Mavzu Davlatning iqtisodiy siyosatining tamoyillari va yo’nalis
1-rasm. Davlatning iqtisodiy siyosati Iqtisodiy siyosat uch darajada bo‘ladi, ular: mikro, makro va meta (xalqaro) siyosatdir.
Davlatning siyosati – bu makroiqtisodiy siyosat bo‘lib, uning muayyan mamlakatning milliy iqtisodiga taalluqli yo‘l-yo‘riqlari va ulardan kelib chiqadigan sa’y-harakatlaridan iboratdir. Davlatning siyosati har doim milliy bo’ladi, mamlakat rivojining ichki va tashqi sharoitini hisobga oladi. Siyosatda eng avval mamlakat iqtisodiyotining holati, xalqaro iqtisodiy kon’yukturaning milliy iqtisodiyotga nechog‘lik ta’sir etishi, unda kutilayotgan o‘zgarishlar mamlakat zimmasiga olgan xalqaro majburiyatning qandayligi, mamlakat iqtisodiyotining resurslar bilan ta’minlanish darajasidan kelib chiqadi, ilgari amalga oshirilgan chora-tadbirlar bergan natija ham hisobga olinadi. Davlat siyosati davlat rahbarlarining irodasi va qat’iyatligiga va yetilgan iqtisodiy muammolarni naqadar idrok etishlariga ham bog‘liq bo‘ladi.
Davlatning siyosati milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda ma’lum maqsadlarni ko‘zlaydi. Bulardan asosiylari quyidagilar:
1. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Bu yalpi ichki mahsulotning bir maromda va yetarli sur’atlar bilan o‘sishiga sharoit hozirlashni bildiradi, chunki YAIM qanchalik tez o‘ssa, mamlakat iqtisodiy qudrati shunchalik oshadi.
2. Milliy iqtisodiyotning mustaqilligini ta’minlash, uning chet elga qaram bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Iqtisodiyot qanchalik mustaqil bo‘lsa, shunchalik milliy manfaatlarga ko‘proq xizmat qiladi.
3. Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash. Bu iqtisodiy aylanmaning uzluksizligini, ya’ni takror ishlab chiqarishning to‘xtovsiz davom etishini, iqtisodiy falajlikka yo‘l qo‘yilmasligini bildiradi.
4. Milliy pul qadr-qiymatining barqarorligini ta’minlash – mamlakatdagi pul muomalasining me’yorida borishiga erishish, pulni iqtisodiy aloqalarning muntazam ishlab turuvchi vositasiga aylantirish.
5. Aholi turmush farovonligini mustaqil oshirib, iqtisodiyotning ijtimoiyligini to‘laroq yuzaga chiqarishga ko‘maklashish.
6.Milliy iqtisodiyotning xalqaro integratsion jarayonlar va globalizatsiyada faol ishtirok etib, xalqaro iqtisodiyotda o‘z o‘rnini topishi, baynalminal iqtisodiy munosabatlarning teng huquqli ishtirokchisiga aylanishiga erishish.
7. Milliy iqtisodiyotning istiqbolini ta’minlash, ya’ni uning uzoq kelajakda o‘sib borishiga sharoit hozirlash. Bular iqtisodiy siyosatning strategik, ya’ni uzoq davrga mo‘ljallangan maqsadi hisoblanadi. Biroq uning qisqa vaqtdagi taktik, ya’ni juz’iy maqsadlari ham bor. Bular jumlasiga iqtisodiy tanglikdan chiqib ketish, narxlarning barqarorligini ta’minlash, investitsion faollikni rag‘batlantirish, eksport salohiyatini oshirish, novatsiyalarni ta’minlash, yangi tashqi bozorlarga kirib borish kabilar kiradi. Juz’iy maqsadlar strategik maqsadlardan kelib chiqadi va ularga xizmat qiladi.
Davlat siyosati belgilagan maqsadlarga quyidagi vositalar bilan erishadi: birinchisi, iqtisodiy vositalar bo‘lib, bular jumlasiga soliqlar, subsidiyalar, litsenziyalar, eksport kvotalari, uchyot stavkalari, davlat buyurtmalari, davlat investitsiyalari, transfertlar, turli iqtisodiy sanksiya(jazolash vositalari) kabilar kiradi. Ikkinchisi, yuridik vositalar. Bu iqtisodiy faoliyat tartibi va qoidalarini, uning davlat tomonidan rag‘batlantirilishini belgilab beruvchi qonunlarni, ularga mos ravishdagi qonun osti hujjatlarini ishlab chiqish, ularni qabul qilish va joriy etishdan iboratdir.
Qonunchilik iqtisodiyotning huquqiy asoslarini belgilab beradi, bular esa bozor iqtisodiyotining ob’ektiv iqtisodiy qonunlari talabidan kelib chiqishi zarur. Iqtisodiyotga oid yuridik qonunlarni parlament qabul qiladi. Hukumat esa ularning amalga oshirilishini ta’minlaydigan qarorlar va farmoyishlarni ishlab chiqadi. Tegishli davlat idoralari qonunlarning amalga oshirilishini nazoratga oladi. Uchinchisi, siyosiy-ma’muriy vositalar. Davlat hokimiyat sohibi bo‘lganidan o‘z siyosatiga rioya etilishini o‘z organlari kuchi bilan ta’minlaydi. Davlat oliy siyosiy institut hisoblanar ekan, uning qarorlari va buyruqlariga hamma itoat etishi kerak bo‘ladi. Ma’muriy usul yordamchi usul hisoblanadi, u bozor tizimida yaxshi natija bermaganidan cheklangan holda qo‘llaniladi
Mustaqillikka erishgandan so‘ng mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlarini qamrab olgan iqtisodiy siyosat shakllanib, istiqbol yo‘nalishlari belgilab olindi. Sobiq ittifoqning parchalanishi oqibatida O‘zbekistonga o‘ta markazlashgan, direktiv usul bilan boshqarilgan, mulkchilikning cheklangan turlariga asoslangan iqtisodiyot meros qilib qoldirilgan edi. Bu esa chuqur iqtisodiy inqirozga olib keldi. Ishlab chiqarish hajmi, milliy daromad ko‘rsatkichlari pasayib ketdi va hokazo. O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti va hukumatining zudlik bilan qat’iy choralar ko'rishi natijasida, eng awalo, yangicha iqtisodiy siyosatishlab chiqildi. Uning negiziga bozor iqtisodiyoti asos qilib olindi. Dunyodagi barcha rivojlangan mamlakatlar tajribasidan, ayniqsa, Turkiya, Janubiy Koreya va boshqa qator Osiyo davlatlari namunalaridan to‘g‘ri foydalanilgan holda, mumkin qadar tezroq, aholining hech bir tabaqasiga katta ziyon yetkazmasdan bozor iqtisodiyotiga o‘tish kerakligi davlat siyosatining mazmunini tashkil qildi. Buning uchun har taraflama keng iqtisodiy islohotlar o‘tkazish rejalashtirildi va respublikada bozor munosabatlariga o‘tishning quyidagi nazariy asoslari va mezonlari aniqlandi:
• «iqtisodning mafkuradan holi bo’lishi va uning siyosatdan ustuvorligi;
• «davlatning bosh islohotchi bo‘lishi;
• «qonunlar va ularga rioya qilish ustuvorligi;
• «xalq manfaatlariga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni yurg‘izish;
• «bozor iqtisodiyotiga asta-sekin, bosqichma-bosqich o‘tib borish.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti ilgari surgan rivojlanishning bu besh tamoyili amalda o‘zining hayotiyligini to‘la tasdiqladi. Amaliy ish jarayonida O‘zbekiston tub iqtisodiy islohotlarni o‘tkazishning o‘ziga xos yo'lining to‘g‘riligi va ta’sirchanligi tasdiqlandi. Bu tamoyillar jahon jamoatchiligi tomonidan ma’qullandi. Mazkur tamoyillarni amalga oshirib, respublikada ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, eng muhimi- bozor munosabatlarini joriy etish sari bosqichma-bosqich ilgarilab borish ta’minlandi.
O‘zbekistonda o‘tish davrining o‘zidayoq iqtisodiy barqarorlikni ta’minlabgina qolmay, mamlakatni iqtisodiy o‘sish sari olib chiqdi, kelgusida uni yanada jadalroq rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi. Natijada jahon iqtisodiy adabiyotida haqli ravishda taraqqiyotning «O‘zbekiston modeli», «O‘zbekiston fenomeni» degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Shu borada bir misol keltirish o‘rinlidir. Bugun barcha davlatlami tashvishga solayotgan, hali-beri davom etayotgan, jahon miqyosida eng dolzarb, eng og‘ir masala bo‘lib turgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozni hisobga olgan holda, O‘zbekiston oxirgi 7 yil davomida dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida o‘rtacha 8—8,5 foiz iqtisodiy o‘sishga erishayotgani mamlakatimiz salohiyati barqaror rivojlanib borayotganining yaqqol dalilidir.