Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va bugungi kunda amalda o‘zining yuksak samaralarini berayotgan Inqirozga qarshi choralar dasturida korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlashni yanada jadallashtirish, zamonaviy, moslashuvchan texnologiyalarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Bunda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, xalqaro sifat standartlariga o‘tish bo‘yicha qabul qilingan tarmoq dasturlarini amalga oshirishni tezlashtirish muhim ahamiyatga ega. O‘z navbatida, bu korxonalarning ham tashqi, ham ichki bozorda barqaror mavqega ega bo‘lishini ta’minlash imkonini beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 19 iyunda qabul qilingan “Respublika korxonalarida xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etishni kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasida korxonalarda sifatni boshqarish tizimini joriy etishda boshqaruv organlarining o‘rniga bag‘ishlangan amaliy seminarda shular haqida gap bordi.
Mazkur qo‘mita raisining o‘rinbosari A.Doliyev mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini va eksport salohiyatini oshirishda xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Zero, har qanday korxonaning raqobatbardoshligi, birinchi navbatda, uning mahsuloti sifatiga qarab belgilanadi. Sifat boshqaruvi tizimida amalga oshiriladigan yangi bozor mexanizmi sifatli mahsulot yetkazilishini ta’minlaydi va o‘zaro shartnomalarning to‘liq bajarilishida iste’molchilar ishonchini yanada oshiradi.
Nomi qayd etilgan qaror asosida mamlakatimiz korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish, ularning eksport salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish ishlarini muvofiqlashtirish va ularni o‘z vaqtida sertifikatlashtirish, ishlab chiqaruvchi korxonalarda xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lgan sifatni boshqarish tizimlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish, joriy etish va sertifikatlash bilan bog‘liq jarayonlarning tizimli monitoringi olib borilmoqda.