Bozor infratuzilmasi — bu bozor aloqalarini oʻrnatish va ularning bir maromda amal qilishga xizmat koʻrsatuvchi muassasalar tizimidir. Unga ombor xoʻjaligi, transport, aloqa xizmatlari koʻrsatuvchi korxonalar, tovar va xizmatlar muomalasiga xizmat qiluvchi muassasalar (birjalar, auksionlar, savdo uylari, savdo-sotiq idoralari va agentliklari kabilar), moliya-kredit munosabatlariga xizmat qiluvchi muassasalar (bank turidagi muassasalar, kreditlash idoralari, sugʻurta va moliya kompaniyalari, soliq idoralari) va ijtimoiy sohaga xizmat koʻrsatuvchi muassasalar (uy-joy va kommunal xizmat idoralari, aholini ishga joylashtirish firmalari) kiradi. Axborot xizmati idoralari ham bozor infratuzilmasining alohida boʻgʻinini tashkil qilib, ularga maʼlumotlarni toʻplash, umumlashtirish va sotish bilan shugʻullanuvchi kompaniya va firmalar kiradi.
Bozor infratuzilmasi — bozorda tovarlar va xizmatlarning erkin harakatini taʼminlaydigan muassasalar, tashkilotlar majmui.
Bozor infratuzilmasining asosiy unsurlari quyidagilar:
birjalar (tovar, xom ashyo, fond, valyuta) va ularning tashkiliy rasmiylashtirilgan vositachiligi;
kimoshdi savdolari, yarmarkalar va birjadan tashqari tashkiliy vositachilik shakllari;
kredit tizimi va tijorat banklari, emissiya tizimi va emissiya banklari;
aholi bandligini boshqarish tizimi, davlat va nodavlat bandlikka yordam koʻrsatish markazlari (mehnat birjalari);
axborot texnologiyasi va ishbilarmonlik aloqalari vositalari;
soliq tizimi va soliq inspeksiyalari;
tijoratxoʻjalik xatari sugʻurtasi tizimi va sugʻurta kompaniyalari;
maxsus reklama agentliklari, axborot markazlari va ommaviy axborot vositalari agentliklari;
savdo palatalari, ishbilarmon doiralarning ixtiyoriy, davlat, jamoat birlashma (uyushma)lari;
bojxona tizimi; oʻrta va oliy iqtisodiy taʼlim tizimi, auditorlik kompaniyalari;
konsalting (maslahat) kompaniyalari;
ishbilarmonlik faoliyatini ragʻbatlantirishga xizmat qiladigan davlat va jamoat fondlari;
maxsus erkin tadbirkorlik zonalari va boshqalar.
Bozor infratuzilmasi ishlab chiqaruvchilar bilan isteʼmolchilar, yaʼni haridor va sotuvchilarni bir-birlariga uchrashtirish, bozor ishtirokchilari oʻrtasidagi oldi-sotdi operatsiyalarini oʻtkazish, ularning oʻzaro hisob-kitoblari, shuningdek bozordagi doimiy hamkorlik va mijozlik aloqalarini oʻrnatish, ish kuchi topish va boshqalarda yordam beradi. Bozor infratuzilmasi davlatning iqtisodiyotni tartibga soluvchi tadbirlarini amalga oshiradi. [1] Bozor infratuzilmasining bu barcha unsurlari ishlab chiqaruvchilarning savdo-sotiq, moliya-kredit ishlariga, sherik topishiga, ish kuchini yollashiga koʻmaklashadi, davlatning iqtisodiyotni tartibga soluvchi tadbirlarini amalga oshiradi, ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida aloqa oʻrnatishga yordam beradi. Ularning bir qismi davlat mulkchiligida faoliyat koʻrsatsa, boshqalari mustaqil muassasa va uyushmalardan iborat boʻlib, koʻrsatgan xizmatlari uchun haq oladi.