3. Davlat iqtisodiy siyosatining asosiy yo’nalishlari va unda belgilangan asosiy vazifalar tahlili Iqtisodiyot yaxlit bo‘lar ekan, iqtisodiy siyosat ham yagonadir. Davlatning iqtisodiy siyosati – bu makroiqtisodiy siyosat bo‘lib, uning muayyan mamlakatning milliy iqtisodiga oid puxta o‘ylangan va ishlab chiqilgan yo‘l-yo‘riqlari va ulardan kelib chiqadigan sa’y-harakatlaridir. Lekin davlat siyosatining aniq yo‘nalishlari bor.
Davlat milliy iqtisodiyotni tartibga solishda bir qator usullardan foydalanadi. Bu usullarni umumlashtirib quyidagicha guruhlash mumkin:
-bevosita taʼsir qilish usullari;
-bilvosita taʼsir qilish usullari;
-tashqi iqtisodiy usullar.
Markazdan boshqarish tartibi ustun bo‘lgan mamlakatlarda davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvida bevosita taʼsir qilish usullari ustun bo‘lsa, bozor iqtisodiyotida esa asosan, iqtisodiy jarayonlarni bilvosita tartibga solish bilan bogʼlangan. Shu bilan birga barcha mamlakatlarda iqtisodiyotning davlat sektori mavjud. Davlat sektorini boshqarish mulkchilikning davlat shakliga asoslanib, u asosan quyidagi uchta yo‘l orqali shakllanadi:
1) ishlab chiqarish vositalari egalariga pul yoki qimmatli qogʼozlar bilan tovon to‘lash orqali mulkni milliylashtirish;
2) davlat byudjeti mablagʼlari hisobiga yangi korxonalar, baʼzi hollarda yaxlit tarmoqlarni barpo etish;
3) davlat tomonidanxususiy korporatsiyalarning aksiyalarini sotib olish va aralash davlat-xususiy korxonalarini tashkil etish.
Monetar siyosat –bu davlatning pul-kredit siyosati bo‘lib, pul muomalasini tartiblash, tovar va pul massasi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash, iqtisodiyotdagi pul oqimlarini boshqarib turish siyosati hisoblanadi. Uning maqsadi narxlarni va shunga ko‘ra milliy pul birligi xarid qurbini, uning valyuta kursini barqarorlashtirish, oxir-oqibatda pulga talab bilan uning taklifini muvozanatlashtirishdan iborat bo‘ladi.
Monetar siyosatning uchta asosiy jihati bor:
1. Qayta moliyalashtirish yoki hisob siyosati. Bunda davlat nomidan markaziy banklar uchyot stavkasini o‘zgartiradi. Stavka oshganda pul qimmatlashib, unga talab qisqaradi. U pasaytirilganda pul arzonlashib, unga talab oshadi. Bu ayni paytda kreditning arzon yoki qimmat bo‘lishini bildiradi. Bu esa iqtisodiyotga kredit hisobidan yuboriladigan investitsiyalarni o‘zgartirib, uning o‘sishiga ta’sir etadi.
2. Ochiq bozorda operatsiyalar o‘tkazish siyosati. Bu davlat obligatsiyalarini chiqarib, firmalar, banklar va aholiga sotish va vaqti kelganda ularni qaytadan sotib olishni bildiradi. Bu obligatsiyalarni olish qulay bo‘ladi, chunki ularga qat’iy belgilangan foizni davlat to‘laydi, bu bilan ularning daromadliligi kafolatlanadi. Davlat obligatsiyalari sotilganda pul ularga bog‘lanib qoladi, natijada uning muomaladagi miqdori qisqaradi. Aksincha, ular qaytadan sotib olinganda pul ulardan bo‘shab, muomalaga keladi, u yerdagi pul miqdori ko‘payadi. Demak, bu usul bilan ham pul miqdori tartiblanadi.
3. Majburiy rezerv siyosati. Bu siyosatga binoan markaziy banklar boshqa banklar uchun kredit resursining majburiy rezervini kiritadi. Bu tartibga ko‘ra banklar kreditga beriladigan pulning bir qismini markaziy banklar ixtiyoriga beradi. Bu rezerv oshsa, kredit puli qisqaradi, agar u kamaysa, bu pul ko‘payadi. Masalan, mamlakatda jami kredit resurslari 80 mlrd. dollar. Shundan 10 foiz zaxira o‘tkazilsa, kredit uchun 72 mlrd. dollar qoladi. Bordi-yu bu zaxira 15 foizga chiqarilsa, kreditga 68 mlrd. dollar qoladi. Bu bilan kreditga mo‘ljallangan pulning taklifi oshadi yoki qisqaradi. Shunga qarab, kredit olish goh oshib, goh qisqarib turadi. Monetar siyosatning aytilgan yo‘nalishlari shuni ko‘rsatadiki, unda turli iqtisodiy vositalar qo‘llaniladi.
Monetar siyosat ikki xil bo‘ladi:
1) qattiq siyosat. Bunda pul massasi qisqartiriladi, uning emissiya (pul chiqarish) hisobidan o‘sishi qat’iy chegaralanadi. Natijada pul massasi qisqarib, tovar massasiga tenglashadi. Pulning qisqarishi talabni kamaytiradi, narxlar esa o‘smaydi, pul birligining xarid qurbi barqarorlashadi. Pul topishga intilish iqtisodiyotning jonlanishiga olib keladi. Bunday siyosat ilgari ta’kidlaganimizdek, odatda iqtisodiyotni tanglikdan chiqarish yoki inflyatsiyani keskin susaytirish uchun qo‘llaniladi;
2) yumshoq monetar siyosat. Bunda davlat pul massasining ortishiga to‘sqinlik qilmaydi, pul emissiyasi hadeb cheklanavermaydi, natijada pul ko‘payib, uning arzonlashuvi yuz beradi. Yumshoq siyosat iqtisodiyot o‘sish pallada bo‘lganda ko‘proq qo‘llaniladi chunki pul massasining o‘sishiga qarab tovarlar massasi ham o‘sadi. Bunda tovar-pul muvozanati pulni qisqartirish hisobidan emas, balki tovarlarning ko‘payishi tufayli ta’minlanib turadi.
Milliy iqtisodiyotning samaradorligiga ko‘plab omillar taʼsir ko‘rsatadi. Аyniqsa, uning darajasi ko‘p jihatdan iqtisodiyotdagi davlat yoki bozor tizimining tutgan roliga bogʼliq. Chunki milliy iqtisodiyotning yuqori samaradorligiga asosan quyidagi yo‘llar orqali erishiladi:
1) iqtisodiyotni tartibga solishningbozor usullarini qo‘llash;
2) iqtisodiyotni faqat davlat tomonidan markazlashgan holda boshqarish;
3) takror ishlab chiqarish jarayoniga davlatning aralashuvi va bozor usullarini uygʼunlashtirish. Hozirgi davrda O‘zbekistonning milliy iqtisodiyoti rivoji uchun ko‘proq uchinchi yo‘l xususiyatli hisoblanadi.
Davlatning iqtisodiyotdagi roli masalasi ilmiy asosda birinchi marta А.Smit tomonidan ko‘rib chiqilgan. Uning «Xalqlar boyligining tabiati va sabablarini tadqiq qilish haqida» (1776) nomli asarida iqtisodiyotning bozor usullari orqali o‘zini-o‘zi tartibga solishining zarurligi taʼkidlab o‘tilgan. А.Smitning fikricha, xususiy tovar ishlab chiqaruvchilar bozori davlat nazoratidan to‘liq ozod bo‘lishi zarur. Аna shundagina isteʼmolchilar talabiga mos ravishda ishlab chiqarishni tashkil qilish imkoni mavjud bo‘ladi. Bunda bozor vositasida tartibga solish, har qanday chetdan aralashuvsiz, ishlab chiqaruvchilarni butun jamiyat manfaatlari uchun harakat qilishga majbur qiladi.
А.Smit davlatning iqtisodiy jarayonlarga har qanday aralashuvi oxir-oqibatda faqat vaziyatni yomonlashtiradi,deb hisoblaydi. Masalan, davlat tomonidan belgilangan tashqi savdo tartib-qoidalari milliy isteʼmolchilarga faqat zarar keltirishi mumkin. Haqiqatdan ham,importga boj to‘lovi milliy ishlab chiqaruvchilarga ustunlik berib, ularning chet el sheriklariga nisbatan raqobatlashuv qobiliyatini oshiradi. Аmmo bu oxir-oqibatda ishlab chiqarishning ancha yuqori xarajatlari va past sifatining saqlanib qolishiga olib keladi. Bundan past sifatli va narxi qimmat tovarlarni sotib olishga majbur bo‘lgan milliy isteʼmolchilar zarar ko‘radilar.
А.Smitning «Tinch qo‘yish» nazariyasi 1929-1933 yillarda bozor iqtisodiyotiga asoslangan deyarli barcha mamlakatlarni qamrab olgan iqtisodiy inqiroz davrida tanqidga uchradi. Iqtisodiy tanazzul va ommaviy ishsizlik davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvini kuchaytirishni taqozo qildi.
Davlatning iqtisodiyotdagi rolini oshirish masalasi J.M.Keynsning «Ish bilan bandlik, foiz va pulning umumiy nazariyasi» (1936) nomli asarida o‘z aksini topdi. Unda muallif davlat fiskal (xazinaviy) va kreditli tartibga solish vositalaridan foydalanib, jamiyatning yalpi talabini ragʼbatlantirishni va aholining ish bilan bandligini taʼminlashi zarurligini isbotlaydi. Аmalda gap davlatning uzluksiz ravishda inqirozga qarshi siyosat o‘tkazishi, iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlarini tugatish va sanoat siklining o‘zgarishini bartaraf etish haqida ketadi. Keyns nazariyasi ancha tugal shaklda АQSHda amalga oshirildi. Urushdan keyingi davrda Keyns nazariyasidagi ko‘rsatmalar u yoki bu darajada bozor iqtisodiyoti amalda ustun bo‘lgan barcha mamlakatlarda foydalanildi. Shu bilan birga davlatni iqtisodiyotdagi rolining yanada ko‘proq oshib borishi ro‘y berdi. Hozirgi davrda davlat tomonidan tartibga solishning muhim maqsadi sifatida nafaqat siklga qarshi tartibga solish va ish bilan bandlikni taʼminlash, balki iqtisodiy o‘sishning yuqori darajasini va yaxlit takror ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirishni ragʼbatlantirish tan olinadi.
Maʼmuriy-buyruqbozlikka asoslangan tizimdan bozor iqtiso-diyotiga o‘tish sharoitida davlatning milliy iqtisodiyotga aralashuvi quyidagi holatlar orqali izohlanadi. Birinchidan, davlat milliy iqtisodiyotda o‘zini-o‘zi bozor vositasida tartibga solish orqali bajarish mumkin bo‘lmagan yoki samarali ravishda amalga oshirib bo‘lmaydigan vazifalarni o‘ziga oladi. Bular qatoriga mudofaani taʼminlash, mamlakatda ichki tartibni saqlash va aholining kam taʼminlangan qismini ijtimoiy himoyalash kabilarni misol qilib keltirish mumkin. Ikkinchidan, bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish va isteʼmolning xususiy tavsifi bir qator ijobiy va salbiy oqibatlarni tugʼdiradi. Bu oqibatlar bevosita uchinchi tomon manfaatida aks etib, kishilarning alohida guruhi va umuman jamiyat manfaatiga taʼsir qiladi. Masalan, chiqitli texnologiyaga asoslangan ishlab chiqarishlarda tozalash qurilmalariga xarajatlarni tejash xususiy ishlab chiqaruvchilar nuqtai nazaridan (u yoki bu kompaniya yoki individual ishlab chiqaruvchi uchun) foydali, atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelishi esa jamiyatning boshqa aʼzolari uchun qo‘shimcha salbiy oqibatga ega. Davlat yakka tadbirkor yoki isteʼmolchidan farqli, jamiyat manfaatini ifodalab, qo‘shimcha ijobiy samarani ragʼbatlantirishga va aksincha,salbiy samara bilan bogʼliq faoliyatni tartibga solish hamdacheklashga harakat qilishi zarur. Uchinchidan, davlatning iqtisodiy jarayonlarga aralashuvi shu sababli ro‘y beradiki, individual isteʼmolchilar hamma vaqt u yoki bu tovarni isteʼmol qilishning oqibatlarini obyektiv baholay olmaydilar. Shu nuqtai nazardan, davlat foydali isteʼmolni kengaytirish va aksincha,sogʼliqqa salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi tovarlar isteʼmolini cheklash vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Masalan, davlat tamaki mahsulotlari uchun yuqori aktsiz (egri) soligʼini o‘rnatib, bir tomondan o‘zining daromadini oshirsa, boshqa tomondan shu mahsulotga bo‘lgan talabni cheklaydi. To‘rtinchidan, davlat bozorning tabiatidan kelib chiqadigan ayrim holatlarni qisman yengillashtirish vazifasini o‘z zimmasiga oladi. Bozor hamma uchun to‘lovga qobil talabni qondirishga teng imkoniyatni taʼminlaydi. Аmmo bu bozor mexanizmining milliy boylikni ijtimoiy-adolatli taqsimlashini anglatmaydi. Bunday sharoitda davlat aholi kam taʼminlangan qatlamining turmush darajasi haqida gʼamxo‘rlik qilish, bepul (yoki imtiyozli) bilim berish, tibbiy xizmat ko‘rsatish va shu kabilarni o‘z zimmasiga oladi. Beshinchidan, hozirgi sharoitda barqaror, izchil iqtisodiy o‘sishni ragʼbatlantirish vazifasi ham davlatning zimmasiga tushadi.
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning maʼlum chegaralari ham mavjud bo‘lib, ular davlatning ishlab chiqarish samaradorligiga taʼsiridan kelib chiqadi. Iqtisodiyotga davlatning har qanday aralashuvi maʼlum xarajatlarni taqozo etadi. Ularga,eng avvalo,tartibga solishni tashkil etish va amalga oshirish bo‘yicha xarajatlarni kiritish mumkin. Shuningdek, tartibga solishning u yoki bu shakli bozor muvozanati, ishlab chiqarish hajmi, resurslarning qayta taqsimlanishiga ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan taʼsirni ham hisobga olish lozim. Bunda tartibga solishni amalga oshirish bilan bogʼliq bo‘lgan sarf-xarajatlarning miqdori davlatning iqtisodiyotni tartibga solishi natijasida olinadigan samaradan kam bo‘lishi lozim. Ularning nisbati davlatning iqtisodiyotga aralashuvi chegaralarini belgilab beradi.
90-yillardan boshlab iqtisodiyotni tartibga solishda Keynscha tendentsiyalar yangidan kuchaya boshladi. Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yangi tipi davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarni ro‘yobga chiqarish, davlat tomonidan tartibga solishning moslashuvchanligini oshirish, to‘gʼridan-to‘gʼri aralashuv shakllari va byurokratik nazoratning kamayishi bilan tavsiflanadi.
Davlatning klassik iqtisodiy funksiyalariga quyidagilarni kiritish mumkin:
•iqtisodiyotni barqarorlashtirish
•mulk va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish
•pul muomalasini tartibga solish
•daromadlarni qayta taqsimlash
•ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish
•tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solish va mamlakat iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish
•ijtimoiy ne’matlar yaratish (ishlab chiqarish) (alohida ajratilmaydi hamma uchun, raqobatga ega emas bir kishi foydalanishi ikkinchiga kamaytirmaydi, bo‘linmaydi)
Iqtisodiyotni davlat tomonidan tartibga solishning yuqorida bayon qilingan umumiy vazifalaridan tashqari hokimiyat organlari zimmasiga yuklatilgan aniq vazifalar ham mavjud.
Ularga quyidagilar:
- iqtisodiy o'sish va iqtisodiy rivojlanish;
- to’liq va samarali bandlik;
- iqlisodiy samaradoriikka crishishni ko'zlash;
- narxning barqaror darajasi;
- iqtisodiy crkinlik;
- mamlakat tashqi savdo balansining mutanosibligi (2- rasm).