirish maqsadida boshlang'ich sinflarda grammatik topshiriqli tekshirish diktanti ham o'tkaziladi. Grammatik topshiriq darsdan oldin doskaga yozilib, parda bilan to'sib qo'yiladi (ko'chma doska yoki katta qog'ozga yozib foydalansa ham bo'ladi). O'quvchilar tekshirish diktanti matnini yozib bo'lgach, o'rganilgan mavzular yuzasidan berilgan grammatik topshiriqlarni bajaradilar.
Grammatik topshiriqlar quyidagi mazmunda bo'lishi mumkin:
biror gapda qatnashgan so'zlardagi unli yoki undosh harflarning tagiga chizish;
berilgan so'zlarni bo'g'in ko'chirish qoidasiga ko'ra bo'laklarga ajratib, chiziqcha bilan yozish;
talaffuzida va yozilishida farq qilgan undoshlarni aniqlab, tagiga chizish;
talaffuzda tushib qoladigan undoshning tagiga chizish;
gaplarning (ular aniq ko'rsatiladi) ega va kesimini aniqlab, eganing tagiga bir, kesimning tagiga ikki to'g'ri chiziq chizish;
biror gapdagi so'zlarning o'zak va qo'shimchalarini aniqlab, chiziqlar bilan belgilab ko'rsatish. (Masalan, ishla: o'zak —ish, so‘z yasovchi qo'shimchasi — la, ishdan: o‘zak — ish, so'z o‘zgartiruvchi qo‘shimcha — dan kabi);
sifatlarni aniqlab, tagiga to'lqinli chiziq chizish;
matndagi bo'lishsiz fe’llarning tagiga ikki to'g'ri chiziq chizish;
matndagi "biror so'zga (so'z aniq ko'rsatiladi) o'zakdosh so‘zlar tanlash;
ikki yoki uch gapdagi (gaplar aniq aytiladi) ega, kesim va ikkinchi darajali bo'laklarni aniqlab, eganing tagiga bir, kesimning tagiga ikki to'g'ri chiziq, ikkinchi darajali bo'laklarning tagiga to'lqinli chiziq chizish;
kelishiklar bilan turlangan otlarni aniqlab, kelishik nomini yozish;
egalik qo'shimchasi tagiga chizish va ustiga shaxs-sonini yozish;
kishilik olmoshlarining tagiga chizib, ustiga shaxssonini yozish; shaxs va sonda tuslangan fe’llarni aniqlab, shaxsi, soni, zamonini yozish.
Shuningdek, o'quvchilarning umumiy saviyasini, eshitish, ko‘rish qobiliyatlarini, tevarak-atrofda bo'layotgan o'zgarishlar, yoshlikdan o'zlari bajarishi lozim bo'lgan barcha ishlarning mohiyatiga tushunib, hayotga tatbiq etishlarini hisobga olib, iqtisodiy, huquqiy, ayniqsa, ekologiyaga doir mavzularda ham matnlar berildi. Bu matnlarni eshitib yozish orqali ularda mas’uliyatni his va idrok etish uquvi paydo bo'ladi. Musiqa orqali ta’sir etish uchun diktant yozish paytida mayin kuy eshittirish, diktant yozish oralig'ida jismoniy harakatlar bajarib, dam olish daqiqasini o'tkazish, tasviriy san’at, badiiy mehnat, matematika fanlari bilan ham bog'lanish o'quvchilar savodxonligini, estetik didini o'stirishga yordam beradi. Namunaviy matn og'zaki va yozma qayta hikoya qilinadi. O'qish darslarida asosan og'zaki qayta hikoyalash mashq qilinsa, ona tili darslarida u ko'proq yozma tarzda o'tkaziladi. Bayon o'qib berilgan namunaviy matn mazmunini ma’lum tayyorgarlikdan so'ng yozma qayta hikoyalashdir. O'qish darslarida matn ustida ishlash, o'qilgan matn yuzasidan savollarga javob berish, reja tuzish va reja asosida og'zaki qayta hikoyalash bolalarni bayon yozishga tayyorlaydi. Qayta hikoyalashning turlari xilma-xildir. Har qanday qayta hikoya qilingan matn yuzasidan bayon yozish mumkin, ammo bayon yozish og‘zaki qayta hikoyalashga nisbatan qiyin va murakkab faoliyatdir.Bundan tashqari, boshlang‘ich sinf o'quvchilarining yozish sur’ati sekin, shunga ko‘ra bayon uchun kichik hajmdagi, kompozitsiyasi sodda, til tomondan ham mos matn tanlanadi. Bayon matni asta sekin murakkablashtira boriladi: awal hikoya tarzidagi bir lavhani ifodalovchi matn tanlansa, unga yana lavhalar, tasvir elementlari kiritila boriladi, qatnashuvchilar soni orttiriladi, muhokama elementlari ham qo'shiladi; keyinroq shaxsini o ‘zgartirib bayon yozishga o'tiladi. Shunday qilib, bayon asta-sekin ijodiy tus ola boradi.
Boshlang'ich sinflar ona tili dasturiga ko'ra, 2-sinfda katta bo'lmagan (30—40 so'zli) matn yuzasidan o'qituvchi yordamida so'roqlar asosida bayon yozish, 3-sinfda 40—60 so'zdan iborat matnning mazmunini jamoa bo'lib tuzilgan 3—5 ta reja asosida bayon yozish, 4- sinfda esa mustaqil tuzilgan reja asosida (70—90 so'zli) bayon yozish ko'zda tutiladi. Mashq sifatida bayonning ahamiyati katta: bayon bolalarda adabiy nutqni to'g'ri shakllantirishga yordam beradi, nutq madaniyatini yaxshilaydi, badiiy uslubni singdiradi, tilga sezgirlikni oshiradi. Bayon uchun kishilarning fidokorona mehnati, hayotini, ona tabiat tasvirini, fan, texnika, madaniyat borasidagi yutuqlarni aks ettiradigan yuksak g'oyali matn tanlanishi, bayon mavzusi o'quvchilaming bilish tajribasini kengaytirishi, ulaming dunyoqarashini shakllantirishi zarur. Qayta hikoyalash va bayonda bolaning tabiiy nutqi eshitilishi, ya’ni berilgan namunani tushunmasdan yodlamasligi, namuna leksikasidan, nutq birliklaridan, sintaktik qurilishidan foydalana olishi zarur. Til vositalari matnni o'qish, suhbat, matn tahlili davomida o'zlashtiriladi; matndagi so'zlar va nutq birliklari bolalaming „o'ziniki" bo'lib qoladi. Qayta hikoyalashda namunadagi u yoki bu gapni bola esga tushirishga harakat qiladi, o'zlashtirgan mazmunni to'liqroq, aniqroq berish uchun gapiar tuzadi. Bu bilan o'quvchining mustaqillik darajasi va bilish faolligi o'sadi, ijodiy elementlar qo'shila boradi. Qayta hikoyalashda namunadagi izchillik, bog'liqlik saqlanishi, asosiy faktlar berilishi, ayniqsa, ilmiy matnni qayta hikoyalashda barcha muhim o'rinlar to'liq bayon qilinishi zarur. Vaqti-vaqti bilan ilgari eshitilgan, o'qituvchi o'qib bergan yoki radio, televizordan yozib olingan matnni qayta hikoyalatish, o'quvchibir marta ovoz bilan yoki ichda o ‘qigandan so'ng qayta hikoyalatishdan foydalanishni tajribada qo‘llab turish ham mumkin. Bu ishni turli xil uslublarda olib borish imkoniyatini yaratadi va uni jonlantiradi.


Yüklə 94,65 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin